O'zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” fondi poytaxtimizdagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasida gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz o'rtasida “Asmaul husna” (Allohning go'zal ismlari) ni aytish bo'yicha musoboqasini o'tkazdi.
Tadbirda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo domla Abdurahmonov, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidi imom noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid, Hayrulloh hoji Akromov, Diniy idora xodimasi Munira Abubakirova, Toshkent shahar hokimiyati vakilasi Dilbar Ahmedova va Toshkent shahar bosh otinoyisi Zulayho Soatovalar qatnashdi.
An'anaga muvofiq anjuman Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Dastlab erkaklar, so'ng ayol-qizlar o'rtasida saralash musobaqasi bo'lib o'tdi. Ularning chiqishlarini jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay'ati baholab bordi.
Erkaklar musobaqasi yakuniy natijasi quyidagicha bo'ldi:
1-o'rin: Nosirjon Komilov;
2-o'rin: Mirzohid Komilov;
3-o'rin: O'tkirbekka Karimovga nasib etdi.
Ayol-qizlar o'rtasidagi bahslarda esa bunday natija qayd etildi:
1-o'rin Ra'no Unbayeva;
2-o'rin Nargiza Shermatova;
3-o'rin Dildora Toirova sohibalari bo'lishdi.
G'olib, sovrindor va ishtirokchilarga “Vaqf” xayriya jamoat fondining qimmatbaho mukofotlari, esdalik sovg'alari topshirildi.
Musobaqa davomida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning “Asmaul husna” (Allohning go'zal ismlari)ni bir-biridan go'zal tarzda yoddan chiroyli aytishlari, ular ijrosidagi go'zal salovat va nashidlar ishtirokchilarni quvontirdi, qalblarini to'lqinlantirdi.
Alloh taolo ushbu yurtdoshlarimizning iymonu ixlosini ziyoda qilsin, qilayotgan amallariga ajrlarni yanada ko'paytirib bersin, barchamizni sihat-salomatlikning qadriga etib, ibodatu yaxshiliklarda bardavom bo'lishimizni nasib aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
- 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.
Nazmiy bayoni:
Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.
Lug‘atlar izohi:
دُخُولُ – mubtado.
النَّاسِ – muzofun ilayh.
فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.
فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.
مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.
الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.
يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.
أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Matn sharhi:
Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.
Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:
عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.
Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:
Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.
Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:
1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;
2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;
3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.
Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].
Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.
Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.