Mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi vakillari Madrid islom madaniyati markazi departamenti rahbari Sami al-Mushtavi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Madrid islom madaniyati markazi bilan hamkorligida “Movaraunnahr ulamolarining islom tsivilizatsiyasi va jahon ilm-taraqqiyoti rivojiga qo'shgan hissasi” mavzusida videomuloqot shaklidagi seminarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Sami al-Mushtafi mazkur anjumanni o'tkazish bo'yicha tashabbusni ijobiy baholadi.
Madrid islom madaniyati markazi vakillariga so'nggi yillarda O'zbekistonda diniy bag'rikenglik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ma'lumot berildi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2018 yilda tashkil topgan O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati va uning vazifalari haqida so'zlab berildi.
O'zbekiston Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish doirasida ispan tomoniga mamlakatimizda so'nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o'rganish, uning o'lmas asarlarini dunyoda keng targ'ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot taqdim qilindi.
Ikki mamlakat o'rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita hamda Madrid islom madaniyati markazi o'rtasida hamkorlik o'rnatish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV