Qadimda xabarni bir mamlakatdan boshqa mamlakatga choparlar olib borishgan. O'z davrida choparlar xar xil turdagi xabar va ma'lumotlarni ot, tuya kabi ulovlar orqali amalga oshirganlar. Keyinchalik texnika rivojlanish natijasida poyezd, mashina, samolyotlar orqali insonlarga xabarlar etkazilgan. Oradan vaqt o'tib xabarlar telefonlar, telegrammalar orqali insonlarga etkazildi.
Hozirgi kunlarda internet orqali yangidan yangi xabarlar tez va oson etkazilmoqda. Zero, internet insonlarga butun dunyo bo'ylab xabar va ma'lumotlarni etkazish uchun yaratilgan. Buni internet degan so'zning ma'nosidan bilib olish ham mumkin. Internet so'zi aslida xorijiy so'zlarning qisqartma shaklidan yasalgan bo'lib, u “xalqaro xabarlar to'ri yoki xalqaro ma'lumotlar to'ri“, degan ma'noni anglatadi.
Qadimda xabarlar qushlar orqali etkazilgan va olingan. Qadimda xabarchi qushlardan biri hudhud hisoblanadi.
Hudhud qanday qush?
Hudhud qushning arabcha nomidir. Uning o'zbekcha atamasi popishak, sassiqpopushakdir. Bu haqda “ O'zbek tilining izohli lug'ati”da: “Hudhud (arabcha)- popishak, sassiq popushak ” deyiladi.
Ma'lumotlarga qaraganda, Hud-hud-Ko'kqarg'asimonlar turkumiga mansub qush. U mamlakatimizning dasht, tog' va tog' oldi hududlarida uchraydi. Boshida toji (popugi) bor bo'lib, pati oq-qora yo'l-yo'l, sarg'ish jigar rang bo'ladi.
Hudhud qushining xabarchi ekanligi haqida Qur'oni karimda shunday deyiladi: “U (Sulaymon payg'ambar) qushlarni ko'zdan kechirib: “ Nega men hudhudni ko'rmayapman. Balki u (beruxsat) g'oyib bo'luvchilardandir?! Albatta, uni qattiq azob bilan azoblarman yo so'yib yuborurman yoki menga uzrini bayon qilib aniq hujjat keltirur” dedi. So'ng uzoq vaqt qolmay (hudhud kelib) dedi: “Men sen ogoh bo'lmagan narsalardan ogoh bo'ldim va senga Sabo shahridan ishonchli xabar keltirdim” (Naml surasi, 20-22-oyatlar).
Hudhud Sulaymon alayhissalmo yozgan maktublarini Sabo shahriga eltadi. Maktubda yozilganlar to'g'risida Qur'oni karimda: (Hudhud maktubni olib kelib malika Bilqis oldiga tashlagach) u dedi: «(Ey, zodagonlar!) Haqiqatan menga sharafli bir maktub tashlandi. Albatta, u Sulaymondandir va u (maktub-da): «Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan. Sizlar Menga kattalik qilmay huzurimga itoatli holingizda kelingiz!» (deb yozilgan) (Naml surasi, 29-31-oyatlar) deyiladi. Sulaymon payg'ambarning bu xabarini Hudhud bir zumda Sabo mamlakatining malikasi Bilqisga etkazadi. Hudhudning Sulaymon payg'ambar xabarini etkazishi bugungi kundagi internet yoki telefondan “sms” tashlashga qiyos qilish mumkin.
Ruhiddin Akbarov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati