Butun dunyodagi musulmonlar Ramazon oyida Makka, Madina va Quddusdagi muqaddas joylarga virtual tarzda tashrif buyurishi mumkin.
Se-ma-for Studio tomonidan ishlab chiqilgan 3D dasturi yordamida foydalanuvchilar Makkadagi Haram masjidi, Madinadagi Payg'ambar masjidi va Quddusdagi "Al-Aqso" masjidiga interfaol tarzda ekskursiya qiladi.
Shuningdek, Muqaddas shaharlarning yaqinidagi Arafa hududi, Jamarat ustunlari, Muzdalifa hududi va o'tkazilayotgan ko'rgazmalarga ham virtual tomosho qilsa bo'ladi.
Dasturda arab, ingliz, turk, fors, urdu, malay va indonez tillari mavjud.
O'zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hayotda inson uchun odob va madaniyat asosiy masala hisoblanadi. Ular bilan xulq go‘zal, amal ziynatli bo‘ladi. Kechasiyu kunduzi sodir qilinadigan turli-tuman yaxshi amallar natijasida jamiyat a’zolari o‘rtasida totuvlik, ittifoq paydo bo‘ladi. Shuning uchun Islom shariati inson hayotining har bir jabhasida odob va axloq borasida rahnamolik qiladi. Zero, Alloh taoloning O‘zi har bir yaxshilikka muvaffaq qiluvchi va yordam so‘raluvchi Zotdir.
Quyida safar odoblari va unga oid ba’zi masalalarni zikr etib o‘tamiz.
1. Safar oldidan istixora qilish.
2. Gunoh-ma’siyatlardan tavba qilish.
3. Imkon qadar qarzlarini to‘lash yoki shu ishga vakil tayinlash, omonatlarni egalariga topshirish kabi ishlar bilan zimmasidagi boshqalarning haqini halollab olish.
4. Ahli ayolini nafaqa bilan ta’minlash.
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh safar qiluvchi safarga chiqishdan oldin ba’zi vazifalarni ado etishi lozimligini aytib o‘tganlar:
a) Ahli ayolini nafaqa bilan ta’minlash;
b) O‘zida biron kishining omonati yoki qarzi bo‘lsa, uni ado etish;
v) Biror ishga mas’ul bo‘lsa, ishidagi joriy intizomga rioya qilish;
g) Safar xarajatlari haloldan bo‘lishi.
5. Ota-onasini yoki itoat etishi vojib bo‘lgan kishilarni rozi qilish.
6. Juma kuni zavol vaqtidan oldin safarga chiqish.
7. Solih hamroh tanlash.
Sherik tanlash safarning muhim jihatlaridan bo‘lib, tanlangan hamroh taqvodor, yaxshi fikrli, toat va ibodatda ko‘makchi bo‘lishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehtiyot yuzasidan tunda yolg‘iz safar qilishdan qaytarganlar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar yolg‘izlikda nimalar borligini men bilganchalik bilganlarida, birorta otliq kechasi yolg‘iz yurmas edi», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Burda ibn Abu Muso otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Solih suhbatdosh bilan yomon suhbatdosh mushk sohibi bilan temirchining dam urgichiga o‘xshaydi. Mushk sohibidan quruq qaytmaysan – yo uni (mushkni) sotib olasan, yo hidini tuyasan. Temirchining dam urgichi esa badaningni yoki kiyimingni kuydiradi yoxud undan noxush hid tuyasan» (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hamrohlarning eng yaxshisi to‘rt kishi bo‘lishidir», dedilar» (Dorimiy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning nazdida hamrohlarning eng yaxshisi – hamrohiga yaxshi bo‘lganidir. Allohning nazdida qo‘shnilarning eng yaxshisi – qo‘shnisiga yaxshi bo‘lganidir», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
8. Birodarlariga safarga ketayotganini bildirib, ularning xayrli duolarini olish.
9. Imkoni bo‘lsa, safarga payshanba kuni chiqish.
10. Haj safari uchun ajratilgan molning halol bo‘lishiga, shubhadan xoli bo‘lishiga qattiq e’tibor berish.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar:
«Musofirning zodi rohilasi (safarga sarflaydigan xarajatlari) halol, pokiza bo‘lishi, safar mobaynida (yon-atrofdagilarga) shirinsuxanligi, hamsafarlariga xushmuomalaligi, yeb-ichish va xarajatlarda qo‘lidan kelganicha ularga yordam berishi ulug‘ inson ekanining alomatidir».
11. Safarga tong saharda chiqish.
12. Safar oldidan ikki rak’at namoz o‘qish.
13. Sadaqa qilish.
14. Safar anjomlarini olish.
15. Hamrohlardan birini boshliq qilib saylash.
Hadisi sharifda safardagi sheriklar tajribali, omonatdor, fahm-farosatli, solih kishini boshliq qilib saylab, unga itoat etishga buyurilganlar.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Safar qiluvchilar uch kishi bo‘lsa, albatta birlarini boshliq qilib olsinlar», deganlar» (Abu Dovud rivoyati).
16. Qarindosh, do‘st-birodarlari bilan vidolashish.
17. Safar duolarini o‘qish.
Safar oldidan, safar asnosida, safardan qaytganda o‘qiladigan duo va zikrlar hadisi shariflarda kelgan. Alloh nasib etsa, keyingi sonlarda o‘sha duolardan ba’zilarini zikr qilamiz.
Abdumannon Abdulloh