Hammamizga ma'lumki, 21-asr axborot asridir. Bu asrda axborot texnologiyalari shu darajada rivojlandiki, dunyoning bir chekkasidagi voqea shu zahotiyoq keng jamoatchilikka etib boradi. Axborotning bunday tezlikda tarqalishiga internet global tarmog'ining kashf qilinishi sabab bo'ldi. Hozirgi davrda hayotni internetsiz tasavvur qilish qiyin. Albatta, axborot etkazishda, inson bilim doirasini kengaytirishda, biznes olamida va boshqa sohalarda uning o'rni beqiyos. Lekin internet omma mafkurasini buzishda, buzg'unchi g'oya va aqidalarni tarqatishda, inson ongini zaharlashda ham qora kuchlarni asosiy targ'ibot manbasi bo'lib qolmoqda. Global tarmoqning salbiy xarakterga ega bo'lgan bir necha omillari borki, bu omillar har bir inson uchun asosiy xatar hisoblanadi. Biz quyida ana shu omillarning ba'zilarini sanab o'tamiz.
1.Sog'lom e'tiqodga tahdid.
Internet ayniqsa, yoshlarni sog'lom e'tiqodiga tajovuz qiluvchi manbalar makonidir. U erda o'zlarini “do'st sanovchi” yoki “hidoyatga boshlovchi” qilib ko'rsatuvchilar ko'p. Aslida ularning din ilmidan xabarlari yo'q. O'z rahnamolaridan eshitganlarini takrorlashdan nariga o'tmaydilar. Ular o'z johilliklari bilan boshqalarni ham jarga etaklaydilar. Bunday aqidaparast oqimlar targ'ibotini olib borayotgan saytlar soni ma'lumotlarga ko'ra 7000 dan oshgan. “Al-Qoida”, IShID kabi terroristik tashkilotlarning targ'ibot manbalarining asosiy qismi internetga to'g'ri keladi. Afsuski butun dunyo bo'ylab ilmsiz, e'tiqodsiz yoshlar ularning o'ljalariga aylanmoqda.
2.Turli fitnalar makoni.
Internet xalqlar, millatlar orasida nizo keltirib chiqaruvchi manbalar makonidir. Ular ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng faoliyatni yo'lga qo'yishgan. U erda yolg'on-yashiq, irqiy kamsitilishga sabab bo'luvchi xabarlar tarqatiladi va kishilarni ommaviy norozilik uyushtirishga chaqirib fitna qo'zg'ashga harakat qilinadi. Fitna har bir rivojlanishga intilayotgan davlat uchun katta halokatdir. Shuning uchun Alloh o'z kalomida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb marhamat qiladi. Shuningdek, diniy tushunchalar ham buzib ko'rsatiladi. Ular “Shahid”, “Jihod”, “Hijrat” kabi tushunchalarni ba'zi savodsiz “olim” larning fatvolariga tayanib buzib talqin qilishadi. Shu yo'l bilan omma orasida diniy asosda nizo chiqarishga urinishadi. Bu ishlar esa dinimizda qat'iyan man qilingan ishlardir.
3.Bekorchilik va buzuqlik o'chog'i.
Yoshlarning ko'p hollarda internetdan faqat ko'ngilochar manba sifatida foydalanishi achinarlidir. Bu inson uchun juda qadrli bo'lgan vaqtning behuda o'tishiga sabab bo'ladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda behuda vaqt o'tkazish, keraksiz narsalarni tomosha qilish yoshlarning zehnini o'ldiradi, fikrlashini susaytiradi. Aslida, keraksiz narsalarga vaqt sarflash gunohdir. Payg'ambarimiz (s.a.v) hadislarida: “Behuda ishlarni tark etish kishi islomining go'zalligidandir”, deb marhamat qilganlar. Ommaviy madaniyatni, ayniqsa, buzuqchilikni targ'ib qiluvchi saytlar ma'naviyat uchun halokatlidir. Bunday saytlar kishilarni hissiz, atrofidagilarni qadrlamaydigan manqurtlarga aylantirib qo'yadi. Bunday buzuqchilikni doimiy ko'rish qalbni o'ldiradi. Hikmatlarda shunday deyiladi: “Ko'z bilan qilingan gunohning qalbga ta'siri katta.Chunki ko'z qalb bilan bog'liqdir”.
Yuqorida sanab o'tilganlar global tarmoqdagi xatarlarning ba'zilari xolos. Lekin ana shu “ba'zilari”ning ta'siriga berilib vayronkorlik bilan shug'ullanayotganlarni, bu vayronkorlik butun davlatlarni o'z domiga tortayotganligini guvohi bo'lib turibmiz. Bunday illatlardan saqlanish, yoshlarimizni saqlash o'zimizning qo'limizda. Shu yo'l bilan yurtimiz kelajagini, tinch hayotimizni asrash uchun kurashishimiz lozim.
F.Seytimmetov
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi