Joriy yil 6 aprel' kuni “Ramazon oyini yuqori saviyada o'tkazish munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlar yuzasidan” ZOOM dasturi platformasida onlayn muloqat bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha o'rinbosarlari, Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahri va viloyatlar, tuman-shahar bosh imom-xatiblari ishtirok etdi.
Videomuloqotda Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofir Axmedov muborak Ramazon oyini tartibli, sanitariya qoidalari va karantin talablariga to'liq rioya etgan holda o'tkazish hamda imom-xatiblar mas'uliyatini yanada oshirish, muborak oyda o'tkaziladigan tadbirlarni ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgargiliksiz o'tkazish borasidagi muhim ko'rsatma va tavsiyalarni aytib o'tdi.
Shuningdek, A.Axmedov tomonidan viloyat bosh imom-xatiblari va mas'ullarga muborak oy davomida xalqimizga xos bo'lgan saxovat va muruvvat ishlarini yanada jadallashtirish, imom-xatiblar tomonidan islom dinining insonparvarlik g'oyalarini keng targ'ib qilish, yoshlarni turli yot g'oya va qarashlardan himoyalash, xalqimizni o'zaro mehr-oqibatli bo'lishga chaqirish borasidagi chiqishlarini muntazam tashkil etish masalasiga alohida e'tibor qaratish kerakligi uqtirildi.
O'z navbatida, Respublikada faoliyat yuritayotgan barcha masjidlarda keng qamrovli obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, elektr jihozlari, ovoz kuchaytirgichlarni uzluksiz soz holatda ishlashini ta'minlash alohida ta'kidlandi.
Videomuloqotda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov masjid-madrasalarda Ramazon oyiga katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani, xatmi-Qur'on tadbirlarini fayzli o'tkazish va mo'min-musulmonlarga qulay shart-sharoitlar tashkil etish, ayniqsa, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga qat'iy rioya etish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi.
Yig'ilish yakunida Ramazon oyini tartibli o'tkazish yuzasidan berilgan vazifa va topshiriqlarni o'z vaqtida bajarish bo'yicha viloyat bosh imom-xatiblarining fikr-mulohazalari tinglandi hamda Ramazon oyini belgilangan tartibda o'tkazishga kelishib olindi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita
Axborot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati