frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Terrorizm va ekstremizm yoshlarimiz kelajagiga tahdiddir

27.03.2021   4866   8 min.
Terrorizm va ekstremizm yoshlarimiz kelajagiga tahdiddir

Bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to'qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go'yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo'ravonlik, insoniylikka zid vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo'l urayotgan turli guruh va jamoalar urchib ketdi. Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'iy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.So'nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, din niqobidagi ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, internet orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog'ida o'zini “Islom davlati” (IShID), “Jabhat al-Nusra” deb atab olgan terroristik tashkilotlar go'yoki islom ravnaqi yo'lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ'ibot-tashviqot keng ko'lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko'plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etib da'vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo'shilayotganining guvohi bo'lmoqdamiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh dedi: “Uch (kishi) borki, Qiyomat kuni men ularga xusumatchiman: Mening nomim bilan (ahd) berib, keyin hiyonat qilgan kishi; hur odamni sotib, pulini egan kishi; ishchi yollab, undan (ishni) to'la talab qilib olib, haqini bermagan kishi”.

Qur'oni Karimda aynan shunday holatlar haqida “Zulm (nohaqlik) qilganlarga suyanmangiz, toki sizlarga (do'zaxdan) olov etmasin!” (“Hud” surasi, 113-oyat), deyilgan.

Hozir IShID tarkibida aldangan yoshlar juda ko'p. Ular “kofirlarga qarshi jihod qilyapmiz, orzuimiz jannat”, deyishyapti-ku, ammo musulmonlarni qatl etib, og'ir gunohga botmoqda. Biz bunday nobakorlikning oldini olishimiz darkor”, deb ta'kidlagan.Aslida “hijrat” lug'atda “ko'chish, biron narsadan ajrash, tark etish” ma'nolarini anglatadi. Istilohda Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi bir guruh musulmonlar jamoasining Quraysh taziyqidan qutilish maqsadida Makkadan Madinaga ko'chib o'tishlariga hijrat deyiladi.

Aqidaparastlar yoshlarni avrab, islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o'qiladigan, umuman, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo'lgan va fuqarolar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanini tark etishga targ'ib qilmoqda. Vaholanki, o'z yurtini tashlab, o'zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to'kilgan yurtiga qarshi qurol ko'tarish ayni islom ta'limotiga zid ishdir. Insonlarni tinch va osoyishta diyordan din nomidan qotilliklar oshkora qilinayotgan fitna makonlariga chorlashdek qabih ish hech qachon “Hijrat” bo'la olmaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda: “Haqiqiy muhojir Alloh va Rasuli qaytargan narsadan hijrat qilgan (qaytgan) musulmondir” deb marhamat qilganlar. Islom dini Vatanga hiyonat, qotillik, buzg'unchilik, o'zini o'zi o'ldirish, o'zgalarga zum qilish, ota-onaga oq bo'lish kabilardan qat'iy qaytaradi.

“Jihod” so'zi lug'atda kishining o'z maqsadiga erishish yo'lida bor imkoniyatlarini ishga solib, qattiq harakat kilishi ma'nosini anglatadi. Darsini o'zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat kilayotgan o'smir mujtaxid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod kilmokda desa bo'ladi. Istilohda dini, vatani, oilasi, obro'si va moli himoyasini shariat ruxsat bergan yo'llar bilan amalga oshirishni anglatadi.

Kishining o'z vatanini bosqinchilardan, isyonkorlardan himoya qilishi ham ayni jihoddir. Hadisda insonning o'z nafsi yomonliklariga qarshi turishi, yaxshiliklarga intilishi katta jihod ekanligi ta'kidlanadi. Imom Buxoriy rivoyat kilgan hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayxi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so'rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.

Din niqobidagi ekstremizm dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaaatlariga tahdid solib kelmoqda. Jumladan, din niqobidagi ekstremistik oqim tarkibiga kirib qolgan shaxs: oilasi, qarindosh-urug'lari va yaqin insonlaridan mahrum bo'ladi; Jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yo'qotadi, chuqur ilm olish, yaxshi kasb egas bo'lish va hayotda munosib o'rin egallash imkoniyatlaridan ayriladi. O'z navbatida, din niqobidagi ekstremistik g'oya va yot diniy qarashlarning jamiyatdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit va tadrijiy rivojlanishga zararli ta'siri esa yoshlar xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo'g'ini bo'lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi; jamiyatda an'anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o'rin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo'qotishi oqibatida ma'naviyat pasayadi;

Horijga ish axtarib ketgan ayrim yoshlarimiz din niqobidagi ekstremistik oqim a'zolarining ta'siriga tushib, yurtga qaytgandan so'ng yon-atrofdagilardan “jamoat” tuzishga, ularni “hijrat”ga olib chiqishga qaratilgan harakatlar sodir etayotgani kuzatilmoqda. Albatta, ish joyi tanlash huquqi har kim uchun kafolatlangan, biroq hozirda ayrim xorijga ketganlarning odam savdosi qurboniga aylanib qolayotgani, xoru zor bo'lib, biron narsa orttirib qaytish o'rniga boridan ham ayrilib kelayotani ham bor gap. Eng yomoni pul topish istagida xorijga ketganlarning ba'zilari chet eldagi yasama “din da'vatchilari”ning qarmog'iga ilinib, soxta “hijrat” va “jihod” da'vatlariga uchayotgani, uch-to'rt so'm uchun Suriya, Afg'oniston kabi kabi nizo va urush o'choqlarida qo'llarini qonga belab, o'z ona-yurtiga qurol o'qtalish darajasidagi manqurtga aylanib qolayotgani bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini taqozo qilmoqda. U erlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o'qtalib o'z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag'dag'a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.

Vaziyatning bunday tahlikali o'zgarib borishi respublikamizda barcha jonkuyar fuqarolaridan hushyorlik va ogohlikni keskin oshirishlarini taqozo etadi. Tinchlikni saqlash xushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo'layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko'rib ko'rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o'ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi. Buning uchun esa, bugungi kundafarzandlarimizning ilmiy saviyalari, ayniqsa dunyoviy ilmlari bilan barobar darajada, Islom dini ilmlari bilan ham ma'naviy qurollantirib borishimiz lozim. Chunki bu bugungi kundagi e'tiqodiy muammolarning echimi bo'lishi bilan ahamiyatli, dolzarb va asosiy vazifalaridan biri bo'lib qolmoqda. Shuningdek, kasbu-xunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o'stirib borishimiz muhim vazifamizdir.

 Yosh avlodning turli yot oqimlar ta'siriga tushib qolishini oldini olish to'g'risida g'amxo'rlik faqat hukumatimiz yoki ta'lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir. Buning uchun esa har bir ota-ona muqaddas dinimiz ta'limotlarini e'tirof etilgan manbalar asosida o'zlari ham yaxshi bilish barobarida farzandlariga ham o'rgatishlari lozimdir.

H.Haytboyev

Yangibozor tumani “Said Kuchak bobo” masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   16377   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari