Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning joriy yilning 31 mart kunida bergan rasmiy ma'lumot va xabarlarida qayd etilganiday, O'zbekiston tashabbusi bilan «Yoshlarning huquqlari bo'yicha do'stlar guruhi» tashkil etildi.
BMT Bosh kotibining yoshlar bilan ishlash bo'yicha vakili Djayatma Vikramanayake O'zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan «Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhi»ning taqdimotida ishtirok etdi. Ushbu xalqaro loyiha doirasida sayyoramizdagi yoshlarning huquqlarini ilgari surish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda dunyoda deyarli 2 milliard yoshlar yashamoqda – bu insoniyat tarixidagi eng katta avlod. Dunyoning ayrim mamlakatlarida yoshlar aholining 70 foizini tashkil qiladi.
Shu bilan birga hozirgi inqirozdan oldin nashr etilgan BMT ma'lumotlariga ko'ra, dunyodagi har beshta yoshlardan biri o'qimaydi, kasbiy tayyorgarlikdan o'tmaydi va ishsiz. To'rt kishidan biri to'qnashuvda yashaydi.
Pandemiya vaziyatni yanada og'irlashtirdi: maktab o'quvchilarining kamida uchdan bir qismi ta'lim olish imkoniyatidan mahrum qilindi, yarim milliardga yaqin o'quvchi maktabga bormadi. “Bir qatlam avlod ofatga duch kelmoqda”, – deya ogohlantirdi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda qilgan chiqishida. Shu bilan birga ekstremistik guruhlar ijtimoiy tarmoqlarda faollashib, nafratni yoyib, yoshlarni o'z saflariga qo'shilishga undashmoqda.
«Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhi»ning asosiy maqsadi – yoshlar siyosati tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash va yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqish bo'yicha sa'y-harakatlarni rag'batlantirishdir.
Habarimiz bor, BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Yoshlar huquqlari to'g'risida»gi Konventsiyani qabul qilishni taklif qildi. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Bugungi kunga qadar o'nlab mamlakatlar guruhga qo'shilishdi, jumladan Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlari.
«Yosh avlodning jamoat hayotidagi roli o'sib borayotganiga qaramay, ularning ishtiroki ko'pincha o'zlarining kelajagi uchun muhim bo'lgan qarorlar va jarayonlarga bevosita ta'sir o'tkazish bilan emas, balki faqat maslahatlashuvlar bilan cheklanadi», – deya ta'kidladi O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov.
Elchi janoblari «Do'stlar guruhi» yoshlar o'rtasidagi muloqotni kuchaytirishda, yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro huquqiy hujjatning ahamiyati to'g'risida munozaralarni targ'ib qilishda muhim rol' o'ynashligini ta'kidlab, boshqa mamlakatlarni ham guruhga qo'shilishga da'vat etdi.
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgan holda hamda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.