Baqara – Madinada nozil qilingan eng avvalgi suradir. Suraning boshidagi to'rt oyat mo'minlar haqida, undan keyingi ikki oyat kofirlar haqida va ulardan keyingi o'n uch oyat munofiqlar haqida nozil bo'lgan. Baqara surasi Qur'oni karimdagi eng uzun suradir. Eng uzun oyat ham aynan mazkur surada bo'lib, u qarz haqidagi 282-oyatdir. Bu oyat to'liq bir betni tashkil etadi. Baqara surasini doim o'qib yurgan kishilarga Allohning izni bilan sehru jodu ta'sir qilmaydi.
Baqara surasi o'qilgan uydan shayton qochadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Shayton Baqara (surasi) o'qiladigan uydan qochadi", dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: "Kim kechasi Baqara surasidan o'n oyat o'qisa, shayton o'sha kechada uning uyiga kirmaydi"(Imom Dorimiy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shayton Baqara surasi o'qilgan erga kira olmasligini o'zi tan olib aytgan. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini qo'riqlashga vakil qildilar. Bir kuni kimdir kelib, egulikdan hovuchlab ola boshladi. Men uni tutib oldim-da, "Allohga qasamki, seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman", dedim. U: "Men muhtoj odamman, bola-chaqam bor. Nihoyatda muhtojman", dedi. Men uni qo'yib yubordim.
Tong otdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ey Abu Hurayra, bu kecha asiring nima qildi?" dedilar. "Yo Allohning Rasuli, juda muhtojligi, bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo'yib yubordim", dedim. U zot: "Bilib qo'y, u seni aldabdi. Hali yana keladi", dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Hali yana keladi" degan so'zlaridan uning qaytib kelishini bilib, uni poyladim. U kelib, egulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni yana tutib oldim. "Seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman", dedim. U: "Meni qo'yib yubor, men muhtojman, bola-chaqam bor. Endi qaytib kelmayman", dedi. Unga rahmim kelib, qo'yib yubordim.
Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Ey Abu Hurayra, asiring nima qildi?" dedilar. Men: "Yo Allohning Rasuli, nihoyatda muhtojligi, bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, yana rahmim kelib, qo'yib yubordim", dedim. U zot: "Bilib qo'y, u seni aldabdi. Hali yana keladi", dedilar. Uni uchinchi marta poyladim. Kelib, yana egulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. "Endi seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga albatta olib chiqaman. Bu oxirgisi. Sen qaytib kelmayman deb, uchinchi marta qaytib kelyapsan", dedim. U: "Meni qo'yib yubor, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o'rgataman", dedi. "Nima u?" dedim. U: "To'shakka yotganingda Oyatul-Kursiyni – "Allohu laa ilaha illa huval-Hayyul-Qoyyum"ni oyatning oxirigacha o'qigin. Shunday qilsang, Allohning dargohidan bir qo'riqchi tong otguncha tepangda turadi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi", dedi. Uni qo'yib yubordim.
Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Bu kecha asiring nima qildi?" dedilar. Men: "Yo Allohning Rasuli, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o'rgataman degan edi, qo'yib yubordim", dedim. U zot: "Ular nima ekan?" dedilar. "U menga: "To'shakka yotganingda Oyatul-Kursiyni – "Allohu laa ilaha illa huval-Hayyul-Qoyyum"ni oyatning oxirigacha o'qigin. Shunday qilsang, Allohning dargohidan bir qo'riqchi tong otguncha tepangda turadi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi", dedi", dedim.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Bilib qo'y, o'zi g'irt yolg'onchi bo'lsa ham, senga rost aytibdi. Uch kechadan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, ey Abu Hurayra?" dedilar. "Yo'q", dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: "U shayton edi",dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baqara surasi o'qilgan erga farishtalar tushadilar. Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu tunda "Baqara" surasini o'qiyotgan edi. Bir payt yonginasida bog'langan ot hurka boshladi. U qiroatdan to'xtadi. Ot ham tinchlandi. Yana o'qiy boshlasa, ot ham bezovtalanar edi. Qiroatni to'xtatsa, yana jim bo'lardi. O'sha vaqtda o'g'illari Yahyo ot yonida edi. Ot bosib olmasin deb, qiroatni to'xtatib uning oldiga bordilar. O'g'illarini otdan uzoqroqqa qo'ygach, osmonga qarasalar, unda soyabonlarga o'xshash, ostida nur taratib turgan narsalar bor ekan. Tong otgach, bo'lgan voqeani Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytib berdilar. U zot alayhissalom: “Huzayrning o'g'li, qiroatingni davom ettiravermadingmi?” dedilar.
Usayd roziyallohu anhu aytdilar: “Bolamni ot bosib qolishidan qo'rqdim. U otning yaqinida edi. Otdan uzoqroqqa qo'yib osmonga qarasam, u erda soyabonga o'xshash, ichida chirog'i bor narsalar turgan ekan. Uyimdan chiqib qarasam, yo'q bo'lib qolibdi”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ular nimaligini bilasanmi?” deb so'radilar. Usayd roziyallohu anhu: “Yo'q”, dedi. Rasululloh: “Ular ovozingni eshitish uchun pastga tushgan farishtalar edi. Agar tonggacha o'qiganingda, odamlar ham ularni ko'rgan bo'lardi. Farishtalar ham ulardan qochmas edi”, deb aytdilar».
Baqara surasi Qiyomat kuni shafoatchi bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qur'onni o'qinglar. Chunki u qiyomat kuni o'z ahli uchun shafoatchi bo'ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o'qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o'z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o'qinglar. Uni o'qish baraka, tark etish esa hasratdir", deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alaĭhi vasallam: "Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o'qisa, kifoya qiladi", dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Hadisda kelgan “Kifoya qiladi”dan quyidagi ma'nolar kelib chiqadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qur'on oyatlarining sayyidi Oyatul kursiydir", deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Zubayd Abdurahmon ibn Asvaddan rivoyat qiladi: "Kim Baqara surasini o'qisa, buning evaziga unga jannatda toj kiydiriladi"(Imom Dorimiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.