Bugun, 11 aprel' kuni Samarqand viloyati Qo'shrabot tumani “Domla Kamoliddin Oxun” jome masjidining ochilish marosimi o'tkazildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida diniy idora ish boshqaruvchisi Rustam hoji Jamilov, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, taniqli ulamolar, mo'ysafid otaxonlar, viloyat mutasaddilari, masjid jamoasi va uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi mehmonlar dastlab “Domla Kamoliddin Oxun” maqbarasini ziyorat qilishdi. Qur'oni karim oyatlari tilovati o'qilib, xayrli duolar qilindi.
Shundan so'ng “Domla Kamoliddin Oxun” masjid va majmuasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Muftiy hazratlari mo'min-musulmonlarni masjidning yangi binosi va Ramazoni sharif bilan muborakbod etdilar. Yurtimizda diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar, Ramazon oyining fazilatlaridan bahramand bo'lish lozimligi, bunda taroveh namozlarda tartib-qoidalarga amal qilish haqida ma'ruza qildilar.
“Domla Kamoliddin Oxun” jome masjidi 1990 yillar hashar yo'li bilan qurilgan bo'lib, 2020-2021 yillar davomida zamonaviy loyiha asosida hashar yo'li bilan qayta qurildi, deydi masjid imom-xatibi Nabijon domla Jangirov. – Masjidning umumiy er maydoni bir gektardan oshiq. Masjid yangi binosining qurilishi 2020 yil 14 iyunda boshlanib, 2021 yil 20 mart oyida yakunlandi. Honaqoh va ayvoni hududi 21×18 ni tashkil etadi. Balandligi 17 metr, aylanasi 7,5 metr bo'lgan gumbaz jomega o'zgacha husn berib turibdi. 15 kishilik erkaklar tahoratxona (ayollar uchun ham alohida) da barcha sharoitlar yaratilgan. avtoturargoh ham bor. Masjid “Shova”, “Navkar”, “Qovunchi” mahallalariga xizmat qiladi. Honaqohning o'ziga 450 kishi, hovlisiga 1000 mingga yaqin sig'adi. Masjid Qo'shrabot tumanidagi eng katta masjid hisoblanadi.
Muftiy hazratlari ushbu fayzli majmua va masjid Qiyomatga qadar mo'min-musulmonlarga xizmat qilishini Haq taboraka va taolodan duo qilib so'radilar.
O'zbekiston musulmonlari matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati