Bugun axborot texnologiyalari kirib bormagan soha qolmadi. Qaysi bir jabhani olmaylik, qulaylik va tezkorlik bobida zamonaviy axborot texnologiyalari katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu texnologiyalar nafaqat ilm sohasida, balki sof Islom ta'limotlarini targ'ib etishda, uni keng ommaga etkazishda ham muhim rol o'namoqda. 2021 yil 27 mart kuni «Hilol-nashr» nashriyotining majlislar zalida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari asos solgan, Islom ta'limotlarini, shayx hazratlarining boy ilmiy merosini xalqimizga taqdim etib kelayotgan islom.uz portalining mobil ilovalari taqdimoti bo'lib o'tdi.
Tadbir Qur'oni Karimning «Alaq» surasi va yurtimizning mo''tabar go'shalari, shayx hazratlarining ilmiy meroslarini ifoda etuvchi videorolik bilan boshlandi.
Taqdimotga shayx hazratlarining shogirdlari, muxlislari bir qator aziz mehmonlar, jurnalist va blogerlar tashrif buyurishdi.
Ushbu taqdimotni O'zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi Muhammad Ayyub domla Homidov ochib berdi. «Islom.uz» portali bugungi kunda mo'min musulmonlarga mo''tadil Islomni, sof aqiydani, iymon tushunchalarini o'rgatadigan manba sifatida xizmat qilib kelmoqda», deya ta'kidladi Muhammad Ayyub domla.
So'ngra islom.uz portalining mobil ilovalari taqdimoti boshlandi. O'z sohasaning mutaxassisi bo'lgan yosh dasturchilarimiz avval yaratilgan va davom etib turgan mobil dasturlar, shuningdek, ilovalarga kiritilgan yangiliklar, undan qanday foydalanish kerakligi, qulayliklari, kelgusi rejalar haqida ma'lumotlar berib o'tdilar.
Tadbirda «Islom.uz», «Hilol e-Book», «Oltin silsila», «Qur'oni Karim», «Tafsiri Hilol», «Zikr ahlidan so'rang», «Abdurahmon Qur'on», Abdulmalik Qur'on», «Qur'on tartili», «Namoz», «Zikr va duolar», «Javohir (arabcha-o'zbekcha lug'at)» kabi ilovalar taqdim qilindi.
Portalning har bir ilovasi haqida videorolik tayyorlanib, mehmonlarga namoyish etib borildi.
Taqdim etilgan ilovalar haqida jurnalist va blogerlar hamda mehmonlardan yo'llangan savollarga dasturchilarimiz tomonidan etarlicha javoblar berib borildi. Shuningdek, qatnashuvchilar taklif va mulohazalarini ham bildirib o'tdilar.
Yosh dasturchilarimiz xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, Islom ziyosini keng ommaga tarqatish, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ilmiy merosini chuqur o'rganish, asarlaridagi yuksak insoniy g'oyalarni va muqaddas qadriyatlarimizni o'zida ifoda etgan jihatlarni tadqiq etish, ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarimizni zararli ta'sirlardan himoyalash, zamonaviy axborot vositalari, ilmiy innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni o'rganish va foydalanishni targ'ib qilishga qo'shgan hissalari uchun islom.uz portali tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandilar. Tashakkurnomalarni «Hilol nashr» nashriyoti va islom.uz portali rahbari, ustoz Ismoil Muhammad Sodiq o'z egalariga topshirdilar.
Islom.uz portali rahbari, ustoz Ismoil Muhammad Sodiq jurnalist va muxlislar tomonidan ilovalar haqida berilgan taklif va mulohazalarga tashakkur bildirib, kelgusida bo'ladigan rejalar haqida aytib o'tdi.
Shuningdek, taqdimotda Muhammad qori Ayyub yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyining fazilatiga oid nashidlar aytib berdi.
Tadbirda «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid so'zga chiqib, islom.uz portali yaratilish tarixi, ijodkorlari haqida ma'lumotlarni aytib o'tdi. Shu bilan bir qatorda Hasanxon Yahyo qori ilm uchun qo'ldan kelgancha yordam berishga hamda ilm o'rganayotgan va o'rgatayotgan insonlarni imkon bo'lsa moddiy tomonlama qo'llab turishga, ilm rivoji uchun Alloh yo'lida doimo kamarbasta bo'lib xizmat qilishga, yaxshilik yo'lida hamkor bo'lishni ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, islom.uz saytida yangi «minbar.islom.uz» deb nomlanuvchi bo'lim ishga tushishi haqida aytib o'tildi. Ushbu bo'lim yurtimiz ulamolarini bir maydonda birlashtirib, ustozlar, domlalar, imomlar va ilm ahllarining sof Islom ta'limotlariga asoslangan ilmiy-ma'rifiy maqolalari, audio hamda videoroliklari o'zbekzabon dindoshlarimizga taqdim etib borilishi aytildi.
Taqdimot marosimi islom.uz portalining ijtimoiy sahifalarida va onlayn tarzda efirga uzatildi.
Tadbir so'ngida Qur'on tilovati o'qilib, duolar qilindi.
islom.uz
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.