Hijriy-qamariy taqvimning sakkizinchi oyi Sha'bondir. Bu oyga bog'liq bir qancha ma'lumotlar bor. Ulardan ba'zilarini e'tiboringizga taqdim etishga ijozat bergaysiz.
Bu borada asosan Sha'bon oyida nafl ro'za tutish va mazkur oyning yarmiga etgandagi kecha fazli haqida so'z boradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon oldidan bir, ikki kun oldin ro'za tutmanglar. Magar bir kishining odatidagi ro'za bo'lsa tutsin», dedilar. Beshovlari rivoyat qilgan.
Sunan egalari rivoyatida: «Qachon Sha'bon yarmiga etsa ro'za tutmanglar», deyilgan.
Ahli kitob bo'lmish kofir qavmlar o'zlariga farz qilingan ro'zaning qaysi kun boshlanishiga shubha qilib, bir-ikki kun oldin tutishar, oqibatda nafl ibodat bilan farz ibodatni aralashtirib yuborishar edi.
Islomda bunga o'xshash ikkilanish, nafl va farzlarni aralashtirib yuborish ishlariga ruxsat yo'q. Musulmonlar har bir ibodatni jazm bilan, azmu qaror bilan, naflni nafl o'rnida, farzni farz o'rnida ado etishlari lozim.
Shuning uchun ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirishidan oldin bir-ikki kun qolganda ro'za tutishdan qaytarganlar.
Ammo bir odam ma'lum kunlarda, misol uchun, dushanba va payshanba kunlarda nafl ro'za tutib yurishga odatlangan bo'lsayu, o'sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to'g'ri kelib qolsa, tutsa bo'laveradi.
Shuningdek, ba'zi bir kishilar nazr ro'za niyat qilib qo'ygan bo'lsa, ular ham o'sha nazr ro'zani tutsa bo'laveradi.
Yuqorida zikr etilgan sabablarga binoan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «qachon Sha'bon yarmiga etsa ro'za tutmaganlar», degan hadislariga amal qilib, Sha'bon oyining o'n oltinchi kunidan boshlab to Ramazoni sharif kirguncha nafl ro'za tutish makruh bo'ladi.
Odamlar ichida ushbu tafsilotlarni yaxshi tushunmaganlik oqibatida Sha'bon oyida ro'za tutib bo'lmas ekan, degan tushuncha yuzaga kelgan. Aslida esa gap Sha'bon oyining ikkinchi yarmida ekanini bilib oldik. Sha'bon oyining avvalida ro'za tutish masalasini esa, kelajak hadislarni o'rganish jarayonida, inshaalloh, bilib olamiz.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ramazondan boshqa oyning ro'zasini to'liq tutganlarini ko'rmadim. Sha'bonda tutganchalik ko'p ro'za tutganlarini ham ko'rmadim. Uning faqat ozginasining ro'zasini tutmas edilar. Balki, hammasini tutar edilar, desak ham bo'laveradi». To'rtovlari rivoyat qilgan.
Ushbu rivoyatda asosan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam faqat Ramazon oyining ro'zasini to'liq tutganlarini bilib olamiz. Chunki, Allohning amri shundoq. Ramazondan keyin eng ko'p ro'zasi tutiladigan oy Sha'bon ekan.
Ummu Salama roziyallohu anho: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Sha'bon va Ramazondan boshqa ikki oyning ketma-ket ro'zasini tutganlarini ko'rmadim», dedilar. Termiziy yaxshi sanad bilan rivoyat qilgan.
Sha'bon va Ramazon oylari ketma-ket kelishi ma'lum, Payg'ambarimiz shu ikki oyning ro'zasini tutgan ekanlar. Bundan ham Sha'bon oyi ro'zasi fazilatli ekanini bilib olamiz.
Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bir kishiga: «Bu oyning o'rtasidan biror narsa tutdingmi?», dedilar. Haligi kishi: «Yo'q», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Undoq bo'lsa, qachonki Ramazondan og'zing ochiq bo'lganda uning o'rniga ikki kun ro'za tut», dedilar. Ikki Shayx rivoyat qilgan.
