Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

E'tiqod durdonalari: FARIShTALAR VAFOT ETADILARMI?

20.03.2021   5778   35 min.
E'tiqod durdonalari: FARIShTALAR VAFOT ETADILARMI?

Farishtalarning vazifalari

Farishtalarga xilma-xil vazifalar tayin qilingan. Ulardan ayrimlarining nomlari va qanday vazifani ado etishlari Qur'oni karimda va hadisi shariflarda xabar berilgan:

  1. Jabroil alayhissalom. Bu zot Ruhul Amin deb ham atalgan. Jabroil alayhissalom Qur'oni karimda shunday vasf qilingan:

إِنَّهُۥ لَقَوۡلُ رَسُولٖ كَرِيمٖ١٩ ذِي قُوَّةٍ عِندَ ذِي ٱلۡعَرۡشِ مَكِينٖ٢٠ مُّطَاعٖ ثَمَّ أَمِينٖ٢١

“Albatta, u (Qur'on) bir ulug' elchi (Jabroil Alloh huzuridan keltirgan vahiy) so'zidir. (Jabroil) quvvatli, Arshning sohibi (Alloh) nazdida martabali, u joyda (farishtalar tomonidan) itoat etiluvchi va ishonchli zotdir”[1].     

Alloh taolo Jabroil alayhissalomni payg'ambarlarga vahiy olib tushishdek ulug' vazifaga tayin qilgan.   Bu haqida Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:

وَإِنَّهُۥ لَتَنزِيلُ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ١٩٢ نَزَلَ بِهِ ٱلرُّوحُ ٱلۡأَمِينُ١٩٣ عَلَىٰ قَلۡبِكَ لِتَكُونَ مِنَ ٱلۡمُنذِرِينَ١٩٤

“Albatta, (bu Qur'on) olamlar Parvardigorining nozil qilgan (kitob)idir. Uni Ruhul-amin (Jabroil) olib kelib ogohlantiruvchi (payg'ambar)lardan bo'lishingiz uchun qalbingizga tushirdi”[2]. 

  1. Mikoil alayhissalom. Bu zot ulug' farishtalardan bo'lgani uchun Qur'oni karimda farishtalar umumiy bayon qilinganlaridan keyin alohida Jabroil alayhissalom bilan birga zikr qilingan:

مَن كَانَ عَدُوّٗا لِّلَّهِ وَمَلَٰٓئِكَتِهِۦ وَرُسُلِهِۦ وَجِبۡرِيلَ وَمِيكَىٰلَ فَإِنَّ ٱللَّهَ عَدُوّٞ لِّلۡكَٰفِرِينَ٩٨

“Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg'ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo'lsa, (bilib qo'ysinki) Alloh ham (unday) kofirlarga dushmandir”[3].    

Mikoil alayhissalomni Alloh taolo yomg'ir va nabototlarga vakil qilgan.

  1. Isrofil alayhissalom. Qiyomat kuni bo'lganda surga puflashga vakil qilingan. Sur haqida shunday xabar berilgan:

وَنُفِخَ فِي ٱلصُّورِ فَصَعِقَ مَن فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَن فِي ٱلۡأَرۡضِ إِلَّا مَن شَآءَ ٱللَّهُۖ ثُمَّ نُفِخَ فِيهِ أُخۡرَىٰ فَإِذَا هُمۡ قِيَامٞ يَنظُرُونَ٦٨

“Sur chalinishi bilan osmonlar va Yerdagi bor jonzot o'ladi, illo Alloh xohlagan zotlargina (tirik qolurlar). So'ngra u yana bir bor chalinganda, nogoh ular (barcha xaloyiq tirilib, qabrlaridan) turib, (Allohning amriga) qarab turgaylar”[4].

 Sur, Alloh taoloning buyrug'iga ko'ra Isrofil alayhissalom puflaydigan, shoxga o'xshash narsadir.

  1. Malakul mavt (Azroil) alayhissalom. Bu zot ruhlarni olishga vakil qilinganlar. Ushbu farishtaning “Azroil” deb atalishi to'g'risida ixtiloflar bor. Ba'zilar, “Qur'onda ham, sunnatda ham “Azroil” degan nom kelmagan, balki “Malakul mavt” deb nomlangan. Shuning uchun bu zotni asli yo'q nom bilan emas, zikr qilingan nom bilan atash kerak, deyishgan. “Aysarut Tafosir” tafsirida esa, “o'lim farishtasining ismi Qur'onda kelmagan, ammo Ahli sunna uning ismi “Abdulloh” ma'nosini ifodalovchi “Azroil” ekanini e'tirof etadilar”[5], deyilgan.

۞قُلۡ يَتَوَفَّىٰكُم مَّلَكُ ٱلۡمَوۡتِ ٱلَّذِي وُكِّلَ بِكُمۡ ثُمَّ إِلَىٰ رَبِّكُمۡ تُرۡجَعُونَ١١

“Sen: “Sizlarga vakil qilingan o'lim farishtasi jonlaringizni oladi, so'ngra Robbingizga qaytarilasiz", deb ayt”[6].

  1. Azroil alayhissalomning yordamchilari. Ushbu yordamchilar ikki turga bo'linadi:
  2. Rahmat farishtalari;
  3. Azob farishtalari.

Ularning ishlari haqida shunday xabar berilgan:

 حَتَّىٰٓ إِذَا جَآءَ أَحَدَكُمُ ٱلۡمَوۡتُ تَوَفَّتۡهُ رُسُلُنَا وَهُمۡ لَا يُفَرِّطُونَ٦١

“Qachonki birortangizga o'lim kelsa, elchilarimiz kamchilikka yo'l qo'ymagan holda uni vafot ettiradir”[7].       

  1. Arshni ko'tarib turuvchi farishtalar. Arshni ko'tarib turishga tayin qilingan farishtalar haqida shunday xabar berilgan:

“Arshni ko'tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar (yakkayu yagona) Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh ayturlar”[8].    

  1. Rizvon. Bu farishta jannatga qo'riqchi va u erda xizmat qiladiganlarga boshliqdir. Quyidagi rivoyatda Rizvon haqida xabar kelgan:

 عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّ الْجَنَّةَ لَتُنَجَّدُ وَتُزَيَّنُ مِنَ الْحَوْلِ إِلَى الْحَوْلِ لِدُخُولِ شَهْرِ رَمَضَانَ فَإِذَا كَانَتْ أَوَّلُ لَيْلَةٍ مِنْ شَهْرِ رَمَضَانَ هَبَّتْ رِيحٌ مِنْ تَحْتِ الْعَرْشِ يُقَالُ لَهَا الْمُثِيرَةُ تُصَفِّقُ وَرَقَ أَشْجَارِ الْجِنَانِ وَحَلَقَ الْمَصَارِيعِ يُسْمَعُ لِذَلِكَ طَنِينٌ لَمْ يَسْمَعِ السَّامِعُونَ أَحْسَنَ مِنْهُ فَيَثِبْنَ الْحُورُ الْعِينُ حَتَّى يَشْرُفْنَ عَلَى شَرَفِ الْجَنَّةِ فَيُنادِينَ هَلْ مِنْ خَاطَبٍ إِلَى اللهِ فَيُزَوِّجَهُ ثُمَّ يَقُلْنَ الْحُورُ الْعِينُ يَا رَضْوَانَ الْجَنَّةِ مَا هَذِهِ اللَّيْلَةُ فَيُجِيبُهُنَّ بِالتَّلْبِيَةِ ثُمَّ يَقُولُ هَذِهِ أَوَّلُ لَيْلَةٍ مِنْ شَهْرِ رَمَضَانَ فُتِحَتْ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ عَلَى الصَّائِمِينَ مِنْ أُمَّةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ وَيَقُولُ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ يَا رَضْوَانُ افْتَحْ أَبْوَابَ الْجِنَّانِ وَيَا مَالِكُ أَغْلِقْ أَبْوَابَ الْجَحِيمِ عَلَى الصَّائِمِينَ مِنْ أُمَّةِ مُحَمَّدٍ، وَيَا جِبْرِيلُ اهْبِطْ إِلَى الاَرْضِ فَاصْفِدْ مَرَدَةَ الشَّيَاطِينِ وَغُلَّهُمْ بالاَغْلاَلِ ثُمَّ اقْذِفْهُمْ فِي الْبِحَارِ حَتَّى لاَ يُفْسِدُوا عَلَى أُمَّةِ مُحَمَّدٍ حَبِيبِي صِيَامَهُمْ.  رَوَى الْبَيْهَقِىُّ فِى شُعَبِ الإِيْمَانِ

Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Jannat har yili Ramazon oyi kirishida bezak berilib, ziynatlantiriladi. Qachon Ramazon oyining birinchi kechasi bo'lganda, Arshning tagidan shamol esadi. O'sha (shamol) “Musiyro” (hayajonga soluvchi) deb nomlanadi. U jannatlardagi  daraxtlarining barglarini va eshik tabaqalarining halqalarini tebratib o'tadi. Undan bir ohang eshitiladiki, eshituvchilar undan go'zalrog'ini eshitmagan bo'ladilar. Bundan ohu ko'z hurlar o'rinlaridan turib ketadilar va  jannatning eng yuqorisiga ko'tarilib: “Alloh taolodan unashtirishni so'rovchi bormi, uni juftlab qo'yadi”, – deya nido qiladilar. So'ngra ohu ko'z hurlar: “ Ey jannat Rizvoni, bu qanday kecha?”, – deydilar. U talbiya aytib ularga javob beradi. So'ngra: “Bu Ramazon oyining avvalgi kechasidir, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridan bo'lgan ro'zadorlarga jannat eshiklari ochildi”, – deydi. Yana u zot dedilar: Alloh azza va jalla: “Ey Rizvon, jannat eshiklarini ochgin, ey Molik, do'zax eshiklarini bekitgin, ey Jabroil, erga tushib isyonkor shaytonlarni bog'la va ularni temir bo'yinbog'lar bilan zanjirlab tashla, so'ngra ularni dengizlarga uloqtirki, do'stim Muhammad ummatining ro'zalarini buzmasinlar”, – deydi”, – deyotganlarini eshitgan”. Bayhaqiy “Shu'abul iymon”da keltirgan.    

  1. Jannat xizmatchilari. Bu farishtalar jannatga kirganlarga xizmat qilish uchun tayin qilinganlar. Jannatiylar xizmatiga shay bo'lib turgan farishtalarning adadini Alloh taoloning yolg'iz O'zi biladi. Ular haqida shunday xabar kelgan:

 وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ يَدۡخُلُونَ عَلَيۡهِم مِّن كُلِّ بَابٖ٢٣ سَلَٰمٌ عَلَيۡكُم بِمَا صَبَرۡتُمۡۚ فَنِعۡمَ عُقۡبَى ٱلدَّارِ٢٤

“So'ngra ularning huzurlariga har eshikdan farishtalar kirib: “Sabr qilganingiz uchun sizlarga Salom bo'lsin! Bu oqibat diyori qanday ham yaxshi!” (derlar)[9].   

  1. Zaboniya. Ular o'n to'qqizta farishta bo'lib ularni Alloh taolo do'zaxga kirganlarni azoblash ishiga tayin qilgan. Bular haqida Qur'onda shunday xabar berilgan:

لَا تُبۡقِي وَلَا تَذَرُ٢٨ لَوَّاحَةٞ لِّلۡبَشَرِ٢٩ عَلَيۡهَا تِسۡعَةَ عَشَرَ٣٠

“U (biror kofirni) qoldirmas ham, (o'z holiga) qo'ymas ham (balki kuydirib, azob berur). (U) terilarni qoraytirib kuydiruvchidir. Uning ustida o'n to'qqiz (farishta qo'riqchilik qilur)”[10].         

Zaboniyalarning boshlig'i Molik deb ataladi. Do'zaxga tushganlarning azobga chiday olmasdan Molikka nido qilishlari Qur'oni karimda shunday tasvirlangan:

وَنَادَوۡاْ يَٰمَٰلِكُ لِيَقۡضِ عَلَيۡنَا رَبُّكَۖ قَالَ إِنَّكُم مَّٰكِثُونَ٧٧

“Ular (do'zax farishtasiga): “Ey Molik! Parvardigoring bizga O'z hukmini qilsin (jonimizni olsin!)”, – deb nido qilganlarida, u (farishta): “Sizlar (shu azobda mangu) qoluvchidirsiz”, – deydi”[11].    

  1. Hurmatli yozib turuvchilar. Bu farishtalar bashariyatning qilayotgan ishlarini yozib borishga tayin qilinganlar. Ular insonlarning qilayotgan barcha yaxshiyu yomon ishlarini yozib boradilar. Bu hurmatli yozuvchilar haqida shunday xabar berilgan:

وَإِنَّ عَلَيۡكُمۡ لَحَٰفِظِينَ١٠ كِرَامٗا كَٰتِبِينَ١١ يَعۡلَمُونَ مَا تَفۡعَلُونَ١٢

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so'zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a'molga) yozuvchi ulug' zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[12].    

Har bir balog'atga etgan, aqli raso bo'lgan insonning ikkala tarafida ham farishta bo'ladi. O'ng tarafdagi farishta uning solih amallarini, chap tarafidagi farishta esa yomon ishlarini yozib boradi:

إِذۡ يَتَلَقَّى ٱلۡمُتَلَقِّيَانِ عَنِ ٱلۡيَمِينِ وَعَنِ ٱلشِّمَالِ قَعِيدٞ١٧

“Zotan, o'ng va chap (tomon)da o'tirgan ikki (yozib turuvchi farishta) qabul qilib (yozib) tururlar”[13].      

  1. Saqlovchi farishtalar. Bu farishtalar insonni jin, shayton va turli ofatlardan saqlash ishiga tayin qilinganlar. Insonni hifzu himoya qilib turadigan bu farishtalar haqida quyidagi oyatda xabar berilgan:

لَهُۥ مُعَقِّبَٰتٞ مِّنۢ بَيۡنِ يَدَيۡهِ وَمِنۡ خَلۡفِهِۦ يَحۡفَظُونَهُۥ مِنۡ أَمۡرِ ٱللَّهِۗ 

“Uning (insonning) oldida ham, ortida ham ta'qib etuvchi (farishtalar) bo'lib, ular Allohning amri bilan uni muhofaza qilib tururlar”[14].     

  1. Bachadonga tayin qilingan farishta. Bu farishta otadan onaning bachadoniga nutfa tushishidan boshlab, uning rivojlanish bosqichlari haqida Robbisiga hisobot berib boradi. Homilaning o'g'il yo qiz bo'lishini baxtli yo baxtsiz bo'lishini Robbisidan so'raydi. Quyidagi hadisda bu farishta haqida xabar berilgan:

  عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ  قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ وَكَّلَ بِالرَّحِمِ مَلَكًا يَقُولُ أَىْ رَبِّ نُطْفَةً أَىْ رَبِّ عَلَقَةً أَىْ رَبِّ مُضْغَةً فَإِذَا أَرَادَ اللَّهُ أَنْ يَقْضِىَ خَلْقَهَا قَالَ يَا رَبِّ أَذَكَرٌ أَمْ أُنْثَى أَشَقِىٌّ أَمْ سَعِيدٌ فَمَا الرِّزْقُ فَمَا الأَجَلُ فَيُكْتَبُ كَذَلِكَ فِى بَطْنِ أُمِّهِ.  رَوَاهُ الْبَيْهَقِىُّ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bachadonga bir farishtani tayin qilib qo'ygan. U: “Ey Robbim, “nutfa”[15] holatda, ey Robbim, “alaqa”[16] holatda, ey Robbim, “muzg'a”[17] holatda”, – deydi. Qachon Alloh taolo uning yaratilishini iroda qilsa, u: “Ey Robbim, o'g'ilmi yo qizmi, badbaxtmi yo baxtlimi, rizqi nima, ajali nima”, – deydi. Bas, o'shanday qilib onasining qornida yoziladi”, – dedilar”.  Bayhaqiy rivoyat qilgan.   

  1. Tog'lar farishtasi. Ushbu farishtani Alloh taolo tog'larga tayin qilgan. Tog'lar farishtasi haqida quyidagi rivoyatda xabar berilgan:

عَنْ عَائِشَةَ زَوْج النَّبِيِّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهَا قَالَتْ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَا رَسُولَ اللَّهِ هَلْ أَتَى عَلَيْكَ يَوْمٌ كَانَ أَشَدَّ مِنْ يَوْمِ أُحُدٍ فَقَالَ لَقَدْ لَقِيتُ مِنْ قَوْمِكِ وَكَانَ أَشَدَّ مَا لَقِيتُ مِنْهُمْ يَوْمَ الْعَقَبَةِ إِذْ عَرَضْتُ نَفْسِي عَلَى ابْنِ عَبْدِ يَالِيلَ بْنِ عَبْدِ كُلاَلٍ فَلَمْ يُجِبْنِي إِلَى مَا أَرَدْتُ فَانْطَلَقْتُ وَأَنَا مَهْمُومٌ عَلَى وَجْهِي فَلَمْ أَسْتَفِقْ إِلَّا بِقَرْنِ الثَّعَالِبِ فَرَفَعْتُ رَأْسِي فَإِذَا أَنَا بِسَحَابَةٍ قَدْ أَظَلَّتْنِي فَنَظَرْتُ فَإِذَا فِيهَا جِبْرِيلُ فَنَادَانِي فَقَالَ إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ قَدْ سَمِعَ قَوْلَ قَوْمِكَ لَكَ وَمَا رُدُّوا عَلَيْكَ وَقَدْ بَعَثَ إِلَيْكَ مَلَكَ الْجِبَالِ لِتَأْمُرَهُ بِمَا شِئْتَ فِيهِمْ قَالَ فَنَادَانِي مَلَكُ الْجِبَالِ وَسَلَّمَ عَلَيَّ ثُمَّ قَالَ يَا مُحَمَّدُ إِنَّ اللَّهَ قَدْ سَمِعَ قَوْلَ قَوْمِكَ لَكَ وَأَنَا مَلَكُ الْجِبَالِ وَقَدْ بَعَثَنِي رَبُّكَ إِلَيْكَ لِتَأْمُرَنِي بِأَمْرِكَ فَمَا شِئْتَ إِنْ شِئْتَ أَنْ أُطْبِقَ عَلَيْهِمْ الْأَخْشَبَيْنِ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَلْ أَرْجُو أَنْ يُخْرِجَ اللَّهُ مِنْ أَصْلَابِهِمْ مَنْ يَعْبُدُ اللَّهَ وَحْدَهُ لاَ يُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا.  مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:  “Ey Allohning Rasuli, sizda Uhud kunidan ham shiddatliroq biror kun bo'lganmi, deb so'rabdi. U zot: “Men qavming[18] sababidan yo'liqqan edim, o'sha qiyinchilik kunida ular tufayli yo'liqqan narsam shiddatliroq bo'lgan edi. Men Ibn Abdu Yalil ibn Abdu Kulolga taklif qilgan edim (ya'ni undan yordam so'ragan edim), u men xohlagan narsaga javob bermadi. Men xafa bo'lgan holatda yo'limga tushdim. Qornis Sa'libgacha to'xtamasdan yurdim. Boshimni tepaga ko'tarib, menga soya solib turgan bulutni ko'rdim. Qarasam, unda Jabroil bor ekan. U menga nido qilib: “Alloh azza va jalla qavmingning senga aytgan so'zini va seni rad qilganlarini eshitdi. Ular to'g'risida xohlagan narsangni buyurishing uchun senga tog'lar farishtasini jo'natdi”, – dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Shunda menga tog'lar farishtasi nido qildi va salom berdi. So'ngra: “Ey Muhammad, Alloh qavmingning senga aytgan so'zini eshitdi. Men tog'lar farishtasiman, meni Robbing xohlagan buyrug'ingni menga buyurishing uchun senga yubordi, agar xohlasang ularning ustilariga ikki baland tog'ni ag'daraman”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Balki Alloh ularning sulblaridan yolg'iz Allohga ibodat qiladigan, Unga hech narsani sherik qilmaydigan kimsalarni chiqarishini umid qilaman”, – dedilar”. Muttafaqun alayh.         

  1. Kezib yuradigan farishtalar. Ushbu farishtalar er yuzida aylanib yurishga tayin qilingan. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatlarining salomini etkazib turadilar.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ لِلَّهِ عَزَّ وَجَلَّ مَلاَئِكَةً سَيَّاحِينَ فِي الاَرْضِ يُبَلِّغُونَنِي مِنْ أُمَّتِي السَّلاَمَ.  رَوَاهُ اَحْمَدُ 

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jallaning erda kezib yuradigan farishtalari bor. Ular menga ummatimdan salom etkazadilar”, – dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.  

  1. Duo farishtalari. Ushbu farishtalar do'stu birodarlari haqqiga maxfiy holatda xayrli duo qiladiganlarning ustiga tayin qilib qo'yilgan. Bu farishtalar duo qiluvchiga: “Omiyn, senga ham shunday bo'lsin”, – deb turadilar.

عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَقُولُ دَعْوَةُ المَرْءِ المُسْلِمِ لأَخيهِ بِظَهْرِ الغَيْبِ مُسْتَجَابَةٌ  عِنْدَ رَأْسِهِ مَلَكٌ مُوَكَّلٌ كُلَّمَا دَعَا لأَخِيهِ بِخَيْرٍ قَالَ المَلَكُ المُوَكَّلُ بِهِ آمِينَ  وَلَكَ بِمِثْلٍ.  رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishining birodari haqqiga maxfiy qilgan duosi mustajobdir. Uning boshida vakil qilingan bir farishta bo'ladi, u birodari haqqiga xayrli duo qilgan paytda, vakil qilingan farishta: “Omiyn, senga ham shunday bo'lsin”, – deb turadi”, – degan edilar”. Muslim rivoyat qilgan.

  1. Bandalarning ruhlarini yuqoriga olib chiqadigan farishtalar. Bu farishtalarga vafot etgan bandalarning ruhlarini yuqoriga olib chiqish vazifasi yuklatilgan:

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا خَرَجَتْ رُوحُ الْمُؤْمِنِ تَلَقَّاهَا مَلَكَانِ يُصْعِدَانِهَا قَالَ حَمَّادٌ فَذَكَرَ مِنْ طِيبِ رِيحِهَا وَذَكَرَ الْمِسْكَ قَالَ وَيَقُولُ أَهْلُ السَّمَاءِ رُوحٌ طَيِّبَةٌ جَاءَتْ مِنْ قِبَلِ الْأَرْضِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْكِ وَعَلَى جَسَدٍ كُنْتِ تَعْمُرِينَهُ فَيُنْطَلَقُ بِهِ إِلَى رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ ثُمَّ يَقُولُ انْطَلِقُوا بِهِ إِلَى آخِرِ الْأَجَلِ قَالَ وَإِنَّ الْكَافِرَ إِذَا خَرَجَتْ رُوحُهُ قَالَ حَمَّادٌ وَذَكَرَ مِنْ نَتْنِهَا وَذَكَرَ لَعْنًا وَيَقُولُ أَهْلُ السَّمَاءِ رُوحٌ خَبِيثَةٌ جَاءَتْ مِنْ قِبَلِ الْأَرْضِ قَالَ فَيُقَالُ انْطَلِقُوا بِهِ إِلَى آخِرِ اللأَجَلِ قَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ فَرَدَّ رَسُولُ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَيْطَةً كَانَتْ عَلَيْهِ عَلَى أَنْفِهِ هَكَذَا.  رَوَاهُ مُسْلِمُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon mo'minning ruhi chiqsa, uni ikki farishta qabul qilib olib yuqoriga olib chiqadilar”. Hammod aytadi (ushbu hadis roviylaridan biri): (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) uning hidining xushbo'yligini ayta turib mushkni zikr qilib dedilar: “Samo ahli aytadilar: Ey er tarafdan kelgan muattar ruh, senga va sen egallagan jasadga Allohning rahmati bo'lsin. Uni Robbisi azza va jallaga olib boradilar. So'ngra (Robbisi): “Uni (qiyomat kunigacha belgilangan) oxirgi makonga olib boringlar”, – deydi. Yana dedilar: “Qachon kofirning ruhi chiqsa, Hammod aytadi: (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) uning hidining badbo'yligini ayta turib, la'natni zikr qilib dedilar: Samo ahli er tarafdan kelgan iflos ruh deb aytadilar. Uni  oxirgi makonga (qiyomat kunigacha belgilangan sijjinga) olib boringlar, deyiladi”, – dedilar”. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ustilaridagi choyshabni burnilariga bunday qilib yopdilar”. (Huddi kofir ruhining badbo'y hididan burunlarini to'sgan kabi). Muslim rivoyat qilgan.    

  1. Munkar va Nakir. Bu farishtalarning nomlari “notanish” ma'nosini anglatadi. Chunki bular mayyitga notanish bo'ladilar. Mayyit ulardek ko'rinishni oldin ko'rmagan bo'ladi. Bu ikkala farishta qabrga qo'yilgan insonlarni so'roq-savol qilishga tayin qilinganlar.

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا قُبِرَ الْمَيِّتُ أَوْ قَالَ أَحَدُكُمْ أَتَاهُ مَلَكَانِ أَسْوَدَانِ أَزْرَقَانِ يُقَالُ لِأَحَدِهِمَا الْمُنْكَرُ وَالْآخَرُ النَّكِيرُ فَيَقُولَانِ مَا كُنْتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ فَيَقُولُ مَا كَانَ يَقُولُ هُوَ عَبْدُ اللَّهِ وَرَسُولُهُ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولاَنِ قَدْ كُنَّا نَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُولُ هَذَا ثُمَّ يُفْسَحُ لَهُ فِي قَبْرِهِ سَبْعُونَ ذِرَاعًا فِي سَبْعِينَ ثُمَّ يُنَوَّرُ لَهُ فِيهِ ثُمَّ يُقَالُ لَهُ نَمْ فَيَقُولُ أَرْجِعُ إِلَى أَهْلِي فَأُخْبِرُهُمْ فَيَقُولاَنِ نَمْ كَنَوْمَةِ الْعَرُوسِ الَّذِي لاَ يُوقِظُهُ إِلاَّ أَحَبُّ أَهْلِهِ إِلَيْهِ حَتَّى يَبْعَثَهُ اللَّهُ مِنْ مَضْجَعِهِ ذَلِكَ وَإِنْ كَانَ مُنَافِقًا قَالَ سَمِعْتُ النَّاسَ يَقُولُونَ فَقُلْتُ مِثْلَهُ لاَ أَدْرِي فَيَقُولاَنِ قَدْ كُنَّا نَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُولُ ذَلِكَ فَيُقَالُ لِلأَرْضِ الْتَئِمِي عَلَيْهِ فَتَلْتَئِمُ عَلَيْهِ فَتَخْتَلِفُ فِيهَا أَضْلاَعُهُ فَلاَ يَزَالُ فِيهَا مُعَذَّبًا حَتَّى يَبْعَثَهُ اللَّهُ مِنْ مَضْجَعِهِ ذَلِكَ.   رَوَاهُ التِّرْمِذِيّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon mayyit qabrga qo'yilsa, yo[19] sizlardan birlaringiz qabrga qo'yilsa, unga ikkita qora ko'k farishtalar keladilar. Ularning biri Munkar, ikkinchisi Nakir deyiladi. Ular: “Bu kishi haqida nima derding”, – deydilar. U oldin aytgan narsasini aytadi: “U Allohning bandasi va Rasulidir,  guvohlik beramanki, Allohdan o'zga iloh yo'qdir, Muhammad Uning bandasi va Rasulidir”, – deydi. Ular: “Sening shunday deyishingni bilardik”, – deydilar. So'ngra uning qabri etmishga etmish ziro' qilib kengaytiriladi. So'ngra u er uning uchun charog'on qilinadi. So'ngra unga, “uxla” deyiladi. U: “Ahlimga qaytib ularga xabar beray”, – deydi. Ular: “Sen oilasining eng sevimli kishisi uyg'otadigan yangi uylangan kuyovning uyqusidek uxlagin”, – deydilar. U to Alloh taolo uni o'sha yotgan joyidan qayta tiriltirgunicha shunday yotadi. Agar munofiq bo'lsa: “Odamlarning aytayotganlarini eshitgan edim, men ham o'shanday deganman, bilmayman”, – deydi. Ular: “Biz sening shunday deyishingni bilardik”, – deydilar. O'sha payt erga: “Uning ustida birlashgin!” – deyiladi. Yer uning ustida birlashadi, o'shanda uning qovurg'alari aralashib ketadi. U to Alloh taolo uni o'sha yotgan joyidan qayta tiriltirgunicha doimo azoblanib turadi”, – dedilar”.  Termiziy rivoyat qilgan.    

 

Farishtalar vafot etadilarmi?

Isrofil alayhissalom surga puflagan paytda Alloh ularning vafot etmasliklarini xohlagan ba'zi farishtalardan tashqari qolgan barcha farishtalar vafot etadilar. Bunga quyidagi oyatda dalolat qiladi:

وَنُفِخَ فِي ٱلصُّورِ فَصَعِقَ مَن فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَن فِي ٱلۡأَرۡضِ إِلَّا مَن شَآءَ ٱللَّهُۖ ثُمَّ نُفِخَ فِيهِ أُخۡرَىٰ فَإِذَا هُمۡ قِيَامٞ يَنظُرُونَ٦٨

“Va surga puflandi. Osmonlaru erda kim bo'lsa qulab o'ldi. Magar Alloh xohlaganlargina qoldi. So'ngra unga yana bir bor puflandi. Bas, to'satdan ular turib intizor bo'lurlar”[20].

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh ushbu: “Magar Alloh xohlaganlargina qoldi” oyatini, “ular Jabroil, Mikoil, Isrofil va Malakul mavtlardir, vallohu a'lam”, deya tafsir qilgan.  Imom Bayhaqiy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda mazkur farishtalarning ham birma-bir vafot etishlari xabar berilgan. 

 Har bir qilayotgan amallarimizni farishtalarning kuzatib yozib borayotganlarini doimo yodimizda saqlab, yaxshi amallarimizning adadlari va sifatlarini oshirib borish baxtiga Alloh taolo barchalarimizni muvaffaq qilsin.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

HOTAMUL ANBIYo HAQIDA E_''TIQODIMIZ

HOTAMUL ANBIYoNING SIFATLARI

 

[1] Takvir surasi, 19, 21-oyatlar.

[2] Shuaro surasi, 192, 194-oyatlar.

[3] Baqara surasi, 98-oyat.  

[4] Zumar surasi, 68-oyat.

[5] Abu Bakr Jobir Jazoriy. Aysarut-Tafosir likalamil Aliyil Kabir. – Bayrut: “Maktabatul ulum val hikam”, 2002. – B. 1189.

[6] Sajda surasi, 11-oyat.

[7] An'om surasi, 61-oyat.

[8] G'ofir surasi, 7-oyat.

[9] Ra'd surasi, 23, 24-oyatlar.

[10] Muddassir surasi, 28, 30-oyatlar.

[11] Zuxruf surasi, 77-oyat.

[12] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.

[13] Qof surasi, 17-oyat.

[14] Ra'd surasi, 11-oyat.

[15] Nutfa lug'atda “ozgina suv”  ma'nosini anglatadi. Istilohda erkak kishidan ajralib chiqadigan urug' “nutfa” deyiladi. Bu urug' ozgina suvga o'xshagani uchun “nutfa” deb nomlangan.

[16] Alaqa lug'atda “qon shimadigan kichkina qora qurt” ya'ni, zuluk ma'nosini anglatadi. Istilohda bachadonga yopishib undagi qonni shimib turadigan homila “alaqa” deyiladi.

[17] Muzg'a lug'atda “kichkina bir bo'lak go'sht” ma'nosini anglatadi. Istilohda “alaqa”dan keyingi bosqichdagi homila “muzg'a” deyiladi. Muzg'aning kattaligi bir chaynam go'sht miqdorida bo'ladi.

[18] Ya'ni Quraysh mushriklari sababli Toifga chiqib, ulardan yordam so'rashga majbur bo'lganlar.

[19] Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu ikki gapdan qaysi birini aytganlarini roviy aniq bila olmagani sababli omonatdorlik bilan har ikkalasini ham aytib qo'ygan. Hadis ilmida bunday holatni “roviydan shak” deyiladi.

[20] Zumar surasi, 68-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘jiza sotib olaman

26.12.2024   1310   4 min.
Mo‘jiza sotib olaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi. 
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.

Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.

Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.

“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.

Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.

“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.


Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:

Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi. 
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolaning videolavha shakli
 

Maqolalar