Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: ER VA HOTIN QUYIDAGILARDAN OGOH BO'LIShI LOZIM. NAFSNI SAQLASh. ALLOMA ALI TANTOVIY NASIHATLARI. FARZANDGA JINSIY TARBIYaNI OChIQ BAYoN QILISh.

24.03.2021   4679   31 min.
Oilada farzand tarbiyasi: ER VA HOTIN QUYIDAGILARDAN OGOH BO'LIShI LOZIM.  NAFSNI SAQLASh.  ALLOMA ALI TANTOVIY NASIHATLARI.  FARZANDGA JINSIY TARBIYaNI OChIQ BAYoN QILISh.

 

Er va xotin quyidagilardan ogoh bo'lishi lozim

  1. Er-xotin qo'shilishi haqida boshqalarga so'zlashi harom. Buning oqibatini ushbu hadisdan bilamiz:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللَّهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ الرَّجُلَ يُفْضِى إِلَى امْرَأَتِهِ وَتُفْضِى إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا ». (رواه مسلم وأبو داود)

Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Qiyomat kuni (Alloh huzurida) makoni eng yomon kishi shuki, u xotiniga teginadi (qo'shilishga ishora) va ayoli unga teginadi, so'ng sirni fosh qiladi (tarqatadi)”, dedilar.

Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyat qiladi: Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytdi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) biz bilan namoz o'qidilar. Tugatgach: “Sizlardan bir kishi eshikni berkitib, parda osib, ahli bilan yaqinlik qiladi. So'ng “Men ahlim bilan shunday qildim, ahlimni bunday qildim”, deydimi?” deb so'radilar. Kishilar jim qoldi. So'ng ayollarga yuzlanib: “Sizlardan gapirib beradigan bormi?” dedilar. Shunda bir qiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni ko'rishi va eshitishi uchun bir tizzalab o'tirdi va boshini ko'tarib: “Ha, Allohga qasam, mana shu erkaklar va ushbu ayollar ham so'zlab berishadi”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bundaylarning o'xshashini bilasizmi? Ular shayton er va shayton xotinga o'xshash. Ularning biri sohibini ko'chada uchratadi va hojatini chiqaradi, insonlar esa ularni tomosha qiladi”, dedilar».

  1. Er xotinining orqa tomoniga yaqinlik qilishi harom.

عن ابن عباس قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : « لا ينظر الله إلى رجل أتى امرأة في دبرها ». (رواه النسائي وابن حبان)

Imom Nasoiy va Ibn Hibbon rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Hotinining orqa tomoniga yaqinlik qiluvchiga Alloh rahmat nazari bilan boqmaydi”,  dedilar.

Boshqa bir hadisda esa bunday deyiladi:

عن عقبة بن عامر الجهني قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : «لعن الله الذين يأتون النساء في محاشهن ». (رواه الطبراني)

Tabaroniy rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ayolining orqa tomoniga keluvchi kishi la'natlangandir”, dedilar.

Yana bir hadisda Payg'ambarimiz (alayhissalom) bunday noshar'iy ishning oqibatini quyidagicha bayon etganlar:

عن أبي هريرة عن النبي صلى الله عليه و سلم قال : من أتى حائضا أو امرأة في دبرها أو كاهنا فقد كفر بما أنزل على محمد صلى الله عليه و سلم. (رواه الترمذي)

Termiziy rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim hayz ko'rgan xotiniga yoki xotinining orqa tomoniga kelsa yoki folbin so'zini tasdiqlasa, Muhammadga (alayhissalom) nozil bo'lgan narsaga kufr keltiribdi”, dedilar.

Batahqiq, Alloh taolo insoniyatni xushsurat shaklda yaratdi, unga go'zal odobni buyurdi. Jumladan, muqaddas dinimiz ta'limotlarida o'z jufti haloliga muomalasi ham boshqa mavjudotlardan farqli bo'lishi uchun qonun-qoidalar bayon qilindi. Ammo ayrim kimsalar bor, surati inson, biroq bu borada qilayotgan ishlari hayvonlarni ojiz qoldiradi.

  1. Er xotini hayz yoki nifosda bo'lganida yaqinlik qilishi harom. Alloh taolo amr qiladi:

فَٱعۡتَزِلُواْ ٱلنِّسَآءَ فِي ٱلۡمَحِيضِ

«...Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz...» (Baqara, 222).

Yuqorida hayz haqidagi hadis bayon qilindi. Tibbiyot mutaxassislari aniqlashicha, hayz va nifos paytida yaqinlik qilish ko'p kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Quyida ana shu kasalliklar haqida qisqa bayon qilamiz:

  1. Ayolning ba'zi a'zolarida og'riq paydo bo'ladi. Ko'pincha bachadon shamollashiga, moyak yoki tos shamollashiga sabab bo'ladi. Buning oqibatida odam sog'lig'iga zarar etadi. Ko'p hollarda moyakning buzilishi va bepushtlikka olib keladi.
  2. Erkakning jinsiy a'zosida so'zakka o'xshash yiringli kasallikka olib keladi. Ko'pincha erkakning tuxumdonida og'riq paydo qiladi va erkak bepushtlikka mubtalo bo'ladi.

Demak, hayz paytida yaqinlik qilish turli dardlar paydo qilib, erkak va ayolni bepushtlikka mubtalo qilishi mumkin. Bundanda katta zarar bormi? Shuning uchun tabiblar bu paytda qo'shilishdan qat'iy qaytaradi.

Alloh taolo ogoh etgan:

وَيَسۡ‍َٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡمَحِيضِۖ قُلۡ هُوَ أَذٗى فَٱعۡتَزِلُواْ ٱلنِّسَآءَ فِي ٱلۡمَحِيضِ

 «Sizdan hayz haqida so'ramoqdalar. Ayting: “U (er va xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz...» (Baqara, 222).

Kim bunday ishga mubtalo bo'lgan bo'lsa, u gunohiga samimiy tavba qilishi va Allohga istig'for aytib, qilgan ishiga pushaymon bo'lishi lozim.

Tabiblar va ahli ilmlar nasihati:

  1. Shahvatni qondirishda mo''tadil bo'lish. Mo''tadil bo'lishning chegarasi haftada ikki marta. Uni ehtiyojga qarab ko'paytirish yoki kamaytirish mumkin. Lekin haddan ziyod ko'paytirish tanaga zarar etkazib, aqlni susaytiradi va zimmadagi mas'uliyatni bajarishdan to'sadi.
  2. Oldin ko'ngilxushlik qilib, so'ng shahvatni qondirish.
  3. Qo'shilish uchun munosib vaqtni belgilash. Chunki ayolning mijozi nozik bo'ladi. Agar uning mijoziga to'g'ri kelmaydigan vaqtda bo'lsa (kasal vaqtiga o'xshash), erini yoqtirmasligi va nafratlanishiga sabab bo'ladi.
  4. Har qanday oyda, kunda va soatda qo'shilish joiz. Faqat ro'za tutganida (kunduzi), ayol hayz yoki nifosdaligida mumkin emas. Bu ishdagi sunnat juma kuni kechasi va kunduzidir.

Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qiladi, “Juma kuni kim yuvinishga majbur bo'lsa (xotini bilan qo'shilganidan so'ng), yuvinsa, so'ng namozga erta borsa va imomga yaqin o'tirsa, unga quloq solib, lag'v qilmasa, uning har bir bosgan qadamiga kechasi qoim, kunduzi ro'za tutgan bir yillik amal savobi beriladi”.

  1. Hotin er tabiatini yaxshi bilishi, erini qanday ziynat qiziqtirishini, unga qanday mehribon bo'lishni, qaysi vaqtda qo'shilishni yoqtirishini bilishi lozim. U xohlamagan paytda uni qiziqtirishi yoki uning ruxsatisiz nafl ro'za tutishi mumkin emas. Aksincha, eri hohlagan vaqtda qaytarmasligi kerak.

عن أَبي هريرة - رضي الله عنه - ، قَالَ : قَالَ رَسُول الله - صلى الله عليه وسلم - : (( إِذَا دَعَا الرَّجُلُ امرَأتَهُ إِلَى فرَاشِهِ فَلَمْ تَأتِهِ ، فَبَاتَ غَضْبَانَ عَلَيْهَا ، لَعَنَتْهَا المَلائِكَةُ حَتَّى تُصْبحَ )) مُتَّفَقٌ عَلَيهِ.

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) “Er xotinini yotoqqa chaqirsa, u kelmasa, eri undan g'azablanib uxlasa, farishtalar uni tong otguncha la'natlaydi”, dedilar.

وفي رواية: حتى يرضى عنها

Boshqa rivoyatda: “Hatto eri undan rozi bo'lgunicha”, deyilgan.

Boshqa hadisda ayol eri ruxsatisiz nafl ro'za tutishidan qaytarilgan:

عن أَبي هريرة - رضي الله عنه - أيضاً : أنَّ رَسُول الله - صلى الله عليه وسلم - ، قَالَ : (( لاَ يَحِلُّ لامْرَأةٍ أنْ تَصُومَ وزَوْجُهَا شَاهدٌ إلاَّ بإذْنِهِ)). (رواه البخاري)

Imom Buxoriy rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Eri izn bermasdan ayolning (nafl) ro'za tutishi halol bo'lmaydi” , dedilar.

 

Nafsni saqlash

Molu davlat dunyo hayoti uchun muhim ekanini hech kim inkor qilmaydi. Chunki moddiy jihatdan imkoniyati keng inson muammolarni oson hal etadi.

Alloh fazli bilan davlatmand bo'lganlar uylanish yoshiga etib, biroq mablag' topa olmay yurgan yoshlarga yordam ko'rsatsa, ulkan ajru savobga ega bo'ladi. Shunday xayrli ishlarni amalga oshirsa, molu dunyoni ustun hisoblovchi emas, aksincha, boyligining barakasi ziyoda bo'ladigan saxovatli va muruvvatli kishi hisoblanadi. Qadimdan qayerda insoniyat yashar ekan, boylar, o'rtahollar va kambag'allar doim bor bo'lgan. Shu bois dinimiz boylar zimmasiga etimlar, bevalar va kam ta'minlangan oilalarning haqlarini yukladi. Ular o'zlarining zakotlari, ushrlari va sadaqa-ehsonlari bilan bunday insonlarga yordam berishi vojib. Ammo boylarning saxovat yo'llari berkilib qolsa, qanday yo'l tutish lozim? Buning eng go'zal yo'li Qur'oni karim chorloviga javob berish. Bu chin mo'min kishi iqtisodi tang bo'lganida, nafsini isloh qilishi va saqlashi uchun qo'llanadigan halol yo'ldir.

Ulug' Rabbimiz marhamat qiladi:

وَلۡيَسۡتَعۡفِفِ ٱلَّذِينَ لَا يَجِدُونَ نِكَاحًا حَتَّىٰ يُغۡنِيَهُمُ ٱللَّهُ مِن فَضۡلِهِۦۗ

«Nikoh (uchun lozim mablag') topa olmaydigan kishilar to Alloh ularni o'z fazli bilan boyitguncha o'zlarini (haromdan, zinokorlikdan) pok tutsinlar...» (Nur, 33).

Imoni komil musulmonlar shunday yo'l tutadilar. Bu kishining xulqini ziynat va ko'rk ila tovlantiruvchi shunday bir nurli yo'l, islomiy axloqlarning asli bo'lgan sabrga o'rgatuvchi, bir oz mashaqqatli bo'lsada, ammo mo'minlar uchun taqvoni kuchaytiruvchi, bir so'z bilan aytsak, Parvardigor rizoligiga eltuvchi ajru savob yo'lidir.

 

Alloma Ali Tantoviy nasihatlari

Yoshlarga go'zal odoblardan juda ko'p misollar keltirgan ulamo Ali Tantoviyning hikmatli so'zlarini quyida keltiramiz.  Qalbga fayz va orom beruvchi bu so'zlar har bir mo'min kishini befarq qoldirmaydi, chuqur o'yga toldiradi, hidoyaga chorlaydi, dillarga surur va qanoat baxsh etadi.

Ulamo Ali Tantoviy hazratlari “Ey o'g'lim” deb nomlangan risolalarida bunday deydi:

“Ey o'g'lim, menga nima uchun ikkilanib va uyalib yozasan? Ey o'g'lim, tinchlan, sen shikoyat qilayotgan dard yolg'iz senda emas, u barcha yigitlar dardi. O'n etti yoshingda bu dard seni uyqusizlikka olib kelgan bo'lsa, boshqalarni ham bedorlikka olib borgan, ularning ham uyqu-oromini yo'q qilgan. U ko'p o'quvchini darsdan, ishchini mehnatdan, tojirni savdodan qaytargan.

Bunday yigit nima qiladi? U shahvat qiynog'i, tana azobi va qoni qaynaganida qanday yo'l tutadi? Bu juda qiyin, albatta! Allohning yo'li unga uylan, deydi. Boshqa fikrlar esa uni chalg'itib, uch yo'ldan birini tanla, qolgani bekor, deydi.

Sen to'rtinchisi haqida fikr qilishni o'zingga lozim tut. Faqat shu to'rtinchisi yaxshi. U ham bo'lsa “uylanish”dir.

Yuqorida aytilgan uch xato yo'l quyidagilar:

  1. Shahvat orzusiga berilish, uni o'ylashni odat qilish, turli hayosiz hikoyalar, buzuq film va suratlarga qarab vaqt o'tkazish. Hatto o'ylashning o'zi nafsni buzadi, quloq va ko'zga ta'sir qiladi. Har erda faqat fitna o'yg'otuvchi surat namoyon bo'ladi, hatto, kitobga qaraganida ham shunday. To'lin oy chiqqanida ham, ufq qizarganida ham, qorong'u kechada ham, orzuda va tushda ham shu narsa ko'rinadi. Go'yoki har yo'lda Laylo misoli ko'rinadi. So'ng bu holat yosh yigitni majnun sifat insonga aylantiradi.
  2. Onanizm (kapaki)ni qasd qilish sababli nafs g'amga, jism esa kasallikka mubtalo bo'ladi. Bu illat yoshni bechorahol keksaga, g'amgin kishiga va yolg'izlikka duchor qiladi. Odamlardan qochadigan bo'ladi. Ularga yo'liqishdan qo'rqadi. Hayotdan qo'rqib qoladi va hayot mas'uliyatidan uzoqlashadi.
  3. Harom lazzat va zalolat yo'lini tutish. O'tkinchi lazzat yo'lida din, yoshlik va sihatni sarflash. Agar shunday bo'lsa, inson harakat qilib topgan maqomini, sharafli vazifasini va olgan ilmini zoye qiladi. Quvvati qolmaydi. Kishi mana shundan keyin bo'ldi, deb o'ylaydi. Har qachon unga etganida istak ziyoda bo'laveradi. Huddi sho'r suv ichuvchi ichgani sayin chanqog'i ziyoda bo'lganidek. Uni yo'qotganida yana bu ayolni hech bilmagan kishidek azobni his qiladi. Ana shunday g'ariblikka mahkum bo'ladi.

Bu qabih yo'lga imkon berayotgan mol-dunyodir. Ma'lum muddat o'tib, “rohat” berayotgan tana bo'ysunadimi? Ana o'shanda sog'liq kuchi shahvat talabini ko'tara oladimi?

Qancha-qanchalar ajoyib quvvatli, kuchli kishilar kurashda, tosh otishda va yugurishda g'olib edi. Ular shahvatiga ergashib o'ta nimjon, bo'sh, kambag'al, bechora bo'lib qolishdi.

Allohning ajib hikmatiga ergashganlar fazilatli amal evaziga sog'lom va quvvatli bo'lib ajrga ega bo'ladi. Razolat va gumrohlik yo'lini tutgan esa tanazzul va kasallik azobiga loyiq bo'ladi.

Ko'pincha o'ttiz yoshdan o'tmagan o'z nafsiga jabr qilganidan go'yo oltmishga kirgandek ko'rinadi. Ko'pgina keksalar iffatliligidan xuddi o'ttiz yoshli yigitdek ko'rinadi. Shunday hikmat bor: “Kim yoshligini saqlasa, unga keksaligi saqlanur”.

Bu dardning davosi nima? Buning davosi Allohning yo'lini tutish. Albatta, Alloh nimani harom qilgan bo'lsa, uning o'rniga boshqasini halol qilgan. Riboni harom qildi va savdoni halol qildi. Zinoni harom qildi va uylanishni halol qildi. Bas, davo – uylanish. Agar uylanishga qurbi etmasa, o'zini pok tutishdir.

Bir misol. Olov ustida qaynab turgan choynakni ko'rganmisiz? Agar siz uni mahkam berkitsangiz va olov yoqsangiz to'silgan bug' uni yorib chiqadi. Agar uni teshsangiz suvi oqib ketadi va choynak kuyadi. Agar unga paravoz richagiga o'xshash richak qo'ysangiz-chi, sizga motorni aylantiradi va poyezdni yurgazadi!

Shahvat girdobidan qutulish choralari:

Birinchi, shahvatdan nafsini tiygan kishi uning tuban oqibati haqida fikr qila boshlaydi va unga qarshi qattiq kurashadi.

Ikkinchi, zalolat yo'liga ergashgan kishi o'zining holati harom lazzat o'chog'iga tinmasdan tortayotganini payqaydi va buning oldini oladi.

Uchinchi, oldin yo'l qo'ygan xatolaridan batamom tiyilgan kishi ulardan o'zini uzoqda saqlaydi.

Ruhiy, aqliy va qalbiy jiddu jahd ila nafsdan bunday g'amni uloqtirish lozim. Ana shunda to'planib qolgan shaytoniy quvvat tamom bo'ladi va g'aflat bosib, qamalib qolgan nur yana zohir bo'ladi. Bu esa Allohga iltijo qilish, ibodatda qoim bo'lish, tavbada bardavom bo'lish va ixlos bilan bo'ladi. Shuning barobarida tasavvurda paydo bo'ladigan manzaralardan forig' bo'lish va shahvat o'yg'otuvchi narsalardan butunlay voz kechish shart. Albatta, sport bilan muntazam shug'ullanish ham bunday yomon odatlarni esdan chiqarishga katta yordam beradi.

Ey o'g'lim, inson o'zini yaxshi ko'radi. Biron kishini o'zidan afzal ko'rmaydi. U oyna oldida turib, elkasi doirasimon bo'lganini va tanasi qattiq, qo'li baquvvat bo'lganini ko'rsa, bu unga har qanday ayol zotidan sevimli bo'ladi. Haqiqiy imonli, mard yigit esa, qandaydir bir hayosizni deb, bunday ko'rkam viqorni yo'qotishga, quvvatini boy berishga, mushaklari kuchsiz va qomati dol bo'lishiga zinhor rozi bo'lmaydi.

Eng ma'qul yo'l – uylanish yo'lini tanlaydi. Bu mukammal davodir. Agar bunga qodir bo'lmasa, ro'za tutgani yaxshi.

Hullas, to'g'ri yo'l tutsang, ey o'g'lim, uylanish lozim. Agar uylanishga qodir bo'lmasang, Allohga taqvo qilish, ibodat va bilimga sho'ng'ish, barcha fanlar va sport bilan shug'ullanishni mahkam tutish lozim. Chunki bu ishlar nafsni jilovlashda juda yaxshi choradir.

Ey yigit-qizlar, bu usullar jinsiy muammolarni echishdagi halol yo'llar. Sizlarga buzuqlikni ziynatlab ko'rsatayotganlarni eshitishdan saqlaning. Ular axloqsizlikni go'zal qilib aytadi. Bu mushkullarni engish go'daklik yoki yoshlik vaqtidan boshlab, ichki tuyg'u va tarbiyani yaxshilash bilan bo'ladi.

G'alamis kimsalar o'zlarining qabih maqsadlarini amalga oshirishga urinadi. Yigit-qizlarni sog'lom jamiyatdan buzuq maydonga va axloqsizlik ko'lamiga tortadi. Nima uchun, bilasizmi?! Ma'rifatli yoshlarni urush bilan emas, balki ushbu yaltiroq usul bilan to'g'ri yo'ldan burib, ularning boshini egish va buzuqlikni joriy qilish fitnachi kimsalarning qing'ir maqsadidir.

Bunday yolg'on, aldamchi chaqiriqlardan sabr qilish va qalblarni Allohga bog'lash yo'li bilan saqlaning. Alloh taoloning bu ulug' amriga quloq tuting:

وَلَا تَتَّبِعُوٓاْ أَهۡوَآءَ قَوۡمٖ قَدۡ ضَلُّواْ مِن قَبۡلُ وَأَضَلُّواْ كَثِيرٗا وَضَلُّواْ عَن سَوَآءِ ٱلسَّبِيلِ٧٧

«...Oldindan adashgan va ko'plarni adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!» (Moida, 77).

 

Farzandga jinsiy tarbiyani ochiq bayon qilish

Ko'p ota-ona va murabbiylar tez-tez ushbu savollarni beradi. Farzandga beixtiyor ta'sirini ko'rsata boshlayotgan balog'at yoshi alomatlarini qay tarzda tushuntirish lozim? Ularga jinsiy a'zolarning vazifalarini, qiz bolalarga homiladorlik, bola parvarishlash va onalik vazifalarini so'zlash mumkinmi? O'spirinlarga jinsiy qo'shilish odoblari, uylanish arafasidagi vazifalar, otalik mas'uliyatlarini ochiq va ravshan aytish joizmi?  Hullas, shu ma'nodagi savollar talaygina.

Ba'zan ko'pchilik bunday savollarga javob berishda ojizlik qiladi. Shu bois bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida bu haqda shariatimiz hukmlarini bayon qilishni lozim topdik. Yaqin kelajakda oila qurib, ota va onadek sharafli burch sohib va sohibalari bo'ladigan o'g'il-qizlarga bu boradagi shar'iy hukmlarni ochiq aytish nafaqat joiz, balki har bir ota-ona zimmasiga vojib bo'ladi. Faqat ularning yoshiga katta e'tibor qaratish lozim.

Ko'p oyatlar o'z jufti bilan jinsiy qo'shilish halolligi va boshqa begonalar bilan esa taqiqlanganini ochiq bayon qiladi:

وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِفُرُوجِهِمۡ حَٰفِظُونَ٥ إِلَّا عَلَىٰٓ أَزۡوَٰجِهِمۡ أَوۡ مَا مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُهُمۡ فَإِنَّهُمۡ غَيۡرُ مَلُومِينَ٦ فَمَنِ ٱبۡتَغَىٰ وَرَآءَ ذَٰلِكَ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡعَادُونَ٧

«Ular avratlarini (haromdan) saqlovchilar. Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Bas, kimki shundan o'zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshuvchidirlar» (Mo''minun, 5–7).

أُحِلَّ لَكُمۡ لَيۡلَةَ ٱلصِّيَامِ ٱلرَّفَثُ إِلَىٰ نِسَآئِكُمۡۚ

«Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi...» (Baqara, 187).

وَيَسۡ‍َٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡمَحِيضِۖ قُلۡ هُوَ أَذٗى فَٱعۡتَزِلُواْ ٱلنِّسَآءَ فِي ٱلۡمَحِيضِ وَلَا تَقۡرَبُوهُنَّ حَتَّىٰ يَطۡهُرۡنَۖ فَإِذَا تَطَهَّرۡنَ فَأۡتُوهُنَّ مِنۡ حَيۡثُ أَمَرَكُمُ ٱللَّهُۚ

«Sizdan hayz to'g'risida so'ramoqdalar. Ayting: “U (er va xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringiz (qovushaveringiz)»(Baqara, 222).

نِسَآؤُكُمۡ حَرۡثٞ لَّكُمۡ فَأۡتُواْ حَرۡثَكُمۡ أَنَّىٰ شِئۡتُمۡۖ

«Hotinlaringiz sizlar uchun ziroatgohdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz...»(Baqara, 223).

Quyidagi oyatlar inson asli nimadan yaratilgani, so'ng ona qornida qay holatda bo'lishidan xabar beradi:

وَلَقَدۡ خَلَقۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ مِن سُلَٰلَةٖ مِّن طِينٖ١٢ ثُمَّ جَعَلۡنَٰهُ نُطۡفَةٗ فِي قَرَارٖ مَّكِينٖ١٣

«Qasamki, Biz insonni (odamni) loyning sarasidan yaratdik. So'ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik» (Mo''minun, 12–13).

إِنَّا خَلَقۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ مِن نُّطۡفَةٍ أَمۡشَاجٖ نَّبۡتَلِيهِ فَجَعَلۡنَٰهُ سَمِيعَۢا بَصِيرًا٢

«Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, (otalik va onalik suvlaridan) aralash bir nutfadan yaratdik. Bas, uni eshituvchi va ko'ruvchi qilib qo'ydik»(Inson, 2).

Quyidagi oyatda esa homiladorlik jarayoni o'z-o'zidan emas, balki mashaqqat evaziga bo'lishi va tug'ilajak bolani emizish muddati ochiq bayon qilinmoqda:

وَوَصَّيۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ بِوَٰلِدَيۡهِ إِحۡسَٰنًاۖ حَمَلَتۡهُ أُمُّهُۥ كُرۡهٗا وَوَضَعَتۡهُ كُرۡهٗاۖ وَحَمۡلُهُۥ وَفِصَٰلُهُۥ ثَلَٰثُونَ شَهۡرًاۚ

«Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko'tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o'ttiz oydir...» (Ahqof,15).

Quyidagi oyat zino zararli, halokatli ekanini yana bir bor ta'kidlab kelmoqda:

وَلَا تَقۡرَبُواْ ٱلزِّنَىٰٓۖ إِنَّهُۥ كَانَ فَٰحِشَةٗ وَسَآءَ سَبِيلٗا٣٢

«Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo'ldir» (Isro, 32).

Navbatdagi oyat ayollar qolib, erkak kishi erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishidek tubanlikni, axloqsizlikni qoralab keladi:

وَلُوطًا إِذۡ قَالَ لِقَوۡمِهِۦٓ أَتَأۡتُونَ ٱلۡفَٰحِشَةَ مَا سَبَقَكُم بِهَا مِنۡ أَحَدٖ مِّنَ ٱلۡعَٰلَمِينَ٨٠ إِنَّكُمۡ لَتَأۡتُونَ ٱلرِّجَالَ شَهۡوَةٗ مِّن دُونِ ٱلنِّسَآءِۚ بَلۡ أَنتُمۡ قَوۡمٞ مُّسۡرِفُونَ٨١

«Lutni ham (payg'ambar qilib yubordik). O'z qavmiga aytdi: “Shunday (yomon) fahsh ishni qilasizmi? Sizlardan oldin butun olamda hech kim uni qilmagan edi. Sizlar xotinlar qolib, shahvat bilan (nafsni qondirish uchun) erkaklarga “kelasiz”. Ha, sizlar isrofgar qavmdirsizlar» (A'rof, 80–81).

Alloh taolo ushbu masalalar va ularning hikmatlarini insonga ta'lim berish maqsadida ochiq va ravshan bayon etmoqda. Demak, bu kabi masalalarni balog'at yoshiga etgan farzandga dinimiz ta'lim berganidek o'rgatib borish zarur. Ammo farzand bunday oyatlarni va ularning hukmlarini qanday tushunadi? Albatta, ota-ona bu qoidalarning asl mohiyatini va undan ko'zlangan maqsadlarni anglatishi kerak. Buning uchun esa ta'lim beruvchi muallim yoki ota-ona bunday tarbiyaviy hukm oyatlarni mukammal o'rganishi zarur. Bu borada Qur'oni karim ilmidan xabardor bo'lgan olimlarga murojaat qilishi va bu haqda yozilgan kitoblarni qunt ila o'qib-o'rganishi shart. Chunki har bir musulmon Alloh taoloning ulug' Kalomini o'qib-o'rganib, tafakkur qilishi haqida Rabbimiz bunday marhamat qiladi:

كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ٢٩

«(Ey Muhammad! Ushbu Qur'on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir» (Sod, 29).

Bu oyatlardan ma'lum bo'ladiki, har bir musulmon Allohning ulug' kalomini nafaqat o'qishi, balki ilohiy xukmlarni chuqur uqib, ularni hayotiga tatbiq etishi shartdir.

Shundagina yoshlarimiz o'zlarini Alloh taolo yaratganini, U zot doimo ko'rib, kuzatib turishini chuqur his qiladi. Oddiy bir nutfadan pog'onama-pog'ona rivojlanib, inson shaklu shamoyiliga kelganini bilib, imoni yanada ziyoda bo'ladi. Haqiqiy musulmonga xos hayot kechirib, o'z Rabbisi huzuridagi haqlarini, jamiyat va atrofdagi insonlar oldidagi burchlarini chin ko'ngildan ado qiladi. Shunda har bir yigit-qiz o'z haq-huquqlaridan to'g'ri ma'noda foydalanib, turli illatlarning oldi olinadi.

Shuning barobarida ota-bobolarimiz qo'llab kelgan, diniy va milliy qadriyatlar uyg'unlashgan tarbiya uslublarini qo'llash qat'iy talab etiladi. Natijada, farzand halollikka butun vujudi bilan talpinadigan, harom deb atalmish jirkanch ummonga qadam tashlash tugul, o'girilib ham qaramaydigan go'zal madaniyat sohibiga aylanadi. Bu madaniyat sharmu hayodan uzoq bo'lganlarning “madaniyat”laridan farqli o'laroq, insonni tom ma'noda kamolotga etaklaydi. Shu bois barcha yoshu qari, ayolu erkak bu madaniyatdan birdek bahramand bo'lishi benihoya zarurdir.

Hulosa qiladigan bo'lsak, farzandga jinsiy tarbiya masalalarini ochiq o'rgatib borishdan murod, avvalo ularni bu yoshlarida nimalar joiz-u, nimalar mumkin emasligidan xabardor etishdir. Shu bilan birga, har bir yigit-qiz oila qurishdan asl maqsad nimaligi, buning uchun esa jinsiy hayot zarurligi va uning o'ziga yarasha qoidalarini ham bilishi lozim.

Ammo bu kabi masalalarni singdirishda, aytib o'tilganidek, farzandlarning yoshlariga katta e'tibor berish lozim. Deylik, 9–12 yosh oralig'idagi bolaga bu tushunchalar singdirilmaydi. 14–16 yosh orasidagi o'spirinlarga bu mavzudagi ruxsat va taqiq, halol va harom tushunchalari berib borilsa, 16–18 yosh oralig'idagi yigit, qizlarga er-xotinlik odobu qoidalari mukammal tarzda etkazilishi, tushuntirilishi juda muhim. Qiz bolalarga, albatta, bu tarbiyani onalari yoki boshqa qarindosh ayollar etkazishadi.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

MUQADDAS DARGOH:

Yomon xulqdan saqlanish.

HOTIMA

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Buyuk» geografik kashfiyotlar

23.12.2024   1469   6 min.
«Buyuk» geografik kashfiyotlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:

1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.

2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.

Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.

Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.

3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.

Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.

Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.

Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.

Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.

Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.

Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.

Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).

(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)

Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar.  Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi. 

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar