Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Muborak vasiyatlar: OTA-ONAGA YaHShILIK QILISh!

25.03.2021   4503   28 min.
Muborak vasiyatlar: OTA-ONAGA YaHShILIK QILISh!

Ota-onaga yaxshilik qilish

Darqaqiqat, Alloh taolo insonga ota-onasi bilan yaxshi munosabatda bo'lishni va doim ularga yaxshilik qilishni buyurdi.

Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿۞وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوٓاْ إِلَّآ إِيَّاهُ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنًاۚ إِمَّا يَبۡلُغَنَّ عِندَكَ ٱلۡكِبَرَ أَحَدُهُمَآ أَوۡ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَآ أُفّٖ وَلَا تَنۡهَرۡهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوۡلٗا كَرِيمٗا٢٣ وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرٗا٢٤

«Rabbingiz Uning O'zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsa, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro, 23–24)

“Ularga yoqimli so'z ayt” deyilganida ota-onani nomi bilan chaqirmaslik, balki “otajon, onajon” kabi so'zlar bilan hurmatlab muomala qilish, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmaslik, ular oldida o'zini qul yoki cho'rilardek tutish kabilarni tushunish kerak (“Madorikuttanzil va haqoiqutta'vil” tafsiri).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “...ularga “uf!..” dema va ularni jerkima!” oyatini sharhlab, aytadi: “U nafrat so'zidir”.

Muqotil aytadi: “U qo'pol, yomon so'zlarni aytish”.

Tarbiya berib, voyaga etkazgan ota-onasining mehribonligini va chekkan mashaqqatlarini qadrlashi uchun Alloh taolo bandalariga buyuradi:

“...va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”»

Alloh taolo insondagi ota-ona haqi xususida bunday dedi:

﴿وَإِذۡ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَ بَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ لَا تَعۡبُدُونَ إِلَّا ٱللَّهَ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَانٗا وَذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَقُولُواْ لِلنَّاسِ حُسۡنٗا وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ

«Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: “Faqat Allohgagina sig'inasiz, ota-ona, qarindosh, etim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso'z bo'ling, namozni barkamol o'qing, zakot bering”, deb ahd olgan edik» (Baqara, 83).

Ota-onaga yaxshilik qilish amallarning yaxshisi va toatlarning eng ulug'idir. Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh, eng yaxshi amal qaysi?” deb so'radim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “(Eng afzal amal) o'z vaqtida o'qiladigan namozdir”, dedilar. “So'ng qaysi?” deb so'radim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, dedilar.

Ota-onaga yaxshilik qilish jannatga olib boruvchi yo'llardandir.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan ushbu so'zlarni eshitdim: “Hor bo'lsin! Hor bo'lsin! Hor bo'lsin!” “Kim u, yo Rasululloh?” deb so'rashdi. “Ota-onasining birini yoki ikkalasini qarilik chog'ida topib, ularga yaxshilik qilib jannati bo'lib olmagan”, dedilar».

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh): “Ota-onaga yaxshilik qilish Allohga ma'siyat bo'lmagan barcha narsada ularga itoat qilishdir. Ota-onaga oq bo'lish ularni qarilik chog'ida qarovsiz tashlab qo'yish va yaxshilikdan mahrum qilishdir”, dedi.

Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga jihod qilish uchun ruxsat so'rab kelgan bir kishi qissasini eslaylik.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) undan: “Ota-onang tirikmi?” deb so'radilar. U: “Ha”, dedi. Payg'ambarimiz (alayhissalom): “Sen jiddu jahd bilan xizmatlarini ado et”, dedilar.

Har bir insonga ota-onasiga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Ota-onaga yaxshilik qilish hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo'yin tovlamaslikdir. Ba'zilar ota-onaga yaxshilik faqat o'ziga yoqadigan ishlarda va xohishiga muvofiq kelgan o'rinlarda deb hisoblaydi. Haqiqatda esa, bunday emas. Yaxshilik faqat yaxshi amallarda, bandaning havoyi xohishlariga xilof narsalarda bo'ladi. Agar ularning havoyi mayllariga to'g'ri keladigan narsada bo'lganida edi, u yaxshilik deb nomlanmasdi. Alloh taolo bandani ota-onaga yaxshilik qilish va ular hurmatini joyiga qo'yishga buyuradi:

“Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: «Ey Rabbim! Meni (ular) go'daklik chog'imda tarbiya­laganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”

Alloh taolo aytadi:

﴿وَوَصَّيۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ بِوَٰلِدَيۡهِ إِحۡسَٰنًاۖ حَمَلَتۡهُ أُمُّهُۥ كُرۡهٗا وَوَضَعَتۡهُ كُرۡهٗاۖ وَحَمۡلُهُۥ وَفِصَٰلُهُۥ ثَلَٰثُونَ شَهۡرًاۚ حَتَّىٰٓ إِذَا بَلَغَ أَشُدَّهُۥ وَبَلَغَ أَرۡبَعِينَ سَنَةٗ قَالَ رَبِّ أَوۡزِعۡنِيٓ أَنۡ أَشۡكُرَ نِعۡمَتَكَ ٱلَّتِيٓ أَنۡعَمۡتَ عَلَيَّ وَعَلَىٰ وَٰلِدَيَّ وَأَنۡ أَعۡمَلَ صَٰلِحٗا تَرۡضَىٰهُ وَأَصۡلِحۡ لِي فِي ذُرِّيَّتِيٓۖ إِنِّي تُبۡتُ إِلَيۡكَ وَإِنِّي مِنَ ٱلۡمُسۡلِمِينَ١٥

«Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko'tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o'ttiz oydir. Bas, qachon, u voyaga etib, qirq yoshga to'lganida: “Ey Rabbim! Menga va ota-onamga in'om etgan ne'matingga shukr qilishga va O'zing rozi bo'ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman”, deydi» (Ahqof, 15).

Baqara surasi 233-oyatda chaqaloq to'la ikki yil emizilishi belgilab qo'yilgan. O'ttiz oydan yigirma to'rt oy emizishga ketsa, olti oy qoladi. Homila odatda to'qqiz oyda tug'ilsa-da, buning eng kam muddati olti oy, ko'p muddati esa, yigirma to'rt oy, deyishgan. Bu tabobatda ham tasdiqlangan.

Ulamolar: “Bu oyat Abu Bakr (roziyallohu anhu) haqlarida nozil bo'lgan”, deydi. Bu oyat u kishining otalari Abu Quhofa, onalari Ummul Hayr, bolalari haqiga qilgan duolari ijobat bo'lganidan darak beradi. O'zi bilan birga ota-onasi va o'g'il-qizlari Islomni qabul qilgan boshqa biror sahoba yo'q, bunga faqat Abu Bakrgina musharraf bo'lgan.

Ali ibn Abu Tolib (karramallohu vajhahu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men ota-onasining haqini ado etgan kishidan xursandman”, dedilar. Men: “Yo Rasululloh! Agar unda (ota-ona haqini ado etishda) hech narsa bo'lmasachi?” deb so'radim. Payg'ambarimiz (alayhissalom): “Agar ular bir ishga buyursa, “xo'p bo'ladi”, desin, “uf”, demasin. Ularga qattiq gapirmasin, faqat yaxshi gaplarni so'zlasin”, dedilar.

Bir kishi Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, menga bir yaxshilikni bildiring, undan dunyoda ham, oxiratda ham manfaat topay”, dedi. “Ota-onang bormi?” deb so'raganlarida, u: “Ha”, deb javob berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Unday bo'lsa, ularning haqini ado qil va ularni ovqatlantirgin. Ularga edirgan har bir luqmang uchun jannatda qasr bino qilinadi”, dedilar. Yana bir sahoba Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, mening onam bor va unga nafaqa qilib turaman. U esa menga tili bilan aziyat beradi. Nima qilay?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uning haqini ado qil. Allohga qasam, agar go'shtingni kesib bersang ham, haqining to'rtdan birini ado qila olmaysan. Jannat onalarning oyog'i ostida ekanini bilmaysanmi?” deb javob berdilar. Sahoba: “Endi onamga aslo yomon gapirmayman”, dedi va onasi oldiga kelib, oyoqlarini o'pdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) matni uzun bir hadisning oxirida aytganlar: “Meni haq bilan payg'ambar qilib yuborgan Zotga qasam, kimga Alloh taolo mol ato qilsa, bu molidan u ota-onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo'ladi”. Bir kishi: “Yo Rasululloh, agar ota-onasi dunyodan o'tib ketgan bo'lsa-chi?” deb so'radi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Ularning nomidan sadaqa qiladi, Qur'on o'qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oq bo'ladi. Kim ularga oq bo'lsa, osiy bo'libdi”, deb javob berdilar.

Ba'zilar: “Bir banda farz namozini o'qib, ketidan ota-onasi haqiga mag'firat so'rab duo qilsa, Alloh taolo duosini ijobat etib, garchi ota-onasi fosiq bo'lsa ham, ularni mag'firat qiladi”, degan.

Abu Zarr G'iforiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bunday deganlarini eshitganman: “Kim ota-onasini ziyorat qilish uchun yo'l yursa, Alloh uning har bir bosgan qadamiga yuzta savob yozib, yuzta gunohini o'chiradi va darajasini yuz baravar ko'taradi. Agar ular oldida yaxshi so'zlarni aytsa, qiyomat kuni unga nur bo'ladi. Ota-onasi oldidan gunohlari kechirilgan holatda chiqadi”».

Umar (roziyallohu anhu) davrida bir savdogar bor edi. Bir kuni onasi uning oldiga kelib, o'ziga zarur narsani berishini so'radi. Shunda savdogarning xotini: “Onang bizning kambag'al bo'­lishimizni xohlayapti, agar har kuni shunday so'rayversa, faqir bo'lib qolamiz”, dedi va savdogar unga hech narsa bermagach, onasi yig'lab, qaytib ketdi. Bir safar savdogar tijorat ishi bilan yo'lga chiqqanida, qaroqchilar yo'lini to'sdi. Mollarini tortib olishdi-da, qo'lini kesib, bo'yniga osib ketishdi. Shu erdan o'tayotgan qavm uni ko'rib, uyiga olib bordi. Ko'rgani kelgan qarindoshlariga u: “Bu mening jazoim. Agar onamga infoq-ehson qilganimda, qo'lim ham, molim ham o'zimda qolardi”, dedi.

Hikoya qilinishicha, fazilati bilan mashhur shayx Makkaga safarni qasd qildi. Ammo onasi bundan norozi bo'ldi. Onasi uning ortidan: “Parvardigoro, o'g'lim meni ayriliq o'ti bilan kuydirdi. Uni bu qilmishi uchun jazolagin!” deb duo qildi. Shayx shaharlardan biriga etgach, masjidga kirib, ibodat qila boshladi. Shu kecha bir kishining uyiga o'g'ri kirdi. Uy egasi o'g'rining masjid tomon qochganini ko'rdi. Odamlar uni quvlay ketdi, lekin o'g'ri masjidning oldiga kelganida ko'zdan g'oyib bo'ldi. Ular: “Masjidga kirgandir”, deb ichkariga qaradi. Namoz o'qiyotgan shayxni ushlab, shahar hokimining oldiga olib borishdi. Hokim o'g'rining ko'zini o'yish, qo'l-oyoqlarini kesishga buyurdi. Jallodlar hukmni ijro etdi va: “Bu o'g'rining jazosi”, deya bozorda jar solishdi. Shunda shayx: “Unday demanglar! Bu onasining ruxsatisiz Ka'bani tavof qilish uchun chiqqan kimsaning jazosidir, deb aytinglar”, dedi. Uning shayx ekanini bilishgach, qilgan ishlaridan pushaymon bo'lishdi. Onasi oldiga olib kelib, ostonaga qo'yib ketishdi. Uy ichidan esa onasining nolasi eshitildi: “Parvardigoro, agar bolamning boshiga bir balo solsang, so'ngra uni qaytarsang, o'g'limni bir bor ko'rsam”. Shunda shayx: “Men och musofirman, menga ovqat beringlar”, dedi. Onasi: “Eshik oldiga kel”, dedi. U: “Mening oyoqlarim yo'q”, dedi. Onasi: “Bo'lmasa, qo'lingni cho'z”, dedi. “Cho'zadigan qo'llarim ham yo'q”, dedi u. Onasi dedi: “Men senga nomahram bo'lsam, qanday qilib seni ovqatlantiraman”. U: “Qo'rqma, mening ko'zlarim ham yo'q”, dedi. Shunda onasi bitta non bilan ko'zachada suv olib, uning oldiga keldi. Shayx yuzini onasining oyog'iga qo'yib: “Men sizning osiy o'g'lingizman”, dedi. Onasi uni tanib, yig'lab yubordi va: “Parvardigoro, agar holat bunday bo'lsa, ikkimizning ham jonimizni olgin, toki odamlar yuzlarimiz qoraligini ko'rishmasin”, deb nola qildi. Uning nolasi tugar-tugamas, Alloh har ikkisining jonini oldi.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kim ota-onasini norozi qilgan bo'lsa, shahodat kalimasini aytolmay o'ladi va qabridan peshonasiga “Bu ota-onasiga oq bo'lgan kimsaning jazosidir”, deb yozilgan holatda turadi», dedilar. Boshqa bir hadisda: “Kimga Alloh taolo mol ato qilsa-yu, u ota-onasining haqini ado qilmasa, uning amallari bekor bo'ladi va u qattiq azoblanadi”, deyilgan.

Imom Termiziy Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Allohning roziligi ota-onaning roziligida, g'azabi ota-onaning g'azabidadir”, dedilar».

“Sahihi Buxoriy”da kelishicha, Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan “Qaysi amal Allohga ma'qulroq?” deb so'radim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, dedilar. “Yana qaysi amal?” deb so'radim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh yo'lida g'azot qilish”, dedilar. Shu asnoda bir kishi kelib, g'azotga chiqish uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan ruxsat so'radi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Ota-onang xizmatini qilsang, g'azot qilgan bo'lasan”, dedilar».

Ansorlardan bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Ota-onam vafot etganidan keyin ham ularga yaxshilik qilishim kerakmi?” deb so'radi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ha, to'rt narsa bilan xizmat qilishing kerak: ularning haqiga duo qilish, gunohlariga istig'for aytish, ularning ahdlari, va'dalarini bajarish, ularning do'stlarini hurmat qilish”, dedilar.

Ota-ona xizmatini qilishda, ularning roziligini topishda sustkashlik qilish yaramaydi. Hizmatlarini ado etish va ular haqiga rahmat-mag'firat tilab, duolar qilish zarur! Shunda ham ota-onaning haqlarini to'liq ado eta olmaysiz. Lekin Alloh taolo oz amallaringizni baraka bilan ko'paytirib beradi.

Ota-onaga yaxshilik qilishga Buyuk Alloh tarafidan amr-farmon bo'lishiga qaramay, bu sohadagi o'lchovlarimiz buzilib ketgan. Goho oshna-og'aynilarini, xotini, farzandlarini ota-onasidan ustun qo'yadigan kimsalarni uchratamiz. Ba'zilar ota-onaga yaxshilik qilish kabi fazilati ulug' amallarni tark etib, arzimas ishlar bilan kifoyalanadi. Ba'zilar ota-onasi qarib qolganida tashlab ketadi yoki ota-onasini kamdan-kam ziyorat qiladi. Ota-onasiga baqiradigan yoki qo'pol muomala qiladiganlar ham bor. Ayrimlar ko'cha-ko'yda birovlarga xushomad qiladi-yu, uyida keksa ota-onasiga aytgani bir og'iz iliq so'z topolmaydi. Ular bilan qo'pol muomalada bo'ladi.

Bugun dinimiz buyruqlariga e'tiborsizlik va ayollarning faollashuvi sababli xotinini ota-onadan ustun qo'yish hollari ko'paydi. Muoz (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga vasiyat qildilar: “Agar ota-onang senga ahling (xotining)dan ham, molingdan ham voz kechishingni buyurishsa ham, ularga itoat qil!”»

Erini ota-onasiga osiy bo'lishga va qarindosh-urug'chilikni uzishga undaydigan ayolda yaxshilik yo'qdir.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi: «Umar (roziyallohu anhu) ayolimni yoqtirmasdi. Otam menga uni taloq qil, dedi. Men bosh tortdim. Umar (roziyallohu anhu) Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borib, ustimdan shikoyat qildi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam: “Otangga itoat qil”, dedilar».

Abu Dardo (roziyallohu anhu) huzurlariga bir kishi kelib: “Onam xotinimni taloq qilishimni buyuryapti”, dedi. Abu Dardo: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Ota-ona jannat darvozalarining o'rtasidadir. Agar xohlasang, bu darvozani yo'q qilasan yoki saqlab qolasan”, deganlarini eshitganman», dedi.

Kishi ota-onasiga rohat-farog'atidan kechib bo'lsa-da, yaxshilik qilsin, itoat etsin. Kim baxt-saodat istasa, jannat darvozalarini buzib tashlamasin. Endi kim oxiratini dunyoga almashtirsa va o'tkinchi hayotni afzal bilsa, u jannat darvozasini buzib tashlagan bo'ladi.

Yuqoridagi hukmga ko'ra, agar ayol xulqi yomon va itoatsiz bo'lsa, ota-ona undan ajralishga buyursa, farzand itoat qilishi shart. Ammo ayoli yaxshi bo'lsa, ota-onasi mustahkam dindor bo'lmasa, kelinning dindorligi tufayli taloq qilishga buyursa, o'g'il ular bilan chiroyli muomala qiladi, xizmatlarini bajaradi, ammo ayolini taloq qilmaydi. Allohdan qo'rqadigan muslima erini ota-onasiga yaxshilik qilishga undaydi. U mana shu ishda Allohdan savob umid qiladi. Ota-onani hurmatlash, ularning xizmatlarini qilish ulkan boylik va chiroyli xulqlardandir.

Mujohid aytadi: «Agar ota bolasini uraman deb qo'l ko'tarsa, bola otasining qo'lini qaytarmasin. Kim ota-onasiga xo'mrayib qarasa, ularga yaxshilik qilmabdi. Kim ularga (Allohga va ota-onaga osiylik qilish bilan) g'am keltirsa, oq bo'libdi. Ota-onaga oq bo'lishdan ehtiyot bo'ling. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uch narsa bilan kishining amallari unga foyda bermaydi. Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo'lish, dushman bostirib kelganida urushdan qochish”, deganlar».

Juhayma (roziyallohu anhu) Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, jahd qilishni istab, sizdan maslahat so'rab keldim”, dedi. “Onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Onangni yolg'iz qoldirma. Chunki jannat uning oyog'i ostidadir”, dedilar.

Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, hijrat qilish uchun sizga bay'at bergani keldim. Lekin ota-onam ortimdan yig'lab qoldi”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaytib bor va ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin”, dedilar. Boshqa rivoyatda: “Sen ular oldiga qaytib borib, ularni yig'latganingdek kuldirmaguningcha, sendan bay'at olmayman”, kabi kelgan.

Qatodadan rivoyat qilinadi: “Bir kishining onasi unga faqat farz namozlarini o'qiysan va faqat Ramazon ro'zasini tutasan, deb qasam ichirdi. Shunday holatda u onasiga itoat qiladi! Chunki onaga itoat qilish nafl ibodatlardan afzaldir.

Hishom ibn Hasson aytadi: «Men Hasanga: “Kechasi Qur'ondan ta'lim olaman. Onam kechqurungi ovqatda meni kutib qoladi”, dedim. Hasan: “Kechqurungi ovqatni onang bilan egin, chunki onang yonida bo'lib, uni quvontirishing nafl haj qilishingdan yaxshidir”, dedi».

Ibn Umar (roziyallohu anhu) onasini elkasida ko'tarib, Ka'bani tavof qilayotgan kishini ko'rdi. U kishi: “Ey Ibn Umar, onamning haqini ado qildimmi?” deb so'radi. Ibn Umar: “Seni tug'ishdagi to'lg'oqlaridan bittasining haqini ham ado qilganing yo'q. Lekin sen yaxshi ish qilyapsan. Alloh kamiga ham ko'p savob beradi”, dedi.

