IKKINChI FASL
UMAR IBN HATTOB ROZIYaLLOHU ANHU
(xalifalik davri: hijriy 13 yil 21 jumodul oxirdan 23 yil 26 zulhijjagacha; milodiy 634 yil 21 avgustdan 644 yil 2 noyabrgacha)
Hazrati Umarning nasablari va dastlabki hayotlari
U kishining to'liq ismlari Umar ibn Hattob ibn Nufayl ibn Abdul'uzzo ibn Riyoh ibn Abdulloh ibn Qurt ibn Razoh ibn Adiy ibn Ka'b ibn Luay Qurashiy Adaviydir. U kishi o'zlarining sakkizinchi bobolarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasablari ila tutashadilar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu kuchli va shiddatli bo'lganlari uchun Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam u kishiga Abu Hafs degan kunya berganlar. Bu «sher, arslon» degan ma'noni anglatadi.
Shuningdek, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Hattob roziyallohu anhuga yana «Foruq», ya'ni «Haq ila botilni ajratuvchi» degan laqabni ham berganlar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan o'n uch yil keyin tug'ilganlar.
U kishining otalari – Hattob ibn Nufayl.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning onalari Hantama bint Hoshim ibn Mug'iyra Maxzumiya bo'lib, u kishi Holid ibn Valid roziyallohu anhuning amakilarining qizlari bo'lgan.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu yoshliklaridan jasurlik, mardlik va johiliyat hayoti ruhida tarbiya topgan edilar.
U kishi johiliyat davrida Qurayshning ashroflaridan hisoblanib, ularga elchilik vazifasi topshirilgan edi. Orada urush chiqib qolsa, u kishi elchilik qilar edilar.
Umar roziyallohu anhu novcha, jussador, oppoq, ikki yonoqlari qizil odam bo'lganlar.
Umar roziyallohu anhuning Islomga kirishlari
Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning Islomga kirishlari qissasini Ibn Sa'd, Abu Ya'lo, Hokim va Bayhaqiylar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Bir kuni Umar qilichini yalang'ochlab chiqdi. Unga yo'lda Banu zuhralik bir kishi uchrab qoldi va: «Qayerga ketyapsan, ey Umar?» deb so'radi.
«Muhammadni o'ldirgani ketyapman», dedi Umar.
«Muhammadni o'ldirsang, Banu Hoshim va Banu Zuhradan qanday emin bo'lasan?» dedi haligi odam.
«Sen ham dindan chiqqanga o'xshaysan?!» dedi Umar.
«Senga ajib bir ran aytaymi? Kuyoving bilan singling dindan chiqishdi! Ha, sening diningdan chiqishdi!» dedi.
Umar yo'lidan qaytib, ikkisining oldiga bordi. Ularning huzurida Habbob ibn Arat bor edi. U Umarning sharpasini sezib, uyning ichiga berkinib oldi. Umar kirdi va: «Bu shivir-shivir nima?!» dedi.
Ular Tohoni qiroat qilishayotgan edi. Ikkisi: «O'zaro gapimizdan boshqa narsa yo'q», deyishdi.
«Ehtimol, ikkoving dindan chiqqandirsanlar?!» dedi. Shunda kuyovi unga: «Ey Umar, agar haq sizning diningizdan boshqada bo'lsa...» deyishi bilan Umar unga tashlanib, bosib olgancha ura boshladi. Singlisi uni eridan nari qilish uchun keldi. U singlisini ham urib, yuzini qonga beladi. G'azablangan singil: «Agar haq sizning diningizdan boshqada bo'lsa, men «Ashhadu allaa ilaaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh» deb guvohlik beraman», dedi. Shunda Umar: «Uzingizdagi yozilgan narsani menga beringlar. O'qib ko'ray-chi», dedi. U o'qishni bilardi. Singlisi: «Siz nopoksiz. Buni faqatgina poklanganlar ushlaydilar. Turing, g'usl qilib keling», dedi.
U turib g'usl qilib keldi. So'ng yozilgan narsani oldi.
U Toho surasidan
«Men O'zim Allohdirman. Mendan o'zga iloh yo'q. Menga ibodat qil va Meni zikr etish uchun namozni to'kis ado et» (14-oyat)gacha o'qidi va: «Meni Muhammadning oldiga olib boringlar», dedi. Umarning gapini eshitib, Habbob berkingan joyidan chiqdi va: «Ey Umar, xursand bo'l. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payshanba kechasidagi «Allohim! Islomni Umar ibn Hattob yoki Amr ibn Hishom bilan aziz qilgin», deb qilgan duolari sen xaqingda qabul bo'lishini orzu qilaman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Safoning pastidagi hovlida edilar. Umar o'sha hovliga bordi. Uning eshigi oldida Hamza, Talha va boshqalar turgan edilar.
Hamza roziyallohu anhu: «Ana Umar. Agar Alloh unga yaxshilikni iroda qilgan bo'lsa, musulmon bo'ladi. Agar undan boshqani iroda qilgan bo'lsa, biz uchun uni o'ldirish oson kechadi», dedilar. 1
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ichkarida edilar. U zotga vahiy nozil bo'layotgan edi. (So'ng) chiqib, Umarning oldiga keldilar. Uning yoqasidan va qilichbog'idan tortib turib: «Ey Umar! Alloh senga Valid ibn Mug'iyraga tushirgan or va azobni tushirmaguncha qaytmaysanmi?!» dedilar. Umar: «Ashhadu allaa ilaaha illallohu va ashhadu annaka abdullohi va rasuluh!» dedi» («Tarixi xulafo»).
Ushbu hayajonli lahzada hovlida turganlar butun atrofni boshlariga ko'tarib, ovozlarining boricha «Allohu akbar!» deya takbir aytdilar. Hazrati Umar: «Ey Allohning Rasuli, biz haqda emasmizmi?» dedilar.
U zot sollallohu alayhi vasallam: «Haqdamiz», dedilar.
«Unday bo'lsa, nimaga berkinamiz?!» dedilar Umar.
Musulmonlar birinchi marta ikki saf bo'lib, ochiqchasiga Baytulloh tomon yo'l oldilar. Bir safni hazrati Hamza, ikkinchisini hazrati Umar boshlab borar edilar.
Ular masjidga kirdilar. Qurayshliklar bir Hamzaga, bir Umarga qarab, ichlaridan zil ketishardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Hattob roziyallohu anhuga «Foruq» laqabini o'sha kuni berdilar.
O'shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg'ambarlik kelganining oltinchi yili zulhijja oyi edi. Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning yoshlari o'ttiz ikkida edi. Bundan uch kun oldin Hamza roziyallohu anhu Islomga kirgan edilar.
Umar roziyallohu anhuning hijratlari
Madinaga hijrat qilish boshlandi. Musulmonlar birin-ketin hijrat qila boshladilar.
Hamma mushriklardan qo'rqib, yashirincha hijrat qildi. Faqat bir kishi, ya'ni Umar ibn Hattob roziyallohu anhugina oshkora hijrat qildilar. U kishi hijrat qilishga qaror qilganlaridan so'ng kiyimlarini kiyib, qurollarini taqib, bemalol Baytulloxdi etti marta aylanib, tavof qildilar. Maqomi Ibrohimda ikki rak'at namoz o'qidilar. So'ng: «Kim onasini azador, xotinini tul, bolasini etim qoldirmoqchi bo'lsa, menga manavi vodiyning ortida uchrashsin. Men hijrat qilmoqchiman!» dedilar.
Hech kim churq eta olmadi.
Umar roziyallohu anhu Alloh taoloning Rasuli maslahat qiladigan, mashvarat so'raydigan sahobalardan edilar. Ba'zi vaqtlarda hazrati Umarning fikrlarini qo'llab oyatlar ham nozil bo'lar edi. Masalan, Badr urushidan keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'z sahobalariga asirlarni nima qilish kerakligi to'g'risida maslahat qildilar. Umar roziyallohu anhu ularning barchasini o'ldirishni maslahat berdilar, Abu Bakr roziyallohu anhu ulardan fidya olish kerakligini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhuning maslahatini oldilar. Shunda Alloh subhanahu va taolo hazrati Umar roziyallohu anhuning fikrlarini qo'llab, Anfol surasidagi bir oyatni nozil qildi. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam itob qilingan edilar.
«Nabiy uchun er yuzida zabardast bo'lmagunicha asirlari bo'lishi to'g'ri emas edi. Sizlar dunyoning o'tkinchi narsasini iroda qilasizlar. Alloh esa oxiratni iroda qiladir. Alloh azizdir, hakimdir» (67-oyat).
Hazrati Umar roziyallohu anhu xamrning harom qilinishini orzu qilar edilar. Alloh taolo bu haqda oyat nozil qilganida, u kishi xotirjam bo'ldilar.
Shuningdek, hazrati Umar roziyallohu anhu ayollar masalasida, xususan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari borasida xijobning farz bo'lishini istar edilar. Hijob oyati nozil bo'lib, u kishining ko'ngidlari taskin topdi.
Munofiqlarning boshlig'i Abdulloh ibn Ubay ibn Salul vafot etganida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga janoza namozi o'qishni iroda qildilar, Umar roziyallohu anhu u zot bilan tortishdilar, munoqasha qildilar. Shundan keyin Alloh taolo Umar roziyallohu anhuning fikrlarini qo'llab, Tavba surasidagi quyidagi oyatni nozil qildi:
«Hech qachon ulardan o'lgan birortasiga ham (janoza) namoz o'qima, qabri ustida turma, chunki ular Allohga va Uning rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida o'ldilar» (84-oyat).
Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan barcha g'azotlarda ishtirok etdilar. U esa barcha janglarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida turar, hech ajramas, u zotni mudofaa qilib, yomonliklardan, xavf-xatarlardan to'sar edilar.
U kishi o'zlari ijtihod qilmas, balki Alloh va Rasulining har bir kalomini harfma-harf bajarar edilar. Umar roziyallohu anhu bu borada Abu Bakr roziyallohu anhudan keyingi ikkinchi sahoba hisoblanar edilar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida Umar roziyallohu anhu u kishining eng yaqin maslahatchilari, davlat ishlarini yuritishda o'ng qo'llari bo'ldilar.
Umar roziyallohu anhuga bay'at qilinishi
Abu Bakr roziyallohu anhu betob bo'lib, vafotlari yaqinlashganini his qilganlarida, musulmonlar ichida ixtilof chiqmasligi uchun avvaldan xalifa tayinlab qo'yishni iroda qildilar va u kishi hazrati Umarni ixtiyor etdilar. Katta sahobalar bilan maslahatlashgan edilar, ular ham bu fikrni qo'llab-quvvatladilar. Abu Bakr roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhuga bay'at qildilar, so'ng musulmonlar ham bay'at qilishdi. Bir necha kun o'tib, Abu Bakr roziyallohu anhu vafot qildilar.
FATHLAR
Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlarida butun asrlarga tatigulik katta islomiy fathlar bo'ldi. Bu davrda rumliklar Shomdan quvib chiqarildi.
So'ng Fors imperiyasi butunlay ag'darildi. So'ngra kurash Misr, shimoliy Afriqo va O'rta er dengizi orollari tomon ko'chdi.
Damashq va boshqa shaharlarning fath qilinishi
Damashq fathidan so'ng Islom lashkarlari Abu Ubayda roziyallohu anhuning qo'mondonliklarida Shomning boshqa shaharlari tomon yurdilar. U kishi bilan birga Holid ibn Valid ham bor edilar.
Musulmon lashkarlar birin-ketin Biqo', Ba'labakka, Fixd, Bayson, Tabariyya, Hims, Qinnasrin, Qiysoriyya, Ajnodin, Quddus, Nasibiyn va boshqa shaharlarni fath qildilar.
Baytul maqdis fathi
So'ng Islom lashkarlari Baytul maqdisni qamal qildilar. U erning hokimlari oldlariga Umar roziyallohu anhuning o'zlari kelishlari, shundagina taslim bo'lishlarining xabarini berishdi. Hazrati Umar Shomga keldilar. Shundan keyin ular Baytul maqdisning kalitlarini u zotga topshirishdi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu ular bilan jizyaga sulh tuzdilar. Musulmonlar bilan Masjidul Aqsoda namoz o'qidilar.
So'ng Halab fath etildi. Keyinroq Manbij, Antokiya, Harron, Ruho va boshqa shaharlar ham urush bilan emas, sulh bilan fath qilindi.
Shom yurtlari sohillarining fath qilinishi
Sohildagi shaharlarni fath qilishga Abu Ubayda roziyallohu anhuning buyrukdari bilan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu boshchilik qildilar. U kishi Sur, Saydo, Bayrut, Taroblus shaharlarini fath qildilar. Shu bilan Shom yurtlarining barchasi musulmonlarning qo'liga o'tdi. Rumliklar haydab chiqarildi, Suriya va Falastin fathi tugal bo'ldi.
Misr fathi
Suriya va Falastin fathidan keyin, endi Misrni fath qilish uchun yurish kerak edi.
O'sha paytlarda Misr Rumga bo'ysunar, Misr fath qilinmasa, musulmonlarning ishi qaror topishi mumkin emas edi. Shunday bo'ldi ham.
Amr ibn Os roziyallohu anhu Falastinni fath qilganidan so'ng Umar roziyallohu anhudan Misrni fath qilishga izn so'radilar, u kishi rozi bo'ldilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu Misr tomon yurdilar. U kishi odamlarga Islomni qabul qilish, jizyaga ko'nish yoki urush – uchtasidan birini tanlashni taklif qildilar. Musulmonlar barcha janglardan oldin mana shu takliflarni qilar edilar.
Misrliklarga jizya farz qilindi. So'ng musulmonlar yurishda davom etib, Iskandariyani – Muqavqisning qarorgohini fath qildilar. O'sha vaqtda Iskandariya Misrning poytaxti edi. Musulmonlar Amr ibn Os roziyallohu anhuning chodirlari atrofida Fustot shahrini qurdilar. Shuningdek, boshqa shaharlarni ham fath etib, ularning barchasiga jizyani farz qildilar.
Shunday qilib, Misr Islom xalifaligiga qarashli erlarga aylandi.
Liviyaning fath qilinishi
So'ng Amr ibn Os roziyallohu anhu g'arb tomon yurib, Barqani, so'ngra Zuvaylani, Taroblus, Sobrota va Shurusni fath qildilar.
Shu erga kelganda Umar roziyallohu anhu g'arb tomonga yurishni man qilib, u kishini to'xtatdilar.
Damashqni fath qilgandan so'ng Holid ibn Validning lashkari xalifaning amri bilan Iroqqa qaytdi. Hazrati Umar Abu Ubayd ibn Mas'ud Saqafiy qo'mondonligi ostida lashkar ham yubordilar. So'ng yana Jarir Bajaliy amirligida madad kuchlari jo'natdilar. Ularning barchasi Kufa tomon yurib, birlashdilar va Fors lashkarlari bilan to'qnashdilar. Musulmonlar forslarni mag'lub etdilar.
Namoriq jangi
(hijriy 13 yil; milodiy 634 yil)
Abu Ubayd Saqafiy roziyallohu anhu forslar bilan Hiyra va Qodisiya orasidagi Namoriq degan joyda to'qnashdilar. Ularga qaqshatqich zarba berib engdilar. Forslar Madoinga qochib ketishdi.
Ko'prik urushi
(hijriy 13 yil sha'bon oyi; milodiy 634 yil)
So'ng musulmonlar forslarning Jolinus ismli lashkarboshisining askarlari bilan jang qilib, ularni ham engdilar.
Jolinus Rustamning oldiga qochib borgan edi. U Bahman boshchiligida katta lashkar tayyorladi. Abu Ubayd Hiyraga qaytib bordi. Forslar Furot daryosining narigi tarafiga kelib tushib, ko'prik o'rnatdilar.
Shiddatli janglar bo'ldi. Bu jangda qo'mondon Abu Ubayd shahid bo'ldilar. U kishidan keyingi qo'mondonlar ham shahid bo'lishdi. Oxiri qo'mondonlikni Musanno ibn Horisa qabul qilib olib, urushni davom ettirdi. U musulmonlarni maydondan olib chiqdi. Musanno ibn Horisa juda qattiq jarohatlandi. O'sha erda ko'pgina musulmonlar qatl qilinib, daryoga g'arq bo'ldilar.
Buvayb jangi
(hijriy 13 yil Ramazon oyi; milodiy 634 yil)
Bu joy Kufaga yaqin edi. Musannoning qo'mondonligida musulmonlar forslar ustidan juda katta g'alaba qozondilar.
Shunda Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu qo'mondonligida madad quchlari, shuningdek, xalifa Umar roziyallohu anhuning buyrug'i bilan Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu umumiy lashkarboshi etib tayinlanganlari haqidagi xabar ham etib keldi.
Katta Qodisiya jangi
(hijriy 16muharram oyi; milodiy 637 yil)
Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Islom lashkari bilan etib keldilar. U kishi Qodisiyaga lashkargoh qurdilar. Forsning podshosi Yazdajir o'zining qo'mondoni Rustamni bir yuz yigirma ming jangchi bilan yubordi. Ularning orqasidan yana shuncha madad kuchlarini ham jo'natdi. Sa'd roziyallohu anhu Rustamga elchilar yubordi. Elchilar unga Islomni, jizyani va urushni taklif qilishdi. Mazkur elchilar Islomning izzatini namoyon qildilar. Ular Rustamga aytgan gaplarining orasida: «Biz sizlarni bandalarga bandalik qilishdan Alloh taologa bandalik qilishga chiqarish uchun keldik», deyishdi. Yana ular: «Biz Alloh taolo bergan va'daga binoan keldik», dedilar. Bu so'zlar forslarning ruhiyatini zaiflashtirdi.
Jang boshlandi. Shiddatli jang to'rt kun davom etdi. Shunda forslar ulkan fillarni ishga solishdi. Musulmonlar esa fillarning ko'zlarini o'yib oldilar. So'ng fillar forslar tomon yurib, ularni parokanda qildi. Jang musulmonlarning buyuk g'alabasi bilan tugadi. To'qnashuvda forslarning ko'pgina askarlari va ularning boshlig'i o'ldirildi. Musulmonlar juda ham ko'p o'ljalarni qo'lga kiritdilar va xalifaga bu to'g'rida suyunchi xabar yubordilar.
Fors imperiyasining bitirilishi
(Boshtsa shaharlar va poytaxtning fath qilinishi) Musulmonlar Madoin tomon yurdilar. Ular forslarning bir qancha lashkarlari bilan to'qnashib, ularni mag'lub etdilar. Forslar oxiri borib Madoindagi Bahurasir shahrini o'zlariga qal'a qilib olishdi. So'ng Madoinning ichkarisiga qarab qochishdi. Musulmonlar ularning ortidan quvib bordilar.
Madoinning fath qilinishi
(hijriy 16 yil safar oyi; milodiy 637 yil)
Musulmonlar Fors imperiyasining poytaxti Madoinga kirib bordilar. Forslar hukmdorligining markazi o'sha er edi. Kirib borganlarida shahar bo'shab qolgan, chunki Fors podshohi Yazdajir oilasi bilan qochib ketgan edi. Sa'd roziyallohu anhu oq qasr – Yazdajirning qasriga joylashdilar. Uning ayvonini namozxona qilib oldilar. Musulmonlar Yazdajirning xazinalaridan juda katta o'ljalarga ega bo'ldilar. Sa'd roziyallohu anhu Alloh taoloning Duxon surasidagi quyidagi oyatlarni tilovat qildilar:
«Ular qanchadan-qancha bog'u rog'larni va buloqlarni qoldirdilar, ekinzorlarni va karamli maskanni va o'zlari ichida huzur-halovat topayotgan nozu ne'matlarni. Mana shunday! U narsalarni boshqa qavmlarga meros qilib berdik. Ularga osmon ham, er ham yig'lamadi va ular muhlat berilganlardan ham bo'lmadilar» (25-29-oyatlar).
Shunday qilib qadimgi Fors imperiyasining poytaxti ham musulmonlar tomonidan fath etildi.
Hech shak-shubha yo'qki, bu poytaxtning qulashi Fors imperiyasi butunlay qulaganini bildiruvchi alomat edi.
Jalulo fathi
Jalulo Yazdajir qochib borgan shahar edi. O'sha erda u bilan birga forslar jamlanib, qo'rg'on ko'tarishgan, mudofaa istehkomini qurishgan edi. Musulmonlar shaharga etib borib, uni ham fath qildilar va buyuk zafar quchdilar. Undan olingan o'ljalar Madoinning o'ljalaridan kam bo'lmadi.
So'ng musulmonlar Hulvon, Tikrit, Movsil, Mosabazon, Ahvazon, Tustar, Sus, Jundaysobur kabi shaharlarni fath qildilar.
Musulmonlar forslarning eng katta amirlaridan biri Hurmuzonni tutib olib, uni o'ljalar bilan qo'shib Umar roziyallohu anhuga yubordilar.
Istahr fathi
Bahrayn voliysi Alo ibn Hazramiy xalifaning iznisiz bu shaharga dengiz yo'li orqali borib, u erda forslarni qamal qildi. Umar roziyallohu anhu unga madad kuchlarini yubordi. Musulmonlar go'zal g'alaba qozonib, shaharni fath qildilar.
«Fathlarning fathi» – Nahovand fathi
(hijriy 21; milodiy 641 yil)
Umar roziyallohu anhu Fors urushini oxiriga etkazish uchun o'zlari bormoqchi bo'ldilar. Lekin sahobalar bu taklifni rad qilishgach, Nahovandga Nu'mon ibn Muqarrin Muzaniyni o'ttiz ming kishi bilan yubordilar. Forslarning askarlari ko'p bo'lib, ularning soni yuz ellik mingga etgan edi. Shu joyda qirg'inbarot jang boshlandi. Forslardan yuz mingdan ortiq kishi er tishlatildi, ularning qo'mondoni Feruzon ham o'ldirildi. Jang maydoni dushman askarlarining jasadlari bilan to'lib-toshdi. Musulmonlarning qo'mondoni Nu'mon ibn Muqarrin Muzaniy shahid bo'ldilar.
