Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo'lib, Qur'on tushirilgandir. Sizdan kim o'sha oyda hozir bo'lsa, bas, ro'zasini tutsin” dedilar (Baqara, 185).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o'zi uchun, faqat ro'za Men uchundur va uning mukofotini Men –O'zim berurman, dedi. Ro'za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro'zador bo'lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so'kishmoqchi yoki urishmoqchi bo'lsa, men ro'zadorman, desin. Muhammadning joni uning izmida bo'lgan Zotga qasamki, albatta, ro'zador og'zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo'yroqdir. Ro'zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo'lgay va qachon Rabbisiga muloqot bo'lganda, ro'zasi ila xursand bo'lgay”, dedilar”(Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda: ”Odam bolasining hamma amali (savobi) ko'paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o'n mislidan to etti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro'za men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi” deyilgan.
Imon keltirgan inson komil mo'min bo'lish uchun butun umri asnosida Alloh taolo buyurgan va Unga ma'qul bo'ladigan xayrli amallarni ko'plab bajarib, Allohning rizoligini topishni va bu bilan namoi a'mollariga ajru savoblarni orttirib yozilishi harakatida bo'ladi. Allohning O'zi yaratgan bandalariga marhamati juda keng ekanligini va bir qilgan solih amalimizga ba'zi hollarda o'n yoki etti yuz barobarigacha yoki undan ham ziyod (Vallohi a'lam) mukofot berish va'dasi borligini ham yuqorida keltirilgan birgina hadisi sharifdan ko'rib turibmiz. Ana shunday namoi a'mollarimizga ajru savoblarni yozilishi harakatida bo'ladigan bu muborak ulug' oy –hidoyat, rahmat va mag'firat oyidir. Bu ulug' oy haqida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bunday xutba qilganlar.
Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
“Sha'bon oyining oxirgi kunida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bizga bir xutba o'qidilar.
– Ey insonlar! Ulug' va barakotli oyning soyasi ustingizga tushdi. Bu oyda ming oydan-da xayrliroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning kunduzlarida ro'za tutishingizni farz va kechalari turib, namoz o'qishingizni sunnat qilgan. Bu oyda kim zarracha yaxshilik qilsa, boshqa oylarda bir farz amal qilgandek savob oladi. Va kim bu oyda bir farz ado etsa, boshqa oylarda etmish farz amal bajargandek bo'ladi. Bu oy sabr va qiyinchiliklarga chidash oyidir. Sabrning evazi esa jannatdir. Bu oy faqir va yo'qsillarga yordam oyidir. Bu oyda mo'min kishining rizqi ko'paytiriladi. Bu oyda bir kishining bir ro'zadorni iftor qildirishi gunohlarning kechirilishiga va jahannam olovidan qutilishiga vasila bo'ladi. Bundan tashqari unga ro'zadorning savobidan kamaytirilmasdan uning savobichalik savob yoziladi, dedilar.
Sahobalar:
– Yo Rasululloh! Hammamiz ham ro'zadorga iftor berishga kuchimiz etmaydi-ku, – deyishdi.
Allohning Rasuli:
Alloh taolo bu savobni ro'zadorga bir xurmo yoki suv qo'shilgan bir qultum sut bilan iftor ettirganga ham beradi. Bu oyning boshi rahmat, o'rtasi mag'firat va oxiri olovdan qutulishdir. Kim bu oyda xizmatkor joriyalariga kam ish buyursa, gunohlari kechiriladi va (jahannam) olovidan qutuladi. Bu oyda qo'lingizdan kelgancha shu to'rt narsani qilinglar. Bu to'rt narsadan ikkitasi bilan Rabbingizni xushnud qilasiz. Ikkitasiga esa o'zingiz muhtojsiz. Rabbingizni xushnud qiladigan ikki narsa “Allohdan boshqa iloh yo'q” deb shahodat keltirishingiz va istig'for aytishingizdir. Sizlar muhtoj bo'lgan ikki narsa Allohdan jannatni so'rashingiz va jahannam olovidan panoh tilashingizdir. Kim bir ro'zadorning chanqog'ini qondirsa, Alloh taolo o'sha odamga Mening hovuzimdan suv ichirib, jannatga kirgunicha chanqatmaydi”,dedilar (Munziriy; Ibn Huzayma, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, “At-Targ'ib”, 2-jild, 218-bet).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Kim Ramazon ro'zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o'tgan gunohlari mag'firat qilinur”, dedilar”. Demak, ixlos va imon bilan savob umid qilib, Ramazon ro'zasini tutishimiz, o'tgan gunohlarimiz kechirilishiga sabab bo'ladi. Har birimiz bu rahmatga, barakotga to'la bo'lgan hidoyat, rahmat va mag'firat oyini g'animat bilaylik. Alloh taolo hammalarimizning qilayotgan barcha toat- ibodatlarimizni o'z dargohida qabul qilsin. Omiyn.
YaqubJUMAMURATOVtayyorladi.
#Xushxabar #Ilmiy_faoliyat
2025-yilda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejalari tasdiqlandi.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 27-dekabrdagi 490-son buyrug'iga asosan 2025-yilda 252 ta tashkilot tomonidan 665 ta xalqaro va 600 ta respublika miqyosida, jami 1265 ta ilmiy va ilmiy-texnik tadbir o’tkazilishi rejlashtirilgan.
E'tiborlisi, mazkur ro‘yxatda Toshkent islom instituti kafedralari tomonidan taklif etilgan konferensiyalar mavzulari ham kiritilgan.
Joriy yil 24-aprelda “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro va 30-oktyabrda “Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar” mavzusida respublika miqyosidagi konferensiya Toshkent islom institutida o‘tkaziladi.
Xalqaro miqyosda o’tkaziladigan ilmiy tadbirlar ro’xati (https://innovation.gov.uz/media/post_attachments/Xalqaro_anjumanlar_baza_2025.pdf)
Respublika miqyosda o’tkaziladigan ilmiy tadbirlar ro’yxati (https://innovation.gov.uz/media/post_attachments/Respublika_2025_baza.pdf)
Manba: @ilmiy_darajali_kadrlar
https://t.me/oliymahad