O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug'bek Maqsudov Fors ko'rfazi arab mamlakatlari hamkorlik kengashi (FKAMHK) Bosh kotibi Nayif Falah Al-Hajraf bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nayif Al-Hajraf Fors ko'rfazi mamlakatlarining O'zbekiston bilan yaxshi munosabatda bo'lib kelgani, kelgusida do'stona aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Bosh kotibning ta'kidlashicha, FKAMHK O'zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlangan, ishbilarmon doiralar uchun ochiq, islom tsivilizatsiyasiga katta hissa qo'shgan mamlakat deb biladi.
Hozirgi kunda Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug'bek, Ahmad Farg'oniy va boshqa ko'plab buyuk allamolar merosi o'rganilib, yangi ilm cho'qqilarini zabt etish va insoniyat hayotining turli jabhalarini rivojlantirishda keng foydalanilmoqda, dedi u.
Uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o'zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun, Nayif Al-Hajraf Kuvayt davlatining vakili bo'lib, bu lavozimga 2020 yil 1 fevralda tayinlangan.
FKAMHK muhim mintaqaviy tashkilot bo'lib, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt, Oman va Bahrayn kabi davlatlarni o'z ichiga oladi. Tashkilot 1981 yilda tashkil topgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati