G'aflat to'shagidan uyg'onish alomatlari to'rt narsadir:
1. Dunyoning ishlarini qanoat bilan, shoshqaloqlik qilmasdan bajarish;
2. Oxirat ishlariga hirs qo'yish va uni shoshilib bajarish;
3. Din ishlarini ilm va ijtihod bilan qilish;
4. Hulq-atvor ishlarini nasihat bilan qilish.
Ey birodarlar! Albatta, hammamiz o'lishga mahkum, o'lim uchun yaratilganmiz. Undan hech kim qochib qutula olmas. Alloh taolo bunday deydi: “Hech shak-shubhasiz, sen o'luvchidirsan, ular ham o'luvchidirlar” (Zumar, 30);
Ayting: “Agar sizlar o'lishdan yo o'ldirilishdan qochsangizlar, bu qochish sizlarga biror foyda bermas” (Ahzob, 16).
Har bir musulmon kishiga o'lim boshiga tushmasidan oldin o'limga hozirlik ko'rmoqlik vojibdir. Alloh taolo bunday deydi: “Rostgo'y bo'lsangizlar, o'limni orzu qilinglar. Qilgan kirdikorlari sababli hargiz uni (o'limni) orzu qilolmaydilar” (Baqara, 94-95).
Alloh taolo bizlarga, albatta, Allohga va oxiratga hamda uning jannatiga ishonadiganlar, ya'ni sodiqlar o'limni orzu qilishlarini bayon etadi. Va endi, albatta, Allohga ishonmay, oxiratni va Uning jannatini yolg'on deguvchilar o'z amallarinning yomonligi sababli o'limdan qochadilar. Chunki mo'min kishi o'lim uchun har vaqt hozirlik ko'radi va u Rabbisiga bo'lgan ishtiyoqi bilan o'limni orzu qiladi.
Shu haqda Abu Dardodan rivoyat qilinadi. U aytadiki: “Men faqirlikni Rabbimga kamtarlik qilish uchun yaxshi ko'raman va kasallikni gunohlarga kafforat bo'lishligi uchun yaxshi ko'raman. O'limni Rabbimga mushtoq bo'lganligim uchun yaxshi ko'raman”.
"Tanbehul g'ofilin"dan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.