Agar birov bizga bir-ikki bor yaxshilik qilsa, uni maqtab, yaxshiliklarini eslab yuramiz. Ota-onamizga esa ba'zan itoatsizlik va qo'pol muomala bilan javob beramiz. Boshqalarning ko'nglini olishga urinamiz-u, ammo ne-ne mashaqqatlar bilan bizlarni ulg'aytirgan ota-onamizning ko'nglini ko'tarish, dilini shod qilishga e'tibor bermaymiz. Biror farzand otasi yoki onasi vafot etganida kasal bo'lib qolganini ko'rganmisiz? Yoqub (alayhissalom) qissasini bir eslaylik. O'g'li Yusufdan ayrilish otaga qanday ta'sir qilganini xotirlab, xulosa chiqaraylik.

Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿وَتَوَلَّىٰ عَنۡهُمۡ وَقَالَ يَٰٓأَسَفَىٰ عَلَىٰ يُوسُفَ وَٱبۡيَضَّتۡ عَيۡنَاهُ مِنَ ٱلۡحُزۡنِ فَهُوَ كَظِيمٞ٨٤

«Keyin ulardan yuz o'girib: “Esizgina Yusuf!” dedi. G'am-g'ussadan uning ko'zlari oqarib (ojiz bo'lib) qoldi va u endi mahzundir» (Yusuf, 84).

Yoqub (alayhissalom) sakson yil suyukli o'g'li Yusuf (alayhissalom) firoqida yig'layverganidan ko'zlari oqarib, oxiri ko'r bo'lib qoladi. Bu yig'i sabrsizlik yig'isi bo'lmay, insonga Alloh ato etgan tug'ma tabiat edi, otalik mehri dalolati edi. Muhammad (alayhissalom) ham Ibrohim ismli norasida o'g'illari vafot etganida ko'zlariga ixtiyorsiz yosh olganlari ma'lum.

Ota-onaga oq bo'lishga ularni yig'latish, xafa qilish, uzoq vaqt ziyorat qilmaslik, salomatliklari va moddiy holatlariga e'tibor bermaslik kabilar kiradi. Shuningdek, bolalar Allohga itoat qilmasligi va munkar ishlarga berilishi ham ota-onani g'amga botiradi. Chunki bu ishlar ota-onaga yomon ta'sir qiladi. Ko'pincha farzandlar yaxshi mansablarga va molu dunyoga ega bo'lganida shunday oqpadarlik qiladi.

Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib dedi:

– Yo Rasululloh! Insonlar orasida mening chiroyli muomala qilishimga kim haqliroq?

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

– Onang, – dedilar.

– So'ng kim? – deb so'radi.

– Onang, – dedilar.

– So'ng kim? – dedi.

– Onang, – dedilar.

– So'ng kim?

– Otang, – dedilar.

Ibn Battol aytadi: “Ona uch narsada otadan farqlanib, afzal turadi: bolani qornida ko'tarish qiyinchiligi, to'lg'oq azobi va emizish mashaqqati. Onaning otadan oldin qo'yilishida katta hikmat bor. Ona o'zini boqadigan, yaxshilik va parvarish qiladigan kishiga muhtojdir. Chunki u zaifa, kasbi yo'q, e'tibor va rahm-shafqatga muhtojdir.

Muso (alayhissalom) Alloh taologa jannatda kimga qo'shni bo'lishini bildirishini so'rab, yolborar edi.

Bir kuni shunday nido keldi:

– Ey Muso, falon erda yashovchi qassob sening jannatdagi qo'shning bo'ladi...

Muso (alayhissalom) qiziqib, qassobning qaysi ibodati uchun bunga loyiq bo'lganini bilish niyatida yo'lga chiqdi. Muso (alayhissalom) o'sha odamni qidirib topdi. Qassob Muso (alayhissalom) haq payg'ambar ekanini bilgan, imon keltirgan edi. Lekin o'zini ko'rmagan edi. Shuning uchun tanimadi. Kechqurun qassob Muso (alayhissalom)ni uyiga olib ketdi. Ovqat tayyorladi. Dasturxon tuzadi. Ovqat eyishdan oldin, qassob devorga osilgan bir savatni erga tushirdi va undan hatto harakat qilishga ham holi qolmagan bir qari kampirni oldi. Huddi go'dakni ovqatlantirgandek unga edirdi, ichirdi va yana savatga joylab, devorga osdi. Shunda kampir nimalardir deb shivirladi. Qari ayolning nima deyayotganini tushunmagan Muso (alayhissalom) qassobdan so'radi:

– O'g'lim, bu kampir kiming bo'ladi?

Qassob musofirga:

– Bu ayol onam bo'ladilar. O'tirib-turishga, ovqat eyishga hollari yo'q. Shu bois o'zim ediraman, ichiraman va tozaligiga qarayman. Qo'limdan kelganicha xushnud etishga harakat qilaman.

Muso (alayhissalom):

– Hozirgina u senga gapirganday bo'ldi, nimalar dedi?

Qassob:

– Ey Rabbim! Men o'g'limdan xursandman. Sen ham undan rozi bo'l. Jannatda uni Muso (alayhissalom)ga qo'shni qil, deb duo qildi. Shunda Muso (alayhissalom) o'zini tanitadigan vaqt kelganini tushundi va:

– Men Allohning payg'ambari Muso bo'laman. Allohdan jannatdagi qo'shnim kim bo'lishini bildirishini iltijo qilgan edim. Alloh sen ekaningni bildirdi. Senga xushxabar bo'lsin: onangga qilgan xizmating uchun Alloh sendan rozi bo'ldi. Onangning duosini qabul ayladi, – deb marhamat qildi.

Ota-ona dunyodan o'tganlaridan keyin ularning haqlariga rahmat va mag'firat so'rab duo qilish, ularning vasiyatlarini bajarish, shuningdek, ular nomidan sadaqa qilish va ularning qarindosh-urug'lari bilan bordi-keldi qilish fazilatli ishlardandir. Bir ansoriy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Yo Rasululloh, ota-onam bu dunyodan o'tib ketganlaridan keyin ularga qanday yaxshilik qilishim mumkin?”, deb so'radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “To'rt amal bor: ularning haqlariga duo qilish hamda istig'for aytish; ahdlarini bajarish; ularning do'stlarini hurmat qilish; ota-onang yaxshilik qiladigan kishilar bilan silai rahm, ya'ni qarindoshchilikni bog'lash. Mana shu ishlar vafotlaridan keyin ham ularga qila oladigan yaxshiliklaringdir”, dedilar.

Biz Alloh kitobidan, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)  sunnatlaridan vasiyatda aytilgan nasihatga quloq tutaylik:

– Ota-onamiz yonimizda ekanida, soch-soqollari oqarib, bellari bukilganida, qo'l-oyoqlari qaltirab, qiyinchilik bilan turib, mashaqqat bilan o'tirganida, xastaliklar kela boshlaganida ularga yaxshi muomalada bo'laylik. Ko'ngillarini ko'taraylik, xushnud etaylik. Ularga molimiz va kuchimizni sarflashda baxillik qilmaylik. Ular bilan hayotimizni chiroyli o'tkazaylik.

 

KYeYINGI MAVZU:

Namozni o'z vaqtida ado etish;

Jamoat namozi;

Istiqomatda bo'lish.

Boshqa maqolalar

Oftobda o‘tirmang!

23.06.2025   2826   4 min.
Oftobda o‘tirmang!

Yer yuziga eng yaqin bo‘lgan yulduz — Quyosh barcha mavjudotlar, jumladan, insonlar uchun hayotiy muhim sayyoradir. Quyosh barcha organik molekulalar hosil bo‘lishida ishtirok etib, insonlar ham quyosh nurisiz yashay olmaydi.

Quyosh nuri triptofan aminokislotasining serotonin gormoniga aylanishida yordam beradi. U bizga quvonch va o‘zimizga ishonch tuyg‘usini beradi, kayfiyatimizni ko‘taradi. Serotonin kuchli antidepressant bo‘lib, miya, mushaklar va ichki organlar faoliyatini yaxshilaydi.

Quyosh nuri orqali turli kasalliklarga davo topish mumkin, jumladan, immuniteti pasaygan, uyqusizlik, gormonal kasalliklar va mavsumiy affektiv kasalliklarga chalingan odamlar uchun quyoshda toblanish foydali bo‘ladi.

Bundan tashqari, quyosh ultrabinafsha nurlarining yana bir muhim xususiyati mavjud: u teri hujayralarida D vitamini ishlab chiqarishda faol ishtirok etadi.

D vitamini organizmga kalsiyning so‘rilishi uchun zarur element hisoblanadi. U osteoporoz rivojlanishining oldini oladi, suyak to‘qimalarining tiklanishiga yordam beradi va bolalarda suyaklar deformatsiyasi va o‘sish bilan muammolarning oldini oladi.

Quyosh nuri depressiyadan qutqaradi, undan hosil bo‘ladigan D vitamini nafas olish va gormonal kasalliklarning oldini oladi va keksayganda demensiya va ateroskleroz rivojlanishidan himoya qiladi.


Ammo uzoq muddatga quyosh nurlari ostida qolish tanaga zarar yetkazadi.

Quyosh nurlari birinchi navbatda teri va ko‘zlarga ta’sir qiladi. Xususan, yoz faslidagi o‘ta issiq havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshadi va fotodermatit kasalligi yuzaga keladi.

Ortiqcha quyosh nuri immunitetni zaiflashtiradi va teri hujayralarida mutatsiyaga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida teri saratoni — melanoma, retinoblastomaga olib keladi.

Quyosh ostida uzoq qolish homilador ayollar uchun xavflidir. Chunki ortiqcha nurlanish homila rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan B9 vitamini, ya’ni foliy kislotasi miqdorini kamaytiradi.

Oftob nurlarining salbiy ta’sirlaridan yana biri, tomirlarni kengaytirishi va oyoqlarda varikoz, yuzda esa ingichka tomirlarning yorilishidan kelib chiquvchi qizil dog‘lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishidir.


Quyosh nurlari keyinchalik terining barvaqt qarishini keltirib chikaradi. Chunki bu nurlar teridagi to‘qimalarni bo‘shashtiradi va u tezda qurishib-burisha boshlaydi.

Har yili quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siridan teri saratoni kasaliga uchrab minglab insonlar hayotdan ko‘z yummoqda.

Yosh bolalar uchun quyoshda yurish yanada xavflidir. Bolalik va yoshlik chog‘ida ko‘p quyoshda qorayganlarda yoshi o‘tgandan keyin teri saratoni kasaliga uchrash ehtimoli ortadi.

Ayniqsa, qorayishni “sog‘lik alomati” deb biluvchilar, bolalik chog‘idayoq keyingi yillarda teri saratoni bo‘lishiga kifoya qiladigan miqdorda quyoshning salbiy ta’sirini olishga ulgurgan bo‘ladilar. Yoz mavsumi tugashi bilan tana rangi ochilishiga qaramay, ultrabinafsha nurlari ta’siri ketmaydi.


Quyoshning zararlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini 14 asr avval bunday ogohlantirganlar: “Oftobda o‘tirmang. Oftobda o‘tirish kishi tanasini buzib, kuritadi. Ya’ni, namligini tortib oladi, terisini buzadi. Terisi qurib, kiyimi ham eskiradi. U inson badanidagi yashiringan kasalliklarni yuzaga chiqaradi”.


Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Albatta, haroratning shiddati jahannamning qaynab chiqqan issig‘idandir”, deganlar.

Shuning uchun, jazirama issiq kunlarda oftob ostida ko‘p qolishdan saqlaning hamda ko‘proq “Allohumma, ajirniy minan-naar” (Allohim, meni do‘zaxdan saqlagin) deb duo qilishni unutmang!

 

Davron NURMUHAMMAD