Boshqa bir rivoyatda: «Sha'bon o'rtasidan ro'za tutdingmi?» – deganlar. U kishi, yo'q, deganidan keyin:
«Undoq bo'lsa, og'zing ochiq bo'lganida zimmangdagi o'rniga ikki kun ro'za tut», deganlar.
Bundan Sha'bon oyida hech bo'lmasa ikki kun ro'za tutish kerakligi kelib chiqadi.
O'z-o'zidan nima uchun Sha'bon oyida nafl ro'za tutishga bunchalar ahamiyat beriladi?, degan savol paydo bo'ladi.
Bu savolning javobini Imom Nasaiy Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisdan topamiz. Unda quyidagilar aytiladi: «Ey Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha'bonda ro'za tutganingizdek ro'za tutganingizni ko'rmadim», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Bu bir oyki, odamlar undan g'ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbil olamiynga ko'tarilur. Mening amalim ko'tarilayotganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman», dedilar.
Buning ustiga ro'zasi farz qilingan Ramazon oyidan oldingi oyda, Sha'bonda ro'za tutishni yaxshilab mashq qilib Ramazonga kirilsa, uning ro'zasi yana ham mukammal va benuqson bo'ladi. Bu xuddi farz namozidan oldin sunnat namoz o'qib yaxshilab tayyorgarlik ko'rib olishga o'xshaydi.
Avvalgi o'rgangan hadislarimizda Ramazondan keyin ro'zasi eng afzal oy Muharram oyidir, deyilgan edi. Endi esa Sha'bon ham shu ma'noga da'vogar bo'lib qolmoqda. Shuning uchun ham ba'zi ulamolarimiz Muharram oyi ro'zasining afzalligi Ramazon va Sha'bonnikidan keyin, deganlar.
Ushbu faslda o'rgangan hadislarimizda iloji boricha Sha'bon oyida ko'proq ro'za tutishga targ'ib qilinmoqda. Ro'za tutish nahiy qilingan kunlar faslida esa, Sha'bon oyi oxiridan bir yoki ikki kun ro'za tutish harom, Sha'bon oyining o'n oltinchisidan boshlab ro'za tutmoq makruh, deyilgan edi. Bu bir-biriga qarama-qarshi hukmlar emasmi?, degan savol tug'ilishi tabiiy. Javob shulki, bu erda hech qandoq qarama-qarshilik yo'q. Chunki, o'sha ro'zasi tutilishdan nahiy qilingan kunlar haqida, faslning o'zida ham, agar ro'za tutishga odatlangan bo'lsa, deyilgan. Demak, Sha'bon oyida doimo nafl ro'za tutishga odatlangan odam bo'lsa, tutaveradi. Ammo, odatlanmagan bo'lsayu, Ramazon kirib qolgan bo'lsa nima bo'ladi, degan vasvasa bilan kishilar o'rtasida shubha, ixtilof paydo qilishi mumkin bo'lgan ro'zadan nahiy qilingan.
Demak, o'rtada hech qanday qarama-qarshilik yo'q.
ShA_''BON YaRMINING RO'ZASI
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Qachon Sha'bon yarmi kechasi bo'lsa uning kechasini bedor o'tkazinglar, kunduzining ro'zasini tutinglar. Chunki, o'shanda, Alloh quyosh botishi paytida dunyo osmoniga tushadi va: «Qani, istig'for aytuvchi bormi? Men unga rizq berurman. Qani baloga uchragan bormi? Men unga ofiyat berurman. Qani falonchi, qani fistonchi?», deydi. Toki, tong otguncha shundoq bo'ladi», dedilar». Ibn Moja rivoyat qilgan.
Hazrati Alidek ulug' sahobiy bunchalik ahamiyatli gapni o'zlaridan aytmaydilar. Albatta, bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa eshitganlar va o'sha eshitgan ma'nolarini o'z iboralari bilan ifoda etganlar.
Ushbu rivoyatga binoan Sha'bon oyi qoq yarmining kechasi ham, kunduzi ham ulug' va barakli vaqtlar ekanligi kelib chiqadi.
Shu sababdan ham hazrati Ali roziyallohu anhuning tavsiyalariga binoan kunduzni ro'za, kechasini bedorlik ibodati bilan o'tkazishga harakat qilmoq kerak bo'ladi.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo'qotib qo'ydim. So'ng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiy'da boshlarini osmonga ko'tarib turgan ekanlar:
«Ey, Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan xavf qildingmi?», dedilar.
«Siz ba'zi ayollaringizga borgansiz, deb gumon qiluvdim», dedim.
«Albatta, Alloh Sha'bonning yarmidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalbning qo'ylari juni adadidan ko'proqni mag'firat qiladi», dedilar. Ibn Moja, Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan.
«Baqiy'»–Madinai munavvaradagi mashhur qabristonning nomi. Barcha Madinada vafot etgan sahobalar shu qabristonga dafn etilganlar. Zotan Madinai munavvarada boshqa qabriston yo'q ham.
«Kalb»–mashhur arab qabilasi bo'lib to'liq nomi Bani Kalb. O'sha vaqtda Bani Kalb eng qo'yi ko'p qabila bo'lgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sha'bon oyi yarmida Alloh taolo juda ko'p gunohlarni mag'firat qilishini ifodali qilib aytishda o'sha ko'p qo'yli qabila chorvalarining jun tolalari sonini esga olganlar.
O'ylab ko'radigan bo'lsak, bir dona qo'yning jun tolalari qancha bo'lishini sanashning o'zi qiyin. Arab qabilalari ichida eng ko'p qo'yli qabilaning qo'ylari jun tolasi qancha bo'lishini tasavvur qilib ko'raverish kerak. Buning hammasi o'sha kecha juda ham fazilatli ekaniga dalolat qiladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kechasi bezovta bo'lib o'rinlarini tark qilib tashqariga chiqib ketgan vaqtlari ham bo'lgan.
2. Kechasi qabristonga kirish, osmonga qarab turish mumkinligi.
3. Oisha onamizda xotinlik qizg'anishlari borligi. Payg'ambarimizni ba'zi xotinlari oldiga ketgan bo'lsalar kerak, deb ortlaridan izlab chiqishlari shuni ko'rsatadi. Bu esa ayb emas, balki tabiiy bir hol. Balki, me'yorida bo'lsa, ayol kishining ziynati ham.
4. Payg'ambar alayhissalomning Oisha onamiz roziyallohu anhoning ruhiy hollarini yaxshi tushunganlari.
5. Sha'bon yarmidagi tun fazilatli kecha ekani.
6. Mazkur kechada ko'plab gunohlar mag'firat qilinishi.
7. Sha'bonning yarmidagi kechada bedor bo'lib ibodat, istig'for va duo bilan mash-g'ul bo'lish kerakligi.
Abu Muso roziyallohu anhudan: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh Sha'bon yarmidagi kechada qarab ko'rib jamiki maxluqotlarini mag'firat qilur. Magar mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar. Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilgan.
Ushbu hadisdan olnadigan foydalar:
1. Sha'bonning yarmidagi kecha fazilatli ekani.
2. Mazkur kechada Alloh maxluqotlariga nazar solib qarab hammalarining gunohlarini kechirishi.
3. Mushriklik juda yomon narsa ekani.
4. Husumatchilik juda yomon narsa ekani.
Demak, Sha'bon oyi yarimlaganda ibodat qilib mazkur va'da qilingan ajru savob hamda mag'firatlardan bahramand bo'lib qolish kerak. Ana shundoq fazilatli vaqtda ham gunohni mag'firat qilinishiga mone' bo'ladigan mushriklik va xusumatchilikdan uzoqda bo'lish kerak.
Islom.uz
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan