Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!
Bugun zamonamizning eng mashhur olimlaridan bschlgan shayx Muhammad Ali ibn Jamil as-Sobuniy al-Halabiy Istanbul yaqinidagi Yaloqo shahrida Haq rahmatiga sazovor bo'ldi.
Alloma Muhammad Ali ibn Shayx Jamil Sobuniy rahimahulloh 1930 yil Suriyaning ilm va ulamolari bilan mashhur bo'lmish shahri Halabda dunyoga keldi. O'g'lini etuk olim bo'lishida sababchi bo'lgan padari buzrukvori Halabdagi “Umaviy jome” masjidida dars berar edi. Yosh Muhammad Ali Qur'on darslariga qatnashib, Qur'oni karimni to'liq yod oldi. Qorilar shayxi Najib Hiyota, Shayx Muhammad Najib Siroj, muhaddis shayx Abdulloh Sirojiddin, Shayx Rog'ib Tabbox, Shayx Muhammad Idlibiy, Shayx Ahmad Shammo' kabi ko'plab fazilatli ulamolar Muhammad Ali Sobuniyning ustozlaridan hisoblanadilar.
Boshlang'ich va o'rta maktabni imtiyozli tamomlab, Qohiradagi “Al-Azhar” universitetida tahsil oldi. 1952 yilda universitetning Shariat fakul'teti diplomiga ega bo'ldi. 1954 yil mutaxassislik o'qishini tamomlab, Azhari sharifning “Shar'iy sud mutaxassisligi”ning imtiyozli diplomini qo'lga kiritdi. Bu diplom o'sha vaqtlarda eng oliy diplom hisoblanib, hozirgi kundagi doktorlik diplomi bilan barobardir. Misrda o'qishni tamomlagach ona yurti Suriyaga qaytib, 1955-1962 yillar davomida Halabdagi o'rta maktabda “Islom madaniyati” fanidan dars berdi.
Shayx Sobuniy Suriya ta'lim vazirligi tomonidan Makkai mukarramaga islomiy fanlar, tarbiya va shari'at fakul'tetiga dars berish uchun jo'natiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tavallud topgan muborak zaminda yigirma sakkiz yilga yaqin dars berdi. Bu vaqt davomida bir qancha ulamolar, jumladan Masjidul haram imomlari etishib chiqdi.
Sobuniy hazratlari dars berish bilan cheklanmay, shayx Sayyid Alaviy va Hasan Mashshot kabi o'z davrining zabardast olimlarining darslarida ham qatnashar edi.
Abu Ja'far Nahhas (rahmatullohi alayhi)ning “Ma'onil Qur'on” nomli asarini besh yil davomida tadqiq qilib, olti juzda nashr qildirgan. 1998 yildan Makkadagi xalqaro tashkilot hamda Islom olami uyushmasiga qarashli muassasada bir necha yil faoliyat yuritdi. Masjidul haramda imomlik ham qilgan.
Shayx Muhammad Ali Sobuniy Makkada bo'lgan onlari har kuni Ka'bai mauzzamaning yaqini, “Hajarul asvad” bilan “Ruknil yamaniy”ning orasida o'tirib, Qur'oni karim tilovat qilardi, savol so'raganlarga javob berar edi.
Muhammad Ali Sobuniy “At tibyon fi ulumil Qur'on”, “Sihohi sitta” (olti sahih to'plam) kitoblarining sharhi hisoblangan “Min kunuzis sunnat an nabaviyyatil mutohharoh” (Pok nabaviy sunnat xazinalari), “Al fiqh ash shar'iy al muyassar”, “Sofvat at tafosiyr”, “Ravoiul bayon fi tafsiril Qur'on” hamda “Muxtasar tafsiri Ibn Kasiyr” kabi bir qancha asarlarning muallifidir. “Ravoiul-bayon” nomli asari O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus islom bilim yurtlarida o'qitib kelinmoqda.
Allomaning aksar asarlari ingliz, frantsuz, rus, fors, urdu va boshqa tillarga tarjima qilingan. Uning Qur'oni karim tafsiri sohasiga bag'ishlangan tasniflari chuqur ilm, keng ma'no va go'zal ifoda hamda oson iborasi bilan ajralib turadi.
Shayx Sobuniy hayotlarini Qur'oni Karim va sunnati nabaviyya xizmatiga sarfladi. Tafsir, hadis va boshqa ilm sohalariga bag'ishlangan asarlari bilan ilmiy-ma'rifiy kutubxonalarni boyitdi va haqli ravishda “Kitob va sunnat xodimi” unvoniga ega bo'ldi.
Alloh taolo ulug' olimni O'z rahmatiga olsin!
Matbuot xizmati
HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD