Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Qur'on ilmlari: TAFSIR VA MUFASSIRLAR

26.03.2021   4893   39 min.
Qur'on ilmlari: TAFSIR VA MUFASSIRLAR

TAFSIR VA MUFASSIRLAR

«Tafsir» so'zi lug'atda «bayon qilish», «ochib berish» va «ravshan qilish» ma'nolarini anglatadi.

Ulamolar istilohida bu ilm quyidagicha ta'riflanadi:

«Tafsir – Qur'oni Karimdagi Allohning murodini inson qudrati etganicha o'rganadigan ilm».

Ikkinchi ta'rif:

«Tafsir bir ilm bo'lib, unda aziz Kitobning nozil bo'lishi, sanadi, ado etilishi, lafzlari, lafzlarga va hukmlarga bog'liq ma'nolari o'rganiladi».

Tafsir ilmi Ulumi Qur'on sohasining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, tafsir va tafsir ulamolari haqida bir oz ma'lumot berishni lozim topdik.

Islomning dasturi bo'lgan Qur'oni Karimni chuqur o'rganishga bog'liq bo'lgani uchun tafsir ilmi alohida ahamiyatga egadir. Aynan tafsir ilmi Qur'oni Karimning hidoyati, ta'limoti, sirlari va ko'rsatma hamda hukmlarini o'rganishga xizmat qiladi. Ushbu ilmsiz mazkur narsalarni bilish va ularga amal qilish mumkin emas.

Bu ulug' ilm Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yuzaga kelgan. Chunki u zoti bobarakot odamlarga Qur'oni Karimning ma'nolarini o'z sunnatlari bilan bayon qilar, sahobalarning Qur'on oyatlari ma'nosi to'g'risidagi savollariga javob berar edilar.

Tafsir ilmi sahobai kiromlarga Payg'ambar alayhissalomdan meros qoldi. Lekin ularning bu ilmdagi darajalari turlicha edi. Shuning uchun ham ulardan kimki o'zida ba'zi oyatlarning ma'nosini anglashda hojat sezsa, o'zidan olimroq boshqa sahobalardan so'rab olar edi.

Sahobalardan Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Hattob, Usmon ibn Affon, Aliy ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas'ud, Ubay ibn Ka'b va boshqalar tafsir ilmida mashhur bo'lganlar. Alloh taolo ularning barchalaridan rozi bo'lsin.

Tobe'inlar esa tafsirni sahobalardan o'rgandilar. Ulardan ko'plari bu ilmda shuhrat qozondilar. Mujohid ibn Jabr Makkiy, Ikrima, Sa'id ibn Jubayr, Ato ibn Abu Roboh va boshqalar shular jumlasidandir.

Bu ikki asrda, ya'ni sahobalar va tobe'inlar asrida tafsir og'zaki rivoyat va naql shaklida bo'lib, kitob qilib yozilmagan edi.

Fazilatli shayx Muhammad Fozil ibn Oshur o'zlarining «At-Tafsir va rijaluhu» nomli kitoblarida ta'kidlashlaricha, tafsirdan birinchi kitob yozgan kishi hijriy 149 yilda vafot etgan Abdulmalik ibn Jurayjdir.

Mazkur kitob ta'lif etilgandan boshlab, tafsir ilmi yangi davrga qadam qo'ydi. Bu davr kitoblar ta'lif qilish davridir. Bu davrning avvalida Muhammad ibn Jarir at-Tabariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Naysoburiy va boshqa mufassirlar shuhrat topdilar.

Islomda Qur'oni Karimning lafzi, qiroati va rasmi-xati sobit bo'lishi qat'iyligiga ittifoq qilinganidek, uning ma'nosi insonlarga nisbatan qat'iy emasligiga ham ittifoq qilingandir. Ya'ni Qur'oni Karimning to'liq ma'nosini faqat Alloh taoloning O'zigina biladi. Insonlar esa ilmiga, qobiliyatiga qarab, nasib qilganicha biladilar. Bu, albatta, Qur'oni Karim jumboq, tushunilishi qiyin narsadir, degani emas. Qur'oni Karim ochiq uslubdagi, batafsil bayonli, ochiq Kitobdir. Lekin, shu bilan birga, Qur'oni Karimning arab so'z ustalarini va butun mavjudotni qiyomat qoim bo'lguncha o'ziga o'xshagan narsa keltirishdan ojiz qoldiruvchi abadiy, ilohiy mo''jiza ekani bir on ham yodimizdan ko'tarilmasligi lozim. Dunyoga dong'i ketgan so'z ustalari, oliy darajadagi balog'at va fasohat sohiblari Qur'oni Karimning ba'zi oyatlarini eshitishlari bilan: «Allohga qasamki, bu basharning kalomi emas», der edilar.

Albatta, ana shunday darajadagi kalomning o'ziga yarasha saviyasi bo'ladi. Mazkur saviyaga yaroqli kishilar uchun Qur'oni Karimni anglab etish juda ham oson. Qolganlar esa saviyalariga qarab o'zlashtiradilar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlari – saodat zamonida Qur'oni Karimni etarlicha anglash saviyasidagi kishilar ko'pchilikni tashkil qilar edi. Ular sof arab tabiati va tilining oliy darajadagi namoyandalari edilar. Arabistonning turli joylarida doimiy ravishda so'z, xutba, she'r ustalarining musobaqalari o'tkazib turilar edi.

Bu ma'nodagi ishlar arablar hayotida qanday joy egallaganligini yaxshiroq tushunib etish uchun she'r musobaqasi g'oliblarining she'rlari Ka'bai muazzama ichiga osib qo'yilganligini eslashning o'zi etarli. Lekin shunday bo'lsa ham, ko'pchilik Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o'zi yaxshi tushuna olmagan oyati karimalarning ma'nosini so'rab olar edi. Shuningdek, sahobai kiromlar ham bir-birlaridan Qur'oni Karim ma'nolarini so'rashar va bilganlar aytib berar edilar. Demak, Qur'oni Karimning ma'nosini aytuvchi birinchi mufassir Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning o'zlari bo'lsalar, u zot sollallohu alayhi vasallamdan keyingi o'rinda ilmi o'tkir sahobalar turganlar.

Shubhasiz, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning o'zlarining borliklari bu boradagi barcha muammolarni osonlik bilan hal qilishning bosh omili bo'lgan. Ammo u zot sollallohu alayhi vasallam Rafiqi A'loga intiqol qilganlaridan so'ng Qur'oni Karim ma'nolarini noto'g'ri tafsirlardan muhofaza qilish mas'uliyati Islom ummati zimmasiga tushdi.

Bu ulkan mas'uliyatni talab darajasida ado etish uchun Qur'oni Karim tafsiri bilan shug'ullanadigan kishida bo'lishi zarur shartlar ishlab chiqildi. Quyida ana shu shartlardan ba'zilarini keltiramiz:

Birinchi shart – tafsir bilan shug'ullanadigan kishi sof e'tiqodli bo'lishi kerak. Chunki e'tiqod masalasi o'ta nozik ish ekani hammaga ma'lum. E'tiqod masalasida nuqsoni bor kishi tafsir qilsa, tafsiri ham nuqsonli chiqishi turgan ran.

Shuning uchun ham e'tiqodida Ahli sunna va jamoa mazhabidan ozgina og'ish bor bo'lgan shaxsga tafsir qilishga izn berilmagan yoki unday odam qilgan tafsir yo'q qilingan, yoxud noto'g'ri joylari e'lon qilingan. Bas, ran shunday ekan, e'tiqodsiz, benamoz, ba'zi gunoh ishlarni sodir etgani ma'lum bo'lgan kishilar haqida gapirib o'tirmasa ham bo'ladi.

Ikkinchi shart – havoi nafsga ergashishdan xoli bo'lish. Boshqacha aytganda, tafsirchi bo'lish niyatidagi odam tarafkashlik dardiga chalingan bo'lmasligi kerak. Aks holda uning ishida xiyonat sodir bo'lishi hech ran emas. Shuning uchun ham qadariya, rofiza, mo''tazila kabi toifalarga mansub kishilarning tafsirlari qabul qilinmagan.

Uchinchi shart – arab tilini juda yaxshi bilishi kerak. Bu hech qanday izohga o'rin qoldirmaydigan shartdir. Qur'oni Karim arab tilida nozil bo'lgan, arab tilini yaxshi bilmay turib, Qur'oni Karimni bilaman, deyish mutlaqo noo'rindir.

Arab tili cheksiz lug'at ummoni bilangina chegaralanib qolmaydi. Balki arab tili bundan boshqa yana bir necha ulug' ilmlarni o'z ichiga olgandir. Nahv, sarf, maoniy, bayon, badi', fasohat kabi ilmlar shular jumlasidandir.

Bu borada ulug' tobe'inlardan bo'lmish Mujohid roziyallohu anhuning quyidagi gaplarini keltirishning o'zi kifoya qilsa kerak, deb o'ylaymiz:

«Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan kishi uchun arab tili olimi bo'lmay turib, Allohning Kitobi haqida so'z aytmoq halol emas».

To'rtinchi shart – Qur'oni Karimga bog'liq ilmlarni yaxshi bilish. Mazkur shjlarga, jumladan, qiroatlar ilmi, tavhid ilmi, sababi nuzul ilmi, nosix va mansux ilmi, om va xos ilmi, mutashobih ilmi va boshqa bir qancha ilmlar kiradi.

Beshinchi shart – avvalo, Qur'onni Qur'on bilan tafsir qilmog'i shart. Chunki bir ma'no Qur'oni Karimning bir joyida umumiyroq zikr qilingan bo'lsa, boshqa bir joyida batafsilroq bayon qilingan bo'ladi, bir oyatda qisqa ishora qilib ketilgan narsa ikkinchi oyatda kengaytirib tushuntiriladi. Shuning uchun Qur'oni Karimni yaxshi va chuqur anglashda uning oyatlarini bir-biriga solishtirib o'rganish katta ahamiyat kasb etadi.

Oltinchi shart – Qur'oni Karimni sunnati mutahhara bilan tafsir qilish. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Qur'oni Karimning sharhi va tatbig'i bo'lib kelganligi oydek ravshan narsa. Shuning uchun Qur'oni Karimni tafsir qilmoqchi bo'lgan kishi Payg'ambar alayhissalomning sunnatlarini juda ham yaxshi bilmog'i shart.

Yettinchi shart – tafsirni Qur'oni Karimning o'zidan yoki Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan topmasa, sahobalarning gaplariga murojaat qilish.

Chunki sahobai kiromlar Qur'oni Karimning nozil bo'lishiga shohid bo'lgan, o'sha davrni Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashagan, Qur'oni Karimni aniq tushunib etgan kipshlardir.

Sakkizinchi shart – agar tafsirni yuqorida zikr qilingan masdarlardan birortasida ham topa olmasa, tobe'inlarning tafsiriga marojaat qilish. Chunki tobe'inlar sahobalardan dars olganlar, sahobalardan keyin Qur'oni Karimni eng yaxshi biladigan avlod ham o'sha kishilardir.

To'qqizinchi shart – o'tkir fahmli bo'lish. Bu sifat bir ma'noni ikkinchisidan ustun qo'ya bilish va shariat maqsadlariga mos ma'nolarni istinbot qilish uchun kerak bo'ladi.

Ushbu shartlarni o'zida mujassam qilgan kishigina tafsir bilan shug'ullanishi mumkin, desak, bir oz shoshilgan bo'lamiz. Ulamolarimiz mufassir bo'lishdek ulug' baxtga erishish uchun o'ziga yarasha odoblarga ham ega bo'lishni shart qilib qo'yganlar.

Mazkur odoblar quyidagilardan iborat:

  1. Yaxshi niyatli va sog'lom maqsadli bo'lmoq. Mufassir faqat Alloh taoloning roziligini va oxirat savobini hamda dinu diyonat ravnaqini o'ylab ish qilmog'i lozim. Oraga boshqa g'arazlar aralashsa bo'lmaydi.
  2. Husni xulqli bo'lmoq. Albatta, Qur'oni Karimga bog'liq odam qur'oniy axloq-odoblarga ega bo'lmog'i lozim. Bo'lmasa, uning qilgan tafsiridan nima foyda bor?
  3. Ilmiga amal qilmoq. Amalsiz ilm befoyda ekani hammaga ma'lum. Bu narsa Alloh taoloning Kitobiga bog'liq bo'lganda yanada o'zgacha ma'no kasb etishi ham turgan gap.

Ma'nolarni naql qilishda sodiq va aniq bo'lish. Mufassir o'zi aniq ishonib etgan ma'nolarnigina gapirmog'i yoki yozmog'i hamda har bir so'zida rostgo'y bo'lmog'i kerak. Aks holda gaplar bir-biriga aralashib, noaniqlik yuzaga kelishi mumkin.

  1. Izzatini bilmoq. Mufassir o'zini xor qilmasligi, pastga urmasligi lozim. U turli bo'lmag'ur ishlardan, boshqalarning huzurida o'zini past tutishdan saqlanmog'i kerak.
  2. Haqgo'y bo'lmoq. Alloh taoloning kalomida haqgo'y bo'lmasa, nimada ham haqgo'y bo'lishi mumkin?!
  3. Viqorli bo'lmoq. Mufassir yurish-turishda, harakatu sakanotda viqorli bo'lib, tashqi ko'rinishida ham haybat kasb qilmog'i lozim.
  4. Tavoze'li va halim bo'lmoq. Agar bu sifatlar bo'lmasa, odamlar uning ilmidan foyda olishlari qiyin bo'ladi.
  5. Vazmin va salmoqli bo'lmoq. Mufassir tasarrufotlarida va gap-so'zida shoshmasdan, aniqlik va bosiqlik bilan tasarruf qilmog'i kerak.
  6. Peshqadam olimlarni o'zidan ustun qo'ymoq. O'zidan
    ko'ra peshqadam bo'lgan olimlarning hurmat-e'tiborini joyiga qo'ya olgan kishigina haqiqiy mufassir bo'la oladi.

Ushbu shart va odoblardan Islom ummati Qur'oni Karim ma'nolarini muhofaza qilish uchun qanchalik harakat qilgani ko'rinib turibdi. Ushbu tariqa harakat qilib borib, Qur'oni Karimga ma'no aytishga faqat etuk kishilargina saralab olingan. Turli g'arazgo'ylar uchun ushbu martabaning eshigi mahkam berkitilgan.

Mazkur shartlar va odoblarni o'zida mujassam qilmagan kishilarning qilgan tafsirlariga hech kim quloq ham osmagan, yozganlarini hech kim o'qimagan ham. Shu tarzda taqvoli, haqiqiy ilm sohibi bo'lgan mufassirlar o'z-o'zidan ajrab, qadr topib kelavergan.

Islom ummati o'zi ishongan tafsirchilarni o'ziga xos uslub ila tanlab olgan bo'lsa, o'sha tanlangan tafsirchilar Alloh taoloning Kitobi – Qur'oni Karimning ma'nolarini musulmonlarga etkazish uchun sidqidildan xizmat qilib keldilar.

Islom madaniyati gullab-yashnagan paytlarda tafsirchilik ham gullab-yashnadi. Musulmonlar tushkunlikka yuz tutganlarida esa ishlar orqaga ketdi.

Tafsir ilmi kelib chiqishi va rivojlanishi jarayonida bir necha qismlarga bo'linib ketgan. Biz bu qismlardan ba'zilarini zikr qilib o'tamiz:

Birinchi qism – «At-tafsir bil-ma'sur».

Bu qismdagi tafsirda mufassir Qur'on oyatlarini rivoyat qilingan sahih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qiladi.

Bu uslubda yozilgan tafsirlarning mashhurlari quyidagilar:

  1. Imom Muhammad ibn Jarir Tabariyning «Jami'-ul-bayan fii tafsiril-Qur'an».

Tabariy rahmatullohi alayhi hijriy 224 yilda tug'ilib, 310 yilda vafot etgan. Bu kishi o'z asrining eng ko'zga ko'ringan allomalaridan bo'lgan. Barcha ilmlarda peshqadam bo'lgan.

Imom Tabariyning tafsiri «At-tafsir bil-ma'sur» uslubidagi eng mashhur va eng ishonchli tafsirdir. Unda tafsir bo'yicha sahoba va tobe'inlardan qilingan rivoyatlarning eng ko'pi jamlangan va rivoyatlarshshg yo'nalishi hamda qay biri kuchli ekani bayon qilingan. Shuningdek, kalimalarning e'robi va oyatlardan qanday hukmlar olinishi aytib o'tilgan. Ko'pchilik mutaxassislar «Bu tafsir benazirdir», deyishgan.

Ulamolar «Jami'ul-bayan fi tafsiril-Qur'an» tafsiri haqida ajoyib maqtov so'zlarini aytganlar:

Imom Navaviy: «Ibn Jarirning tafsiriga o'xshash kitobni hech kim tasnif qilmagan», degan.

Abu Homid Isfiroyini: «Agar bir kishi Ibn Jarirning tafsirini olish uchun Chinga borsa ham, ko'p ish qilgan bo'lmatsdi», degan.

«Jami'ul-bayan fi tafsiril-Qur'an»da juda ko'p ma'lumotlar jamlangan. Muallif o'zi keltirgan rivoyatlarning sanadini ham bayon qilgan. Ba'zilar u kishining kuchli bo'lmagan rivoyatlarni ham keltirganini tanqid qiladilar. Ammo muhaqqiq ulamolar: «Muallifning davrida ilmli kishilar bu narsalardan xabardor bo'lgani uchun Ibn Jarir mazkur rivoyatlarni keltirib, zaifligiga ishora qilmagan», deyishadi.

«Jami'ul-bayan fi tafsiril-Qur'an» hozirda ham qayta-qayta nashr qilinmoqda.

  1. Imom Abu Muhammad Husayn ibn Mas'ud ibn
    Muhammad Bag'aviyning «Ma'alimut-tanzil» tafsiri.

Imom Bag'aviy hijriy 516 yilda vafot etgan. U kishi Shofe'iy mazhabi faqihlaridan bo'lgan. Bag'aviy tafsir va hadis ilmlarida ham imomlik darajasiga etgan. Bag'aviyning «Ma'alimut-tanzil» tafsiri juda foydali tafsirlardan hisoblanadi. Ammo unda keltirilgan rivoyatlarning sanadi zikr qilinmagan.

Ba'zilar bu tafsirni mualdifining nomi bilan «Tafsirul-Bag'aviy» deb ham ataydilar.

  1. Imom Imodiddin Ismoil ibn Kasirning «Tafsirul-
    Qur'anil-azim» tafsiri.

Ibn Kasir rahmatullohi alayhi hijriy 701 yilda tavallud topib, 774 yilda vafot etgan. U kishining tafsirlari eng sahih tafsirlardan biri hisoblanadi. U kishi Qur'oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobalar va tobe'inlardan rivoyat qilingan xabarlar ila tafsir qilgan.

«Tafsiru Ibn Kasir» «at-tafsir bil-ma'sur» uslubida yozilgan tafsirlar ichida eng mashhurlaridan biri bo'lib, imom Tabariyning tafsiridan keyingi, ikkinchi o'rinda turadi.

Imom Ibn Kasir o'zining bu tafsiriga uzun muqaddima yozib, unda Qur'oni Karim va tafsirga oid juda ko'p ma'lumotlarni keltirgan. U kishi oyatni keltirgandan so'ng uni oson so'zlar bilan tafsir qiladi. Agar bir oyatni boshqa biri bilan ravshanlashtirish imkoni bo'lsa, shunday qiladi. Keyin mazkur ikki oyatni solishtiradi. So'ngra tafsir qilinayotgan oyatga bog'liq hadislarni keltira boshlaydi.

Ularning qay birini hujjat qilish mumkin, qay birini hujjat qilish mumkin emasligini ham bayon qiladi. Keyin sahobalar, tobe'inlar va o'tgan ulamolarning o'sha oyatga bog'liq so'zlarini keltiradi. Mazkur qavllardan qay biri kuchli va qay biri kuchsiz ekanini ham bayon qiladi.

Imom Ibn Kasir o'z tafsirida Ibn Jarir Tabariy, Ibn Abu Hotim va Ibn Atiyyaning tafsirlaridan foydalangan.

«Tafsiru Ibn Kasir»ning eng ko'zga ko'ringan taraflaridan biri isroiliyot qissalarini tanqid qilishi va ulardan odamlarni ogohlantirishidir.

«Tafsiru Ibn Kasir»da fiqhiy munoqashalar ham mavjud. Hukm oyatlarini tafsir qilish jarayonida Ibn Kasir rahmatullohi alayhi faqihlarning so'zlari va tortishuvlarini ham keltiradi.

Bu tafsir juda ko'p marta nashr qilindi va qilinmoqda.

Shayx Muhammad Aliy Sobuniy «Tafsiru Ibn Kasir»ni muxtasar ham qilgan. U ham bir necha bor nashr qilindi.

  1. Imom Jaloliddin Suyutiyning «Ad-Durul-mansur fit-tafsir bil-ma'sur» kitobi.

Imom Suyutiy hijriy 849 sanada Rajab oyida tug'ilgan. U kishining otasi o'limidan oldin o'g'li Jaloliddinni bir necha kishiga, jumladan, mashhur hanafiy olim Kamol ibn Humomga topshirdi. Jaloliddin Suyutiy sakkiz yoshidan Qur'oni Karimni to'liq va puxta yod oldi. Shu bilan birga, ko'pgina matnlarni ham yod oldi. U kishi o'z zamonasining ko'zga ko'ringan allomalaridan ellik bir kishidan dars oldi. Imom Jaloliddin Suyutiy ko'p ilmlarda peshqadam bo'lgan. U kishining yozgan kitoblari besh yuzdan ortgan.

Imom Jaloliddin Suyutiy o'ta sermahsul mualliflardan bo'lgan. U kishining ta'lif qilish qobiliyati nihoyatda yuqori darajada edi. Imom Jaloliddin Suyutiyning shogirdlaridan biri Dovudiy: «Shayxning bir kunda uch daftarni to'ldirib yozib, tahrir qilganini o'z ko'zim bilan ko'rganman», deydi.

Imom Jaloliddin Suyutiy hadis va unga bog'liq ilmlar bo'yicha o'z zamonasining ko'zga ko'ringan allomasi bo'lgan. U kishi ikki yuz ming hadisni yod bilgan va: «Yana bo'lsa, yodlar edim», degan.

Imom Jaloliddin Suyutiy qirq yoshga kirganida ibodatga ajraldi. Dunyo va uning ahlidan yuz o'girdi. Fatvo va dars berishni ham to'xtatdi. Umrining oxirigacha «Ravzatul-Miqyos» degan joydan chiqmay yashadi.

Imom Jaloliddin Suyutiy 911 hijriy sanada jumodul avval oyining o'n to'qqizinchisi, juma kuni saharda vafot etdi. Alloh taolo u kishini rahmat aylasin.

Imom Jaloliddin Suyutiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qilingan o'n mingdan ziyod rivoyatni keltirib, to'rt jildlik «Tarjimanul-Qur'an» deb atalgan tafsir yozgan edi. Keyinroq, odamlarning ko'plab rivoyatlarni sanadi bilan o'qishga himmatlari etmayotganini ko'rganidan so'ng mazkur kitobni muxtasar qilib, «Ad-Durrul-mansur fit-tafsir bil-ma'sur» deb atadi. Ushbu tafsir faqat rivoyatlargagina suyangan yagona tafsirdir.

Ulamolar «Ad-Durrul-mansur fit-tafsir bil-ma'sur»da zaif rivoyatlar ham borligini alohida ta'kidlaydilar.

«Ad-Durrul-mansur fit-tafsir bil-ma'sur» tafsiri nashr qilingan va undan ahli ilmlar foydalanadilar.

Ikkinchi qism – «At-Tafsir bir-rat'y».

Bu qismda mufassir o'z fikri va ijtihodi ila tafsir qiladi va mazkur qism ikkiga – joiz va joiz emasga bo'linadi.

Joiz bo'lgan ra'y bilan tafsir qilishda mufassir ishonchli masdarlarga suyangan holda jaholat va zalolatdan uzoq turib, tafsir qiladi.

Joiz bo'lmagan qismda esa mufassir jaholat, bid'at va zalolat bilan tafsir qiladi, shuning uchun ham barcha allomalar bu navdagi tafsirni man qilganlar.

Ra'y bilan qilingan tafsirning maqbul bo'lishi uchun ulamolar quyidagi shartlarni qo'yganlar:

  1. Mufassir tafsirida havoyi nafsiga berilib, tafsirni o'z mazhabi yoki aqiydasiga moslashtirib olmasligi shart.
  2. Tafsir arab tili qoidalariga xilof bo'lmasligi kerak. Zotan, bu ishda arab tili asosdir.
  3. Tafsir oyati karimaning siyoqiga – oqimiga qarshi bo'lmasligi shart.
  4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qilingan sahih rivoyatga xilof bo'lmasligi shart.

Joiz bo'lgan ra'y bilan qilingan tafsirlardan mashhurlari quyidagilar:

  1. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn Faxriddin Roziyning «Mafatiyhul-g'oyb» tafsiri.

Imom Faxriddin Roziy 554 hijriy sanada, Ray shahrida tug'ildi. U kishining otasi Ziyouddin olim kishi bo'lib, «Ray xatibi» laqabini olgan edi. Imom Faxriddin Roziy dastlabki saboqlarni otasidan oldi. Keyin zamonasining ko'zga ko'ringan allomalaridan dars olib, olim bo'ldi va shuhrati etti iqlimga taraldi. Imom Faxriddin Roziy o'z asrining peshqadam allomasiga aylandi. Tafsir, kalom, aqliy ilmlar va lug'at ilmida «imom» deb tan olindi. Shu bilan birga, u kishi o'ta mohir xatib ham bo'lgan. Arab va ajam tillarida va'z qilar edi.

Imom Faxriddin Roziy o'zidan keyin turli sohalarga oid ko'plab asarlarni qoldirdi. U kishining ta'lifotlaridan juda ko'plab odamlar foyda oldilar va olmoqdalar.

Imom Faxriddin Roziy 606 hijriy sanada, Ray shahrida vafot etdi.

Imom Faxriddin Roziyning «Mafatiyhul-g'oyb» tafsirida ilmiy, falsafiy masalalar, xususan, ilmi hay'atga va muallifning hayotligi davrida tarqalgan boshqa turli ilmlarga oid ma'lumotlar ham kelgan. Katta hajmdagi bu kitob sakkiz jilddan iboratdir.

Imom Roziy tafsirni batafsil qilgan. Surai «Fotiha»ning tafsirining o'zini alohida bir kitob deyish mumkin. Keyingi suralar ham shunga o'xshab ketgan. Ba'zi suralarning tafsiri oxirida mazkur suraning tafsiri qachon nihoyasiga etgani ham qayd etilgan.

Imom Faxriddin Roziy o'z tafsirida oyat bilan oyat va sura bilan suraning bir-biriga bog'lanishini bayon qilishga alohida e'tibor bergan.

Imom Roziy o'z tafsirida falsafaga keng o'rin bergan. U kishi Ahli sunna mazhabida bo'lgani uchun tafsirida bu mazhabning qavlini qo'llab, muxoliflarning, xususan, mo''taziliylarning fikrlarini qattiq tanqid qilgan.

Bu zot o'z tafsirida kezi kelganda fiqh, usul, nahv va balog'at ilmlariga ham alohida ahamiyat bergan.

Imom Faxriddin Roziyning tanqidchilari u kishini ko'p ilmlarga berilib ketib, tafsirni cho'zib yuborganlikda ayblaydilar.

Imom Roziy o'zining «Mafatiyhul-g'oyb» deb nomlangan tafsiri bilan tafsir yozish ishining muhaddis va adiblar toifasidan usuli fiqh va usuli din ulamolariga o'tishini boshlab bergan. Shundan keyin tafsir ilmi yangi yo'nalishga tushdi va rivojlanib ketdi.

  1. Imom Nasriddin Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Aliy Bayzoviyning «Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» tafsiri.

Imom Bayzoviy fors diyorida tug'ilib, o'sgan. Turli ilmlarda peshqadam bo'lgan. Sherozda qozilik qilgan. Yozgan asarlari ko'pchshshk ulamolarning tahsiniga sazovor bo'lgan. Imom Bayzoviy 691 hijriy sanada Tabriz shahrida vafot topgan.

U kishi o'z zamonasida keng tarqalgan ilmlarda peshqadam bo'lgan. Imom Bayzoviy kalom ilmi, usuli fiqh, Shofe'iy mazhabi fiqhi, xadis va boshqa sohalarda kitoblar yozgan. Ayniqsa, usuli fiqh bo'yicha yozgan «Al-Minhaj» kitobi va uning sharhi, usulud-din bo'yicha yozgan «At-Tovali'» kitobi va tafsir bo'yicha yozgan «Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» kitobi juda ham mashhur kitoblardir. Ushbu uch kitobni ko'pchilik ulamolar o'qiganlar.

Imom Bayzoviyning «Tafsirul Bayzoviy» nomi ila mashhur bo'lgan «Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» tafsiri katta shuhrat qozongan. Muallif o'zining bu kitobida arab tili qonuni asosida tafsir va ta'vilni jamlagan. Dalillarni Ahli sunna va jamoa mazhabi asosida keltirgan. Har bir suraning tafsiri oxirida uning fazli xususida sobit bo'lgan rivoyatlarni keltirgan. Ammo bu boradagi keltirilgan rivoyatlar ichida sahih emaslari ham mavjud.

Mutaxassis olimlarning ta'kidlashlaricha, imom Bayzoviy «Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» tafsirida o'zidan avvalgi ikki katta va mashhur tafsirlar – Zamaxshariyning «Kashshof» va Roziyning «Mafatiyhul-g'oyb» tafsirlaridan keng foydalangan. Ko'pchilik ulamolar ushbu kitob ila tafsirdagi ilmiy yo'nalish cho'qqisiga etganini ta'kidlaydilar.

«Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» tafsiri o'zidan ol-dingi tafsirlarning fazilatlarini o'zida jamlagan, ulardagi nuqsonlarni chetlab o'tgan bo'lgani uchun ko'pchilik tomonidan juda yaxshi qabul qilingan hamda asrlar osha ahli ilmlarning taqdiri va tahsiniga sazovor bo'lib kelgan.

Ahli ilmlar bu tafsirni katta ahamiyat bilan o'rganganlar va ularning ichida «Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» tafsiriga hoshiya yozganlar ham ko'p. Mazkur hoshiyalarning soni qirqdan ortiq bo'lib, ularning ichida Qozizoda va Hafochilarning hoshiyalari eng yaxshilaridan hisoblanadi.

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, «Anvarut-tanzil va as-rorut-ta'vil» tafsiri eng mo''tabar tafsirlardan bo'lib, Allohning kalomini fahmlashda va uning sirlarini anglashda beqiyos xizmat qilgandir.

Z.ymom Jaloluddin Muhammad Mahalliy va imom Jaloluddin Abdurrahmon Suyutiyning «Tafsirul Jalalayn» tafsirlari.

Ushbu kitobning nomini o'z tilimizga tarjima qiladigan bo'lsak, «Ikki Jalolning tafsiri» degan ma'no chiqadi. Zotan, bu tafsirni ikki olim yozgan. Birinchilari Jaloluddin Muhammad ibn Ahmad Mahalliy bo'lib, u kishi hijriy 791-864 yillar orasida yashab o'tgan. U kishi o'z asrining ko'zga ko'ringan allomalaridan bo'lgan.

Imom Jaloluddin Mahalliy qat'iyatli va bir so'zli odam bo'lgan. Allohning yo'lida malomatchining malomatidan qo'rqmagan. Puxta va shiddatli va'zxon bo'lgan.

Ikkinchilari Jaloluddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr ibn Muhammad Suyutiy hijriy 849-911 sanalarda yashab o'tgan. O'ziga taqdim qilingan mansablarning hech birini qabul qilmagan. Faqat dars berish va kitob yozish bilan mashg'ul bo'lgan. Tafsir, fiqh, kalom, balog'at, nahv, usul va mantiq kabi ilmlarda mashhur bo'lgan. U kishining yozgan kitoblari ko'pchilik ulamolarning tahsiniga sazovor bo'lgan.

Imom Jaloluddin Muhammad ibn Ahmad Mahalliy tafsir yozmoqchi bo'lganlarida o'zining qarib qolganini e'tiborga olib, Qur'oni Karimning ikkinchi yarmi – Kahf surasidan Naas surasigacha tafsir qilishni niyat qilgan va uni amalga oshirgan. So'ngra Fotiha surasini ham tafsir qilganidan keyin vafot etgan. Shuning uchun bu tafsirning ba'zi nashrlarida Fotiha surasi kitobning oxirida keladi.

Ko'pchilik imom Jaloluddin Muhammad ibn Ahmad Mahalliyning bu tafsirlarini o'qib, qoyil qoladi va uning to'liq bo'lishini taklif qiladi. Shu bilan birga, imom Jaloluddin Muhammad ibn Ahmad Mahalliyning uslublari sakdanib qolishi ham mulohaza qilinadi. Bu ishga o'n sakkiz yoshli olim Jaloluddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr ibn Muhammad Suyutiy ravo ko'riladi. U kishi o'zining muqaddimasida aytishicha, tafsirning ikkinchi yarmini qirq kunda yozib bitiradi.

Shundan keyin bu tafsir «Tafsirul Jalalayn» (ikki Jaloluddinning tafsiri) deb nomlanadi.

Bu tafsir juda ham foydali manbadir. Unda qisqa iboralar bilan ulkan ma'nolar ifoda etilgan. «Tafsirul Jalalayn» eng ko'p tarqalgan va eng ko'p foyda bergan tafsir sifatda juda ham mashhurdir. Bu kitob hozirgacha turli hajm va uslublarda ketma-ket nashr qilinib kelmoqda.

  1. Alouddin Aliy ibn Muhammad ibn Ibrohim Bag'dodiyning «Tafsirul Hozin» tafsiri.

Bu kishi hijriy 678 sanada Bag'dodda tugalgan bo'lib, laqablari Hozin bo'lgan. «Hozin» so'zining ma'nosi «xazinachi» deganidir. Imom Alouddin Aliy ibn Muhammad ibn Ibrohim Bag'dodiyga bunday laqab berilishining sababi, u kishining, Damashq shahridagi Simaysotiya xonaqohi kutubxonasining xazinadori bo'lganliklaridir.

Imom Hozin yoshligidan katta ulamolardan saboq oldi. Hususan, Damashqqa ko'chib kelganidan keyin katta ulamolarning majlislarida bo'lib, ularning ilm buloqlaridan foydalandi. O'z zamonasining keng tarqalgan ilmlarini egalladi. Keyinchalik turli sohalarda muhim kitoblarni ta'lif qildi. Imom Hozin o'zidan keyin ajoyib kitoblarni qoldirdi. Bu ulug' olim 701 hijriy sanada Halab shahrida vafot etgan.

U kishining tafsiri «Tafsirul Hozin» nomi bilan mashhur bo'lsa ham, aslida kitobning nomi «Lubabut-ta'vil fi ma'anit-tanzil»dir. Bu kitob mashhur tafsirlar sirasiga kiradi. Unda mufassir ko'plab rivoyatlarni keltirgan bo'lsa ham, sanadini zikr qilmagan. Qissalarga berilib ketgani ham mulohaza qilingan. Ammo yaxshi jihati shuki, agar qissa botil bo'lsa, ko'p o'rinda ortidan uning botilligini ham qayd etib qo'ygan. Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, imom Alouddin Aliy ibn Muhammad ibn Ibrohim Bag'dodiy o'z tafsirini yozishda imom Bag'aviyning tafsiridan keng foydalangan.

Imom Hozin o'zining bu tafsiriga besh fasldan iborat katta muqaddima yozgan.

Ulamolar «Lubabut-ta'vil fi ma'onit-tanzil»ning tafsirida isroiliyot qissalari ham borligini afsus bilan aytadilar. Shuningdek, bu tafsirda fiqhiy, tarixiy masalalarga va va'zga alohida e'tibor berilgani ta'kidlanadi.

Uchinchi qism «Tafsiri ishoriy».

Bu qismda mufassir oyatning zohiriy ma'nosiga qaramay, uni maxfiy ishoralari taqozosi bilan tafsir qiladi. Bu faqat suluk va tasavvuf arboblarining uslubidir.

Ulamolar bu turdagi tafsir haqida ixtilof qiladilar. Ulardan birlari uni joiz, desalar, boshqalari joiz emas, deydilar. Gapning xulosasi, quyidagi beshta shartni o'zida mujassam qilgan ishoriy tafsir maqbul, deyish bo'lgan:

  1. Qur'oni Karim nazmi sirtiga xilof bo'lmasligi.
  2. Zohirga xilof o'laroq, ushbudan boshqa murod yo'q, deya da'vo qilmaslik.
  3. Haqiqatdan uzoq, ahmoqona ta'vil bo'lmasligi.
  4. Aql va shariatga xilof bo'lmasligi.
  5. Uni qo'llaydigan shar'iy dalil bo'lishi.

Bu qismga doir tafsirlarning mashhurlari quyidagilar:

  1. Imom Nizomiddin Hasan ibn Muhammad Husayn Hurosoniy Naysoburiyning «G'oroibul Qur'an va rog'oibul Furqon» tafsiri.

Cho'loq Nazzom laqabi bilan ham mashhur bo'lgan imom Naysoburiy asli Qum shahridan bo'lib, Naysoburda unib, o'sgan. U kishi o'z zamonasida tarqalgan barcha ilmlardan xabardor bo'lib, ayniqsa tafsir, fiqh, aqliy ilmlar, arab tili, insho kabi ilmlarda nihoyatda peshqadam bo'lgan. Shuningdek, u zot parhezkorlik va taqvoda, zuhd va tasavvufda dong taratgan.

«Imom Naysoburiy o'zining bu tafsirini imom Roziyning tafsiridan muxtasar qilib olgan», deydilar ba'zi ulamolar. Shu bilan birga, «Kashshof» tafsiridan va boshqa tafsirlardan ham muhim ma'lumotlarni qo'shgan.

Imom Naysoburiy Roziy va Zamaxshariydan ko'chiribgina qolmaydi, balki ikkisini taqqoslaydi va kezi kelganda, tanqid ham qiladi.

Imom Naysoburiyning «G'oroibul-Qur'an va rog'oibul-Furqon» tafsiri iboralarining osonligi bilan ajralib turadi. Mufassir o'zining bu kitobida ikki narsaga alohida ahamiyat bergan. Birinchisi – qiroat va vaqflar Ikkinchisi – ishoriy ma'nolar.

Naysoburiy «G'oroibul-Qur'an va rog'oibul-Furqon» tafsirida oyatning zohiriy ma'nosini bayon qilib bo'lganidan keyin «Ahli ishora deydi», deb turib, ishoriy ma'noni aytadi. Misol uchun, sigirni so'yishga buyruq haqidagi oyatning ishoriy ma'nosida: «Bu hayvoniy nafsni so'yishga amrdir», deyiladi.

  1. Shihobuddin Mahmud Olusiyning «Ruhul-ma'aniy» tafsiri.

Imom Olusiy 1217 hijriy sanada Bag'dodning Karx tarafida tug'ilgan. U kishi yoshligidan barcha kerakli ilmlarni qunt va tirishqoqlik bilan o'rgandi. O'n uch yoshida dars berish va ta'lif qilishni boshladi. Bir necha madrasalarda dars berdi. 1248 yili u zotga Hanafiy mazhabi bo'yicha fatvo berish mas'uliyati yuklatildi. So'ngra Rasofadagi masjid yonida joylashgan hovlisida turli ilmlardan dars berdi. Oxir-oqibatda Imom Olusiy barcha ilm va ishlarda peshvoga aylandi.

Imom Olusiy hijriy 1252 yili rajab oyida tush ko'radi. Unda Alloh taolo u kishiga osmonlar bilan erni birlashtirishni hamda ularning bo'yi va enidagi yoriqlarni berkitishni amr qiladi. Kitoblarni ko'rib, bu tushning ta'biri tafsir yozishga amr ekanini anglaydi.

1252 yili fatvo berish faoliyatini tark qilib, Qur'oni Karim tafsirini yozishga kirishadi. Bu ish o'sha yili Sha'bon oyining o'n oltinchi kechasida boshlanadi. Imom Olusiy o'shanda o'ttiz to'rt yoshda edi. Tafsirni 1267 yili Rabi'ul-oxir oyidan o'n to'rt kun qolganda bitiradi va poytaxtga borib, uni sulton Abdulmajidxonga ko'rsatadi. Bu tafsir sultonga nihoyatda ma'qul keladi. Bosh vazir Aliy Rizo podshohning maslahati bilan tafsirga «Ruhul-ma'aniy fi tafsiri Qur'anil Azimi vas-sab'il-masaniy» degan nomni ixtiyor qiladi.

Imom Olusiy 1269 yili poytaxtdan qaytdi. U kishi ko'p ilmlarda peshqadam bo'lsa ham, Hanafiy mazhabiga ko'p e'tibor berar va imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhiga iqtido qilar edi.

Imom Olusiy «Ruhul-ma'aniy» tafsiridao'zining barcha imkoniyatini, ilmini va aqlu zakovatini boricha ishlatgan. U kishi o'zining bu kitobida odamlarga salaf va xalaf ulamolarining barcha qavllarini saralab, oliy darajadagi omonat va inoyat bilan keltirgan. Imom Olusiy bu kitobni yozishda o'zidan oldin o'tgan mashhur tafsirchilarning kitoblaridan unumli foydalangan.

Aqiyda masalasida Ahli sunna va jamoa mazhabini qo'llash bilan birga, shia va mo''tazilalar kabi muxoliflarni qattiq tanqid qilgan. Fiqhiy masalalarda esa Abu Hanifa rahmatullohi alayhining mazhabini qo'llagan.

Imom Olusiy yolg'on qissalar va isroiliyotlarni ayovsiz tanqid qilgan. Qiroatlar, sababi nuzul, oyatlar va suralar o'rtasidagi bog'lanishlarga ham alohida e'tibor bergan.

«Ruhul-ma'aniy» tafsirida muallif o'tganlarning va keyin kelganlarning qavllarini jamlagan, shu bilan birga, unda ishoriy tafsirni ham unutmagan. Shuning uchun ham ba'zi mutaxassislar u kishining tafsirini ishoriy tafsirlar qatoriga qo'shganlar. Aslida esa bu tafsirni ko'pchilik ra'y bilan qilingan tafsirlar sirasiga qo'shadilar. Imom Olusiy 1270 hijriy sanada Bag'dodda vafot etgan.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Movarounnahrda tafsir ilmi;

Yangi tafsirlar.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Buyuk» geografik kashfiyotlar

23.12.2024   600   6 min.
«Buyuk» geografik kashfiyotlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:

1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.

2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.

Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.

Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.

3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.

Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.

Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.

Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.

Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.

Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.

Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.

Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).

(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)

Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar.  Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi. 

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar