O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan muborak Ramazon oyini munosib tarzda kutib olish, uni yuqori saviyada o'tkazish va Taroveh namozlarida mo'min-musulmonlarga qulay shart-sharoitlar hozirlash maqsadida masjidlarda tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Jumladan, masjidlarda Taroveh namozlariga qulay shart-sharoitlarni hozirlash maqsadida, joriy yilning 10 aprel', shanba kuni “Ozodalik kuni” o'tkaziladi.
Koronavirus kasalligi bilan bog'liq murakkab vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda taroveh namozlarida sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytiriladi. Hususan, namozxonlar tibbiy niqobda bo'lish, oraliq masofani saqlash, tashrif buyuruvchilar tana haroratini o'lchash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin tartib-qoidalariga rioya qilinadi.
Masjidlarda elektr, gaz va yong'in xavfsizligi hamda namoz o'qiladigan joylar muhofazasiga katta e'tibor qaratiladi, texnik jihozlarning sozligi ko'rikdan o'tkaziladi.
Imom-xatiblar tamonidan OAV va Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatini o'zida mujassam etgan chiqishlari qilinadi. Shuningdek masjidlardagi Taroveh namozlarining shukuhi, mo'min-musulmonlarning xushkayfiyati ham keng yoritiladi.
Alloh taolo yurtimiz va dunyo musulmonlarini Ramazon oyiga eson-omon etkazib, O'zi rozi bo'ladigan tarzda o'tkazishimizni nasib aylasin. Ushbu ulug' oyda bo'ladigan toat-ibodatlar va duo iltijolarimiz sababidan butun dunyodan vabo va ofatlarni ko'tarsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Buxgalteriya bo‘limi mudiri o‘rinbosari Burxon Nazarovning padari buzrukvorlari Baxtiyor hoji otaning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhum otaxonning yaqinlariga, xususan, Burxon Nazarovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun peshin namozidan so‘ng poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Katta Qozirobod" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz