Hotamul anbiyo haqida e'tiqodimiz
24- وَخَتْمُ الرُّسْلِ بِالصَّدْرِ الْمُعَلَّى نَبِيٍّ هَاشِمِيٍّ ذِي جَمَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Payg'ambarlarning so'ngisi “sodru muallo” bo'lgan go'zallik sohibi Hoshimiy Nabiydir.
Nazmiy bayoni:
“Sodru muallo”dir xotamunnabiy,
Jismiyu xulqi go'zal rasul Hoshimiy.
Lug'atlar izohi:
خَتْمُ – mubtado, muzof. Lug'atda forig' bo'lingan ishga nisbatan majozan ishlatiladi.
الرُّسْلِ – muzofun ilayh. Bu kalima الرَّسُولِ ning ko'plik shakli bo'lib, aslida, الرُّسُلِ bo'lgan. Nazm zaruratiga ko'ra mazkur shaklda keltirilgan.
بِالصَّدْرِ – jor majrur mahzuf كَانَ fe'liga mutaalliq. Sodr kalimasi biror qavmning eng afzal kishisiga nisbatan majozan ishlatilgan.
الْمُعَلَّى – lug'atda “yuksak maqomga ko'tarilgan” ma'nosiga to'g'ri keladi.
نَبِيٍّ – “badal” bo'lgani uchun majrur bo'lib turibdi. Shuningdek, bu kalimani xabar qilib raf o'qish ham joiz bo'ladi.
هَاشِمِيٍّ – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bobolari Hoshimga nisbat berib aytilgan.
ذِي – “sohib” ma'nosini anglatuvchi “asmai sitta”dan biri. نَبِيٍّ ga sifat bo'lgani uchun jor bo'lib turibdi. Ba'zi nusxalarda ذُو kelgan. Bunda ikki xil tarkib joiz bo'ladi:
– ذُو mahzuf mubtadoning xabari;
جَمَالِ – muzofun ilayh. Rozilikka va lutf ko'rsatishga taalluqli bo'lgan sifatlar jamoliy sifatlar deyiladi.
Matn sharhi:
Ko'ks sharafli a'zo bo'lgani va Rasululloh alayhissalom Qur'onda ham shu a'zo bilan xoslanganlari uchun uni istiora[1] qilib keltirilgan. Qur'oni karimda u zotga shunday deyilgan:
﴿أَلَمۡ نَشۡرَحۡ لَكَ صَدۡرَكَ١﴾
“(Ey Muhammad!) Ko'ksingizni (ilmu hikmatga) keng ochib qo'ymadikmi?!”[2].
Shuningdek, “ko'ks” deya tarjima qilingan “sodr” kalimasi, “old”, “hurmatli maqom” kabi ma'nolarda ham qo'llanadi. Shu ma'noda ushbu bayt: “Payg'ambarlar so'ngisi, eng oldin yaratilgan zotdir” yoki “Payg'ambarlar so'ngisi, hurmatli maqomdagi zotdir” kabi ma'nolarni ifodalaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hurmatli maqomda ekanliklari hamda eng avval yaratilgan payg'ambar ekanliklari xabarlarda kelgan.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ شَقِيقٍ أَنَّ رَجُلاً سَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَتَى كُنْتَ نَبِيًّا قَالَ كُنْتُ نَبِيًّا وَآدَمُ بَيْنَ الرُّوحِ وَالْجَسَدِ. رَوَاهُ اِبْنُ اَبِى شَيْبَةَ
Abdulloh ibn Shaqiyq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qachon nabiy bo'lgansiz”, – deb so'radi. U zot: “Men nabiy bo'lganimda Odam ruh bilan jasad orasida edi”, – dedilar”. Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan.
Sharh: “Alloh taolo Odam bolalarining jismlarini yaratishidan oldin ulardan ahd olganini xabar bergani kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg'ambarliklari ham u zotning ruh holatlarida, insonlarning jismlari yaratilishidan oldin bo'lganini xabar bergan”[3].
Payg'ambarlar so'ngisiga iymon keltirish tushunchasi
Payg'ambarlar so'ngisiga iymon keltirish deganda quyidagilar tushuniladi:
﴿مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَآ أَحَدٖ مِّن رِّجَالِكُمۡ وَلَٰكِن رَّسُولَ ٱللَّهِ وَخَاتَمَ ٱلنَّبِيِّۧنَۗ وَكَانَ ٱللَّهُ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٗا٤٠﴾
“Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir”[4].
عَنْ ثَوْبَانَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَقُومُ السّاعَةُ حَتّى تَلْحَقَ قَبَائِلُ مِنْ أُمّتِي باِلْمُشْرِكِينَ وَحَتّى يَعْبُدُوا الأَوْثَانَ وَإِنّهُ سَيَكُونُ فِي أُمَّتِي ثَلاَثُونَ كَذّابُونَ كُلُّهُمْ يَزْعُمُ أَنّهُ نَبِيٌّ وَأَنَا خَاتَمُ النّبِيّينَ لَا نَبِيّ بَعْدِي. رَوَاهُ التِّرْمِذِىُّ
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan bir qabilalar to mushriklarga ergashmagunlarigacha qiyomat qoim bo'lmaydi, ular hatto butlarga ibodat qiladilar. Kelajakda ummatimda o'ttizta o'ta yolg'onchilar bo'ladi, ularning har biri o'zini payg'ambar deb hisoblaydi, vaholanki men payg'ambarlarning so'ngisiman, mendan keyin biror payg'ambar yo'qdir”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
﴿قُلۡ إِن كُنتُمۡ تُحِبُّونَ ٱللَّهَ فَٱتَّبِعُونِي يُحۡبِبۡكُمُ ٱللَّهُ وَيَغۡفِرۡ لَكُمۡ ذُنُوبَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٣١﴾
“Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”[5].
Qur'oni karimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom aytishga quyidagicha buyruq kelgan:
﴿إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَٰٓئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِيِّۚ يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ صَلُّواْ عَلَيۡهِ وَسَلِّمُواْ تَسۡلِيمًا٥٦﴾
“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yuboring”[6].
Ulamolar umr davomida bir marta salavot va salom aytish farzligi ushbu oyat bilan sobit bo'lganini, ammo u zotning nomlari zikr qilingan paytda, yo har bir majlisda, yo adadga cheklamasdan doimiy ravishda salavot va salom aytib yurish zarurligi hadislar bilan sobit bo'lganini aytganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning, farishtalarning va odamlarning salavot aytishlari quyidagi ma'nolarga dalolat qiladi:
– Allohning salavot aytishi – u zotga rahmat yuborishi.
– Farishtalarning salavot aytishi – u zot uchun istig'for aytishlari.
– Odamlarning salavot aytishi – u zotning haqlariga duo qilishlari.
Tashahhudda, xutbada, janoza namozida, azondan keyin, duo qilayotgan paytda va hokazo ko'plab ibodatlarda salavot aytish joriy qilingani salavotning ahamiyati naqadar ulug'ligiga dalolat qiladi.
Jismi va xulqi go'zal Hoshimiy Nabiy
O'shiy rahmatullohi alayh baytning davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni “Jismiyu xulqi go'zal rasul Hoshimiy”, ma'nosida ta'riflagan. Hoshimiy, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota tarafdan bobolari Hoshimga nisbatdir. Chunki Hoshimiylar Quraysh qabilalari ichida eng afzal urug' bo'lgan. Tarix kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tashqi qiyofalari va xulq-atvorlari to'g'risidagi rivoyatlar batafsil keltirilgan. O'sha xabarlarda u zoti bobarakotning tom ma'noda komil inson bo'lganliklari, jismlarining mukammalligi-yu, xulqlarining go'zalligi bilan boshqa insonlardan keskin ajralib turganlari bayon qilingan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu u zoti bobarakotni shunday xotirlagan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra go'zalroq kishini ko'rmaganman. Go'yo yuzlarida quyosh balqib turgandek bo'lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra ildam yuradigan kishini ko'rmaganman, go'yo er masofasi u zot oyoqlari ostida o'ralib, qisqarib ketayotganga o'xshardi, u zotning bemalol erkin odim tashlab yurishlariga etishib yurish uchun, bizlar jiddu-jahd bilan tez yurib ham ortda qolib ketardik”.
Ka'b ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror narsadan xursand bo'lsalar, yuzlaridan xuddi oy parchasi kabi nur taralib ketardi”.
U zotning xulqlari qanday bo'lganini Alloh taoloning O'zi bayon qilib qo'ygan:
﴿وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٖ٤﴾
“Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!”[7].
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari ilm bo'lgan, halimlik bo'lgan, hayo bo'lgan, ibodat bo'lgan, saxiylik bo'lgan, sabr bo'lgan, shukr bo'lgan, tavoze' bo'lgan, zuhd bo'lgan, rahmat bo'lgan, shafqat bo'lgan, go'zal muomala bo'lgan, namunaviy odob bo'lgan va bulardan boshqa komil inson uchun lozim bo'lgan qanday oliy xislatlar bo'lsa, ularning barchasi u zotda mujassam bo'lgan. Zero, olamlarga rahmat qilib yuborilgan payg'ambar bulardan boshqacha bo'lishi mumkin ham emas.
﴿وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا رَحۡمَةٗ لِّلۡعَٰلَمِينَ١٠٧﴾
“(Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”[8].
Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat musulmonlargagina emas, butun olamlarga rahmat qilib yuborilganlar. Bu zot olib kelgan ta'limotlar jamodot olamiga ham, ya'ni tog'u toshlar va suvlar kabi olamlarga ham, nabotot olamiga ham, hayvonot olamiga ham, insoniyat olamiga ham va agar yana bulardan boshqa olamlar mavjud bo'lsa, ularning barcha-barchasiga ham Alloh taolo tomonidan hadya qilib berilgan rahmatdir. U zot sollallohu alayhi vasallamning o'zlari bu haqda shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ إِنَّمَا أَنَا رَحْمَةٌ مُهْدَاةٌ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ
“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta men hadya qilingan rahmatman”, – dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning olamlarga yuborgan hadyasidir. Bu hadyani qabul qilganlarga dunyoda baxtli hayot, oxiratda jannat va'dasi berilgan. Qabul qilmaganlar esa baxtu-saodatni o'rni bo'lmagan joydan izlab ovora bo'lib o'tishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari mo'min kishi uchun namuna hisoblanadi. Quyidagi xulqlarga rioya qilib, ularni o'zining doimiy odatiga aylantirib olgan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlangan bo'ladi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag'ishlangan kitoblarda u zotning siymolari va xulq-atvorlariga taalluqli ma'lumotlar alohida-alohida go'zal tartibda jamlangan.
Hotamul anbiyoning sifatlari
25- إِمَامُ الأَنْبِيَاءِ بِلاَ اخْتِلاَفٍ وَتَاجُ الأَصْفِيَاءِ بِلاَ اخْتِلاَلِ
Ma'nolar tarjimasi:
(U zot) hech bir ixtilofsiz barcha payg'ambarlarning imomidirlar va barcha (yomon sifatlardan) xoli bandalarning nuqsonsiz tojidirlar.
Nazmiy bayoni:
Barcha payg'ambarlar imomidirlar,
ulug' afif bandalar tojidirlar.
Lug'atlar izohi:
إِمَامُ – mahzuf mubtadoning xabari. Lug'atda “oldinda turuvchi” ma'nosini anglatadi.
الأَنْبِيَاءِ – ushbu kalimadagi اَلْ istig'roqiyadir. Shunga ko'ra barcha payg'ambarlarning imomi degan ma'no chiqadi.
بِ – zoida jor harfi.
لاَ – nafiy harfi.
اخْتِلاَفٍ – jor majrur إِمَامُ ga mutaalliqdir.
تَاجُ – toj bezak navlarining ichida eng yuqorida turuvchi eng oliysi bo'lgani uchun Nozim tojni tashbeh qilib keltirgan.
الأَصْفِيَاءِ – bu kalima صَفِيِّ ko'plik shakli bo'lib, “ma'naviy kirliklardan pok bandalar”, ma'nosini anglatadi. Shuning uchun ulug' afif bandalar deb tarjima qilindi.
اخْتِلاَلِ – jor majrur تَاجُ ga mutaalliq. Bu kalima lug'atda zaif gaplarga va nomuvofiq ishlarga nisbatan ishlatiladi.
Matn sharhi:
O'shiy rahmatullohi alayh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini bayon qilishda davom etib, u zotni payg'ambarlarning imomi, ulug' afif bandalarning toji deya vasf qilgan. Bu vasfdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiyomat kunida barcha payg'ambarlardan muqaddam turishlariga ham ishora bor. Bu haqida quyidagi rivoyat kelgan:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ وَبِيَدِى لِوَاءُ الْحَمْدِ وَلاَ فَخْرَ وَمَا مِنْ نَبِىٍّ يَوْمَئِذٍ آدَمُ فَمَنْ سِوَاهُ إِلاَّ تَحْتَ لِوَائِى وَأَنَا أَوَّلُ مَنْ تَنْشَقُّ عَنْهُ الْأَرْضُ وَلَا فَخْرَ. سُنَنُ التِّرْمِذِىِّ
Abu Sa'iyddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men qiyomat kunida Odam bolasining sayyidiman, lekin maqtanish emas. Hamd bayrog'i mening qo'limda bo'ladi, lekin maqtanish emas. O'sha kunda Odammi, undan boshqasimi, mening bayrog'im ostida bo'lmagan biror payg'ambar bo'lmaydi. Men er uning ustidan yoriladigan birinchi kishiman, lekin maqtanish emas”, – dedilar”. “Sunani Termiziy”da kelgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Barcha afif bandalarning tojidirlar” deya vasf qilindi. Afif insonlar deganda qalblari nafsiy illatlardan xoli bo'lgan olimlar, shahidlar va boshqa taqvodor mo'minlar tushuniladi. Toj bezak turlarining ichida eng ko'zga ko'rinib turadigan va eng qiymati yuksak bo'lganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham afif insonlarning eng ko'zga ko'rinib turadigani va eng qiymatlisidirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko'rish iymon taqozosi hisoblanadi. Ya'ni Islom dinini bino deb tasavvur qilinadigan bo'lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko'rish o'sha binoni tutib turadigan poydevor maqomidagi tushuncha hisoblanadi. Bu haqida u zotning o'zlari shunday xabar berganlar:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَلَدِهِ وَوَالِدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ. رَوَاهُ مُسْلِمُ
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz toki men unga bolasidan, otasidan va barcha insonlardan sevikli bo'lmagunimcha mo'min bo'la olmaydi”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Dunyoda hech bir inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamchalik yaxshi ko'rilib, maqtov bilan yod etilmagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy maqtalgan, ulug'lanib madh etilgan zot ekanlari Muhammad deb nomlanishlarida ham o'z aksini topgan. U zotni Alloh taoloning O'zi ulug'lab madh etgan, farishtalar ham, payg'ambarlar ham madh etganlar, er yuzidagi barcha aqli bor insonlar doimo u zotni maqtab, madh etib kelganlar. Chunki u zotning sifatlari do'stu dushman – hammaning huzurida eng maqtovli sifatlar bo'lgan. Bu haqida u zotning o'zlari shunday xabar berganlar:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Abu Sa'iyddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men qiyomat kunidagi Odam bolasining sayyidiman, lekin maqtanish emas”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Sayyidul basharga salavot va salomlar bo'lsin.
KYeYINGI MAVZULAR:
SO'NGGI MUKAMMAL ShARIAT;
ISRO VA MYe_''ROJ BAYoNI;
[1] Istiora lug'atda: “Foydalanishga olib turish” ma'nosini anglatadi. Istilohda: Bir lafzni o'z o'rni bo'lmagan joyda, ko'zlangan ma'no bilan iste'mol qilingan ma'no orasida aloqa bo'lganligi uchun, asliy ma'nosidan burib turuvchi qarina bilan birga ishlatish istiora deyiladi. Qarang: Hulosa fi ulumil balog'a. “Maktabatush shomila”. – B. 43.
[2] Sharh surasi, 1-oyat.
[3] Zaynuddin Abdur Rauf Munoviy. Taysir bisharhi Jami'is-sog'ir, 2-juz. “Maktabatush shomila”. – B. 437.
[4] Ahzob surasi, 40- oyat.
[5] Oli Imron surasi, 31-oyat.
[6] Ahzob surasi, 56-oyat.
[7] Qalam surasi, 4-oyat.
[8] Anbiyo surasi, 107-oyat.
Bir yigit nonvoyning oldiga kelib: -– Amaki, singlimning qorni juda och. Lekin pulimiz yo‘q. Iltimos, unga bir dona non bering. Hech bo‘lmasa bir burda non bering. Pul topishim bilan to‘lab ketaman,– deya yolvora boshladi.
Nonvoy uning gapiga quloq tutay demasdi. Bola ham yolvorishdan to‘xtamay “singlim och, singlim och” derdi.
Oxiri nonvoy: – Bu yerga kelchi? Qani singling? Bu yerga olib kel, – dedi. Bola yugurgancha ko‘chaning narigi tomonida turgan singlisini chaqirdi.
Nonvoy: – Isming nima?, – dedi qizchaga.
Qizcha: – Maryam.
Sotuvchi: – Ochmisan?
Qizcha uyalibgina “Ha” dedi.
Nonvoy: – Men sizlarga ikki dona non beraman.
Yigitcha: – Yo‘q, amaki faqat bir dona so‘radim.
Sotuvchi: – Olaver, olaver uyalma – dedi.
Yigitcha: – Amaki rahmat. Pul topganimda albatta beraman deb xursand bo‘lgan holda ketdi.
Nonvoy: – Qachon sen va singling och qolsangiz darhol mening oldimga kelinglar, – deb yigitning qo‘liga ikkita non berdi.
Aka-uka, opa-singlingiz bormi? Ularning doim qadriga yeting. Ularning haqqiga duo qiling. Hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsa ham, hollaridan xabar oling. Vaqti soati kelganda ularni topolmay qolishingiz mumkin.
Akbarshoh RASULOV tarjimasi