Samiya Hasan Suluhu Tanzaniya Prezidenti etib saylandi. Bu haqda islam.ruga asoslanib islom.uz xabar beradi.
Qasamyod qilish marosimi Tanzaniya prezidentlarining Dorus-salom qarorgohida bo'lib o'tdi.
«Men halol bo'lishga, Tanzaniya konstitutsiyasiga bo'ysunishga va uni himoya qilishga va'da beraman», deb qasamyod qildi Suluhu. Suluhu xonim Afrikadagi ushbu mamlakatda davlat rahbari lavozimiga tayinlangan birinchi ayol bo'ldi.
Avval bu muslima ayol vitse-prezident bo'lib faoliyat yuritgan. Mamlakatning avvalgi rahbari Jon Magufuli 17 mart kuni vafot etgan.
Mamlakat konstitutsiyasiga binoan, prezident vafot etgan taqdirda, vitse-prezident davlat rahbari lavozimini egallaydi va vakolat muddati tugaguniga qadar ushbu lavozimda qoladi.
61 yoshli Suluhuning amaldagi vakolati 2025 yil oxirida tugaydi.
Samiya Hasan Suluhu Zanzibarda tug'ilgan. U avval qator vazirlik lavozimlarida ishlagan.
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.