Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Habarchi qushni bilasizmi?

24.03.2021   2134   3 min.
Habarchi qushni bilasizmi?

Qadimda xabarni bir mamlakatdan boshqa mamlakatga choparlar olib borishgan.  O'z davrida choparlar xar xil turdagi xabar va ma'lumotlarni ot, tuya kabi ulovlar orqali amalga oshirganlar.  Keyinchalik texnika rivojlanish natijasida poyezd, mashina, samolyotlar orqali insonlarga xabarlar etkazilgan. Oradan vaqt o'tib xabarlar telefonlar, telegrammalar orqali insonlarga etkazildi.

Hozirgi kunlarda internet orqali yangidan yangi xabarlar tez va oson etkazilmoqda. Zero, internet insonlarga butun dunyo bo'ylab xabar va ma'lumotlarni etkazish uchun yaratilgan. Buni internet degan so'zning ma'nosidan bilib olish ham mumkin. Internet so'zi aslida xorijiy so'zlarning qisqartma shaklidan yasalgan bo'lib, u “xalqaro xabarlar to'ri yoki xalqaro ma'lumotlar to'ri“, degan ma'noni anglatadi.

Qadimda xabarlar qushlar orqali etkazilgan va olingan. Qadimda xabarchi qushlardan biri hudhud hisoblanadi.

Hudhud qanday qush?

Hudhud qushning arabcha nomidir. Uning o'zbekcha atamasi popishak, sassiqpopushakdir. Bu haqda “ O'zbek tilining izohli lug'ati”da: “Hudhud (arabcha)- popishak, sassiq popushak ” deyiladi.

Ma'lumotlarga qaraganda, Hud-hud-Ko'kqarg'asimonlar turkumiga mansub qush. U mamlakatimizning dasht, tog' va tog' oldi hududlarida uchraydi.  Boshida toji (popugi) bor bo'lib, pati oq-qora yo'l-yo'l, sarg'ish jigar rang bo'ladi.

Hudhud qushining xabarchi ekanligi haqida Qur'oni karimda shunday deyiladi: “U (Sulaymon payg'ambar) qushlarni ko'zdan kechirib: “ Nega men hudhudni ko'rmayapman. Balki u (beruxsat) g'oyib bo'luvchilardandir?!  Albatta,  uni qattiq azob bilan azoblarman yo so'yib yuborurman yoki menga uzrini bayon qilib aniq hujjat keltirur” dedi. So'ng uzoq vaqt qolmay (hudhud kelib) dedi: “Men sen ogoh bo'lmagan narsalardan ogoh bo'ldim va senga Sabo shahridan ishonchli xabar keltirdim”  (Naml surasi, 20-22-oyatlar).

Hudhud Sulaymon alayhissalmo yozgan maktublarini Sabo shahriga eltadi. Maktubda yozilganlar to'g'risida Qur'oni karimda: (Hudhud maktubni olib kelib malika Bilqis oldiga tashlagach) u dedi: «(Ey, zodagonlar!) Haqiqatan menga sharafli bir maktub tashlandi. Albatta, u Sulaymondandir va u (maktub-da): «Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan. Sizlar Menga kattalik qilmay huzurimga itoatli holingizda kelingiz!» (deb yozilgan)  (Naml surasi, 29-31-oyatlar) deyiladi. Sulaymon payg'ambarning bu xabarini Hudhud bir zumda Sabo mamlakatining malikasi Bilqisga etkazadi. Hudhudning Sulaymon payg'ambar xabarini etkazishi bugungi kundagi internet yoki telefondan “sms” tashlashga qiyos qilish mumkin. 

Ruhiddin Akbarov,

O'zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   3903   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar