Bir necha yillardan buyon ajdodlarimiz merosini o'rganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, dinlararo bag'rikenglik va hamkorlik g'oyalarini ommalashtirish, xalqimiz, ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlod ongida yot g'oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, ushbu yo'nalishda faol mehnat qilayotgan ijodkorlarni munosib rag'batlantirish va taqdirlash maqsadida "Sarhisob" tanlovi o'tkazilib kelinadi.
Aytish kerakki, "Sarhisob" tanlovi diniy-ma'rifiy yo'nalishda qalam tebratib, ijodini rivojlantirayotgan qalam ahlini, yosh iqtidorlarni aniqlashga va ularni munosib rag'banlantirishga xizmat qilmoqda.
Tanlov ikki bosqichda o'tkazildi. Dastlab hududiy bosqich g'oliblari aniqlandi. Viloyat miqyosida g'oliblikn qo'lga kiritganlar respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Respublika bosqichiga o'tgan ishtirokchilarning ijodlari maxsus hay'at tomonidan ko'rib chiqildi. Yuborilgan materiallar orasidan tanlov shartlariga javob bermaydiganlari chiqarib tashlandi. Hususan, qog'ozga chiqarilmay faqat maqola linki jo'natilgan maqolalar, saytlardan to'liq ko'chirib olingan ma'lumotlar shular jumlasidandir.
Tanlov beshta yo'nalish bo'yicha tashkil etildi – “Yilning eng faol targ'ibotchisi”, “Televideniye”, “Radio”, “Davriy matbuot” va “Internet”. Shuningdek, tanlov natijasida yil davomida faolligi bilan alohida ajralib turgan eng yaxshi ijodiy ish bo'yicha yagona o'rinli – "Jaholatga qarshi – ma'rifat" mavzusidagi eng yaxshi ijodiy ish yo'nalish ham o'rin oldi. Ushbu nominatsiyalar bo'yicha respublikamizning turli viloyatidan faol ijodkorlar ishtirok etishdi.
Ammo 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi sababli tanlov g'oliblarini taqdirlash biroz muddatga surildi. Qolaversa koronavirus pandemiyasi davom etayotgani uchun onlayn tartibda o'tkazildi. Hay'at a'zolari tomonidan quyidagi ishtirokchilar tanlov g'olibi deb topildi:
BOSh MUKOFOT – ENG YaHShI IJODIY ISh
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Holiqnazarov Nuriddin
TYeLYeVIDYeNIYe YO'NALIShI
1-o'rin: To'lqin Shamsiyev, “Madaniy-ma'rifiy va badiiy dam olish dasturlar” muharririyati rejissyori (“Hidoyat sari” ko'rsatuvi);
2-o'rin: Bahadir Abdiramanov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahridagi “Muhammad al-Beruniy” o'rta maxsus islom bilim yurti o'qituvchisi.
3-o'rin: Mirzamaqsud Alimov, Andijon viloyati bosh imom-xatibi;
RADIO YO'NALIShI
1-o'rin: Ishoq Arabov, “Ziyo chashmasi”, “Ma'rifat ziyosi”, “Imom Buxoriy o'gitlari” dasturlari muharriri;
2-o'rin: Bahromjon Tursunov, Farg'ona shahar “Jo'ydam” masjidi imom-xatibi;
3-o'rin: Muhammadi Qorayev, O'zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili o'rinbosari, Qarshi shahar "Qumqishloq" jome masjidi imom-xatibi.
DAVRIY MATBUOT YO'NALIShI
1-o'rin: Azizbek Holnazarov, “Shamsuddinxon Boboxonov NMIU” muharriri.
2-o'rin: Salimjon Shokirov, Andijon shahri “Honaqo” jome masjidi imom-xatibi.
3-o'rin: Qurbonali Pirmatov, Farg'ona shahri Beshariq tumani “Uzun” jome masjidi imom-xatibi.
INTYeRNYeT YO'NALIShI
1-o'rin: Rahmatulloh Jalilov, Farg'ona viloyati Marg'ilon shahar “Sahoba Zayd ibn Horisa” jome masjidi imom-xatibi, Fargonaziyo.uz sayti muharriri.
2-o'rin: Ruhiddin Akbarov, O'zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi.
3-o'rin: Muhammad Yusuf To'raqulov – Andijon Oltinko'l tumani bosh imom-xatibi.
ENG FAOL TARG'IBOTChI YO'NALIShI
1-o'rin: Jaloliddin Hamroqulov, Toshkent shahri “Novza” jome masjidi imom-xatibi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti katta o'qituvchisi;
2-o'rin: Jasur Raupov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi;
3-o'rin: Sattarov Hayrullo, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari.
Tanlov g'oliblariga tanlov mezoniga ko'ra, 3-o'ringa – mini pech', 2-o'ringa – blender, 1-o'ringa – changyutgich, Oliy mukofotga esa zamonaviy (Smart) Televizori topshiriladi.
Alloh taolo barcha g'oliblarni O'zining roziligi bilan mukofotlasin. Din xizmati, musulmonlar manfaati yo'lida olib borayotgan xayrli amallarida O'zi kuch-quvvat ato etsin. Barchamizni dini xizmatiga qabul qilganlar qatorida qilsin!




O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati