Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Muborak vasiyatlar: Namozni o'z vaqtida ado etish; Jamoat namozi; Istiqomatda bo'lish.

1.04.2021   4697   36 min.
Muborak vasiyatlar: Namozni o'z vaqtida ado etish; Jamoat namozi; Istiqomatda bo'lish.

Namozni o'z vaqtida ado etish

Musulmon kishi ikki namozni jamlab, ya'ni bir namozni kechiktirib, ikkinchisiga yaqin vaqtda o'qishdan ehtiyot bo'lishi kerak. Chunki bu ish bora-bora gunohi kabiraga aylanib qoladi. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sababsiz ikki namozning vaqtini jamlab o'qigan kishi gunohi kabiraning eshigiga kelibdi”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).

Kim bu ishni uzrsiz ko'p takrorlasa, Allohning azobiga giriftor bo'ladi. Oyati karimada:

﴿ٱلَّذِينَ هُمۡ عَن صَلَاتِهِمۡ سَاهُونَ٥

«Bas, shunday namozxonlar holiga voyki, ular namozlarini "unutib" qo'yadilar» (Mo'un, 5), deyilgan.

Mo'minlar namozlarini o'z vaqtida ado etishga shijoat bilan harakat qilishlari kerak.

Oyatda ular “namozxonlar” deb nomlandi. Biroq namozga beparvoliklari va o'z vaqtidan kechiktirganlari sababli ularga vayl bilan tahdid solindi. Vayl – shiddatli azobdir. “Vayl” jahannamdagi vodiy bo'lib, agar unga dunyodagi tog'lar tushirilsa, harorati yuqoriligidan erib ketadi. U namozga beparvo bo'lgan va uni vaqtidan kechiktirib o'qigan kimsalar maskanidir. Faqat Allohga tavba qilib, ilgarigi e'tiborsizligiga nadomat chekkanlar bundan mustasnodir.

Oyati karimada:

﴿فَإِذَا قَضَيۡتُمُ ٱلصَّلَوٰةَ فَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ قِيَٰمٗا وَقُعُودٗا وَعَلَىٰ جُنُوبِكُمۡۚ فَإِذَا ٱطۡمَأۡنَنتُمۡ فَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَۚ إِنَّ ٱلصَّلَوٰةَ كَانَتۡ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ كِتَٰبٗا مَّوۡقُوتٗا١٠٣

«Namozni ado etib bo'lganingizdan so'ng turgan, o'tirgan va yonboshlagan holingizda (ham doimo) Allohni yod eting! (Yov xavfidan) xotirjam bo'lsangiz, namozni (mukammal) ado eting. Zero, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir» (Niso, 103), deyilgan.

Oyati karimadagi “yod eting” lafzidan murod “namoz o'qing”dir, degan tafsir ham bor. Demak, namozni avvalo tik turib o'qish, unga qodir bo'lmasa, o'tirib, unga ham majoli etmasa, yotgan holda imo-ishora bilan o'qish joizdir (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 220-b.).

Ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Qaysi amal Allohga sevimlidir?” deb so'raganida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Vaqtida o'qilgan namoz!” dedilar. Ibn Mas'ud yana: “Keyin-chi?” deb so'radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ota-onaga yaxshilik qilish”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Namozni zoye qiladiganlar to'g'risida Alloh taolo bunday xabar berdi:

﴿۞فَخَلَفَ مِنۢ بَعۡدِهِمۡ خَلۡفٌ أَضَاعُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَٱتَّبَعُواْ ٱلشَّهَوَٰتِۖ فَسَوۡفَ يَلۡقَوۡنَ غَيًّا٥٩ إِلَّا مَن تَابَ وَءَامَنَ وَعَمِلَ صَٰلِحٗا فَأُوْلَٰٓئِكَ يَدۡخُلُونَ ٱلۡجَنَّةَ وَلَا يُظۡلَمُونَ شَيۡ‍ٔٗا٦٠

“So'ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o'rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo'liqurlar. Illo, tavba bilan imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas”(Maryam, 59–60).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) bunday dedi: “Namozni zoye qilgan” degani, uni butunlay tark etgan degani emas, balki namozni vaqtidan kechiktirib o'qigan, deganidir.

Tobeinlar imomi Said ibn Musayyab (roziyallohu anhu) oyatdagi “namozni zoye qiluvchilar”dan murod: “Asr bo'lmaguncha peshinni o'qimaydigan, asrni shomgacha, shomni xuftongacha, xuftonni bomdodgacha, bomdodni to quyosh chiqquncha o'qimaydigan kishilar”, degan.

Sa'd ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu)dan namozlarini “unutib” qo'yadigan kimsalar haqida so'ragashganida: “U – vaqtni kechiktirish (ya'ni, namozni vaqtidan kechiktirib o'qish)”, deya javob bergan.

Alloh taolo yana bir oyatda:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تُلۡهِكُمۡ أَمۡوَٰلُكُمۡ وَلَآ أَوۡلَٰدُكُمۡ عَن ذِكۡرِ ٱللَّهِۚ وَمَن يَفۡعَلۡ ذَٰلِكَ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡخَٰسِرُونَ٩

“Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg'itib qo'ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o'shalar ziyon ko'ruvchi kimsalardir”(Munofiqun, 9), deydi.

Oysha (roziyallohu anho) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) to Alloh jonlarini olgunicha namozni oxir­gi vaqtida o'qimadilar” (Imom Hokim rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, kim namozni vaqtida o'qigan, tahoratni mukammal olgan, qiyom, xushu, ruku va sajdalarini komil qilgan bo'lsa, namoz oppoq, nurafshon bo'lib chiqib ketadi va “meni saqlaganingdek, Alloh ham seni saqlasin”, deydi. Kim uni vaqtidan boshqa paytda o'qisa, tahoratni to'liq olmasa, xushu, ruku va sajdalarini komil qilmasa, namoz qop-qora, zulmatli bo'lib chiqib ketadi va “meni zoye qilganingdek, Alloh ham seni zoye qilsin”, deydi. Hatto, Alloh xohlagan joyga etgach, xuddi eski kiyimga o'xshab o'raladi-da, uning yuziga uriladi.

Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uch toifa odamning namozini Alloh qabul qilmaydi: qavm uni yoqtirmasa-da, ularga imomlik qiladigan kishi; namozga orqa tomondan keladigan (ya'ni namozni vaqti o'tganidan keyin o'qiydigan) kishi; o'zi ozod qilgan odamni yana qul qilib olgan kishi”, dedilar» (Abu Dovud va Ibn Moja).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: «Agar qiyomat kuni bo'lsa, Alloh azza va jalla huzuriga bir kishini olib kelishadi. Shunda Alloh uni do'zaxga tashlashni buyuradi. “Yo Rabb, nima uchun?” deb so'raganida, Alloh taolo: “Namozni vaqtidan kechiktirganing va Mening nomim bilan yolg'on qasam ichganing uchun”, deydi».

Rivoyat qilinishicha, salaflardan biri o'lgan singlisining janozasida hozir bo'ldi. Uning pul solingan hamyoni mayyitning qabriga tushib ketdi va buni hech kim sezmadi. U qabr oldidan ketgach, hamyonini esladi va iziga qaytdi. Odamlar tarqab ketganidan keyin qabrni kavladi, unda alangalanib turgan olovni ko'rib, qabrni qaytadan ko'mib qo'ydi. Keyin onasining oldiga yig'lab, mahzun holda qaytib keldi-da: “Ey onajon, singlim nima ish qilar edi, menga aytib bering”, dedi. “Nimaga so'rayapsan?”, degan onasiga: “Uning qabrida alangalanib turgan olovni ko'rdim”, deya javob berdi. Shunda onasi yig'ladi va: “Ey o'g'lim, singling namozga beparvo edi va uni vaqtidan kechiktirib o'qirdi”, dedi.

Namozni vaqtidan kechiktirib o'qigan kishining holi shu bo'lsa, umuman namoz o'qimaydigan kimsaning ahvoli ne kechar ekan?!

Mo'min kishi Alloh taolodan namozlarni vaqtida o'qishga muvaffaq qilishini so'rasin. Albatta, U saxiy, muruvvatli Zotdir.

 

Jamoat namozi

Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jamoat bilan o'qilgan namoz yolg'iz o'qilgan namozdan yigirma etti daraja ortiqdir”, dedilar» (Imom Buxoriy, Molik, Muslim, Termiziy va Nasoiy).

Kishi namoz o'qisa va bu bilan Alloh roziligini talab etsa, unda nima uchun jamoatga qo'shilmay, o'zi (yakka) uyida o'qiydi?! Aqlli kishi hech qachon kam narsani ko'p narsadan ustun qo'ymaydi. Ayniqsa, bu narsa Islom dini arkonlaridan muhimi bo'lganidan unga ko'proq ahamiyat berishimiz lozim.

Bizlar esa goho arzimas narsa yoki manfaatga ega bo'lish uchun qanchadan-qancha vodiylarni kesib o'tib, bir qancha jamiyatlar safiga kiramiz. Ammo qo'limizga ilinishi oson bo'lgan diniy manfaatlarga yuzlanmaymiz. Allohning yigirma etti marta ko'payadigan savobi nafslarimizga og'ir keladi. Jamoatga hozir bo'lib, namozni vaqtida ado etishdan moddiy mashg'ulot hamda tijoratlarimiz to'sib qo'yadi. Ammo Alloh shiorlarini ulug'lab, Uning va'dasiga ishonib, Uning savobidan umidvor bo'lib, hisob-kito­bini puxta qilgan kishilarni bu vojibni ado etishdan turli sabablar, uzrlar to'sa olmaydi.

Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:

﴿فِي بُيُوتٍ أَذِنَ ٱللَّهُ أَن تُرۡفَعَ وَيُذۡكَرَ فِيهَا ٱسۡمُهُۥ يُسَبِّحُ لَهُۥ فِيهَا بِٱلۡغُدُوِّ وَٱلۡأٓصَالِ٣٦ رِجَالٞ لَّا تُلۡهِيهِمۡ تِجَٰرَةٞ وَلَا بَيۡعٌ عَن ذِكۡرِ ٱللَّهِ وَإِقَامِ ٱلصَّلَوٰةِ وَإِيتَآءِ ٱلزَّكَوٰةِ يَخَافُونَ يَوۡمٗا تَتَقَلَّبُ فِيهِ ٱلۡقُلُوبُ وَٱلۡأَبۡصَٰرُ٣٧

«(U chiroq) ko'tarilishiga (qurilishiga) va ularda o'zining nomi zikr qilinishiga Alloh izn bergan uylarda (masjidlarda)dir. U (masjid)larda ertayu kech Unga tasbeh aytadigan kishilar bor, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg'ita olar. Ular dillar va ko'zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo'rqurlar» (Nur, 36–37).

“Sahobalar qissasi” kitobida zikr qilinganidek, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari azon eshitishganida, uni ulug'lab, namozga mushtoq bo'lishar edi. Solim Haddod (roziyallohu anhu) tijoratchi edi. Har gal azonni eshitganida rangi sarg'ayib ketar edi. Shu zahoti mollariyu do'konlarini tashlab, masjidga yurardi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kishining jamoat bilan o'qigan namozi uyida va bozorda o'qigan namozidan yigirma besh marta ko'proqdir. Agar ana shu kishi tahoratini chiroyli qilib, masjidga faqat namoz o'qishni niyat qilib chiqsa, har bir qadamiga darajalari ko'tarilib, xatolari o'chiriladi. Farishtalar u kishiga salavot aytishda bardavom bo'ladi. Agar o'sha kishi namozxonasida tahoratli o'tirsa, namozxonlar namozga intizor bo'lib, bu ishda bardavom bo'lsa, farishtalar: “Alloh, ularga salavot yo'lla va rahm qil”, deb aytadi», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy va Ibn Moja).

Hadislardan bildik, jamoat bilan o'qilgan namoz yakka o'qilgan namozdan yigirma etti daraja afzaldir. Ammo u bu hadisda yigirma besh baravarga ishora qilinyapti. Ulamolar nazdida, bunday farqning bir necha sabablari bor. Ular hadislar sharhida zikr qilingan. Bu farqlar kishilarning turli holati bilan bog'liq. Ixlosiga qarab, yigirma etti daraja yoziladigan odamlar bor. Va ulardan yigirma besh daraja yoziladigani bor. Ba'zilarning fikricha, bu namozdagi xilma-xillikka binoandir. Masalan, maxfiy namozlarda yigirma besh daraja bo'lsa, jahriy namozlarda yigirma etti darajadir. Ba'zilar esa, bomdod va xufton namozlariga yigirma etti daraja, deydi. Odatda, bu ikki namoz kishilarga mashaqqatlidir. Ammo qolgan namozlarga yigirma besh daraja beriladi.

Ba'zi olimlar buning sababi ummatga xos ilohiy rahmat bo'lib, bu ummat doimo yaxshidan yaxshiroqqa ko'tariladi. Bas, shunday ekan, yigirma beshdan yigirma etti darajaga taraqqiy etib yuksalaveradi, deyishadi.

Demak, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ishora qilgan narsalarga fikrni yo'naltirish lozim. Jamoat bilan o'qilgan namozda qay darajada katta savoblarga erishish mumkinligi ochiq-ravshandir. Qarang, uyida tahorat qilib, so'ngra masjidga chiqsa, har bir qadami uchun savob yozilib, yomonliklari o'chiriladi.

Jobir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Masjid yonida bir joy bo'shab qolganida, Bani Salama qavmi masjid yonidagi (hovliga) ko'chishni xohladi. Bu xabar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga etganida: “Menga xabar etishicha, sizlar masjid yaqiniga ko'chayotgan ekansizlar”, deganlarida, ular: “Ha, biz shuni xohladik, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Bani Salama, sizlar uylaringizda qolinglar, (masjid sari) qadamingizga (hasanot) yoziladi”, dedilar. Shunda ular: “Endi yaqin joyga ko'chish bizni xursand qilmaydi”, deyishdi».

Imom Muslim rivoyati ham xuddi shu ma'noda kelgan, faqat oxirida “Har bir qadamingiz uchun daraja bordir” kalimasi ziyoda qilingan.

Ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Kimni ertaga musulmon holida Allohga yo'liqish xursand qilsa, (azon) chaqirilgan paytdagi namozlarini saqlasin. Chunki Alloh taolo Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) uchun hidoyat yo'llarini shariat qildi. Shu namozlar o'sha hidoyat yo'llaridandir. Agar uyida qolib o'quvchilar kabi sizlar ham uyingizda o'qisangiz, Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) sunnatini tark qilgan bo'lasiz. Agar Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) sunnatini tark qilsangiz, zalolatga ketasiz”.

Bir kishi chiroyli tahorat olib, masjidlardan birortasiga borsa, Alloh taolo har bir qadamiga hasanot yozib, darajasini ko'taradi va yomonliklarini o'chiradi. Namozni faqat qilmishlari oshkor bo'lgan munofiqlargina kechga suradi. Mo'min agar ikki kishi yordamida bo'lsa ham, uni qoim qilib, safda turadi.

Boshqa rivoyatlarda: “Namozni faqat nifoqi bilingan munofiq yoki kasal kishigina kech qoldiradi. Mo'min kishi ikki odam yordamida yurib bo'lsa ham, namozni qoim qilsin”, deb aytilgan.

“Albatta, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga hidoyat yo'llarini o'rgatdilar. Ana o'sha hidoyat yo'llaridan biri azon aytiladigan masjidda o'qilgan namozdir” (Imom Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja rivoyati).

Sahobalar jamoatga juda qattiq ahamiyat berishardi. Hatto kasal kishi bemorligiga qaramay, qodir bo'lganicha jamoatga intilar edi. Agar majbur bo'lib qolsa, ikki kishining yordamida bo'lsa ham, jamoatga kelar edi. Axir sahobalar jamoat namoziga nega ahamiyat bermasin, nega jamoatga shoshishmasin. Chunki sayyidimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) hatto qattiq kasal bo'lganlarida ham jamoatga ana shunday ahamiyat berganlar-ku!

Abu Dardo (roziyallohu anhu) rivoyat qilib aytdi: «Men sizlarga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan eshitgan bir hadisni aytib beraman. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Allohni ko'rib turgandek Unga ibodat qilinglar. Agar Uni ko'rmasangiz, U sizlarni ko'rib turadi. O'zingizni o'liklardan, deb hisoblang. Mazlumning duosidan qo'rqing, chunki u ijobat qilinadi. Sizlardan kim bo'lmasin xufton va bomdod namoziga sudralib yurib borsa ham, unda ishtirok etsin”, dedilar» (“At-targ'ib vat­tarhib”, 295-b.).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Munofiqqa eng og'iri xufton va bomdod namozlaridir. Agar sizlar (u ikkovidagi savobni) bilganlaringizda, emaklab bo'lsa ham kelar edingiz”, dedilar» (“At-targ'ib vat-tarhib”, 297-b.).

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Alloh uchun oldin takbiri tahrimaga etib, qirq kun jamoat bilan namoz o'qisa, unga ikki chetlatish yoziladi. Birinchisi – do'zaxdan chetlatish, ikkin­chisi – nifoqdan chetlatish”, dedilar» (Imom Termiziy).

Umar (roziyallohu anhu)dan qilingan rivoyatda: “Kim masjidda jamoat bilan xufton namozini biror rakatini qoldirmay o'qisa, Alloh o'sha namozi ila do'zaxdan ozod, deb yozadi”, deyilgan. (Ibn Moja).

Ya'ni, kim ixlos va chiroyli niyat bilan ilk takbirni (takbiri tahrima) o'tkazmasdan, namozning boshidan imomga iqtido qilib qirq kun namoz o'qisa, do'zaxga kirmaydi hamda munofiqlardan sanalmaydi. Chunki munofiqlar Islomni ko'z-ko'z qilib, kufrni berkitadi.

Yil davomida namozlarini jamoat bilan ado etib, ilk takbirni o'tkazib yubormaydigan baxtli kishilarning dunyo va oxiratdagi nasibalari qanday ham yaxshi!

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim chiroyli tahorat olib, so'ngra masjidga borsa-yu, u erda kishilarni namoz o'qib bo'lgan hollarida topsa, Alloh taolo vaqtida o'qiganlarning ajridek savob beradi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmas”, dedilar» (Abu Dovud, Nasoiy, Hokim. Bu hadis Imom Muslimga bino­an sahihdir).

Said ibn Musayyab (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Ansorlardan bir kishiga o'lim yaqinlashganida, “Men sizlarga bir hadis aytib beraman. Uni faqat savob umidida aytaman. Uni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan eshitganman. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Kim chiroyli tahorat qilib... (deb hadis davomida) masjidga kelib, jamoat bilan namoz o'qisa, uning gunohlari kechiriladi. Kim masjidga kelsa-yu, ba'zi rakatlarini o'qib bo'lishganini ko'rsa, u kishi qolganini o'qib olsa, uning ham savobi o'shalarnikidekdir. Agar kim masjidga kelsa-yu, ular o'qib bo'lgan bo'lsa, (kech qolgan kishi) namozini o'qisa, uning savobi ham o'shalarnikidekdir”, dedilar”, dedi» (Abu Dovud).

Bir kishining xoh namozga etishsin, xoh etishmasin, sa'y-harakat qilishining o'ziga ajr berilishi Alloh taoloning bandalariga ulug' ne'mati hamda chiroyli fazl-marhamatidir. Modomiki, u kishi namozga harakat qilib etishar ekan, ajr bo'lishi uchun shuning o'zi kifoya.

Agar biz bu ajrlarga etishishda va savob hosil qilishda o'sha ne'mat va marhamatdan (dangasalik bilan) uzilib qolar ekanmiz, o'zimizga katta zarar qilgan bo'lamiz. Bu hadisdan ravshan bo'ldi, namoz tugadi, deb masjidga bormaslik yaxshi emas. Balki u erga (kechikib bo'lsa ham) borib, ajrga etishish kerak. Ammo ishonch bilan (vaqt o'tganini bilsak), unda (bormaslikning) zarari yo'q.

Quddus ibn Ashiym Laysiydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sol­lallohu alayhi va sallam): “Ikki kishining biri imomlikka o'tib o'qigan namozlari Alloh huzurida ketma-ket o'qilgan to'rtta namozdan yaxshiroqdir. Va to'rt kishining biri imomga ergashib o'qigan namozlari Alloh huzurida ketma-ket o'qilgan sakkizta namozdan yaxshiroqdir. Va sakkiz kishining biri imomga o'tgandagi o'qigan namozlari yuzta ketma-ket o'qilgan namozdan yaxshiroqdir”, dedilar» (Imom Tabaroniy).

Ba'zilar masjidga bormay, bir necha kishi jamlanib, do'konmi yoki boshqa bir joydami, jamoat bo'lib o'qisa, bo'laveradi, deb gumon qiladi. Bunday qilish xatoning o'zginasidir. Birinchidan, ular masjid va jamoatning katta savoblaridan mahrum bo'ladi. Chunki ko'p jamoat Allohga oz jamoatdan sevimlidir. Boshqa tomondan, biz Allohning roziligini talab qilar ekanmiz, Uning huzurida maqbul yo'lni tanlashimiz kerak.

Yurtimizda mo'min-musulmonlar uchun qurilgan ko'plab masjidlar ham kishilarning ibodatlarni emin-erkin ado etishlari uchun ulkan imkoniyatdir. Shunday chiroyli va ajoyib masjidlar bo'laturib, har kim xohlagan joyida to'planib, namoz o'qishi yaramaydi. Zero, namoz uchun tahorat qilish lozim. Shu bilan birga, tahoratning o'ziga yarasha farzlari, vojiblari, sunnatlari bor. Masjidlarimizda mana shu ahkomlarga to'liq rioya qilish uchun imkoniyatlar etarli.

Sahl ibn Sa'd Sa'idiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qorong'ida masjidga boruvchilarga qiyomat kuni mukammal nur bo'lishi xabarini xursandlik ila bildirdilar” (Ibn Moja, Ibn Huzayma, Hokim. Bu hadis ikki shayx shartiga binoan sahihdir).

Shuningdek, Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir ko'zi ojiz kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib: “Allohning Rasuli! Meni masjidga olib boradigan yordamchi yo'q”, dedi va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan uyida namoz o'qishga ruxsat so'radi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga ruxsat berdilar. Yordamchiga ega bo'lganidan keyin uni chaqirtirib: “Uyingga azon eshitiladi­mi?” deb so'radilar. U: “Ha”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Unday bo'lsa, jamoat namoziga chiq!”, dedilar» (Imom Muslim).

Abu Umomadan qilingan rivoyatda: “Qorong'ida masjidga boruvchilarga qiyomat kuni nurdan minbar bo'lishining xabarini xursandlik ila etkaz. Kishilar qo'rqqanida ular qo'rqishmaydi”, deyilgan (Imom Tabaroniy).

Qorong'ida masjidga borishga qiynalamiz-u, lekin uning foyda va samaralarini, inshaalloh, qiyomat dahshatlari paytida ko'ramiz. Kechasi masjidga borib orttirgan ba'zi qiyinchilik va mashaqqatlarimiz nurdan bo'lgan gumbaz va nur sochuvchi quyoshga aylanib qoladi. Qiyomat zulumotida qayerga borsak, u nur ham biz bilan birga yuradi.

Albatta, dinimiz ta'limotlari va ko'rsatmalariga muvofiq doimo masjidga qatnash va jamoatni topish ajrni yanada ko'paytiradi. Ayni paytda bu ish bandalarga ulkan savoblar va foydalar keltiradi. Shak-shubha yo'q, bu manfaatlar mohiyatini anglash qiyin. Biror kishi bu rabboniy sirlar va nozik ilohiy savoblarni ko'rishi mumkinmi? Lekin biz shulardan imkoniyatimiz doirasida nasiba oldik. Ulamolar jamoatda ishtirok etish foydalarini qanday bilgan bo'lishsa, o'shanday qilib bizga etkazishdi.

O'z oti bilan “sajdagoh” deb nom olgan masjidlarimiz haqiga rioya qilaylik. Namozlarni to'g'ri kelgan joyda emas, balki masjidlarda, sajdagohlarda jamoat bilan ado etishga intilaylik!

 

Istiqomatda bo'lish

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

«Albatta: “Rabbimiz – Alloh”, deb so'ngra to'g'ri bo'lgan zotlar huzuriga (o'lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo'rqmang va g'amgin ham bo'lmang! Sizlarga va'da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaning! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do'stlaringizmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko'ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir. (Bu) mag'firatli va mehribon Zot (Alloh tomoni)dan bo'lmish ziyofatdir”. Alloh (yo'li)ga da'vat etgan va o'zi ham solih amal qilib, “Men musulmonlardanman”, degan kishidan ko'ra kim chiroyliroq so'zlovchidir?!» (Fussilat, 30–33)

“To'g'ri bo'lgan zotlar” qanday kishilar ekani to'g'risida turli fikrlar aytilgan. Masalan, Abu Bakr (roziyallohu anhu): “So'zi bilan ishi bir bo'lgan odamlar”, desa, Umar (roziyallohu anhu): “Munofiqlik qilmaydiganlar”, degan. Usmon (roziyallohu anhu): “Amalni ixlos bilan ado etuvchilar”, desa, Ali (roziyallohu anhu): “Farz amallarni bajarib yuruvchilar”, degan. Abu Bakr (roziyallohu anhu) ayrim sahobalardan ushbu “to'g'ri bo'lish” (arabchasi “istiqomat”) nima?” deb so'raganida ular: “Gunoh qilmaslik”, deb javob bergan. Shunda u: “Juda qiyin ishga aylantirib yubordingiz. Unday emas, balki imon keltirganidan keyin qayta but va sanamlarga ibodat qilib, shirkka qaytmaslik”, deb javob bergan ekan, (“Madorikuttanzil va haqoiqutta'vil”, 288-b.).

Fussilat surasi 31-oyatni misrlik mufassir shayx Muhammad Mutavalliy Sha'roviy (vaf. 1997 y.) bunday tafsir qilgan: “Zamonaviy fan yutuqlari eng avjiga chiqqanda ham ko'ngil tusagan narsani maxsus tugmachani topib bosmaguncha muhayyo qila olmaslar. Jannatda esa, ko'ngilga keltirilsa bas, u muhayyodir. Jihozga hojat yo'q”.

Abu Talha (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirdim va u kishini juda xursand holda ko'rdim, so'ng buning sababini so'radim. Shunda Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Nega xursand bo'lmayin, Jabroil (alayhissalom) hozirgina huzurimdan chiqib ketdi. U: “Alloh meni sizga xushxabar berish uchun yubordi. Agar ummatingizdan biror kishi sizga bitta salavot aytsa, Alloh va farishtalar unga o'nta salavot aytadi”, dedi”, dedilar».

Yuqorida keltirilgan oyatlarning nozil bo'lish sababi haqida Abdulloh ibn Abbos aytadi: «Bu oyat Abu Bakr Siddiq haqida nozil bo'lgan. Mushriklar: “Parvardigorimiz Allohdir va farishtalar Allohning qizlaridir”, dedi. Yahudiylar esa: “Parvardigorimiz Allohdir, Uzayr Allohning o'g'lidir va Muhammad payg'ambar emasdir”, dedi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) esa: “Parvardigorimiz Allohdir va U yagona bo'lib, Uning sherigi yo'qdir va Muhammad Uning bandasi va rasulidir”, dedi-da, yolg'iz Allohga toat-ibodat qilishda bardavom bo'ldi. Oyatning ma'nosi: “Ular Allohning yagonaligiga iqror bo'ladi va Unga sheriklar, xotin va bolalarni nisbat bermaydilar. So'ngra Allohga toat-ibodatda qoim bo'ladilar va farzlarni ado etadilar. To vafot etgunlaricha dinda xolis bo'ladilar”, deganidir».

Ba'zilar: “Istiqomat – to'g'ri bo'lish zohirda va botinda bo'ladi. Zohirdagisi Alloh buyurgan amrlarga bo'ysunish, qaytarganlaridan chetlanish, botindagisi imon keltirib, tasdiqlashdir”, degan.

Abu Bakr (roziyallohu anhu)dan istiqomat haqida so'rashganida: “Allohga biron narsani sherik qilmasliging”, deb javob bergan. Umar (roziyallohu anhu): “Istiqomat – amru nahiylarda to'g'ri turishing, tulkilar hiylasi kabi hiyla qilmasliging”, degan. Usmon (roziyallohu anhu) istiqomat toat-ibodatni ixlos bilan qilish, deb izohlagan. Ali (roziyallohu anhu) esa: “Istiqomat – farzlarni ado etishing”, degan.

Ahli haqlarning ba'zilari aytishicha, “istiqomat, ya'ni to'g'ri turish uch xildir: til bilan to'g'ri turish; qalb bilan to'g'ri turish, ya'ni shahodat kalimasida bardavom bo'lish: ixlos bilan to'g'ri turish, ya'ni, toat-ibodatda davomli bo'lish”. Ba'zilar aytadi: “Istiqomat to'rt narsa bilan bo'ladi. Amrning muqobilida toat-ibodat bilan, nahiyning muqobilida taqvo bilan, ne'matning muqobilida shukr bilan, jannatning muqobilida sabr bilan. Bu to'rt narsa boshqa to'rttasi bilan komil bo'ladi: toat ixlos bilan, taqvo tavba bilan, shukr ojizligini bilish bilan, sabr Alloh yo'lida nafsni o'ldirish bilan”.

Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadi: «Istiqomatning alomati o'nta narsada ko'riladi. Birinchisi, tilni g'iybatdan saqlash, zero, Qur'onda g'iybat harom ekani bayon qilingan. Ikkinchisi, yomon gumondan saqlanish, zero, Qur'onda gumondan chetlanish buyurilgan, gumonlarning ba'zisi gunoh ekani ta'kidlangan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yomon gumondan saqlaninglar, chunki u so'zlarning eng yolg'onidir”, deganlar. Uchinchisi, masxara qilishdan chetlanish. Qur'oni karimda bir qavm boshqa bir qavmni masxara qilmasligi buyurilgan, masxara qilinayotgan qavm masxara qilayotgan qavmdan yaxshiroq bo'lishi mumkinligi ta'kidlangan. To'rtinchisi, ko'zlarni nomahram ayollarga qarashdan tiyish. Alloh taolo aytadi: (Ey Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur, 30). Beshinchisi, rost so'zlash, oltinchisi, Alloh yo'lida sadaqa qilish, zero, Alloh taolo: “O'z qo'l mehnatingiz va Biz sizlar uchun erdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz!” (Baqara, 267), degan. Yettinchisi, isrof qilmaslik, sakkizinchisi, kibrlanmaslik, to'qqizinchisi, besh vaqt namozni vaqtida ado qilish va o'ninchisi, ahli sunna val jamoa yo'lini mahkam tutish».

Abu Bakr (roziyallohu anhu) bunday degan: “Mo'minning qalbidagi imon etti shoxli daraxtga o'xshaydi. Shoxlarining bittasi qalbda bo'lib, uning mevasi to'g'ri niyatli bo'lish. Ikkinchisi, tilda bo'ladi, uning mevasi to'g'riso'zlikdir. Uchinchisi, ikki oyoqda bo'lib, mevasi jamoat namoziga borishdir. Keyingisi ikki qo'lda bo'lib, uning mevasi sadaqa qilishda ko'rinadi. Beshinchisi, ko'zdadir, uning mevasi ibratli narsalarga qarash bilan bo'ladi. Oltinchisi, qorinda bo'ladi, uning mevasi haloldan eb, shubhali narsalarni tark etishdir. Yettinchisi, nafsda bo'lib, mevasi shahvatlardan tiyilishdir”.

Habarlarda kelishicha, qiyomat kuni barcha maxluqotlar qabrlaridan turadi. Farishtalar mo'minlar oldiga kelib, ular ustidagi tuproqni qoqadi. Ularning peshonasidan boshqa joyining tuprog'i tushib ketadi. Farishtalar bu o'rinni ham artadi, ammo tuproq ketmaydi. Shunda ularga nido qilinadi: “Ey farishtalar! Bu tuproqlar qabrdagi tuproq emas, balki ularning mehroblaridagi tuproqdir. Ularni Sirot ko'prigidan o'tib jannatga kirgunlaricha shu holatda qoldiringlar, toki ularga qaraganlar Mening xos bandalarim ekanini bilishsin”.

Bashorat-xushxabar beruvchilar uchtadir. Bu dunyoda Payg'ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bashorat berganlar. Qur'oni karimda: “...sabr qiluvchilarga xushxabar bering” (Baqara, 155), deyilgan. Jon olish vaqtida farishtalar bashorat beradi. Zero, Qur'oni karimda kelishicha, farishtalar mo'minlarga o'limlari vaqtida: “Qo'rqmangiz va g'amgin ham bo'lmangiz! Sizlarga va'da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz!” (Fussilat, 30), deydi. Yana Alloh taolo: “Parvardigorlari ularga O'z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne'matlari doimiy (bo'lmish) jannat (bog')lari to'g'risida xushxabar berur” (Tavba, 21), degan.

Hushxabar berish besh xil bo'ladi. Birinchisi, mo'minlar ommasi uchun. Ularga: “Sizlar azobda abadiy qolishdan qo'rqmanglar, sizlarni payg'ambarlar va solih kimsalar shafoat qiladi, savoblarni boy berib qo'yganingizdan g'amgin bo'lmanglar, boradigan joyingiz jannat bo'lishi xushxabari bilan shodlaninglar”, deyiladi. Ikkinchisi, ixlos bilan amal qilguvchilar uchun bo'lib, ularga: “Amallaringiz rad qilinishidan xavfsiramanglar. Chunki amallaringiz maqbuldir. Savoblarni qo'ldan boy berganingizga g'amgin bo'lmanglar, sizlarning savoblaringiz bir necha bor ziyoda qilinadi”, deyiladi. Uchinchisi, tavba qiluvchilar uchun, ularga: “Gunohlaringizdan xavfsiramanglar, chunki sizlarning gunohlaringiz mag'firat qilingandir. Savoblaringiz kamligidan g'amgin bo'lmanglar, chunki gunohlaringiz savoblarga aylantirilgandir”, deyiladi. To'rtinchi xushxabar zohidlar uchun atalgan. Ularga: “Hashr va hisob-kitobdan xavfsiramanglar va hisobsiz, azobsiz jannatga kirish xushxabari bilan shodlaninglar”, deyiladi. Beshinchisi, odamlarga yaxshiliklarni ta'lim bergan va ilmiga amal qilgan olimlar uchun. Ularga: “Qiyomat dahshatlaridan xavfsiramanglar. Chunki sizlar amal qilganingiz evaziga mukofotlanasiz. Sizlar va sizlarga ergashganlarga atalgan jannatlar xushxabari bilan shodlaninglar”, deyiladi.

Umri oxiri bashorat-xushxabar bilan yakunlangan kimsalar naqadar baxtlidir. Bashorat faqatgina amalida ixlosli va bardavom bo'lgan mo'minlarga beriladi. Ular oldiga farishtalar keladi. Shunda mo'minlar: “Sizlar kimsizlar, biz sizlardan go'zalroq va xushbo'yroq kimsalarni ko'rmaganmiz”, deyishadi. Farishtalar: “Biz sizlarning do'stlaringizmiz, ya'ni bu dunyoda amallaringizni yozib, sizlarni himoya qilib turdik”, deydi.

Oqil kimsa g'aflatdan uyg'onishi kerak. Uyg'onishning alomati to'rt xil bo'ladi: birinchisi – dunyo ishlarini qanoat bilan tadbir qilish; ikkinchisi – oxirat ishlariga harislik bilan yondashish; uchinchisi – din ishlarini ilm va ijtihod bilan bajarish; to'rtinchisi – xalqning ishlarida nasihat, muhabbat va yumshoqlik bilan tadbir qilish.

Quyidagi besh xislatga ega bo'lganlar odamlarning yaxshisi hisoblanadi: ibodatda qoim bo'lganlar; zohirda ham, botinda ham ixlosli bo'lganlar; odamlarga yomonlik qilmaydiganlar; odamlarning qo'lidagi narsadan umidvor bo'lmaganlar va o'limga tayyorgarlik ko'rgan kishilar.

Yahyo ibn Muoz aytadi: “Mustaqim turguvchining bir qancha alomatlari bor: Allohga toat-ibodat qilishga sa'y-harakat etish, ommaga ta'masiz nasihat qilish, qo'rquv bilan ibodat qilish, dunyoda ko'rayotgan narsalaridan shahvatsiz ibrat olish, oxirat haqida g'aflatsiz tafakkur qilish. Kimda ushbu sifatlar bo'lsa, o'lim oldidan unga baxt-saodat va jannat xushxabari beriladi”.

Musulmon kishi Allohga itoat qilib, Rasuliga “Labbay” deb va rahbarlarga itoat qilishi bilan istiqomatda barqaror bo'ladi. Alloh taolo barchamizni haqiqiy istiqomatda bardavom aylasin, omin!

 

KYeYINGI MAVZU:

BYeShINChI VASIYaT:

Yashirin va oshkora holatlarda ham Allohdan qo'rqish;

Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish;

Shaytonga osiy bo'lish – mo'minning sifati;

Shayotonning adovati;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Samarqand shayxul islomi

9.01.2025   2751   9 min.
Samarqand shayxul islomi

Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.

Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:

  1. Abu Lays Samarqandiyning kitoblari ustida ko‘plab ulamolar mashg‘ulotlar, darslar va imlolar olib borgan. Masalan birgina “Uyunil masoil” kitobiga ko‘plab ulamolar sharhlar bitgan. Jumladan, Muhammad ibn Abdul Hamid as-Samarqandiy al-’ala ul-Olam, Muhammad ibn Umar ibn Arabiy al-Joriy. “Al-Muqaddimatu fis-solati” asariga Jabroil ibn Hasan ibn Usman al-Janjaviy 752-hijriy sanada, Mustafo ibn Zakariyo al-Qirmoniy 809-hijriy sanada, Hasan ibn Husayn at-Tuluniy 909-hijriy sanada, Lutfulloh an-Nasafiy al-Kaydoniy 750-hijriy sanada va boshqa ulamolar sharhlar bitgan.[1]
  2. Musannafotlar sohiblarining mashhurligi va ularning ko‘pligi.
  3. Mazhab fuqaholaridan qilgan rivoyatlariga va qavllariga ko‘pchilik as'habul mutunlarning suyanishlari.
  4. Ba’zi muhim kitoblar bilan shug‘ullanishi. Misol uchun, Abu Hanifaning “al-Fiqhul-akbar” va Muhammad ibn al-Hasanning “al-Jomi’us-sag‘ir asarlariga sharhlar bitgan.
  5. Ta’lif qilgan ilmiy yo‘nalishlarini fiqh, tafsir, aqoid va mav’izalar bo‘yicha tartibga soldi.
  6. Mazhabda tarjih as'hobidan bo‘lishligi.
  7. Tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, xutbalar, zuhd bo‘yicha ko‘plab asarlar yaratgan buyuk alloma Samarqand shayxulislomi bo‘lganligi.

 U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.

Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi.  Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.

Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.

Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.

Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z  davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin.  Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.

Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy  mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik  qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida  shunday yozadi: 258/872 sanada vafot  etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.

“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.

Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi.  Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda  uchraydi.

Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.

Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir  bu yer haqida shunday degan edi:

Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.

Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.

TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev

[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.