frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Kofir demang!

21.03.2021   2796   11 min.
Kofir demang!

Dinimiz ta'limotiga ko'ra, banda Allohning yagonaligiga, Farishtalariga, muqaddas kitoblariga, barcha Payg'ambarlar Uning elchisi ekaniga, Oxirat kuniga, taqdirning yaxshi va yomoni ham Allohdan ekaniga, o'lgandan keyin Qiyomat kuni qayta tirilishiga imon keltirsa va qat'iylik bilan farzni inkor etmasa hamda haromni halol demasa haqiqiy imonli mo'min hisoblanadi.

Hanafiy mazhabiga ko'ra, imon – Allohning huzuridan Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga kelgan barcha narsalarning haqligiga til bilan iqror bo'lib, qalb bilan tasdiqlashdir. “Til bilan iqror qilish” – “Laa ilaaha illallohu Muhammadur rosululloh”, ya'ni Allohdan o'zga ibodatga sazovor zot yo'q va Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir”, degan so'zlarni talaffuz qilishdir. “Qalb bilan tasdiqlash” esa yuqoridagilarning barchasiga qalbda zarracha ham gumon va shubha qoldirmasdan ishonishdir.   

Insonning imonini hisob-kitob qilish ulkan mas'uliyat bo'lib, kishining musulmon yoki kofirligini muhokama qilish huquqi har kimga ham berilmagan. Chunki imonning makoni insonning qalbida, qalbning muhokamasi esa bandalarga berilmagan, balki faqatgina Allohning hukmidadir.

Ma'lumki, imonning ziddi “kufr” bo'lib, u “berkitmoq”, “kofir bo'lmoq”, “dinsiz bo'lmoq” kabi ma'nolarni anglatadi. Qalbida umuman imoni bo'lmagan shaxsga esa «kofir» deyiladi.

Bu so'zni ishlatishning yuki o'ta og'ir va oqibati juda xatarli ekanini Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o'zlarining xadislarida alohida ta'kidlaganlar. Imom Buxoriy Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: Agar bir kishi o'z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkalasidan biri o'shanday (ya'ni kofir) bo'ladi”, dedilar.

Bundan kelib chiqadiki, qalbida zarracha imoni bor kishini kufrda ayblaydigan insonning o'zi dindan chiqib, kofir bo'lish xatari vujudga keladi.

Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Agar qalb zulmga moyil bo'lsa, zolimlarni yaxshi ko'radi. Qaysi toifani yaxshi ko'rsa, ular jumlasidan bo'ladi. Agar qalb Haqqa va unga ergashganlarga moyil bo'lsa, ularga do'st bo'ladi. Buning sababi shuki, amal va so'zlarning yuzaga chiqishi qalbga bog'liqdir. Shuning uchun ham, til bilan imon keltirib, qalb bilan imon keltirmagan banda Allohning nazdida mo'min emas va aksincha, qalb bilan imon keltirib, til bilan imon keltirmagan banda Uning nazdida mo'mindir”, deb ta'lim berganlar.

Hijriy 970 yilda vafot etgan Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan bo'lmish Ibn Najiym rahmatullohi alayh: “Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, deganlar.

Bu bilan bizga ko'p bo'lib ko'ringan to'qson to'qqiz, Yaratganning huzurida hech narsaga arzimas bo'lishi, biz uchun kam bo'lib ko'ringan arzimas bir narsa esa Alloh uchun barcha narsadan ahamiyatli bo'lishi mumkinligini anglatadi.

Shu bilan birga, birgina dalil insonning imoni bor ekanini tasdiqlaydigan bo'lsa, uni musulmonlar safida olib qolish, qolgan musulmonlar zimmasidagi shart va lozim bo'lgan vazifa ekanini ham anglatadi.

Ammo bugungi kunda dinda haddan oshib g'uluvga ketgan toifa va oqimlar bu masalada “mo'min deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir deyishlik uchun birgina dalil topilsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib etdilar. Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo'liga mutlaqo teskaridir.

Islom tarixi ekstremistik oqimlar kufr masalasida Islomning mohiyatiga zid da'volar bilan chiqqanidan guvohlik beradi. Hususan, “xavorij yoki xorijiylar” nomi bilan tilga olinadigan toifaning “gunoh ish qilgan mo'minni kofir, fahsh ishni qilgan musulmonni esa dindan chiqqan”, degan iddaosi qirg'in-barot urushlarning kelib chiqishiga va ko'plab musulmonlarning qoni to'kilishiga sabab bo'lgan edi.

Bu esa Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabiga mutlaqo zid e'tiqoddir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kufr borasidagi hadislariga e'tibor qaratsak, ularda jumladan bunday deyiladi: “Musulmon bilan kufrning o'rtasida, namozni tark qilish bordir” (Muslim rivoyati), “Kim Allohdan o'zga ila qasam ichsa, batahqiq kofir bo'libdi” (Imom Hokim rivoyati).

Shu kabi hadislarda kelgan masalalar haqida Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabining yakuniy xulosasi shuki, xadislarda zikr etilgani kabi ishlarga yo'l qo'ygan mo'min qilayotgan ishida qat'iylik bilan farzni inkor etmasa va haromni halol sanamasa, shariat ta'qiqlagan muhokamaga kirishmasa kofir bo'lmaydi, balki o'ta og'ir gunohkor bo'ladi.

Abu Dovud Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar.

Shu erda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh hazratlarining mazkur hadisga bergan sharhilarini keltirish o'rinli bo'ladi: “Kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo'lib ko'rinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O'ziga havola! “Laa ilaaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo'lib ko'ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo'min bo'ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko'rsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar'iy jazo beriladi. E'tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida - shu!

Bugungi kunda yo'l qo'yilayotgan katta xatolardan biri, kufr haqidagi umumiy fatvoni yakka shaxslarga tatbiq qilinayotganidir. Masalan, ulamolar “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi”, degan fatvoni chiqarganlar. Bu esa mazkur toifaga mansub kishilarning har biri kofir, degani ham emas. Kufr fatvosini yakka shaxslarga nisbatan berishdan avval, u haqida so'rab surishtirib, aniqlik kiritib, shaxsan bahs olib borib, uning kufrda ekanini isbotlagach, bo'yniga qo'yish lozim bo'ladi.

Aqiyda ilmi ulamolari: “Ba'zi bir gap kufr bo'lishi mumkin. O'sha gapni aytgan kofir bo'ladi, degan hukm ham chiqishi mumkin. Ammo mazkur gapni aytgan muayyan shaxsni, hujjat va dalil bilan tasdiqlanmaguncha, kofir deb hukm chiqarilmaydi”, deb hukm berganlar.

Qur'oni karimning “Niso” surasining 10-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi: Albatta, etimlarning molini zulm ila eganlar, qorinlariga olovni egan bo'lurlar. Va, shubhasiz, do'zaxga kirurlar. Ushbu oyati karimadagi qo'rqitish, shunga o'xshash boshqa oyatlarda ham borligi haqdir. Ammo mana shu oyatga binoan, aniq bir shaxsga kelganda, bu odam, albatta, do'zaxga tushadi, degan qat'iy hukmni aytib bo'lmaydi.

Ahli qibla bo'lgan bir kishining bu kabi  holatlarda do'zaxga kirishiga dab-durustdan guvohlik berish mutlaqo bilim va saviyasizlikdir. Chunki u mazkur oyat ma'nosi va hukmini bilmasligi mumkin. Bilgach esa gunohidan tavba qilishi, shu gunohni yuvadigan savob ishlarni amalga oshirishi, Qiyomat kunida Shafoatchining shafoatidan bahramand bo'lishi yoki boshqa imkoniyatlardan foydalanib jannatga kirish ehtimoli mavjud. Bularni mutlaqo e'tibordan qoldirish mumkin emas!

Bir odamning kufr gapni aytgani sabab qozining huzuriga keltirilsa, qozi guvohlarning da'volaridagi masala – kufr gapni aytgani haqida so'raydi. Agar aytganidan tonsa, qo'yib yuboriladi. Chunki gapdan tonishning o'zi tavba hisoblanadi.

Agar aybdor men bu gapning kufr ekanini bilmasdim, desa unga tushuntiriladi. Bundan keyin hushyor bo'lishni uqtirilib, bu holatda qo'yib yuboriladi.

Ammo o'sha odam, men bu gapni bilib aytdim, dinimdan qaytdim, desa, uni tavba qilishga chaqiriladi hamda tavba qilguniga qadar qamab qo'yiladi.

Hulosa shundan iboratki, kufr gapni ochiq aytgan va tan olib turgan odamga Islomning muomalasi shu bo'lgach, imoni bor ekanini tasdiqlayotgan va Islomga imkon qadar amal qilayotganlarni turli bahona va asossiz sabablar tufayli kofirga chiqarish va ularga turli ko'rinishdagi zulmni ravo ko'rish bizningi aqiydamizga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.

Shunday ekan, musulmonning imonini muhokama qilishga o'ta xushyor bo'lishimiz lozim.

 

Manbalar asosida

Akmalxon Ahmedov tayyorladi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

20.08.2026   29508   6 min.
O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz Ona-yurtimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, O‘zbekiston Respublikasi istiqlolini qo‘lga kiritganining 35 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz. 

Jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning diniy qadriyatlari, milliy an’analari nihoyatda bisyor, beqiyos va betakror bo‘lsa-da, qutlug‘ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida bu yil Mustaqilligimizni 35 yilligini nishonlayotganimiz uchun faqat 35 tasinigina zikr qilmoqchimiz:

 

 

  1. Oila muqaddasligi – jamiyatning mustahkam asosi.
  2. Ota-onaga hurmat – ota-onani e’zozlash va ularning xizmatlarini qadrlash.
  3. Mehmondo‘stlik – mehmonni ochiq chehra va ochiq ko‘ngil bilan kutib olish.
  4. Mehnatsevarlik – halol mehnat va kasb-hunarni qadrlash.
  5. Kattalarga hurmat – oqsoqollar va nuroniylarni e’zozlash.
  6. Tinchliksevarlik – tinch-totuv hayotga intilish.
  7. An’analarni asrash – milliy urf-odat va udumlarni saqlash hamda davom ettirish.
  8. Ma’naviyat – yuksak axloq va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat.
  9. Poklik – uyda, kiyimda, tanada va ko‘ngilda ozodalikka rioya qilish.
  10. Dasturxon saxovati – mehmonni saxovat va mehr bilan kutib olish.
  11. Qo‘shnichilik qadriyatlari – mahallada ahillik va o‘zaro yordam.
  12. Yordamga tayyorlik – yaqinlar va muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish.
  13. Kamtarinlik – odobli va kamtarona hayot kechirish.
  14. Yosh avlodga g‘amxo‘rlik – farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish.
  15. Ayollarga hurmat – ona, rafiqa, opa-singillarni qadrlash.
  16. Ta’limga intilish – ilm olish va bilimni qadrlash.
  17. Or-nomus – halollik va vijdon bilan yashash.
  18. Marosimlarga rioya – milliy marosim va oilaviy udumlarni e’zozlash.
  19. So‘zga sodiqlik – va’daga vafo qilish.
  20. Matonat va sabr – qiyinchiliklarga bardosh bilan yondashish.
  21. Hunarmandchilikni qadrlash – milliy hunar va ustachilik an’analarini asrash.
  22. Tabiatga mehr – yer, suv va atrof-muhitni avaylash.
  23. Bag‘rikenglik – turli millat, din va madaniyat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.
  24. Odob-axloq – yuksak muomala madaniyatiga amal qilish.
  25. Milliy bayramlarni e’zozlash – Navro‘z, hayitlar va Mustaqillik bayramini qadrlash.
  26. Adolat – halollik, tenglik va qonun ustuvorligini qadrlash.
  27. Milliy musiqa va raqslar – ajdodlardan meros bo‘lgan san’atni asrash.
  28. Til va madaniyatni asrash – o‘zbek tili va milliy merosni e’zozlash.
  29. Vatanparvarlik – Vatanni sevish va uning ravnaqiga hissa qo‘shish.
  30. Millatlararo totuvlik – turli millat va elat vakillari o‘rtasida ahillikni mustahkamlash.
  31. Jamoaviylik – hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik.
  32. Minnatdorchilik – qilingan yaxshilikni qadrlash.
  33. Ustozga hurmat – ustozlarni e’zozlash va ularning mehnatini qadrlash.
  34. Milliy kiyimlar – milliy madaniyat va odob timsoli sifatida qadrlash.
  35. Ajdodlarga hurmat – tarixiy meros va milliy ildizlarni e’zozlash.

* SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...

*** ENG  muhimi:  yo‘qotib qo‘yishdan oldin  ularning  QADRIGA  yetish !!!

 

  1. Qur’oni karim oyati karimalari;
  2. Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari;
  3. dinimiz asoslari;
  4. shariatimiz ahkomlari;
  5. sharqona odoblarimiz;
  6. mazhabimiz me’yorlari;
  7. jamiyatshunoslik aloqalari;
  8. odamgarchilik munosabatlari;
  9. insoniy tuyg‘ular;
  10. ruhshunoslik sir-asrorlari;
  11. yurtimiz urf-odatlari;
  12. o‘zbekchilik qoidalari;
  13. madaniyatimiz axloqlari;
  14. insoniy aql va axloqiy normalar;
  15. dono maqollarimiz;
  16. milliy an’analarimiz;
  17. diniy qadriyatlarimiz;
  18. xalqimiz ong-tafakkuri;
  19. millatimiz mentaliteti,
  20. an’anaviy falsafasi;
  21. o‘zbek xalqining ilg‘or qadriyatlari;
  22. ulug‘larimiz hikmatlari;
  23. dono xalqimiz dunyoqarashi;
  24. musulmonchiligimiz ko‘rsatmalari

 

a s o s    v a    n ye g i z l a r i d a

 

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari  va  noyob  hikmatlari,
  • buyuk  ota-bobolarimizdan  eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari  va betakror hikoyalari,
  • mehribon  ota-onalarimizdan  o‘rganib  kelayotgan gavhar o‘gitlari va  mislsiz  so‘zlari,
  • elimiz  tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
  • jannatmakon  yurtimiz – muqaddas  Vatanimiz  ta’lim  maskanlarida  taralayotgan  durdan  a’lo fanlar va beqiyos bilimlar,
  • zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining  ajoyib  kashfiyotlari,
  • bugungi  kunda  va doim  kerak bo‘ladigan  hayotiy  masalalar, dolzarb  mavzular,  qiziqarli  ma’lumotlar  hamda xalqimiz orasida  e’tirof etilgan mezonlar
  •  
  •  

 

Bu ro‘yxatni yana ko‘plab davom ettirish mumkin... Biroq fikrimizni muxtasar qilgan holda Allohdan O‘zbekiston xalqining bunday fazilatlari yanada ko‘payishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizga sihat-salomatlik, oilalarimizga baxt-saodat so‘rab qolamiz. 

 

Alloh taboraka va taolo har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ilohiy fayz-baraka, ko‘pdan-ko‘p yaxshiliklar ato etsin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti hamda masjidu-madrasalarimizni obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida, hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni doimo turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Mehribon Parvardigorimiz O‘zi – eshitib turuvchi, ko‘rib turuvchi va bilib turuvchi Zot! Hammalarimizning dillarimizdagi niyatlarimizni, qalbimizdagi orzularimizni va barcha hojatlarimizni o‘ylaganimizdan ham afzali-ziyodasi bilan ravo qilsin!

Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar, muvaffaqiyatlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

 

         Ibrohimjon domla INOMOV

 

 

 

Maqolalar