U kishidan keyin Huzayfa ibn Yamon qo'mondon bo'ldilar. Shunday qilib, Nahovand fath qilindi. Bu juda ham ulkan g'alaba bo'ldi. So'ng musulmonlar oldinga yurishlarni davom ettirib, Isfahon, Qoshon, Qum va Kirmonni ham fath qildilar.
Musulmonlarning Fors davlati ichkarisiga tarqalishi
(hijriy 22-23; milodiy 642-643)
Umar roziyallohu anhu musulmonlarning butun Forsga tarqalib ketishlarini xohlamas edilar. U erda ularning zoye bo'lish xavfi bor edi. Ammo Ahnaf ibn Qays u kishini bu ishga ko'ndirdi. Shundan keyin musulmon askarlar Fors erlariga tarqalib, ichkarigacha kirib bordilar.
Shunday qilib Fors imperatorligi butunlay tugatildi.
Mulohaza: Fors davlati harbiy jihatdan quladi. Biroq ular Islomga qarshi fikriy kurashni davom ettiraverishdi. Mana shu narsa Islom olamining zaiflashishidagi eng muhim sabablardan biri bo'ldi.
Keyingi paytda paydo bo'lgan ko'pgina buzg'unchi harakatlarning bosh sababchisi forslar bo'lib, bu omillar ham Islomni parchalashga xizmat qildi. Zindiqlar harakati, zanjiylar harakati, qarmatiylar harakati, Sindbod, Muqanna' Marvaziy Hurosoniy, Bobak Hurramiylarning harakatlari shular jumlasidandir.
HAZRATI UMAR ROZIYaLLOHU ANHUNING TINChLIK JABHASIDAGI OLAMShUMUL IShLARI
Hazrati Umar roziyallohu anhuning musulmonlar xalifasi, ularning bosh rahbari sifatida olib borgan faoliyatlari namozga o'tish, uzoqdan turib shimol tarafda ketayotgan fath ishlarini boshqarishdangina iborat bo'lmagan. U kishining maqsadlari Qur'oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, shariat ta'limotlari asosida dunyodagi eng mukammal, hayotning barcha sohalarida eng namunali jamiyat qurishni ta'minlash ham edi. Mana shu maqsadga erishish yo'lida u kishi har taraflama va serqirra faoliyat olib borar edilar. Milodiy XX asrning oxirlarida g'ayrimusulmon mutaxassislar tomonidan insoniyat tarixida jamiyatlarga eng ko'p foyda keltirgan shaxslarning ism-shariflaridan tuzilgan ro'yxatning to'rtinchi o'rnida Umar roziyallohu anhuning ismlari keltirilgani fikrimizning yorqin dalilidir.
Quyida hazrati Umar roziyallohu anhuning olamshumul faoliyatlaridan ba'zi namunalarni qisqacha keltirib o'tishga harakat qilamiz.
HAZRATI UMAR VA ILM
Inson ilm-ma'rifatga ega bo'lmasdan turib, dunyo xalqlari ichida peshqadam bo'lishni xayoliga keltirmasa ham bo'ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo O'zining oxirgi va insoniyatga to qiyomatgacha ikki dunyo saodatiga erishish yo'llarini ko'rsatib boradigan dinini, ya'ni Islomni ilm dini qilgan.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu rahbar sifatida bu ma'noni hatto eng nozik joylarigacha, to'liq his qilar edilar. Shuning uchun ham u kishi Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning va xususan, o'zlarining davrlarida ilmga alohida e'tibor berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rgan tushlari bejiz bo'lmaydi. U zot tushlarida kosada sut ichganlari, ortib qolganini esa hazrati Umarga berganlarini ko'rganlari va sahobai kiromlar buning ta'vilini so'raganlarida ilmga yo'yganlari hammaga ma'lum. Shu bois ham Umar ibn Hattob roziyallohu anhu ilmga nihoyatda haris edilar.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan, u kishi hazrati Umardan rivoyat qiladilar:
«Mening Banu Umayya ibn Zayd urug'idan ansoriy bir qo'shnim bor edi. U Madinaning yuqori tarafidan edi. Rasulullohning huzurlariga navbat bilan tushar edik. Bir kun u, bir kun men tushar edim. U menga vahiy va boshqa xabarlarni keltirar edi. Men ham unga shunday xabarlarni keltirar edim».
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo'ladigan ilmga qiziqish bundan ortiq bo'lishi mumkinmi?
Ibn Abdulbarr Hilol Varroqdan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: «Ogoh bo'linglar! Eng rost ran Allohning kalomidir. Eng yaxshi yo'l Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yo'llaridir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo qilinganlaridir. Ogoh bo'linglar! Ilm odamlarga ularning ulug'laridan kelsa, ular yaxshilikda bardavom bo'lurlar», der edilar».
Hazrati Umar rahbar sifatida aholining ta'lim-tarbiyasiga katta e'tibor berar edilar. Vaqtlari bor bo'lsa, kishilarga shaxsan o'zlari ta'lim berganlar.
Abdurrazzoq, Ibn Abu Shayba va Ibn Jarir Tabariylar Ibn Sirindan rivoyat qiladilar:
«Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo odamlarga «Allohga ibodat qilasan. U Zotga hech kimni sherik keltirmaysan. Alloh senga farz qilgan namozni o'z vaqtida o'qiysan. Unga beparvo bo'lish halokatdir. Zakotni chin ko'ngildan chiqarib berasan. Ramazon ro'zasini tutasan. Voliy etib tayinlangan odamga quloq osib, itoat qilasan» deb Islomni o'rgatar edilar».
Imom Bayhaqiy va Asbahoniylar Hasandan rivoyat qiladilar:
«Bir a'robiy Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning oldiga kelib: «Ey Umar! Menga dinni o'rgat!» dedi. U: «Laa ilaaha illallohu, Muhammadur Rasululloh», deb shahodat keltirasan. Namoz o'qiysan. Zakot berasan. Baytni haj qilasan. Ramazon ro'zasini tutasan. Oshkoralikni lozim tut. Sirdan saqlan. Uyatga sabab bo'ladigan har bir narsadan sakdan. Allohga yo'liqqaningda «Umar menga shuni amr qildi» deb ayt», dedi».
Doraqutniy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Hattob roziyallohu anhu qo'limdan tutib, menga tashaxhudni o'rgatdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qo'lidan tutib, «At-tahiyyatu...» deb o'rgatganlarini aytdi».
Imom Molik, Shofe'iy, Tahoviy va boshqalar rivoyat qilgan hadisda Abdurrahmon ibn Abdul Qori' Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning minbarda turib, odamlarga «Attahiyyatu lillaahi...» deb tashahhudni o'rgatayotganlarini eshitganini aytgan.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu rahbar sifatida aholining ta'lim borasidagi ishlariga katta ahamiyat berar edilar. U kishi avvalo poytaxtning ushbu sohadagi ishlariga alohida e'tibor qaratganlar.
Ibn Sa'd Basriy Qosimdan rivoyat qiladi:
«Umar barcha safarlarda o'z o'rniga Zayd ibn Sobitni qo'yib ketardilar. U kishi odamlarni turli yurtlarga muhim ishlar bilan yuborar edilar. Odamlar u kishidan Zayd ibn Sobitni so'rashsa: «Zaydning martabasi esimdan chiqqani yo'q. Lekin yurt ahli Zaydga muhtojdir. Ular Zaydning aytib beradigan narsalarini boshqa odamdan topa olmaydilar», der edilar».
Ibn Sa'd Solim ibn Abdullohdan rivoyat qiladi:
«Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu vafot qilgan kuni Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu bilan birga edik.
Men: «Bugun odamlarnyng olimi vafot qildi», dedim.
U: «Alloh uni bugun rahmat qilsin! U Umarning xalifaligida odamlarning olimi va ilm dengizi edi. Umar uni turli yurtlarga yubordi va o'z fikrlaridan fatvo aytishdan qaytardi. Zayd ibn Sobit Madinada o'tirib, Madina ahliga va kelganlarga fatvo berar edi», dedi.
Hazrati Umarning Madina ahliga ustoz bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni ehtirom qilishlari va unga ta'lim uchun sharoit yaratib berishlari nihoyatda katta ran edi. Rahbar ilmga bu darajada ahamiyat bergan joyda ilm albatta rivoj topadi. Hazrati Umarning olim odamga boshqa turli yumushlarni buyurmay, unga ta'lim ishlari uchun sharoit yaratib berishlari, uni o'z o'rinlariga qo'yib ketishlari o'sha vaqtda Madinai munavvarada ilmning rivoj topishi uchun katta omil hisoblangan.
Ushbu rivoyatga diqqat bilan nazar tashlasak, hazrati Umarning yana bir ulkan daholiklarini ko'ramiz. U kishining o'zlari katta olim bo'lganlari uchun ilm sohiblari ila muomala qilishni o'rniga qo'yganlar. Hazrati Umarning tashqariga ish bilan ketgan sahobai kiromlarga fatvo berishga izn bermaganlari katta hikmatga molik ishdir. Bu bilan markazdan, rahbarning nazaridan uzoqda bo'lgan kishilarning o'z sharoitlaridan kelib chiqib, bir yurtda, bir vaqtda va bir xil masalada har xil fatvo berib qo'yishlarining hamda ixtilof chiqishining oldini olganlar.
Shuningdek, Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Islom jamiyatining boshqa taraflariga ham ilm tarqatishga katta ahamiyat berganlar.
Ibn Sa'd Basriy Horisa ibn Muzarribdan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning Kufa ahliga yozgan maktubini o'qidim: «Ammo ba'd: Men sizlarga Ammorni amir, Abdullohni muallim va vazir qilib yubordim. Ikkovi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fazilatli sahobalaridan. Ularga quloq osing va ergashing. Men Abdulloxni o'zimga olib qolmay, sizlarga ilindim».
Ibn Sa'd Abul Asvad Dualiydan rivoyat qiladi:
«Basraga borsam, Imron ibn Husoyn Abu Najud roziyallohu anhu bor ekan. Uni Umar ibn Hattob roziyallohu anhu. Basra axdiga fiqhni o'rgatish uchun yuborgan ekan».
Demak, hazrati Umar o'zlari boshqargan Islom jamiyatining viloyatlariga amirlar ko'yishga qanchalik e'tibor bersalar, ta'lim ishlariga ham shunchalik e'tibor berganlar. U kishi ta'lim ishlariga mas'ul kishilarni vazir darajasiga ko'targanlar. Gohida o'zlariga kerak bo'lib turgan etuk mutaxassislarni ham viloyatlarga yuborganlar. Kufa va Basra shaharlarining keyinchalik katta ilm markazlariga aylanishiga hazrati Umar sababchi bo'lganlar desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz.
Ibn Sa'd, Hokim va imom Buxoriy «Tarixi sag'ir»da muxtasar qilib, Muhammad ibn Ka'b Quraziydan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida ansorlardan besh kishi, ya'ni Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Somit, Ubay ibn Ka'b, Abu Ayyub va Abu Dardo roziyallohu anhular Qur'onni jamlagan, ya'ni to'liq yod olgan edilar. Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning zamonida unga Yazid ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu: «Shom ahli ko'payib, shaharlarni to'ldirdilar va o'zlariga Qur'on, fiqh o'rgatadigan kishilarga muhtoj bo'ldilar. Ey mo'minlarning amiri, menga ularga ta'lim beradigan kishilardan yordam bering», deb yozdi.
Umar haligi besh kishini chaqirib, ularga: «Shomlik birodarlaringiz mendan ularga Qur'ondan ta'lim beradigan va dinni o'rgatadigan kishilardan yordam berishni so'radilar. Alloh xayringizni bersin, sizlar o'zingizdan uchtangiz ila menga yordam beringlar. Agar xohlasangiz, qur'a tashlanglar. Agar uchtangiz ko'ngilli bo'lib chiqsalar, chiqsinlar», dedilar. Ular: «Qur'a tashlashga hojat yo'q. Bu kishi qarib qolgan», deyishdi Abu Ayyubni ko'rsatib. «Bu kishi esa bemor», deyishdi Ubay ibn Ka'bni ko'rsatib. Muoz ibn Jabal, Uboda va Abu Dardolar chiqishdi. Umar: «Himsdan boshlanglar. U erda turli-tuman odamlarni uchratasizlar. Ularning ichida Qur'onni shosha-pisha yodlab oladiganlari ham bor. Qachon shundaylarni ko'rsangiz, ularga (Qur'onni to'g'ri o'qishni o'rgatish uchun) bir toifa odam yuboringlar. Qachon ulardan (ularning Qur'on o'qishidan) rozi bo'lsangiz, u erda bir kishi qolsin. Bir kishi Damashqqa borsin, boshqasi Falastinga», dedilar.
Ular Himsga borib, u erdagilarning o'qishidan rozi bo'lgunlaricha turdilar. Keyin u erda Uboda qoldi. Abu Dardo Damashqqa, Muoz esa Falastinga ketdi.
Muoz Amvosda o'lat tarqalgan yili vafot etdi. Keyin Uboda Falastinga borib, o'sha erda vafot topdi. Abu Dardo ham vafot etguncha Damashqda turdi».
Bu erda ham viloyat rahbarining, ham davlat rahbari va ta'lim bo'yicha mas'ul kishilarning fidokorliklari namoyon bo'lmoqtsa.
Yazid ibn Abu Sufyon o'z viloyatidagi ilmiy ishlarning rivoji haqida qayg'urib, rahbardan yordam so'ramoqdalar. E'tibor beraylik-a, u kishi xazina uchun qo'shimcha mablag' so'rayotganlari yo'q, mirshablik yoki josuslik uchun odamlar so'rayotganlari yo'q. Shom o'lkasi aholisiga ilm o'rgatish uchun olimlar so'ramoqdalar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu bu masalaning va o'lkaning ahamiyatini yaxshi bilganlari uchun u erga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida Qur'onni jamlagan va to'liq yod olib o'zlashtirgan ulug' sahobalarni yubormoqdalar. Ularni chaqirib, yolvorish ohangida muomala qilmoqdalar. Hazrati Umarning ularga yolvorishlari, ishga boruvchilarni qur'a tashlab aniqlashni maslahat berishlari – hamma-hammasi bu ishning nechog'lik mashaqqatli ish ekanini ko'rsatib turibdi. Shuning uchun ham ishga ketayotgan zotlarga Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning o'zlari alohida maslahatlar bermoqdalar.
Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Somit va Abu Dardo roziyallohu anhumning ilm yo'lidagi fidokorliklarini ham alohida ta'kidlash lozim. Ular o'zlarining qari va bemor sheriklarini ehtirom qilib, barcha og'irlikni o'zlariga oldilar va bu mashaqqatli ishni umrlarining oxirigacha sharaf bilan ado etdilar.
Hims, Damashq va Falastindan hozirgacha tinimsiz mashhur ulamolar etishib chiqmoqtsa. Bunga esa yuqorida ismlari zikr etilgan aziz insonlar asos solgan bo'lsalar, ajab emas.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning o'zlari olim bo'lganlari uchun ilm va ilm olish qoidalari hamda odoblarini juda yaxshi bilar edilar. Kishilarni ham o'sha qoidalarga amal qilishga chorlar edilar.
Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Jobiyada xutba qilib: «Ey odamlar! Kim Qur'ondan so'ramoqchi bo'lsa, Ubay ibn Ka'bning oldiga kelsin. Kim merosdan so'ramoqchi bo'lsa, Zayd ibn Sobitning oldiga kelsin. Kim fiqhdan so'ramoqchi bo'lsa, Muoz ibn Jabalning oldiga kelsin. Kim mol-dunyodan so'ramoqchi bo'lsa, mening oldimga kelsin. Alloh meni unga voliy va taqsimlovchi qildi», dedilar».
Har qanday ilmni o'z mutaxassisidan olish kerak. Sahobai kiromlar ichida ham ma'lum ilm bilan shuhrat topgan kishilar bo'lgan. Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning rahbar sifatida bunday ko'rsatma berishlari katta ahamiyatga ega edi. Ana shu ko'rsatmalarga amal qilinsa, jamiyatning ilmga ajratgan mablag'i ham, mutaxassislarning ilmdari ham zoye ketmaydi. Jamiyatning rivoji uchun zarur bo'lgan mutaxassislarga esa etarli darajada ilm beriladi.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu olim shaxs sifatida ilm nima, olim kim, ularga qanday muomalada bo'lish kerak bularni juda yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ham u kishining ilm bo'yicha rahbar sifatida olib borgan siyosatlari g'oyat muvaffaqiyatli chiqqan.
Imom Ahmad va Ibn Abdulbarrlar Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Ilmni o'rganinglar va uni odamlarga o'rgatinglar. Shu bilan birga ilm uchun viqor va sokinlikni ham o'rganinglar. Uzingiz ta'lim olgan kishiga va ta'lim bergan kishiga tavozeli bo'linglar. Jabbor ulamo bo'lmangki, johilligingiz ilmingizdan ustun bo'lib qolmasin».
Rahbari «Ilmni o'rganinglar va uni odamlarga o'rgatinglar» deb turgan jamiyatda ilm rivoj topmasa, qayerda rivoj topishi mumkin?
Rahbari «Ilm uchun viqor va sokinlikni ham o'rganinglar» deb turgan jamiyatda ulamolar viqorli va sokin bo'lmasalar, qayerda bo'lishlari mumkin?
Rahbari «O'zingiz ta'lim olgan kishiga va ta'lim bergan kishiga tavozeli bo'ling» deb turgan jamiyatda olimlargayu tolibi ilmlarga nisbatan tavozeli bo'linmasa qayerda bo'lishi mumkin?
Rahbari «Jabbor ulamo bo'lmang» deb turgan jamiyatda bir-birini g'ajiydigan, ilmga va olimlarga balo bo'ladigan jabborlar yo'q bo'lmasdan, qayerda yo'q bo'lsin?
Rahbari «Johilligingiz ilmingizdan ustun bo'lib qolmasin» deb turgan jamiyatda ilm sohiblari bilmagani bilganidan ko'p ekanini tushunib etib, doimiy ravishda ilmiy izlanishda bo'lmasa, boshqa qayerda bo'lishi mumkin?
Ha, kim olim-u, kim olim emasligini bilgan yurtdagina, haqiqiy olim qadr topgan yurtdagina ilm rivojlanadi va o'sha yurt ilmiy asosda taraqqiy etadi.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu buyuk olim edilar. U kishining ilmlariga hamma sahobai kiromlar ham tan berar edilar.
Tabaroniy Abu Voildan rivoyat qiladi:
«Abdulloh roziyallohu anhu: «Agar Umar roziyallohu anhuning ilmi tarozining bir pallasiga, qolgan odamlarning ilmi tarozining ikkinchi pallasiga qo'yilsa, uning ilmi og'ir kelar edi», dedi.
Vakiy' aytadi: «A'mash: «Men buni inkor qilib, Ibrohimning oldiga borib aytdim. U: «Buning nimasini inkor qilasan? Allohga qasamki, Abdulloh bundan afzalini ham aytgan: «Umar ketgan kuni ilmning o'ndan to'qqizi ketdi», degan», dedi».
Tabaroniy Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan keltirgan uzun rivoyatda jumladan: «Umar Allohni eng biluvchimiz, Allohning Kitobini eng yaxshi o'qiganimiz va Allohning dinida eng faqihimiz edi», deyilgan.
Ibn Sa'd keltirgan rivoyatda Madina axdidan bir kishi: «Umarning oldiga borib qarasam, faqixdar uning oldida yosh bolaga o'xshab turibdilar. U o'z ilmi va fiqhi ila ulardan ustun edi», degan.
Kim «Hazrati Umar faqat islomiy, ya'ni Qur'on, hadis, fiqh kabi ilmlargagina e'tibor bergan» deb o'ylasa, katta xato qilgan bo'ladi. Hazrati Umar o'z davrlaridagi jamiyat uchun foydali bo'lgan barcha ilmlarga bir xil munosabatda bo'lganlar.
Ibn Abu Shayba va Ibn Abdulbarrlar Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan ilm haqida u kishining o'zlari aytgan quyidagi gaplarni rivoyat qiladilar: «Ushbu yulduzlar haqida quruqlik va suv zulmatlarida yo'l topadigan narsangizni o'rganing, qolganidan tiyiling», ya'ni «Yulduzlarni o'rganish jamiyat hayoti uchun foyda beradigan o'rganish bo'lsin, folbinlik uchun bo'lmasin», Hazrati Umarning «tiyiling» deganlari shu ma'noni anglatadi.
Boshqa bir rivoyatda hazrati Umar: «Yulduzlar haqida quruqlik va suv zulmatlarida yo'l topadigan ilmni o'rganinglar, nasablar haqidagi ilmni o'rganinglar», deganlar.
Bunda nasl-nasab ilmini o'rganishga ham targ'ib bor. Usha vaqtda, o'sha jamiyatda bor ilmlarning o'zi ham shu edi.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhulardan keyin Umar ibn Hattob roziyallohu anhu boshqa sohalar qatori ilm sohasida ham o'zlariga yuklatilgan mas'uliyatni sharaf ila ado etganlar desak, zarracha mubolag'a bo'lmaydi.
KYeYINGI MAVZULAR:
IJTIMOIY TA_''MINOT;
KAMBAG'AL OILALARNING IJTIMOIY TA_''MINOTI.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati