Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Imom Moturidiy ta'limoti Yevropada keng o'rganilmoqda

20.03.2021   1404   6 min.
Imom Moturidiy ta'limoti Yevropada keng o'rganilmoqda

Yaqinda Imom Moturidiy qalamiga mansub “Kitob at-tavhid” asarining faksimile nusxasi bilan tanishib chiqdim. Kitob o'ta nodir bo'lib, Belarusda, aniqrog'i, Belarus' muftiyatining ilmiy tadqiqotlar departamenti tomonidan nashr etilgan.

“Kitob-at-tavhid” HH asrning o'rtalarigacha bizgacha etib kelmagan, deb hisoblangan. 1950 yillarda asarning yagona qo'lyozma nusxasi topilgan. Hozir u Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanmoqda. Qo'lyozmaning faksimile nusxasi Belarusda 2019 yilda ilmiy maqsadda yosh, izlanuvchan islomshunos olim, Minsk masjidi imomi Maqsat hazrat Ovezovning tashabbusi bilan nashrdan chiqqan.

Mazkur nashrga tadqiqot materiali ilova qilingan bo'lib, unda Imom Moturidiy va uning merosi to'g'risida ma'lumot berilgan. Bu nusxa hozir Belarusdagi Islom muzeyidan o'rin olgan.
Belarus' jug'rofiy o'rniga ko'ra qadimdan Sharq va G'arb tamadduni o'rtasida ko'prik vazifasini bajarib kelayotgan mintaqadir. Mamlakat o'z hududida yashaydigan turli millat va elatlar madaniyati va diniy qadriyatlarining ibratli jihatlarini o'zlashtirgan. Bu erda, ayniqsa, g'arbiy va sharqiy nasroniy cherkovlarining ilohiyot maktablariga keng o'rin berilgan. Belarusda musulmonlar olti asrdan buyon istiqomat qilib kelayotgani e'tiborga molik. Hususan, sohibqiron Amir Temur tomonidan zarbaga uchragan To'xtamishxon qo'shinlarining omon qolgan qismi mamlakat g'arbiy hududlarida o'rnashib qolishi musulmonlar hayotida muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Musulmonlar shundan buyon bu mamlakatda muqim yashab kelmoqda.

HH asr boshlarida Belarus' poytaxti Minskda toshdan Markaziy Yevropa mintaqasida yagona hisoblangan masjid bunyod etildi. Bu musulmonlar uchun tarixiy ahamiyatga molik voqea edi. Biroq sovet mafkurasi tufayli masjid oradan ko'p o'tmay yopilgan. Eng achinarlisi, u 1968 yilda buzib tashlangan.

2016 yilda masjid yangidan bunyod etildi. Shahar markazida qad ko'targan yangi inshoot Belarus' xalqiga islom ma'rifiy olami bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Mazkur binoda mamlakat muftiyati, Belarusdagi birinchi Islom muzeyi, shuningdek, madaniy va ma'rifiy targ'ibot markazi joylashgan.

Muftiyatning ilmiy tadqiqot departamenti 2018 yildan buyon faoliyat yuritib, islom diniga oid kitoblarni belarus' tilida chop etishga bosh-qosh bo'lib kelmoqda. Departament Qur'oni karimni o'rganish va aqoid ilmiga oid tadqiqotlar bilan ham shug'ullanmoqda. Unga Minsk masjidi imomi Maqsat hazrat Ovezov rahbarlik qilyapti.
Belarusda Alam ul-Hudo – “Haq yo'li bayrog'i” ko'nyasini olgan Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy diniy ta'limotining asosiy yo'nalish sifatida tanlanishi e'tiborga molik.

Belarus' ilohiyotchi olimlari Moturidiy diniy ta'limotini nafaqat islom olami, balki butun insoniyatning buguni va ertasi uchun xizmat qiladigan islom diniy tafakkurining istiqbolli yo'nalishi sifatida rivojlantirishga intilmoqda. Hususan, Maqsat hazrat Ovezov Imom Moturidiy ilmiy merosi va faoliyati borasida qator ilmiy tadqiqotlarga bosh-qosh bo'lmoqda.
Bizgacha Imom Moturidiy shaxsiga doir juda kam ma'lumot etib kelgan. Bugungi kunda uning merosi va shaxsiyatiga doir ma'lumotlarni izlab topish borasida ishlar olib borilmoqda.

Belarus' islomshunoslari Moturidiy merosini o'rganayotgan chet ellik olimlar bilan ham hamkorlik qilmoqda. Masalan, turkiyalik olim, professor So'nmes Qutludan Jamoliddin al-Qarshiy asarlari vositasida Imom Moturidiyning zohiriy ko'rinishi to'g'risida qimmatli ma'lumotnoma olindi.

Belarus' muftiyati Moturidiy diniy ta'limoti bo'yicha Markaziy Yevropa markazini tashkil etishni maqsad qilgan. Ayni paytda bu yo'nalishda katta ishlar amalga oshirilmoqda. O'tgan asrlarda yashab o'tgan va hozirgi davr olimlarining shu yo'nalishda erishgan yutuqlari umumlashtirilib, kitoblar va islom dini bo'yicha Minsk masjidida bo'lib o'tadigan darslarda evropaliklar tushunadigan va qabul qiladigan talqinda etkazilyapti.

Belarusga Moturidiy ta'limoti etakchilaridan biri Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiya” kitobi olib kelindi. Minsk masjidida diniy ta'lim olgan, uni muvaffaqiyat bilan tugallagan talabalar Moturidiy ta'limoti mazmun-mohiyatini shu erda istiqomat qilayotgan musulmonlarga etkazadi.

Maqsat hazrat Qur'oni karimning “Al-Ixlos” surasi tafsirini arab, turk, ingliz va rus tillarida yozib, nashr ettirdi. Ushbu sura Imom Moturidiy, Abu Hafs an-Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy, Sa'ad ad-din at-Taftazoniy, Abu Hafs al-G'aznaviy kabi moturidiyshunos olimlar fikriga tayangan holda tafsir qilingan. Shuningdek, hanafiylik mazhabi aqidalariga tayanib yozilgan “Aqida at–tahaviya” asosida videodarslar turkumi tayyorlandi. Ularda ushbu kitob mazmun-mohiyati moturidiyshunos olimlarning izoh va sharhlari asosida ochib berilgan. Videodarslar belaruslik barcha musulmonlarga Imom Moturidiy diniy ta'limotini etkazish bo'yicha samarali usul bo'ldi.

Muftiyat chet eldagi islom markazlari va tashkilotlari, jumladan, Moturidiy diniy ta'limotini tadqiq qilish bo'yicha Rossiya musulmonlari diniy idoralari bilan yaqin aloqa va hamkorlik o'rnatgan. Shuningdek, O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish zaruriyati mavjud.

O'zbekistonning islom ilm-fani va ta'limi muassasalari bilan tajriba almashish, ta'lim sohasida malaka oshirish bo'yicha yaqin hamkorlik qilish Moturidiy ta'limotini rivojlantirish sur'atlarini jadallashtirish imkonini beradi. Ayniqsa, bu muhtaram zot merosini o'rganayotgan moturidiyshunoslarga qo'lyozmalar arxivi bilan ishlash muhim hisoblanadi. Imom Moturidiy merosiga bag'ishlangan anjumanlarda ishtirok etish, bu ta'limot borasida O'zbekiston va Belarusda taqdim etilgan adabiyotlarni o'zaro almashish ishlarini keng yo'lga qo'yish imkoniyati paydo bo'ladi.

Belarus' dinshunoslari tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar faqat tor doira bilan cheklanib qolmay, balki barcha xohlovchilarni Moturidiy ta'limoti bilan tanishtirishni maqsad qilgan.

Doniyor Obidov,
O'zbekistonning Belarusdagi echixonasi maslahatchisi, siyosiy fanlar doktori

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   1954   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.