Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

Qo'llariga aso, ko'zlariga nur bo'laylik

19.04.2021   2210   12 min.
Qo'llariga aso, ko'zlariga nur bo'laylik

Ramazon o'ylari

Ota-onamiz xonadonimizni fayz-barakaga to'ldiruvchi farishtalar, uyimizni aqlu zakovat ziyosi ila yorituvchi chiroqlardir. Qayerda keksalar bo'lsa, o'sha erda xayru baraka, mehru oqibat ustun bo'ladi. Ho'sh, siz keksa ota-onangizning xolidan xabar oldingizmi? Ularning mushkulini oson qilib, duolarini olayapsizmi? Bu savollarga javob berish har birimizning vijdoniy burchimizdir.

Asrlar davomida xalqimizning qon-qoniga singib ketgan ota-onaga nisbatan hurmat-ehtiromda bo'lish tuyg'usi eng ezgu fazilatlarimizdan biri hisoblanadi. Albatta, bu tuyg'ular ongimizga majburan singdirilmagan. Yoki ataylab o'ylab topilmagan. Bu bag'ri keng va saxovatli o'zbek xalqining avloddan-avlodga o'tib kelayotgan o'lmas qadriyatlaridan biridir.

Qalbimizni yoritgan oftob

Tong sahardan bizni ishga kuzatadigan ota-onamizning faraxbaxsh duolari qalbimizni oftobdek yoritadi. Kun bo'yi kuch-quvvat, madad bag'ishlab turadi. Sizni doimo intiqlik bilan kutadigan, sizga suyanadigan, suyanch bo'ladigan, tashvishingizdan kuyinib, quvonchingizga sherik bo'ladigan ota-onangizning borligi qanday yaxshi. Zero, farzand uchun ikki dunyo saodati–ota-onasining ikki labi orasidadir, deyilgani, Muhammad salallohi alayhi vassalamning “Agar Alloh bo'lmaganida ummatlarimga otaga sig'inishni buyurardim”, deganlari ham bejiz emas.

“Isro” surasining 23-24-oyatlarida “Rabbing, yolg'iz uning o'ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning(ota-onangizning) birisi yoki har ikkisi sening qo'l ostingda keksalik yoshiga etsalar, ularga qarab uf tortma, ularni jerkima. Ularga (doimo) yaxshi so'z ayt! Ular uchun mehribonlik bilan, xorlik qanotni past tut, xokisor bo'l va “Parvardigorim, meni go'daklik chog'imdan tarbiyalab-o'stirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin”, deb haqlariga duo qil.

Bir kuni Anushervon majlis uyushtirib yig'ilganlardan so'rabdi: “Gullarning orasida eng shirin hidlisi qaysi?” Odob xazinasini yuragiga joylagan bir yigit shunday javob qilibdi:

– Ota-onasi tirikligida ularni xursand qiladigan, vafot etganlaridan so'ng esa ularning nomlarini boqiylashtiradigan hayot guli bo'lmish farzand!

“Zuxri abad istasang farovon qilmoq...”

Bir qadrdon ukamiz Toshkentda yashaydi va ishlaydi. Ota-onasi kichkina ukasi bilan qishloqda turishardi. Onasi o'tgan yili iyul' oyida vafot etgandi. Otasi yaqinda to'qson yoshida qazo qildi, otaxon 2018 yilning dekabridan buyon to'shakka mixlanib yotgandi. Ota-onasi bilan birga turadigan o'g'li, kelini va nabiralari qariyalarning ko'ngliga qaradilar, ularni hech og'rintirishmadi. Ular shoirning quyidagi satrlaridagi gaplarga amal qilishdi:

Otaga tik boqma, iymoning saqla,
Farzandsan, sen doim burchingni oqla.

Otaga tik boqsang, kun o'tib bir kun,
Farzanding senga tosh otmog'i mumkin.

Yaqinda ukaxonim bilan suhbatlashib qoldik. U ukasi, kelini va jiyanidan minnatdor bo'lib shunday dedi: “Biz oilamiz bilan Toshkentdamiz, qishloqqa kelganda ham mehmonday kelib, ota-onamizdan xabar olib ketardik. Otasiga rahmat kelinimning, qaynota-qaynonasini oq yuvib, oq taradi, issiq-sovug'idan har doim xabardor bo'lib turdi, qariyalarning injiqliklariga chidadi. Unga bizdan qaytmasa, Allohdan qaytsin. Ukam ham farzandlik burchini bekamu ko'st ado etdi.

Hamsuhbatimning kelini-yu ukasidan minnatdor bo'lib aytgan gapi hazrat Alisher Navoiyning:

Ista ato yo'lida fido jon qilmoq,
Qulluq anoga ham ulcha imkon qilmoq,

Zuxri abad istasang farovon qilmoq,
Bil oni ato-anog'a ehson qilmoq, degan to'rtligini yodimga tushirdi.

Dunyoning ishlariga hayron qolasan, kishi. Oilada farzand dunyoga kelganda, bola bilan birga ota-ona uchun hayot mazmuni, quvonch va sevinch ham tug'iladi. Farzandini ne-ne umid, ne-ne mehnatu mashaqqat bilan voyaga etkazgunicha ota-onaning yuzlariga ajin, sochlariga oq tushadi. Ammo bu zahmatlarga javoban farzand nima qiladi? Yuqorida ta'kidlaganimizdek, ota-onasining xizmatida bo'lib, ularni boshiga ko'tarib yurgan jannati farzandlarga har qancha rahmat aytsa arziydi. Ammo farzand noqobil bo'lsa-chi?

Vatanga eng munosib ta'rif Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy rivoyat qilgan hadisda:

– Yo Rasululloh! – dedim, – kimga yaxshilik qilay?

– Rasululloh: “Onangga”, dedilar. “Yana kimga?” dedim.

“Onangga” dedilar. “Yana kimga?” deb edim, “Onangga” dedilar. “Yana kimga?” deb edim. “Otangga”, undan keyin barcha yaqinlaringga”, dedilar.

Ona - o'z hayotini xavf ostiga qo'yib bizni yo'qlik olamidan borliq dunyosiga olib o'tgan muqaddas ko'prik. Bizning birgina xushhol jilmayishimiz uchun butun dunyosini fido qilishga tayyor mo''tabar zot. Ona farzandi beshigi boshida alla aytib, tunlarni tonglarga ulaydi. Alla – onaning farzandiga duosi, alla onaning uzun tunlar Hudoga qilgan iltijosi. Ona qalbidagi eng ezgu tilaklarini aytib, farzandiga kamol, baxt va sog'lik tilab Yaratganga iltijo qiladi.

Ulug' donishmandlar Vatanga munosib ta'rif izlaganda uni Ona siymosiga qiyos etganlarida katta ma'no mujassam. Dunyoda “muqaddas” degan so'zga eng munosib zot ham Onadir. Onani e'zozlash – bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko'tarilgan fazilat. Ona har bir insonning qalb gavhari, nuri diydasi. Hayotda eng yaqin suyanch, sirdosh, elkadosh ham – Ona.

Boshqa millatlarda o'g'il-qiz voyaga etdimi, aksariyat hollarda mustaqil hayot kechira boshlaydi. Hohlasa, keksa ota-onasidan xabar oladi, xohlamasa yo'q, ularga g'amxo'rlik ko'rsatish borasida mas'uliyat sezmaydi. Shuning uchun qarib-qartaygan, o'zgalar yordamiga muhtoj bo'lgan ota-onalar kunlarning birida hayotdan ko'z yumganini birov bilib, birov bilmay qoladigan hollar ham uchrab turadi.

Farzand katta yoki kichik bo'lishidan qat'i nazar, ota-onasining xizmatida bo'lishi esa xalqimizga xos go'zal fazilatlardan biridir. Ota-onaning xizmatida bo'lish ham burch, ham o'zaro munosabatlarni mustahkamlashda muhim jihat sanaladi.

Mehru muruvvatga mushtoq mushtipar

Biz globallashuv davrida yashayapmiz. Televideniye, internet, ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy fil'mlar orqali ayrim mamlakatlarga xos, lekin biz uchun maqbul bo'lmagan odatlar, masalan, ota-onasi qariganida ularni e'tiborsiz qoldirish, ularga nisbatan mehrsizlik kabi holatlar hayotimizga kirib kelmoqda. Shuning uchun ham Bosh qomusimizning 66-moddasida “Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar o'z ota-onalari haqida g'amxo'rlik qilishga majburdirlar”, deb qayd etilgan. E'tibor berayapsizmi, farzandlar zimmasiga majburiyat yuklanmoqda. Vaholanki, ota-onaga g'amxo'rlik – farzandlar oldidagi burch, deyilishi ham mumkin edi. Biroq kimdir bu burchni ado etadi, kimdir yo'q. “Majburdirlar” deyildimi, demak, bajarish shart. Bajarilmasa, javobgarlik yuzaga keladi.

Balki bu gaplarni yozib yoki bu mavzuga to'xtalib o'tirmasligim ham mumkin edi. Yaqinda to'qson yoshga yaqinlashgan bir onaxonni yo'qlab borishimizga to'g'ri keldi. Bir o'zi bir katalakday xonada yashayapti. Hamma narsasi shu xonaning ichida, unga yaqin orada supurgi tegmagan. O'zlari o'qituvchilikdan pensiyaga chiqib, ikki million so'mga yaqin pensiya olar ekanlar. Surishtirsam, uch o'g'il, bir qizlari bor ekan. Bir o'g'li Rossiyada doimiy yashaydi, birovi ishlash uchun ketgan. Bir o'g'li bilan qizi shu mahallada yashaydi va shu erdagi maktabda ishlashadi. Lekin onasi yolg'iz yashaydi. Ho'p, noqobil o'g'li onasining qadriga etmabdiyam deylik. Qizi-chi? Uyam ona-ku? Farzand tarbiyalayapti-ku. Qaytar dunyo degan gap borligini, onasiga bemehrligi ertaga farzandlaridan qaytishi mumkinligini nahotki o'ylamasa? Vaholanki, Allohning bandalariga bergan eng yaxshi ne'mati – odamzotning bir-biriga bo'lgan mehr-muhabbatidir. Bu shunday in'omki, uni dunyodagi barcha boylik evaziga ham sotib olib bo'lmaydi. Allohning bu in'omidan bahramand bo'lish hammamizga nasib etsin.

Domla opa bizga na farzandlaridan, na nabiralaridan shikoyat qildi. Hatto “Bir nabiram Toshkentga qatnaydi, pul berib yuboraman, ul-bul narsa olib kelib beradi”, deb uni maqtab ham qo'ydi.

O'shandan buyon to'qson yoshni qarshilayotgan onaxonni taqdir hukmiga tashlab qo'ygan farzandlari el oldida qanday bosh ko'tarib yurishibdi ekan? Qarigan ota-onaning issiq-sovug'idan xabar olmaydigan, sog'-bemor paytida boshida parvona bo'lmaydigan farzandlarni kim deb atash mumkin? Shunday odat bizning milliy mentalitetimizga to'g'ri keladimi? Onaxon farzandlari-yu nabiralarini ko'rgisi, erkalatgisi, ularga mehr bergisi va mehrini tuygisi kelmaydimi, degan tizginsiz xayollar meni qiynaydi. Onaxondan qo'ni-qo'shnilari, shogirdlari xabar olib turisharkan, o'g'li esa har doimda non-pon olib kelib tashlab ketar ekan. Qariganida issiq-sovug'idan xabardor bo'linmagan qariyaning ahvoli ne kechadi?

Shularni o'ylab, mening bu ayolga beixtiyor rahmim keldi. Nega? Keksa bo'lganligi uchunmi? Yo'q. Uning uchun emas, aksincha, bu mehribonchilikni farzandlaridan ko'rmagani, yaqinlaridan izlagan e'tiborni begonalardan topgani uchun. Shu kungacha bolam, nabiram deb topganini ularga ilingan onaning bunday e'tiborsizlikka munosib emasligi uchun. Chunki ota-onalar mehrni, avvalo, o'z farzandlaridan kutadilar. Farzandlarining aytgan bir og'iz shirin so'zi, qilgan kichik xizmati ota-onaga cheksiz quvonch bag'ishlaydi. Zero, shoira Nodira aytganidek, “Farzand mehri aritar g'am zangini ko'ngildan”.

Abu Hurayra (r. a.)dan rivoyat qilinishicha, payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deganlar: “Uch kishining duosi shubhasiz qabul qilinadi: mazlumning, yo'lovchining va ota-onaning farzandi haqiga qilgan duosi”.

Shunday ekan, ota-onamiz tirikligida ularning duosini olishimiz kerak emasmi?

“Sharaf toji erur oyog'in gardi...”

Asalarilar oilasini kuzatganmisiz? Ular onasini doimo o'rtaga olib, tillari bilan yalab-yulqab, tozalab yuradilar. Ona ari bir lahza ham e'tiborsiz qoldirilmaydi. Demakki, ona ular uchun muqaddas. Agar ona ari bo'lmasa, asalari oilasi to'zg'ib, tarqalib ketishi va halok bo'lishi muqarrar. Biz ongsiz deb hisoblaydigan shu jonivorlarning onasini e'zozlashi biz insonlar uchun ibrat namunasi emasmi?

Imom Termiziy rivoyat qilgan bir hadisi sharifda payg'ambarimiz Muhammad (a. s. v.) bunday degan ekanlar: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug'ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo'yadi”. Keksayganda hurmat-izzat, mehr-oqibat ko'rishni istagan odam, albatta, yoshi ulug'larni e'zozlaydi. Zero, “Qadr ko'rsatgan qadr topadi” degan hikmat bejizga aytilmagan. Shunday ekan, ota-onamizning aso tutgan qo'llariga aso, ko'zlariga nur, bellariga quvvat bo'laylik! Zero, Abdurahmon Jomiy “Onangdan bosh tovlama, oshmasin dardi, sharaf toji erur oyog'in gardi” deganlari bejiz emas.

Norbo'ta G'OZIYeV,

O'zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bu savol har doim qalbda tirik tursin!

01.08.2025   1823   1 min.
Bu savol har doim qalbda tirik tursin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Dunyoga muhabbatni ketkazish va oxirat g‘amini qalbda paydo qilishning yo‘li bor. Yigirma to‘rt soat ichidan ozgina vaqt ajrating, kechayu kunduzlarimiz g‘aflatda o‘tayotganini o‘ylang, o‘limni unutganimizni o‘ylang, hali Alloh taoloning huzurida hozir bo‘lishdan, buyuk hisob-kitobdan, jazo va mukofotdan g‘aflatda qolganimizni o‘ylang.

Shu narsalar haqida o‘ylashga vaqt ajrating, bir kunmas bir kun o‘laman, keyin Alloh taoloning huzurida qanday qilib hisob beraman? So‘rovlariga nima deb javob qilaman? deb o‘ylang. Shu o‘ylar har doim qalbda tirik tursin.

Agar kishi har kuni shu narsalarni fikrlab tursa, bor-yo‘g‘i bir necha haftada, inshaAlloh, dunyoga muhabbat qalbidan chiqib ketadi. Alloh taolo O‘zining rahmatidan barchamizga bu aytilganlarga amal qilish tavfiqini ato etsin, omin.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan

Maqolalar