Nur Sulton hokimligi saytining xabar berishicha, Qozog'iston Respublikasida Markaziy Osiyodagi eng katta masjid qurilish jarayonidan olingan fotosuratlar e'lon qilindi. Bu haqda tengrinews.kz. nashri xabar berdi. Mamlakat poytaxtida Kabanbay botir va Mangilik el xiyobonlari oralig'ida yangi masjid qurilmoqda. Nur Sulton hokimi Oltoy Kulginov o'zining instagram sahifasida ushbu masjid Qozog'iston va Markaziy Osiyodagi eng yirik maskanga aylanadi, deya ma'lumot yozib qoldirgan.
Masjid gumbazining balandligi deyarli 90 metr, minoralar esa 130 metr balandlikda quriladi. Masjidning sig'imi 30 ming kishini tashkil qiladi. Hokimning ta'kidlashicha, qurilish Nursulton Nazarboyev nomidan homiylik mablag'lari hisobiga amalga oshirilmoqda.
«Bugun men masjid qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishib chiqdim. O'z navbatida biz muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalar ustida ish olib bormoqdamiz. Jumladan, masjid hududi obod qilinadi va daraxtlar ekiladi. Kelajakda masjid nafaqat mamlakatimiz aholisiga, shuningdek, sayyohlar uchun ham diqqatga sazovor joylarga aylanadi», deydi Kulginov.
Hurshid Ma'ruf tayyorladi
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son