Ertaga, chorshanba kuni Misr hukumati Covid-19 infektsiyasining oldini olish uchun muqaddas Ramazon oyida fuqarolar bajarishlari kerak bo'lgan xavfsizlik choralarini muhokama qiladi. Unda kambag'allar uchun xayriya iftorlari yoki uzoq vaqt davomida masjidlarda bo'lib turish kabi ba'zi tadbirlardan voz kechish masalasi kun tartibiga qo'yiladi.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra avvalroq koronavirus inqirozini boshqarish bo'yicha Oliy qo'mita yig'ilishida bosh vazir Mustafo Madbuli ehtiyot choralariga kuchli talab qo'yilganini ta'kidlagan.
Jumladan, 13 apreldan yopiq xonalarda katta yig'in, maraka, to'y va boshqa ommaviy tantanalarni o'tkazish ma'n etiladi. Musulmonlar masjidlarda ijtimoiy masofani saqlash, niqob kiyish, shaxsiy joynamozlardan foydalanishi kerak.
Mamlakat Sog'liqni saqlash vazirligi surunkali kasalligi va bolalari bo'lgan odamlarning uyda namoz o'qishini so'radi.
Biroq qoidalar 2020 yilga qaraganda ancha moslashuvchan bo'ladi. Bu safar ommaviy tungi namozlar (tarovih) o'tkaziladi, kafe va restoranlar ertalab soat birgacha, do'konlar esa kechki soat 11 gacha ochiq bo'ladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati