2021 yil 30 mart kuni O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston ulamolari ishtirokida Ramazon oyi hilolini kuzatishga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha onlayn davra suhbati bo'lib o'tdi. Uchrashuvda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Yershat Ongarov, Qirg'iziston musulmonlari idorasi apparati boshlig'i Kadirberdiyev Abibulla va bir guruh ulamolar ishtirok etdi.
Davra suhbatida ulamolar Islom dini manbalari va astronomik ma'lumotlarga tayangan holda joriy yilda Sha'bon oyining oxiri va Ramazon oyining hilolini kuzatish yuzasidan o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Yershat Ongarov mintaqadagi mo'min-musulmonlar birdamligini ta'minlash, shar'iy ehtiyojlarini qondirish va ulamolarning hamfikrliligini yo'lga qo'yishda mashvarat yo'li bilan ish tutishda ijobiy natijalarga erishilayotganini bildirdi.
Homidjon Ishmatbekov Ramazon oyi mo'min-musulmonlarni uchun eng ulug' mavsum ekanini bildirgan holda Islom dini ta'limotlarida muborak Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini belgilashda, Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning “Yangi oyni ko'rib ro'za tutinglar va yangi oyni ko'rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olinganini izohladi. Hanafiy mazhabiga ko'ra, dunyoning qaysi erida yangi hilol ko'ringani ma'lum bo'lsa, shu hilol e'tiborga olinishi mo''tabar manbalarda bayon etilganini qo'shimcha qildi.
Muloqotda Qozog'iston va Qirg'iziston musulmonlari idoralari ulamolari ham o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.






O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati