Markaziy Osiyo davlatchiligi tarixidan ma'lumki, davlat hukmdorlari ko'p hollarda taxtdan voz kechsa yoxud tushirilsa, oxirat amallarini bajarish, shariat arkonlaridan birini ado etish uchun Makka va Madinaga yo'l oladilar. Ular o'sha erda vafot etish orzusida Makka va Madinada umrlarining oxirlariga qadar faqirlikda, toat-ibodatda hayot kechiradilar.
Taxtdan tushirilgan hukmdorlarga Haj ziyoratiga borish taklifi ko'p hollarda fitna niyatida ham bildirilganligi tarixdan ma'lum. Masalan, 1449 yil Mirzo Ulug'bekka qarshi shunday fitna uyushtirilgan edi. O'rta Osiyo davlatlaridan o'nlab hukmdorlar ma'lum muddat Makka yoki Madinada yashab, shu erda vafot etib, dafn etilgan.
Masalan, Boburiylar davlatida Humoyun va Komronmirzo o'rtasida uzoq kurashlardan keyin, 1555 yil Boburiylarning Afg'oniston hududidagi hukmdori, Boburning ikkinchi o'g'li Komronmirzo suyurg'ollardan mahrum etilib, ko'zlari ko'r qilinib, Haj ziyoratiga yuborilgan. 1557 yilda Makkada vafot etgan shahzoda, shu erda dafn etilgan.
Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdorlar – Boqi Muhammad, Vali Muhammad, Imomqulixon, Nadr Muhammadxon, Abdulazizxon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon, Abulfayzxon, Abdulmo'minxonlarning ikki nafari Madinada, biri esa Eronda vafot etgan. Biroq ularning har uchalasi ham Madinada dafn etilgan.
Din Muhammadxon ibn Jonibekxonning o'g'li, Buxoro xoni Imomqulixon (1611–1642 yillarda hukmronlik qilgan) 1642 yil ukasi Nadr Muhammadxon foydasiga taxtdan voz kechib, Haj ziyorati uchun Makka va Madinaga yo'l oladi.
Madinada ikki-uch yil yashab, shu shaharda Movarounnahrdan borgan ziyoratchilar dam olib ketishlari uchun Chorbog', Makkadagi Ka'baga kiraverish darvozalaridan biriga oltin va kumush tutqichli yog'och zina qurdiradi. Vafot etgach, Madinadagi Baqia qabristonida dafn etiladi.
Uning ukasi Nadr Muhammadxon (1642–1645 yillarda hukmronlik qilgan; 1651 yilda vafot etgan) Buxoro taxtidan mahrum bo'lgach, Balx va Badaxshonda hukmronlik qildi. Eron safaviylari yordamiga tayangan holda Buxoro hokimiyatini qaytarib olishga harakat qildi.
Unga safaviy shohlarining yordam berishiga sabab Nadr Muhammadning onasi Mashhad sayyidlaridan bo'lganligi, Eron safaviylari xonadoniga ham qarindoshligida edi. Balx va Badaxshonda uzoq vaqt hukmronlik qilgan xon Makka va Madina ziyoratini ixtiyor qilib, o'sha erda umrining so'nggigacha qolish uchun shu sharif shaharlar tomon yo'l oladi.
Lekin yo'lda, Eronning Simnon viloyatida to'satdan vafot etadi. Uning jasadini Eron shohi ehtirom bilan Madinaga olib borib dafn etishni buyurgan.
Shu tariqa, Nadr Muhammadning jasadi Madinaga, Baqia qabristoniga, akasi Imomqulixon qabri yoniga dafn etilgan.
Ashtarxoniylarning beshinchi xoni Abdulazizxon (1613–1682 yillarda yashagan; 1645–1681 yillarda hukmronlik qilgan) 1681 yil o'z ukasi Subhonqulixonni Buxoro taxtiga chiqarib, o'zi Umra ziyorati uchun Makka va Madina shaharlariga yo'l olgan.
U 1682 yil Madinada 70 yoshida vafot etgan va amaki bobosi (otasi Nadr Muhammadning akasi) Imomqulixon maqbarasi yonida, Baqia qabristoniga dafn etilgan.
Akbar Zamonov,
tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori
(“O'rta asr tarixiy shaxslari hayotining ayrim noma'lum sahifalari” kitobidan olindi)
"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.
Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.
Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.
Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.
Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).
"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!
Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).