“Mantiq” ilmi barcha diniy va dunyoviy ilmlar bilan aloqador va bog'liqdir. Bu ilm sohasi aqlni charxlaydi, nutqni va nutqiy tafakkurni o'stiradi. Shu bois ham qadimdan madrasalarda mantiq darsi o'qitib kelgan.
Islom dunyosida ba'zan mantiq ilmiga, uning boshqa ilmlar va to'g'ri fikr yuritish uchun bir vosita va o'lchov ekanligini nazarda tutgan holda “ilmi mezon” nomi berilgan.
Mantiq ilmini ulug' alloma Abu Nasr Forobiy “ilmlarning raisi” deb ta'riflagan bo'lsa, shayxur rais Abu Ali ibn Sino esa “ilmlarning xodimi”, deb nomlagan. Hujjatul islom Imom G'azzoliy: “Kim mantiq ilmini bilmasa, uning ilmiga aslo ishonch yo'qdir”, deganlar va mantiqni “ilmning o'lchovi”, deb atagan.
Imom Taftazoniy, Asiruddin Abhariy kabi atoqli olimlarimiz esa, ilm yo'liga kirgan talabalar uchun uni bilish vojib bo'ladi deganlar. Darhaqiqat, islom olimlarining yozgan mashhur asarlariga diqqat qilsak, ularning mantiq qoidalari asosida yozilgani ma'lum bo'ladi.
Musulmon olamida mantiqqa doir tadqiqotlar Aristotel' asarlarining hijriy VIII asrdan e'tiboran arab tiliga tarjima qilina boshlashi bilan paydo bo'lgan. IX asrning o'rtalaridan boshlab mantiqqa oid ko'plab asarlar yozilgan. Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, G'azzoliy, Ibn Rushd, Roziy, Jurjoniy, Mulla Fanon kabi mutafakkirlar islom dunyosida mantiq ilmiga ulkan hissa qo'shgan olimlardir.
IX asrda Bag'dodda taraqqiy topgan mantiq maktabida Aristotel' asarlari bo'yicha e'tiborli tadqiqotlar amalga oshirildi. Mazkur tadqiqotlar doirasida Abu Bishr Matto bin Yunus, Forobiy va Yahyo bin Odiylarning nomlarini zikr etish mumkin. Abu Ali Ibn Sino esa Bag'dod maktabini haddan tashqari Aristotelga bog'lanib qolganlikda tanqid qilib, o'zi mustaqil yo'l axtardi va mantiq xususidagi qarashlarini «Kitob-ash- shifo»da bayon qildi.
Abu Nasr Forobiy o'zining «Uyunul-masoit» nomli asarida mantiq mavzusida so'z yuritar ekan, uni uch qismga ajratadi. Ta'rifga juda katta ahamiyat qaratgan Forobiy, mantiq ilmining sezgi a'zolari bilan anglangan, ammo ta'rifga sig'maydigan tushunchalarga tayanishini ilgari suradi. Bu qarash Ibn Sino tomonidan rivojlantirildi.
Mantiq masalalarining rivojlanishida Abu Nasr Forobiyning xizmatini alohida ta'kidlab o'tish kerak. Uning yunon faylasuflarining mantiqqa oid asarlariga yozgan sharhlari o'rta asr mantiqiga qo'shilgan katta hissa bo'ldi. Uning ko'pgina sharhlari Arastuning asarlariga bag'ishlangan.
Abu Nasr Forobiyning mantiq sohasidaga ishlarining davomchilaridan biri turli ilm jabhalariga oid qator asarlar yaratgan, o'z davrining dunyoga mashhur mavsu'iy olimi Abu Ali ibn Sinodir. U falsafa va mantiqqa oid bir necha asarlar yaratgan. Mantiq masalalarini o'z ichiga qamrab olgan asarlari orasida uning «Kitob ash-shi-fo» (“'Shifo kitobi»), «Kitob an-najot» («Najot kitobi»), «Al-Muxtasar al-Avsot» («O'rtacha muxtasar»), «Kitob al-ishorot» («Ishoralar kitobi») va boshqa asarlarida mantiq masalalari xususida fikr yuritilgan.
Abu Nasr al-Forobiy o'z asarlarida mantiq «tafakkur haqidagi ilm bo'lib, yozma yoki og'zaki nutqda o'z aksini topadi, degan fikrni qayd qilish bilan birga Arastuning tafakkur va til, mantiq va grammatika orasida bog'liqlik g'oyasini o'z asarida aks ettirsa, Abu Abdulloh al-Horazmiy bu g'oyani yanada rivojlantiradi.
Abu Abdulloh al-Horazmiy o'zining nazariy ilmlari tartibida har qanday tafakkur, ilmiy bilimning zaruriy ibtidosi sifatida aks etgan mantiq masalalarini ham o'rganadi. Abu Abdulloh al-Horazmiy mantiqning roli va masalalari haqida fikr yuritib, mantiq na nazariy, na amaliy ilmlarga kirmasdan, alohida, qandaydir uchinchi qismni tashkil etadi, degan nuqtai nazarni ilgari suradiki, bu Ibn Sinoning ana shu masalaga yondashishiga mos tushadi.
Musulmon dunyosida falsafa va mantiq sohasida katta xizmatlar qilgan olimlardan yana biri Abdul Valid Muhammad ibn Ahmad ibn Rushddir. «Arastuning organonini Forobiy mantiqi bilan solishtirish», «Mantiq masalariga oid» va boshqa asarlar muallifi Ibn Rushd Arastuning eng yaqin izdoshlaridan hisoblanadi.
Sharq mualliflari, shuningdek Abu Abdulloh al-Horazmiy ham, ma'no anglatish va so'zlar ma'nosi masalasi mantiqqa tegishli bo'lmay, ko'proq amaliyotga taalluqli ekanligini tan oladilar. Biroq iboralar, ma'nolar va tushunchalar haqidagi masala Arastu tomonidan etarli darajada ishlangan bo'lgani uchun, Sharq olimlari bu masalani ko'rib o'tishni Arastu «Kategoriyalar»ining kirish qismiga qo'shishni lozim topdilar.
Mantiq ilmi, unga tamal toshi qo'yilgan qadimgi davrdan e'tiboran to bugungi kunimizga qadar Sharq olimlari tomonidan ham, G'arb olimlari tomonidan ham muttasil tadqiq qilindi va uning «yangi davr metodologik mantig'i», «formal mantiq», «simvolik mantiq» kabi yo'nalishlariga ham asos solinib rivojlantirildi.
Bugungi kunda islomiy kitoblarga nazar solar ekanmiz, ularning aksari u yoki bu miqdorda mantiq va falsafa ilmining qoidalariga asoslanganligiga guvoh bo'lamiz. Hatto, arab grammatikasi, arab tilining balog'ati ham mantiq asosida o'rganilgan.
Mantiq nafaqat fiqh va uning asoslari (usuli fiqh) va arab tili bilimlari, balki kalom va aqida ilmining rivojida ham muhim rol o'ynadi. Hadis bilimlari va istilohlariga oid fanlar ham mantiqiy qarashlardan xoli emas. Shu ma'noda mantiq ilmi asosiy islomiy bilimlar doirasida vosita bilimlariga aylanib qoldi. Ya'ni, bu shunday mexanizmki undan o'tmasdan turib, islomiy fanlarni o'rganish insonni ayrim qiyinchilik va mashqqatlarga ro'baro' qiladi.
Shu e'tibordan, keyingi avlod ulamolari botil asoslardan tozalangan mantiq ilmini ehtiyoj doirasida o'rganish lozim, degan fikrga keldilar.
Bugungi kunda buyuk vatandoshlarimiz tomonidan bizlarga ilmiy meros sifatida qoldirilgan qiymatli asarlarni to'g'ri o'rganish uchun ham baribir islomiy falsafa va mantiq ilmini o'rganishga ehtiyoj sezamiz.
Mansur URALOV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
maxsus sirtqi bo'lim bitiruchisi
MuslimShosh.uz