frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Dinda terror yo'q – Islom qo'poruvchilik dini emas!

06.04.2021   9614   14 min.
Dinda terror yo'q – Islom qo'poruvchilik dini emas!

OGOHLIK – DAVR TALABI 

Bugun biz shunday davrda yashayapmizki “falon kishi koinotda yashash uchun joy buyurtma qilibdi, falon kompaniya u nomdagi eng yuqori texnologiyalarga ega mahsulotini taqdimot qilibdi, bunisi quyosh nuri bilan harakatlanadigan uchar mashina ishlab chiqibdi”, desa hech kim ajablanmay qo'ydi.

Lekin dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, er yuzidagi etti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan bo'lib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda.

Qo'li qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar o'ldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir o't qo'ysa ham eng ulug' kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab bo'layotgandir. Ho'sh, aslida ham shundaymi?

ISLOM – TINChLIK DINI

Bugun ko'pchilik o'ylaganidek, Islom qo'poruvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi ma'nolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning O'zi tanlagan. Zotan, Buyuk Rabbimizning go'zal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.

“Islom” so'zi “itoat va bo'ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo'lish” hamda “sulh va omonlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Islom, bu – Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo'ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Bu din shundayki, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga o'zini Hudoman, deb da'vo qilgan Fir'avnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so'z bilan gapirishga buyurdi: (Ey, Muso!) Sen o'zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir'avnning oldiga boringiz, chunki u(“Men – xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so'z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo'rqsa” (Toho surasi, 44-oyat).

Va holbuki, Hudoyi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Fir'avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir'avnni yutib yuborsin” deyishlikka. Lekin Hudoyi taolo O'zining eng ulug' payg'ambarlaridan biri bo'lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur'oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg'ambarlaridan bittalari bo'lgan bo'lsalar-da shirin so'z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.

Islom terrorni, fasod va buzg'unchilikni butunlay qoralaydi, la'natlaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda Yer yuzida buzg'unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan eb-ichingiz, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangiz!”deb marhamat qilgan.

Moida surasining 32-oyatida esa: “Biror jonni o'ldirmagan yoki Yerda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o'limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deb marhamat qilingan.

Mufassirlarning ta'kidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan bo'lsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga ko'ra, Yer yuzida fitna-fasod, buzg'unchilik, qotillik, qo'poruvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.

Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni o'ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qo'lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor etmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.

TYeRRORIZM DIN BILAN ALOQADOR EMAS

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”, deya ta'kidlagan edilar.

Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Havfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr' kuni “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko'ra, terrorizm, zo'ravon ekstremizm hech bir din, millat va tsivilizatsiya bilan aloqador emas va bog'liq holda talqin qilinmasligi kerak.

“Terror” atamasi paydo bo'lganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok bo'lmoqda, millionlab zamindoshlarimiz o'z uyidan, vatanidan chiqishga majbur bo'lib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar ta'lim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, ba'zilar hatto yaqinlarisiz yolg'izlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.

 

EKSTRYeMIZM – INSONIYaT DUShMANI

“Ekstremizm” tushunchasi Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g'uluv”, “tug'yon”, “haddan oshish” kabi so'zlar bilan hamohang bo'lib, dinimiz ta'limotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur'oni karimda Alloh taolo bandalarini g'uluvdan qaytarib, bunday marhamat qiladi: “Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..” (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ayting: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko'plarni adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb zikr qilingan.

Muqaddas dinimizda yakka-yu yolg'iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda g'uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, bu omillar ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Vaholanki, oyatda:: “Ular (mushriklar) dinlarini bo'lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o'z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum surasi, 32-oyat), deb marhamat qilingan.

Dinda g'uluvga ketishning oqibatlari juda yomon. Avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo'lgan ravofiz, xavorij, mu'tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g'uluvga ketishning oqibatidir. G'uluv mashaqqat bo'lgani bois odamlar to'g'ri yo'ldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o'z-o'ziga mashaqqat tug'diradigan yangi bid'at amallarni o'ylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib ko'rsatishga sabab bo'ladilar. Bu esa Islom dinining mo''tadillik va engillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta'limotlariga ziddir. Zero, engillik, Islomning asosiy shiorlaridan biridir. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinldashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.

Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. Alloh taolo A'rof surasining 56-oyatida: “Va isloh qilingandan keyin Yer yuzida fasod qilmang va Undan qo'rqib tama' ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir”, deb marhamat qiladi.

Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya'ni “er” so'zi, arab qoidalariga ko'ra, alif-lom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u erda fasod ishlarni qilmang” bo'ladi. Madina er yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo'yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o'rmonning kulini ko'kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham er yuzini vayron qiladi.

Hozirgi kunda ayrim davlatlarda g'uluvga ketgan, qo'li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda. G'arb mamlakatlarining ba'zi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo'poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog'lashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la'natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o'n besh asr oldin boshlab yuborgan. Islom mo''tadil ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshi ekanligining yaqqol isbotidir.

Turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ko'r ko'rni qorong'ida topibdi deganiday, ular faqat o'zlariga o'xshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, to'g'ri yo'lni ko'rsatgan olimlar u yoqda tursin, ba'zan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olishmaydi. Bular haqida Qur'oni karimda: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan ko'ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz” (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.

Shukrki, bag'rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolib ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qilmishiga chin pushaymon bo'lib, butunlay tuzalish yo'liga o'tgan fuqarolarni afv etish to'g'risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e'lon qilinyapti.

Oilasi bag'riga qaytayotgan bunday fuqarolar bilan kayvonilar, hoji otalar ishtirokida suhbatlar o'tkazib, ularga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga harakat qilyapmiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo muazzam Ka'ba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka'ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni etti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo'lar edim”.

Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obro'yingiz bir-biringizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni ardoqli, ulug'ligi, azizligi, hurmati ayon bo'lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o'zaro mollarini, jonlarini va obro'larni hurmat qilishga da'vat qildilar”, degan.

Ho'sh, endi do'ppini echib qo'yib, o'ylab ko'raylik. Hatto qushning ham ini buzilishiga qarshi bo'lgan, er-xotinning janjallashishiga olib boradigan barcha yo'llarga o'zining qat'iy hukmlari bilan chora ko'rib qo'ygan Islomni qanday qilib terrorizm, ekstremizm bilan chog'ishtirish mumkin?

HULOSA

Ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi 10 yilda terrorizm, ekstremizm oqibatida jahon iqtisodiyotiga 583 trillion AQSh dollari miqdorida zarar etkazilgan. Keyingi 15 yilda terrorchilik harakatlari natijasida 91 ming begunoh inson halok bo'lgan. Ularning aksariyati yosh bolalar, ayollar va qariyalardir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tuzilgan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi dunyo jamoatchiligini bezovta qilayotgan terrorizm, ekstremizm, zo'ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o'tkir muammolariga echim sifatida ilm-ma'rifat, o'zgalarga adolatli va bag'rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosatni targ'ib qiladi.

Bugun kuch ishlatish, bosib olishdan ko'ra ko'proq tinchlikparvar siyosat har jihatdan samarali bo'lmoqda. Ana shu tajriba orqali radikal guruhlar faoliyatining 7 foizi qurolli aralashuv natijasida to'xtatilgan bo'lsa, ularning 40 foizi tinch yo'l bilan – siyosiy muzokaralar o'tkazish vositasida barham topgan. Zotan, dunyo bo'ylab ekstremistik tashkilotlarning 38 yillik faoliyati tahlillari shuni ko'rsatmoqda.

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qanoat – bitmas xazina

02.09.2026   25497   9 min.
Qanoat – bitmas xazina

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat

 

– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
 

– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.


Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek,  dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.


Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.


– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.


– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.


Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.


Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.


Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.


– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?


– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.


Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.


Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.


– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?


– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.


Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.


– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?


– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.


Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.


Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.


– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?


– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.


Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.


– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?


– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.


– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?


– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.


Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.


Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.


Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.

 

T.NIZOM suhbatlashdi.

Maqolalar