بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الصِّيَامِ وَالقِيَامِ. وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ
RO'ZA – DINNING ARKONI
(Ro'zaga oid fiqhiy masalalar)
Hurmatli jamoat! Ma'lumki, Ramazon oyi dunyodagi barcha musulmonlar tomonidan sog'inch va katta tayyorgarlik bilan kutib olinadi. Zero Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, U Zotning sahobalari, tobeinlar va solih insonlar Ramazon oyiga katta e'tibor berib, bu oy kelganida nihoyatda xursand bo'lishgan.
Muborak Ramazon oyi qadimdan bizning yurtimizda ham o'zgacha shukuh, jamiyatda o'zaro hurmat, mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat va shukronalik kayfiyatida o'tkaziladi.
Ushbu oyda Alloh taolo musulmonlarga ro'za tutishni farz qilib, ro'za tutganlarga ko'plab ajru savob va yuksak martabayu maqomlarni va'da qildi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
إِنَّ اللهَ فَرَضَ صِيَامَ رَمَضَانَ وَسَنَنْتُ لَكُمْ قِيَامَهُ فَمَنْ صَامَهُ وَقَامَهُ إِيْمَاناً وَاحْتِسَابًا خَرَجَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ
(رواه الإِمامُ النسائى عن ابْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ، عِنْ أَبِيه، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُما)
ya'ni: “Alloh taolo Ramazon ro'zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimiki imon va ishonch bilan savob umidida ro'za tutsa va kechalari qiyomda tursa, onadan tug'ilgan kunidagidek gunohlardan pok holda chiqadi” (Imom Nasaiy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro'za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo'lib, Allohning buyuk va'dalariga sazovor bo'lishlikka targ'ib qilinmoqda.
Ro'za ibodati – Jannatdagi Rayyon eshigining kalitidir! Jannatga kirishning o'zi – katta bir saodat. Ammo o'sha jannatga Parvardigori olamning alohida e'tiboriga sazovor bo'lib, maxsus tayyorlab qo'yilgan eshikdan kirish yana bir o'zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro'zador bo'lganlar kira oladilar. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنَّ فِى الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ، يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لاَ يَدْخُلُ مَعَهُمْ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ، يُقَالُ: أَيْنَ الصَّائِمُونَ؟ فَيَدْخُلُونَ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلَ آخِرُهُمْ أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ
(رَوَاهُ الإِمامُ مُسْلِمٌ عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro'zadorlargina kiradilar, ulardan o'zga biror kishi ham (o'sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro'zadorlar qani?” deyiladi. Ular o'sha eshikdankiradilar, ularning oxirgisi kirib bo'lganda, eshik berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilganlar).
Muhtaram azizlar! Ro'za tutishni savobi ko'pligi va fazilatlari haqida bundan boshqa ko'plab hadisi sharif va ulamolarning o'gitlari mavjud. Shunday ekan, ro'zadorlarga va'da qilingan savoblarga erishish uchun kishi imkon qadar ro'zaga oid masalalarni bilishi kerak. Shuni inobatga olib, suhbatimiz davomida ro'za ibodatiga oid yurtdoshlarimiz tomonidan eng ko'p so'raladigan masalalarga to'xtalamiz:
Koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvo va hozirgi kundagi dunyo Fatvo uyushmalarining fatvolariga binoan ro'zador holda emlanish ro'zani buzmaydi.
Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo'lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo'lgan ba'zi kishilar bemorliklarida ro'zaning fidyasini berib qo'yib, tuzalganlaridan keyin “men qazo bo'lgan ro'zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqdalar. Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro'zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan.
Muhtaram jamoat! Shuni ham unutmaslik kerakki, ahli sunna val jamoa e'tiqodimizga ko'ra, shar'iy uzrsiz ro'za tutmagan kishi gunohkor bo'lsa-da, uni imonsiz demaymiz. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi bir kishilar tomonidan ro'za va namoz kabi shariatimizda farz qilingan amallarni bajarmayotgan kimsalarni imonsizlikda ayblab, ularni kofirga chiqarib, qonini halol sanamoqdalar. Vaholanki, Islom ta'limotiga ko'ra, namoz, ro'za va zakot kabi farz amallarni bajarmaslikni o'zi bilan kishi imonidan ajralmaydi, balki bu amallarni farzligiga ishonmasa, ularni bajarish shart emas deb, inkor qilsagina, imoniga ta'sir qiladi. Ammo farzligiga ishonib, uni tasdiqlasayu dangasalik va beparvolik bilan farz amallarni bajarmasa, garchi gunohkor bo'lsa-da, imonidan ajralmaydi.
Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Sunani Abu Dovud, 2532-hadis).
“Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh” deb turgan musulmon kishini dinsizlikda ayblash mumkin emasligi haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir!” desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar (ya'ni agar kofirlikda ayblovchi haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi. Basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi)”, deb ta'kidlaganlar (Imom Buxoriy, 6103-hadis). Boshqa hadisi sharifda “Buzuq va kofir bo'lmagan odamni “buzuq” va “kofir” degan odamning o'zi kofir va buzuqdir”, deyilgan (6045-hadis).
Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda o'tirib olib, musulmonlarni kofirga chiqarayotgan nodonlar ushbu hadisi shariflar borligini unutmasinlar! Shuningdek, birovlarga tuhmat qilib, oxiratlarini kuydirmasinlar!
Mazkur hadisi shariflar va ulardan boshqa rivoyatlarni puxta o'rgangan “Ahli sunna val-jamoa” e'tiqodidagi ulamolarimizning ko'rsatmalariga ko'ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan mo'min kishi, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo'lmaydi.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh o'zlarining “Fiqhul akbar” asarlarida mazkur masalaga quyidagicha hukm berganlar: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa”. Abu Ja'far at-Tahoviyning “Al-aqidatut-tahoviya” risolasida esa “Bizning Qiblamizga qarab namoz o'qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad sallallohu alayhi va sallam keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo'lsalar”, deyilgan.
Afsuski, ayrim yoshlarimiz Internetda nasl-nasabi, diniy ma'lumoti, kimga xizmat qilishi noma'lum kimsalarning ta'sirida vatandoshlari, hatto yaqinlarini dindan chiqqanlikda ayblayotgani juda ayanchli holatdir.
Mazkur muammoning eng og'ir jihati shundan iboratki, o'z dindoshlari, yurtdoshlari va qavm-qarindoshini kofirlikda ayblayotgan bu kabi yoshlar keyingi bosqichda “rahnamo” va “ustozlari” tomonidan go'yoki “hijrat”ga chiqish da'vosida Suriya, Afg'oniston kabi qurolli to'qnashuvlar ketayotgan o'lkalarga chorlanmoqda. Mazkur hududlarga borganlar esa begunoh odamlarni o'ldirish, bosqinchilik qilish, birovlarning uy-joyini egallab olish kabi islomda butkul harom qilingan qabih, gunohi kabira ishlarga qo'l urib, oxir-oqibatda juvonmarg bo'lib ketmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yoshlarimizdan Internet va boshqa vositalar orqali tinch-osoyishta yashab kelayotgan musulmonlarni, ayniqsa, diniy ulamolarni kofirga chiqarib obro'sizlantirishga urinayotgan, davlat va jamiyatga qarshi fitna chiqarish, barqaror yurtni barbod qilish kabi gunoh ishlarga da'vat qilayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bo'lishlarini so'raymiz.
Alloh taolo barchamizga Ramazon oyining fazilatlaridan to'liq foydalanish uchun tavfiq berib, O'zining sevimli, soim va qoim bandalaridan bo'lishimizni nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla!Kelasi juma ma'ruzasi “Zakot – moliyaviy ibodat” haqida bo'ladi, inshaalloh.
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati