Shu yil 24 mart kuni Madaniyat vazirligi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining “O'zbekistonga oid xorijdagi qo'lyozma asarlar reestri. tom 1” kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari, “O'zarxiv” agentligi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Sharqshunoslik va Tarix institutlari, Temuriylar tarixi dalat muzeyi, O'zbekiston milliy kutubxonasi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot marosimida Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Rahmatilla Nazarov, Madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Jamol Nosirov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, “O'zarxiv” agentligi direktori maslahatchisi Shuxrat Tursunboyev va boshqalar so'zga chiqib, kitobning ahamiyati tug'risida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ushbu kitob O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi xodimlarining ilk ilmiy mahsuli, unda ajdodlarimizning xorijdagi yozma merosini jamlagan, hajmi 496 betdan iborat.
O'zbek, rus va ingliz tilidagi qismlardan tashkil topgan to'plam “O'zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reestrini tayyorlash, nodir qo'lyozma asarlarning faksemilesini nashr etish” loyihasi doirasida tayyorlangan. Unda 30 mamlakatning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Mansur Moturidiy, Alisher Navoiy singari 150 dan ortiq buyuk alloma va mutafakkirlar hamda Temuriylar davriga oid qo'lyozma asarlarning 1001 ta ilmiy tavsifini o'z ichiga olgan.
Kamoliddin MAHKAMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Kutubxona bo'limi mudiri
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.