“Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili doirasida O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshrilayotgan ishlar doirasida joriy yilning 7 aprel' kuni Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi mudiri Salohiddin Sherxonov, mudir o'rinbosari Akbar Do'stmatov hamda Toshkent islom instituti o'quv va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori Umid Hodjayevlar “Faxriddin ar-Roziy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi talabalari bilan ochiq muloqot o'tkazdi.
Muloqot davomida talabalar bilan bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohatlardan unumli foydalanish, diniy kadrlar oldida turgan muhim vazifalar hamda ta'lim sifatini oshirish kabi masalalar keng muhokama qilindi.
Shuningdek, bu borada talabalar tomonidan aytilgan fikr-mulohazalar va ularni qiynayotgan muammolar o'rganildi hamda bildirilgan savollarga javob berildi.
Tadbir so'ngida ta'lim muassasaning iqtidorli talabalarini yanada rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash maqsadada ularga esdalik sovg'alari topshirildi.
O'MI Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.