Bugun, 19 mart kuni Samarqand viloyati Urgut shahrida yangi qad rostlagan “Urgut” markaziy jome masjidida ilk juma namozi o'qildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo'limi mudiri Erdon domla Esonov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, Urgut tumani bosh imomi Shodi domla Haqberdiyev, ulamolar, tajribali imom-xatiblar, mo'ysafid otaxonlar va namozxonlar ishtirok etdi.
Darhaqiqat, Alloh taolo masjidlarni O'ziga eng mahbub makonlar qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir” deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Buning sababi – masjidlarda Yolg'iz Allohga ibodat qilingani, u erlarda Uning ismi zikr etilgani, u erlarda Uning buyruq va qaytariqlari e'lon qilingani, u erlarda musulmonlar ibodatlarning turli ko'rinishlari, jumladan, namoz, zikr, Qur'on tilovati, tasbeh, duo kabilar bilan Unga qurbat hosil qilganlari, u erlarda nafslar gunoh va isyon kirliklaridan poklangani, u erlarda rohat, uns, xotirjamlik, iymon, Allohga munojot lazzati paydo bo'lgani uchundir.
Ishonch bilan ayta olamizki, ushbu muhtasham masjid ham mo'min-musulmonlarimizning ruhiy tarbiyasini sayqallashda juda katta xizmat qiladi. Zero, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar ona-Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so'rab, duo qilishadi. Bu mustajob duolarning sharofati ila Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi, inshaalloh.
Alloh taolo ushbu jome masjidlarni tez kunlarda bunyod etilib, xalqimizga muborak aylashini nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati