BMT rahbari Antonio Guterrish 17 mart – Halqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan murojaatida Qur'ondan xalqlar va qabilalar bir-birlarini tanib olish uchun yaratilgani haqidagi iqtibosni keltirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
BMT Yangiliklar markazi ma'lumotiga ko'ra, Bosh kotib musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat «epidemiya darajasiga» etganini aytgan.
Dunyo bo'ylab musulmonlar stereotiplar, stigmatizatsiya, ijtimoiy yakkalatib qo'yish, kamsitish, zo'ravonlik kabi illatlarga duch kelmoqda, dedi Antonio Guterres. U, shuningdek, islom diniga e'tiqod qiladigan ayollar ba'zida jinsi, millati va diniga qarab «uch darajali kamsitish»ga uchrayotganini ta'kidlagan.
«Afsuski, ba'zi ommaviy axborot vositalari va hokimiyat vakillarining bayonotlari oqibatida salbiy stereotiplar jamoat ongida yanada mustahkam o'rnashib qolmoqda. Millatchilik va neonatsizmni qayta tiklanishi, stigmatizatsiya, shuningdek, aholining zaif guruhlari, xususan, musulmonlar, yahudiylar, ba'zi nasroniy jamoalarga qarshi nafrat illatlari shular jumlasidandir», - dedi BMT rahbari.
«Turli tumanlik - bu tahdid emas, balki katta boylikdir», dedi Antonio Guterresh. U diskriminatsiya, irqchilik va ksenofobiyaga qarshi kurash BMTning ustuvor vazifalaridan biri bo'lib qolishini ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.