Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Aziz mo'min musulmonlar, barchangizni muborak Sha'bon oyi — ibodat oyi bilan tabriklaymiz!
Islomda fazilatli oylardan biri bu — Sha'bondir.
Olimlardan biri shunday degan: «Rajab oyi badanni, Sha'bon oyi qalbni, Ramazon oyi esa ruhni tozalaydi. Agar Rajab oyida badan, Sha'bon oyida qalb tozalanmasa, Ramazon oyida ruh qanday tozalanadi?
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu oyning ko'prog'ini ro'za tutish bilan o'tkazardilar.
Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazon oyidan boshqa oyda to'la ro'za tutganlarini ko'rmaganman. Boshqa oylarda Sha'bondan ko'ra ko'proq ro'za tutganlarini ko'rmaganman».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedim: «Ey Allohning Rasuli, boshqa biror oyda Sha'bonchalik ko'p ro'za tutganingizni ko'rmaganman?».
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Odamlar Rajab va Ramazon oylari orasidagi ushbu oy — Sha'bondan g'ofil bo'lib qoladilar. Bu shunday oydirki, unda bandalarning amallari olamlar Parvardigori huzuriga olib chiqiladi. Meni ham amallarim Allohning huzuriga olib chiqilganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman».
Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Huzayma rivoyati.
Sha'bon — Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oylari hisoblanadi.
Ushbu oy haqida Allohning Rasuli: «Sha'bon oyi mening oyimdir», deganlar.
Ummu Salama roziyallohu anho:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sha'bon va Ramazondan boshqada ikki oy ketma-ket ro'za tutganlarini ko'rmadim», dedilar».
Termiziy yaxshi sanad bilan rivoyat qilgan.
Sha'bon va Ramazon oylari ketma-ket kelishi ma'lum, Payg'ambarimiz alayhissalom shu ikki oyning ro'zasini tutgan ekanlar. Bundan ham Sha'bon oyi ro'zasining fazilatli ekanligini bilib olamiz.
Sha'bon oyida ibodat qilgan, ro'za tutgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytgan, umuman ushbu oyning barcha amallarini bajargan bandalarga ulug' mukofotlar va'da qilingan. Bu haqda hadisi quddisiyda Alloh taolo ishorat qilib: «Qarang, ko'ring, mening qullarim Rasulimning oyi bo'lmish Sha'bon oyiga qanday hurmat va e'tibor ko'rsatyaptilar. Jalolim haqqi, men ham ularni avf etdim».
Robbimiz barchamizga Sha'bon oyini munosib o'tkazishimizga yordam bersin va Ramazonga ham chiroyli, gunohlardan pok holatda etkazsin!
Manba:
«Hadis va Hayot» kitobi.
«Hijriy 1442» taqvim.
Hurshid Ma'ruf tayyorladi
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati