Yana bir Ramazongacha – rahmat va mag'firat oyigacha yashashimizga imkon bergan Allohga hamdlar bo'lsin.
Keling, bu oyni oxirat hayoti uchun ko'proq foyda bilan o'tkazishga harakat qilaylik, chunki ehtimol kimdir uchun bu oxirgi ramazon ham bo'lishi mumkin.
Ramazon - bu boshidan boshlash, tavba qilish va hayotingizni o'zgartirish uchun imkoniyat.
Agar siz Qur'on o'qishni, tinglashni yoki yodlashni, qo'shimcha ibodat qilishni, tunlaringizni ibodat bilan o'tishini, Allohni ko'proq zikr qilishni istasangiz o'sha ishingizni shu muborak oydan boshlang!
Ushbu imkoniyatni qo'ldan boy bermang!
Alloh bu oyni bizdan rozi bo'ladigan tarzda o'tkazishimizga yordam bersin!
O'tgan Ramazonda biz bilan birga bo'lgan qancha do'st va yoronlarimiz, ustozlarimiz bugun qabrlardan joy olishgan.
O'lim to'satdan keladi va o'limdan keyin hech kim bu dunyoga qaytmaydi.
«Toki qachon ulardan (ya'ni mushriklardan) biriga o'lim kelganida:
«Parvardigor, meni (yana hayotga) qaytaringlar. Shoyad, men qolgan umrimda yaxshi amal qilsam», deb qolur. Yo'q! (U aslo hayotga qaytarilmas). Darhaqiqat bu (har bir jon berayotgan kofir) aytadigan so'zdir. Ularning ortida to qayta tiriladigan kunlarigacha (dunyoga qaytishlaridan to'sib turadigan) bir to'siq bo'lur». (Mo'minun, 99-100 oyatlar).
O'limdan keyin bu dunyoga qaytishning iloji yo'q, lekin hamma: agar u gunohkor bo'lsa - tavba qilish va agar u yaxshilik qiladiganlardan bo'lsa - yaxshi amallar sonini ko'paytirish uchun xohlaydi.
Agar bu Ramazondan keyin vafot etsak-chi?
Biz yana ro'za tutish uchun qaytib kelishni, qabrda va oxiratda bizga ko'proq foyda keltiradigan amallarni bajarishni xohlamaymizmi?!
O'zingizni go'yoki o'limdan keyin yana hayotga qaytgandek tasavvur qiling! Qaytib kelganingiz, shu oyda hayotingizni yaxshilash uchun, ilgari yo'qotganlaringizni qoplash uchun, Qiyomat kuni tarozida og'ir keladigan savob ishlarni bajarish uchun yana bir imkoniyatga ega ekanligingizni o'ylab ko'ring...
Allohdan bizni gunohlarimizdan poklashni, tavbamizni qabul qilishini va yaxshilik qilganlarning ajrini ziyoda qilishni so'raymiz.
Yoqub Umar
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati