Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug'bek Maqsudov Podshoh Faysal nomidagi tadqiqotlar va islomshunoslik markazi bosh kotibi doktor Saud Al-Sarhan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Doktor Saud Al-Sarhan joriy yil yanvar' oyida O'zbekistonga safari tafsilotlari bilan o'rtoqlashdi. Uning aytishicha, ushbu tashrif juda samarali bo'ldi va hamkorlikning qator aniq yo'nalishlari belgilab olindi. Jumladan, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi bilan anglashuv memorandum imzolanib, qo'lyozmalarni o'rganish bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqilgani qayd etildi.
Muloqot davomida Saudiya tomonidan Islom tsivilizatsiyasi markaziga moddiy-texnikaviy yordam masalasi muhokama qilindi.
O'zbekistondagi qo'lyozmalarni sterilizatsiyalash, qayta tiklash, mikroblardan saqlashda ishlatiladigan maxsus «Wei T’o» jihozini Islom tsivilizatsiyasi markaziga taqdim etish uchun buyurtma berilgani ta'kidlandi. Ushbu asbob Islom tsivilizatsiyasi markazidagi 2 mingdan ziyod qo'lyozmaning emirilishini oldini oladi va aslini yo'qotmagan holda saqlashda eng yaxshi vosita bo'lib xizmat qiladi.
«Wei T’o» asbobi tayyor bo'lgach, Faysal markazi tomonidan chop etilgan kitoblar majmuasi bilan birga O'zbekistonga etkazilishi ma'lum qilindi.
O'z navbatida elchixona vakillari respublikamizdagi qo'lyozmalarni o'rganish va ularni raqamlashtirish bo'yicha Saudiya tajribasini o'zlashtirish maqsadida o'zbekistonlik mutaxassislarning podshohlikka safarini tashkil etish taklifini bildirdi.
Shuningdek, O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti va mamlakatimizdagi boshqa ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni faollashtirish xususida ham fikr almashildi.
Uchrashuv so'nggida Podshoh Faysal nomidagi tadqiqotlar va islomshunoslik markazida saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburga taalluqli qo'lyozma asar va kitoblardan nusxa olish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati