frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Payg'ambarimiz (s.a.v)ning ramazon oyi haqidagi xutbalari

19.04.2021   6681   15 min.
Payg'ambarimiz (s.a.v)ning ramazon oyi haqidagi xutbalari

 Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo'lib, Qur'on tushirilgandir. Sizdan kim o'sha oyda hozir bo'lsa, bas, ro'zasini tutsin” dedilar (Baqara, 185). 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o'zi uchun, faqat ro'za Men uchundur va uning mukofotini Men –O'zim berurman, dedi. Ro'za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro'zador bo'lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so'kishmoqchi yoki urishmoqchi bo'lsa, men ro'zadorman, desin. Muhammadning joni uning izmida bo'lgan Zotga qasamki, albatta, ro'zador og'zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo'yroqdir. Ro'zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo'lgay va qachon Rabbisiga muloqot bo'lganda, ro'zasi ila xursand bo'lgay”, dedilar”(Beshovlari rivoyat qilganlar). 

Boshqa bir rivoyatda: ”Odam bolasining hamma amali (savobi) ko'paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o'n mislidan to etti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro'za men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi” deyilgan. 

Imon keltirgan inson komil mo'min bo'lish uchun butun umri asnosida Alloh taolo buyurgan va Unga ma'qul bo'ladigan xayrli amallarni ko'plab bajarib, Allohning rizoligini topishni va bu bilan namoi a'mollariga ajru savoblarni orttirib yozilishi harakatida bo'ladi. Allohning O'zi yaratgan bandalariga marhamati juda keng ekanligini va bir qilgan solih amalimizga ba'zi hollarda o'n yoki etti yuz barobarigacha yoki undan ham ziyod (Vallohi a'lam) mukofot berish va'dasi borligini ham yuqorida keltirilgan birgina hadisi sharifdan ko'rib turibmiz. Ana shunday namoi a'mollarimizga ajru savoblarni  yozilishi harakatida bo'ladigan bu muborak ulug' oyhidoyat, rahmat va mag'firat oyidir. Bu ulug' oy haqida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bunday xutba qilganlar. 

Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: 

“Sha'bon oyining oxirgi kunida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bizga bir xutba o'qidilar. 

Ey insonlar! Ulug' va barakotli oyning soyasi ustingizga tushdi. Bu oyda ming oydan-da xayrliroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning kunduzlarida ro'za tutishingizni farz va kechalari turib, namoz o'qishingizni sunnat qilgan. Bu oyda kim zarracha yaxshilik qilsa, boshqa oylarda bir farz amal qilgandek savob oladi. Va kim bu oyda bir farz ado etsa, boshqa oylarda etmish farz amal bajargandek bo'ladi. Bu oy sabr va qiyinchiliklarga chidash oyidir. Sabrning evazi esa jannatdir. Bu oy faqir va yo'qsillarga yordam oyidir. Bu oyda mo'min kishining rizqi ko'paytiriladi. Bu oyda bir kishining bir ro'zadorni iftor qildirishi gunohlarning kechirilishiga va jahannam olovidan qutilishiga vasila bo'ladi. Bundan tashqari unga ro'zadorning savobidan kamaytirilmasdan uning savobichalik savob yoziladi, dedilar. 

Sahobalar: 

 – Yo Rasululloh! Hammamiz ham ro'zadorga iftor berishga kuchimiz etmaydi-ku, deyishdi. 

Allohning Rasuli: 

Alloh taolo bu savobni ro'zadorga bir xurmo yoki suv qo'shilgan bir qultum sut bilan iftor ettirganga ham beradi. Bu oyning boshi rahmat, o'rtasi mag'firat va oxiri olovdan qutulishdir. Kim bu oyda xizmatkor joriyalariga kam ish buyursa, gunohlari kechiriladi va (jahannam) olovidan qutuladi. Bu oyda qo'lingizdan kelgancha shu to'rt narsani qilinglar. Bu to'rt narsadan ikkitasi bilan Rabbingizni xushnud qilasiz. Ikkitasiga esa o'zingiz muhtojsiz. Rabbingizni xushnud qiladigan ikki narsa “Allohdan boshqa iloh yo'q” deb shahodat keltirishingiz va istig'for aytishingizdir. Sizlar muhtoj bo'lgan ikki narsa Allohdan jannatni so'rashingiz va jahannam olovidan panoh tilashingizdir. Kim bir ro'zadorning chanqog'ini qondirsa, Alloh taolo o'sha odamga Mening hovuzimdan suv ichirib, jannatga kirgunicha chanqatmaydi”,dedilar (Munziriy; Ibn Huzayma, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, “At-Targ'ib”, 2-jild, 218-bet). 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Kim Ramazon ro'zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o'tgan gunohlari mag'firat qilinur”, dedilar”. Demak, ixlos va imon bilan savob umid qilib, Ramazon ro'zasini tutishimiz, o'tgan gunohlarimiz kechirilishiga sabab bo'ladi. Har birimiz  bu rahmatga, barakotga to'la bo'lgan hidoyat, rahmat va mag'firat oyini g'animat bilaylik. Alloh taolo hammalarimizning qilayotgan barcha toat- ibodatlarimizni o'z dargohida qabul qilsin. Omiyn. 

 

YaqubJUMAMURATOVtayyorladi.

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   30344   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari