Halqimiz azal-azaldan mehr-oqibat, silai rahm, qiyinchilik va mashaqqatli kunlarda bir-birini qo'llab-quvvatlash, muhtojlarga himmat ko'rsatish kabi ezgu fazilatlari bilan boshqa xalqlarga ibrat bo'lib kelgan. Zero, yiqilganni suyash, ochni to'ydirish, etimlarga muruvvat ko'rsatish kabi go'zal xulqlar ummat yo'lboshchisi bo'lgan Muhammad alayhissalom hamda u Zot olib kelgan Islom dinining bosh shiorlaridan ekani ham ma'lum va mashhurdir.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Kim Alloh azza va jalla uchun bir etimning boshini silasa, qo'li nechta sochning ustidan o'tsa, shuncha hasanot yoziladi. Kim o'z huzuridagi etim qizga yoki bolaga yaxshilik qilsa, men o'sha odam bilan jannatda mana bunday bo'laman» deb ikki barmoqlarini yaqinlashtirdilar».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa Payg'ambarimiz alayhissalom: «Musulmonlarning uylari ichida eng yaxshisi undagi etimga yaxshilik qilinadigan uydir. Musulmonlarning uylari ichida eng yomoni undagi etimga yomonlik qilinadigan uydir», dedilar. So'ngra ikki barmoqlariga ishora qilib: «Men va etimning kafili jannatda mana bundaymiz» dedilar».
Gulbahor opa Turg'unovaga Alloh sinov berdi. Turmush o'rtog'idan erta ajragan, uch nafar farzandga ham otalik, ham onalik qilib kelmoqda. Mahalladagilarning aytishicha, u mehnatkash, sabr-matonatli hamda iffat va hayoda ko'pchilikka namuna bo'la oladi.
Honadondagi vaziyatdan boxabar bo'lgan oltiariqlik imom-xatiblar birlashib, saxovatpesha kishilar ko'magida, ikki xonalik kulbada hayot kechirayotgan bu oilaga, uch xona hamda oldi yopiq ayvon shakldagi yangi uy bunyod etilib, muborak Ramazon oyi oldidan xonadon sohiblariga tuhfa qilindi.
Tadbirga viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham taklif etildi. Oltiariq tumani bosh imom-xatibi Baxtiyorjon domla Shermatov mazkur xonadon o'zining kamtarinligi hamda boshqa go'zal fazilatlari bilan boshqalarga namuna bo'lib kelayotgani, yangi imoratni qad rostlashida tashabbus qilgan himmatli kishilar tomonidan amalga oshirilgan xayrli va ibratli ishlar haqida viloyat bosh imom-xatibiga so'zlab berdi.
Ubaydulloh domla Abdullayev ushbu xayrli ishga hissa qo'shgan barchaga minnatdorchilik bildirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, dinimiz ravnaqi bu tashabbusga hissa qo'shgan saxovatpesha xalqimiz haqqiga ikki dunyo saodatini so'rab duo qildilar.
O'MI Farg'ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati