Kecha 10 aprel' kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi «Shayh Nazrulloxon eshon» jome masjidining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Qaytadan qurilib, xalqimiz mo'min musulmonlari uchun foydalanishga topshirilgan yangi masjidining xonaqosi 750 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, zamonaviy tahoratxona va barcha qulayliklarga ega bo'lgan xizmat xonalari bunyod etildi.
Yangi masjidning ochilish marosimida O'zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo'limi boshlig'i Muhammadnazar domla Qayumov, O'zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakili Habibulloh domla Zokirov ishtirok etishdi.
Tadbirda masjid qurilishida jonbozlik ko'rsatgan barcha saxovatpeshalarga minnatdorchilik bildirildi. Shuningdek, marosimga tashrif buyurgan mehmonlarga shukrona dasturxoni yozildi.
Tadbir so'ngida Qur'oni karim tilovati o'qilib, o'tganlarga baxshida etildi, yangi masjid to qiyomatga qadar musulmonlar uchun ibodatxona bo'lishini yaratgandan so'rab duolar qilindi.
O'MI matbuot xizmati
Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiya Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Soha rahbarlari bilan muloqotda bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak amallarni bekamu ko‘st ado etish uchun qilingan sharoitlardan benihoya mamnunliklarini izhor etib, mana shunday ezgu ishlarga rahnamolik qilayotgan muhtaram Prezidentimiz va mutasaddilardan cheksiz minnatdor ekanlarini bildirdilar.
Haqiqatan, hamyurtlarimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Mazkur mehmonxonaning foyelari keng bo‘lib, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan va ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, yetarli adadda liftlar ishlamoqda. Shu joyning o‘zidan ishchi guruh vakillari ziyoratchilarimiz talab-istaklariga doimo hozirjavob bo‘lishmoqda.
Har bir xonada yuvinish xonasi mavjudligi, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganini ta’kidlash kerak. Shuningdek, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim va televizor ham mavjud.
Bir necha yuz kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan uch mahal laziz taomlar, sarxil mevalar, salatlar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mehmonxonada tibbiyot xonasi va ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, malakali shifokorlar va tajribali mutaxassislar uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Harami sharifga 24 soat davomida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mana shunday sa’y-harakatlar yurtimizdagi “Inson qadri – ulug‘”, degan yuksak tamoyil fuqarolarimiz dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa ham amalda ekanini yaqqol namoyon etadi. Shu bois ham muqaddas zaminlarda ulug‘ ibodat uchun yaratilgan qulaylik, e’tibor va ehtiromdan benihoya ruhlangan ziyoratchilarimiz muhtaram Prezidentimizga samimiy tashakkurlarini yetkazishni soha rahbarlaridan iltimos qildilar.
Muftiy hazratlari ziyoratchilarimiz bilan birga peshin namozini ado etib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi, haj va umra ibodatlari bardavom bo‘lishi va bu borada davlatimiz Rahbarining olib borayotgan ishlariga xayru baraka so‘rab duolar qildilar.