Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Aziz mo'min musulmonlar, barchangizni muborak Sha'bon oyi — ibodat oyi bilan tabriklaymiz!
Islomda fazilatli oylardan biri bu — Sha'bondir.
Olimlardan biri shunday degan: «Rajab oyi badanni, Sha'bon oyi qalbni, Ramazon oyi esa ruhni tozalaydi. Agar Rajab oyida badan, Sha'bon oyida qalb tozalanmasa, Ramazon oyida ruh qanday tozalanadi?
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu oyning ko'prog'ini ro'za tutish bilan o'tkazardilar.
Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazon oyidan boshqa oyda to'la ro'za tutganlarini ko'rmaganman. Boshqa oylarda Sha'bondan ko'ra ko'proq ro'za tutganlarini ko'rmaganman».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedim: «Ey Allohning Rasuli, boshqa biror oyda Sha'bonchalik ko'p ro'za tutganingizni ko'rmaganman?».
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Odamlar Rajab va Ramazon oylari orasidagi ushbu oy — Sha'bondan g'ofil bo'lib qoladilar. Bu shunday oydirki, unda bandalarning amallari olamlar Parvardigori huzuriga olib chiqiladi. Meni ham amallarim Allohning huzuriga olib chiqilganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman».
Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Huzayma rivoyati.
Sha'bon — Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oylari hisoblanadi.
Ushbu oy haqida Allohning Rasuli: «Sha'bon oyi mening oyimdir», deganlar.
Ummu Salama roziyallohu anho:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sha'bon va Ramazondan boshqada ikki oy ketma-ket ro'za tutganlarini ko'rmadim», dedilar».
Termiziy yaxshi sanad bilan rivoyat qilgan.
Sha'bon va Ramazon oylari ketma-ket kelishi ma'lum, Payg'ambarimiz alayhissalom shu ikki oyning ro'zasini tutgan ekanlar. Bundan ham Sha'bon oyi ro'zasining fazilatli ekanligini bilib olamiz.
Sha'bon oyida ibodat qilgan, ro'za tutgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytgan, umuman ushbu oyning barcha amallarini bajargan bandalarga ulug' mukofotlar va'da qilingan. Bu haqda hadisi quddisiyda Alloh taolo ishorat qilib: «Qarang, ko'ring, mening qullarim Rasulimning oyi bo'lmish Sha'bon oyiga qanday hurmat va e'tibor ko'rsatyaptilar. Jalolim haqqi, men ham ularni avf etdim».
Robbimiz barchamizga Sha'bon oyini munosib o'tkazishimizga yordam bersin va Ramazonga ham chiroyli, gunohlardan pok holatda etkazsin!
Manba:
«Hadis va Hayot» kitobi.
«Hijriy 1442» taqvim.
Hurshid Ma'ruf tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dengiz to‘lqinlari ustida paydo bo‘ladigan ko‘piklar, majoz va haqiqat tarzida go‘zal va mukammal ifodalar bilan bayon etiladi. Inson faqat ko‘piklarni tomosha qilish bilan kifoyalanib qolmasligi kerak, balki, dengizning qudratiga diqqat qilmog‘i, o‘z ko‘nglini dengiz qilmog‘i kerak. Faqat ko‘piklarni ko‘rib, ammo dengizni ko‘rmaydigan zohiriy fikr va nigoh bilan emas, balki ko‘piklarning siri va aylanishiga sabab bo‘lgan dengizni ko‘radigan dil ko‘zi bilan boqmog‘i kerak inson. Chunonchi, hazrati Mavlono aytadilar:
«Ey bu (tariqat) yo‘l(i)ni qadamba-qadam bosmoqqa qaror qilgan inson! Sen hali xomning xomisan, xomning xomisan, xomning xomisan!
Tegirmon toshining aylanishini ko‘rdingmi, kel, (bu toshni aylantirgan) ariq suvini ham ko‘rgil, axir!
Tuproqni ko‘rdingki, (to‘zon bo‘lib) havoga ko‘tarildi. Endi bu tuproq, to‘zon orasidagi shamolni ham ko‘rgil!
Fikr qozonlarining qaynaganini ko‘rdingmi, bas, (bu fikr qozonlarini qaynatgan) olov ichidagi hushga – ongu idrokka ham nazar qil!
Haq taolo Ayyub alayhissalomga ikrom-ehsonlarini so‘zlagan mahalda: «Men sening har bir tola sochingga sabr berdim!» dedi.
Ogoh bo‘l, sabringga buncha mahliyo bo‘lma, sabrni ko‘rdingmi, sabrni bergan Zotni ham ko‘rgil!
Qachonki dulob, ya’ni quduqdan suv chiqaradigan chig‘ir yoki charxpalakning aylanganini ko‘rsang, boshingni tashqariga chiqarib, mirobni – suvning amirini ham ko‘rgil!
Sen ko‘ryapman, deb aytasan, lekin sen ko‘rgan narsalar (ul yashirin qudratning) oshkor bo‘lgan alomatlari, xolos
Sen dengiz yuzidagi ko‘piklar harakatini ko‘rdingmi, qisqasi, hayratlarga tushib, dengizning o‘ziga ham boq!»
Dengiz va ko‘pik tashbehlari
Mavlono aytadilar: «Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u sirini so‘zlovchi bo‘ladi. Kim dengizni ko‘rsa, u hayron bo‘ladi – ulug‘ qudratni his etadi, ulug‘ cheksizlikni ko‘radi».
Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u niyatini oshkor etib, hammaga yoyadi, Kimki dengizni ko‘rsa, dilini dengiz qiladi. Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u sanoqni kasb qiladi, birning yoniga boshqa sonlarni qo‘shadi, kim dengizni ko‘rsa, u ixtiyorsiz bo‘ladi – bor inon-ixtiyoridan voz kechadi.
Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u ko‘pikdek ko‘pirgan kishi bo‘ladi, kimki dengizni ko‘rsa, u sof va xolis bo‘ladi. Kim ko‘pikni ko‘rsa, ko‘pik uni paykor qiladi, jangu jadal, kurash va muborazaga, bahsu munozara, qasd va irodaga boshlaydi. Kimki dengizni ko‘rsa, dengiz uni yuksaltiradi, uni oshiq qilib, dor ostiga olib boradi.
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul !..
Kim ko‘pikni ko‘rsa, o‘sha bilan mast bo‘ladi, kim dengizni ko‘rsa, «Huv» zikriga g‘arq bo‘ladi. Kim ko‘pikni ko‘rsa, u so‘z boshlaydi, gapga mashg‘ul bo‘ladi, kimki dengizni ko‘rsa, unda «mo»vu «man»dan, «biz» va «men» degan so‘zdan, manmanlik va maqtanchoqlikdan asar qolmaydi.
Kim ko‘pikni ko‘rsa, u behuda bo‘ladi, ishi va so‘zi puch va befoyda bo‘ladi, kim dengizni ko‘rsa, u osuda bo‘ladi, tinch, sokin xotirjam va teran fikrli bo‘ladi.
Kim ko‘pikni ko‘rsa, sir go‘yon bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, ul hayron bo‘lur!
Kim ko‘pik ko‘rsa, niyat ifsho qilur,
Kimki daryo ko‘rsa, dil daryo qilur.
Kim ko‘pik ko‘rsa, sanoq birlan u bor,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur beixtiyor!
Kim ko‘pik ko‘rsa, ko‘pirgan kas bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, sof, xolis bo‘lur.
Kim ko‘pik ko‘rsa, ani paykor qilur,
Kim dengiz ko‘rsa, ani bar dor qilur! [2]
Kim ko‘pikni ko‘rsa, anga mast bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, «Huv»ga g‘arq bo‘lur.
Kim ko‘pikni ko‘rsa, ul boshlar suxan,
Kim dengizni ko‘rsa, qolmas «mo vu man».
Kim ko‘pik ko‘rsa, bo‘lur behuda ul,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul !..
(5-daftar, 2899–2911-baytlar).
1 Paykor – jangu jadal, muboriza, kurash; bahsu munozara; qasd, iroda.
2 Bar dor qilmoq – ikki ma’noda (so‘z o‘yini): 1) boshini dorga eltmoq. 2) ko‘tarmoq, yuksaltirmoq.
Ko‘pikni ko‘rganlar sanoqqa asir
Hazrati Mavlono Jaloluddin Muhammad Rumiy-Balxiy ushbu:
Kim ko‘pik ko‘rsa, sanoq birlan u bor,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur beixtiyor, –
satrlari orqali aytadilarki, faqat ko‘pikni ko‘rib, dengizni ko‘rmaydigan inson adad va sanoqqa asirdir va adad andishdir, ya’ni faqat adadni – son-sanoqni fikr qilish bilan ovoradir.
«Masnaviy» baytlarining eng go‘zallaridan birining ma’nosi budir: «Kimki dengizni ko‘rsa, Alloh taoloning sun’i-san’atiga hayronlar qoladi va beixtiyor bo‘ladi».
Alloh bergan juz’iy ixtiyorga ishorat qilish orqali Mavlono insoniyatga aytadilar: «Butun kuch-quvvat va ta’sir Allohdandir», loyazol, ya’ni abadiy, so‘ngsiz bo‘lmish Haq taoloning azamati-ulug‘ligi va qudratiga tan berish bilan odamzod o‘z ozodligi, irodasi va ixtiyorini buyuk yaratgan Zotning tasarrufiga topshiradi, bu azamat va qudratni idrok etish bilan ixtiyorsiz bo‘ladi. Chunonchi, hazrati Mavlono mazkur baytlarda aytadilar:
Kim ko‘pikni ko‘rsa, anga mast bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, «Huv»ga g‘arq bo‘lur!
Ya’ni Alloh taoloning azamati, qudratiga g‘arq bo‘ladi. Dengiz mavjlarining siri-mohiyatiga va Alloh taoloning sun’i, qudrati, azamati-ulug‘ligiga tan bergan kishi oxir-oqibatda abadiy osudalikka erishadi. Chunonchi: «Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul!..»...
Mirzo Kenjabek