Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: ShATAHOT. JANDA KIYISh. ODOB VA AHLOQ

14.03.2021   3368   35 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: ShATAHOT.  JANDA KIYISh.  ODOB VA AHLOQ

 

ShATAHOT

Tasavvuf haqida biroz bo'lsa ham xabardor bo'lgan kishi «shatahot» so'zining faqat tasavvufda ishlatilishini va u so'fiylarning o'zlarini yo'qotib qo'yganda aytadigan, tushunib bo'lmaydigan, sirtdan qaraganda ayb, ta'vil qilganda ma'no kasb etadigan so'zlari ekanini biladi.

Aslida «shatahot» so'zi «harakat» va «to'lib-toshish» degan ma'nolarni anglatadi.

Jurjoniy shatahotni quyidagicha ta'riflaydi:

«Shatahot qo'pol hidli hamda yaxshilik da'vosiga dalolat qiluvchi so'z bo'lib, ahli ma'rifatdan iztiror va iztirob paytida sodir bo'ladi. U muhaqqiqlarning toyilishlaridir. U orifning aytgan haq da'vosi bo'lib, ilohiy iznsiz aytilgan gapdir».

Shatahot so'fiyning og'zidan oddiy holatda emas, balki jazb va qattiq ta'sirlanish oqibatida chiqadi. Zikr ila Alloh taologa etishib qolgan so'fiy o'zini yo'qotib qo'yib, nima deyayotganini bilmay qoladi.

Dastlab bu kabi holatlar Qur'oni Karim tilovati davomida yuzaga kelar va ta'sirlangan so'fiylar hushlaridan ketib, yiqilar edilar. Keyinroq bu narsa so'fiylarning g'azal uslubida ramz bilan aytgan she'rlaridan ta'sirlanishga ham o'tdi.

Ulamolar, hatto ba'zi so'fiylar ham shatahotlarni qattiq tanqid qilishgan. Ayniqsa shayx Ahmad Rifo'iy rahmatullohi alayhi Hallojga va uning shatahotlariga qarshi qattiq hujum qilgan:

«Hallojdan uning «Anal Haq» («Haq menman») deganini naql qiladilar. U vahmi ila xato qilgan. Agar u haqda (ya'ni haq yo'lda) bo'lganida, «Anal Haq», demas edi».

Agar so'fiylarga o'zlaridan sodir bo'lgan shatahotlar uchun malomat so'zlari aytilsa, ular o'zlarini himoya qilib, tushunarli so'zlar bilan shatahotlarini tafsir qilgan hollari ham bo'lgan.

Ibn Arabiy bir vaqt quyidagi baytni aytgan:

«Ey meni ko'radigan va men Uni ko'rmaydigan Zot!

Qanchalar Uni ko'raman-u, U meni ko'rmaydigan Zot!»

Bu g'aroyib ma'nodagi baytni eshitganlardan biri unga: «Qanday qilib sen Uni ko'rasan-u, U seni ko'rmaydi?!» degan.

Ibn Arabiy darhol yana bayt o'qigan:

«Ey meni jinoyatchi ko'radigan va men

Uni azoblovchi ko'rmaydigan Zot!

Qanchalar Uning ne'matin ko'raman-u,

U mening yolvorganimni ko'rmaydigan Zot!»

So'fiylarning shatahotga yo'l qo'yganlari ikki xil bo'lganini ta'kidlashimiz lozim:

1) Zikr holiga g'arq bo'lib, o'zini bilmay qolganda shatahotga yo'l qo'yib, hushyor holga qaytganda o'zini oqlovchi so'zlarni aytganlar:

2) Hushyor holida ham shatahotda davom etaverganlar.

Birinchi toifani ma'zur tutilgan. Bunga Hasriydan naql qilingan quyidagi iqtibos dalil bo'la oladi:

«Junayd tamakkunli odam edi. Uning o'zidan ketishi yo'q edi. Amr va nahiyni ulug'lar edi. U yo'lni aslidan olgan edi. Shuning uchun ham uning barcha toifalarga maqbul bo'lgani ajablanarli emas».

Ikkinchi toifa nomaqbul topilgan. Bu toifaning eng mashhur arboblaridan biri Mansur Hallojdir. U o'zining mashhur shatahotini aytganida, hushyor holida undan qaytishi talab qilingan. Ammo Halloj hushyor holida ham gapidan qaytmagan. Shu tarzda to'qqiz yil o'tgan. O'shanda ham aytganidan qaytmaganidan keyingina Halloj qatl qilingan.

Ammo vaqt o'tishi bilan shatahotlar barham topgan. Mashhur so'fiylardan Jiyloniy va Rifo'iy shatahotga yo'l qo'yish u yoqda tursin, uni qattiq tanqid ham qilishgan.

O'z she'rlari va gaplarida «qadah», «may», «laylo» kabi istilohlarni ishlatgan so'fiylar ham ko'p bo'lgan. Bunday istilohlarni so'fiylarning o'zlari «ramz», «ishora» va «lag'z» deydilar.

Ahli tassavvufning bunday uslubni qo'llagani sabablari haqida Misrdagi «Ashiyrai Muhammadiya» tariqati shayxi Muhammad Zakiy Ibrohim jumladan, quyidagilarni aytadi:

«Ba'zi so'fiylar o'z shavqu zavqlarini, ehsoslarini ifoda etish uchun kinoya va istiora yo'li ila ramz, ishora va lag'zlarni ishlatganlar. Ular shu ish bilan tanilib, «ahli ishora» nomini ham olganlar. Ularning bunday qilishlarining bir necha sabablari bor:

  1. Odatdagi so'z va iboralar ularning shuurlari, ehsoslari va shavqu zavqlarini to'la ifoda qilishga kamlik qilgani.
  2. Har bir ilmning o'ziga xos istilohlari bor. So'fiylar ham o'zlariga xos istilohlarni ishlatsalar nima bo'libdi?!
  3. Zulm va istibdod sharoitida, ochiq gap uchun jazolanish muhaqqaq bo'lib turganda, har kim o'zligini bildirishi lozim bo'lganda, so'fiylar tomonidan mazkur uslub qo'llangan».

Shuningdek, ba'zi so'fiylar zohirida shariatga xilof yoki hurmatsizlik bo'ladigan gaplarni aytganliklari ham bor. Ular ham o'zlaricha buni «zavqni o'ziga xos uslub bilan izhor qilish», deydilar.

Ammo ba'zi katta so'fiylar bu ishlarning hammasini ham qoralaganlar. Misol uchun, shayx Ahmad Rifo'iy rahmatullohi alayhi quyidagilarni aytadilar:

«Asr kishilaridan ba'zi birodarlarimizning:

«Monastir oldida zunnorimni bog'ladim.

«Men uchun himo faqihidan o'ch oling», dedim»,

deb yozganlari ajab.

Go'yoki u bundan boshqa ma'nolarni iroda qilgan emish! Bu kabi so'zlarni zinhor qabul qilmang. Shayx hazratlari haqida yaxshi gumonda bo'lishimiz lozim. Ammo dinimizga bo'lgan odobimiz undan ham ko'proq lozim. Haq tarafida turishimiz hammasidan ham muhim.

Biz zunnor bog'lamaymiz. (Zunnor – g'ayridinlar o'zlarining g'ayridinligining belgisi sifatida bog'lab yurishi lozim bo'lgan belbog'.) Biz monastir eshigi oldidan ham o'tmaymiz. Biz faqihning qo'lu oyog'ini o'pamiz. Biz undan dinimiz ilmini o'rganamiz. Biz: «Shayx bu lafzlar ila o'zi berkitgan maqsadlarni talab qildi», deymiz. Shoyadki, u talab qilgan ham, berkitmagan ham bo'lsa edi va o'shaning o'rniga:

«Shariat eshigi oldida zunnorimni echdim.

Ilohiy fiqh ila asrorimni pok etdim.

Monastir va zunnor ikkisi ham zalolatdir.

Boriy zotga etishish eshigi yolg'iz shariatdir»,

desa, yaxshi bo'lardi».

Hozirgi kunimizda shatahotlar asosan tarix bo'lib qolgan. Tasavvufni va uning tarixini, mutasavviflarning she'riyatini o'rgangan kishilargina bu masalaga duch keladilar.

Bohislar «Nima uchun tasavvuf qolsa ham, shatahotlar yo'q bo'lib ketdi?» degan savolga ikki xil javob beradilar.

Birinchi javob: keyingi paytda fanoda va istig'roqda oldingi so'fiylarning darajasiga etadigan so'fiylar chiqmay qoldi.

Ikkinchi javob: avvalda ba'zi sufiylar da'vo qilgan o'zini yo'qotib qo'yish va shatahot darajasiga etish hollari qalbaki bo'lgan. Hozirda o'sha qalbakilik yo'qolgan.

Bizning fikrimizcha, ikki sabab ham qisman to'g'ri bo'lsa kerak.

Shatahotlarni o'rgangan olimlar yana bir savolni qo'zg'ab, unga o'zlari javob beradilar.

Musulmonlardagi tasavvufga o'xshash holat boshqa dinlarda, jumladan, masihiylik va yahudiylikda ham bor. Ammo shatahot faqat musulmonlarda bor. Nima uchun bu narsa musulmonlarda bor-u, masihiylik yoki yahudiylikda yo'q?

Javob quyidagicha:

«Shatahotning musulmonlarda zohir bo'lishining sababi shuki, Islomda Holiq bilan maxluqning orasidagi barcha farqlar ochiq-oydin yoritib berilgan. Shu bilan birga, Islomda Robb bilan bandaning orasida vosita va to'siq bo'lishi mumkin emas. Muxlis bandaning qalbi doimo o'z Robbiga etishishga intiladi. Ana shu talab tasavvuf orqali qondirilgan.

Masihiylikda esa banda bilan Robbi orasida yopiq eshik bor. Robbga etishish uchun vositachi bo'lishi kerak. Vositachisiz U Zotga mutlaqo etishib bo'lmaydi.

Yahudiylikda ish bundan ham murakkab. Yahudiylarning e'tiqodi bo'yicha, Iloh g'azabnok, qasoskor va jabbordir. U doimo chaqmoq, to'fon va turli balo-ofatlarni yuborib turadi. Shuning uchun ham ularning e'tiqodiga ko'ra, Robb bilan banda o'rtasida muhabbat va uns bo'lishi mumkin emas.

Ammo bugungi kunimizda shatahotlar kabi holatlarni istalgancha topishimiz mumkin. Bunday holatlar oddiy hayotimizda ham, turli san'atlarimiz namunalarida ham (xususan, abstraktsionizmga asoslangan asarlar va ularning mualliflarida), ishqiy-ilohiy she'riyatimizda ham, bugungi tasavvufchilarimiz orasida ham uchrab turadi.

Bularning orasida mutlaqo bilimsizligi tufayli shunday holga tushib, o'zining ahvolidan butunlay bexabarlari ham, shariatni yaxshi bilmay turib, tariqatda ekanini da'vo qiluvchilar ham bor. Va aksincha, shariatga ham, tariqatga ham iloji boricha ko'proq amal qilishga intilganlari ham ozmi-ko'pmi, uchrab turadi.

Lekin bularning holatlari tom ma'nodagi shatahotlar emas.

Ko'pincha bu holatlar sun'iy ravishda o'zini telbalikka solish yoki taqvosizligi oqibatida aytayotgan so'zining farqiga bormaslikdan kelib chiqadi.

Shar'iy bilimlarni chuqurroq o'rganish ila bunday holatlar tezda barham topishiga ishonchimiz komil. Vallohu a'lam.

Aslini olganda, shatahotdan avvalgi jazb holati, ya'ni Alloh azza va jallaning muhabbatiga g'arq bo'lish va o'zini unutish ko'pgina mutasavviflar orzu qilgan yuksak maqomdir. Ammo bu maqom ayni paytda zo'r bir sinovdir.

«Fano filloh»ning ma'nosi Allohga qo'shilib ketish emas, balki Alloh taoloning amridan tashqari barcha orzu-xohishlarini batamom tashlashdir. Zero, bandaning to'liq baxti uchun Alloh taolo unga amr qilgan narsalarning o'zi kifoya qiladi. Shuning uchun bu holatga etishgan bandadan Alloh azza va jallaning amrlarini va nahiylarini sevib qabul qilmog'i va Robbul olamin istagandek, solih bir banda bo'lmog'i talab qilinadi. Bu talabni to'g'ri anglagan solik jazb holatidan shukr maqomiga o'tadi. Bu talabni anglamagan va Alloh taoloning yaqinligi zavqini qalbi ko'tara olmagan, Alloh taoloning Robbul olamin ekanini hamda Uning ismlari va sifatlarini to'liq idrok qilishdan ojiz qolgan va o'zining bandaligini, tobeligini, maxluqligini unutgan solik shatahotga tushadi. Ammo o'zini tezda o'nglab, tavba qilsa, yana avvalgi maqomiga qaytadi. Shatahotda qolib ketsa, shariat tarafidan mazammat qilinadi. Shatahotida sobit turib, fitnaga sabab bo'lsa, jazoga tortiladi.

Qizig'i shundaki, shatahot holatini oqlovchilar ham, bunday holga tushgan odamlarning o'zlari ham silsilalarining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning eng yaqin sahobalari bo'lmish Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Hattob roziyallohu anhumo turganlarini iddao qilishadi.

Agar shunday bo'lsa, nega ular o'z silsilalarining boshida turgan ulug' ustozlarga xilof qiladilar?

Ibn Hoj rahmatullohi alayhining «al-Madxal» nomli kitoblarida Ibn Zubayrdan quyidagicha rivoyat qilinadi:

«Otamning oldiga borgan edim:

«Qayerda eding?!» dedi.

«Allohni zikr qilayotgan bir qavmni ko'rib qoldim. Ulardan biri Allohdan qo'rqqanidan hushidan ketib qolar edi. Ular bilan birga o'tirdim», dedim.

«Bundan keyin ular bilan o'tirma!» dedi.

O'zining bu gapi menga uncha ta'sir qilmaganini ko'rib, yana:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur'on tilovat qilganlarini ko'rdim. Abu Bakr va Umarning Qur'on tilovat qilganlarini ko'rdim. Ular bunday bo'lmas edilar. Sen haligilarni Allohdan Abu Bakr va Umardan ko'ra ko'proq qo'rqadi, deb o'ylaysanmi?!» dedi.

Men ularni tark qildim».

Sahobalar roziyallohu anhumning shatahotlarga munosabatlari ana shunday bo'lgan. Binobarin, shatahotlardan hayratga tushuvchilar, shatahot egalarini ulug'lovchilar ushbu hadisning ma'nosini yaxshiroq o'ylab ko'rsalar, foydadan xoli bo'lmasdi.

 

JANDA KIYISh

Arabchada «xirqa», o'zbekchada «janda» deb atalgan o'ziga xos kiyim kiyish bir vaqtlar so'fiylar orasida keng tarqalgan edi. So'fiylarning turli rangdagi yamoqlar solingan kiyim kiyib, boshqalardan ajrab turishga urinishlari hammaga ma'lum bo'lgan.

Tasavvufga oid adabiyotlarda «Falonchi pistonchiga so'fiylik xirqasi – jandasini kiygizdi» degan iboralar ham tez-tez uchrab turadi.

So'fiylarning o'zlari bu ishning sunnat ekanligini da'vo qilishgan va gaplarining to'g'riligiga dalil sifatida bir necha rivoyatlarni ham keltirganlar:

– Imom Molik keltirgan rivoyatda Anas ibn Molik roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:

«Umar ibn Hattobning Madinaning amiri bo'la turib, ikki elkasi orasida ustma-ust yamoq solib olganini ko'rdim».

– Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kavush va kiyimlarini yamashlari haqidagi rivoyat.

– Oisha roziyallohu anho oq-qora yamoqlar solib o'tirganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasalam u kishiga: «To yamoq solmaguningcha, kiyimni almashtirma», deganlari.

– Ali roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni naql qiladilar: «Ushbu ko'ylagimni yamataverib, yamoqchidan ham uyalib ketdim. U menga: «Buni tashlab yubor! Eshagi bor kishi buni o'z eshagiga ham ravo ko'rmaydi», dedi».

– Sufyon Savriy roziyallohu anhu: «Umarning ustida o'n ikki yamoqli izorni ko'rdim», deganlar.

– Ba'zi bir ahli tariqatlar janda kiyish shaxsdan shaxsga birma-bir o'tib kelayotgan silsilaga ega ekanligini aytadilar. Misol tariqasida shayx Sanusiyning xirqaning sanadi haqidagi quyidagi gaplarini keltiramiz:

«U kishi xirqani Hasan Basriyning qo'llaridan kiyganlar. U kishi esa amirul mo'minin Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning qo'llaridan kiyganlar. U kishi esa barcha avvalgiyu oxirgilarning sayyidi Muhammad an-Nabiy al-Karim sollallohu alayhi vasallamning qo'llaridan kiyganlar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam esa xirqani Ruhul aminning vositasi ila Robbul olamindan kiyganlar».

Ammo bu xildagi gaplarga, xususan, salafi solihning qasddan xirqa kiyganlariga hech kimning to'g'ri sanadi yo'q. Aksincha, boshqa, bunga teskari ma'nodagi ishonchli gaplar bor.

Imom Sha'roniy shayx Najmuddin Kubro rahmatullohi alayhidan rivoyat qiladilar:

«Ahli salaflar muridning kiyimiga o'sha kiyimning rangidan boshqa rangda shar'iy hojatsiz yamoq solishni makruh deganlar. Agar kiyim yirtilib ketsa-yu, uning rangidagi mato topilmasa, boshqa rangdagi yamoq solsa, mayli. Salafi solihlar kiyimlariga faqatgina zarurat yuzasidangina yamoq solganlar. Ular o'zlari uchun nodir holatlardagina haloldan to'liq kiyim topa olar edilar. Shuning uchun ular o'z kiyimlarini turli rangdagi halol mato bilan yamar edilar. Ularning yamoq kiyim kiyishlarining sababi shu».

Jamiyatshunoslik ilmining asoschisi, mashhur olim Abdurrahmon Ibn Haldun:

«Ali sahobalarning ichida o'ziga xos kiyim va holat bilan ajrab turmagan», degan.

Demak, xirqa kiyish ham, xuddi shatahotga o'xshab, ahli tasavvuf ichida ma'lum vaqt va sharoitda tarqalib, asta-sekin yo'qolib ketgan bir narsadir.

Shuning uchun ham bugungi so'fiylar orasida xirqa kiyganlari ko'rinmaydi.

 

ODOB VA AHLOQ

Bizning tilimizda «odob» tarzida talaffuz qilinishiga odatlanib qolingan arabcha «adab» so'zi aslida «ma'daba» o'zagidan olingandir. Ma'daba esa odamlar da'vat qilingan ziyofatni anglatadi. Odob ham odamlar doimo da'vat qilinadigan ma'naviy «ma'daba» – ziyofat bo'lgani uchun shu nomni olgan.

Abu Muhammad o'zlarining «Kitobul Vo'iy» nomli asarlarida:

«Odob odamlarni maqtalgan narsalarga chaqirgani uchun «odob» deb nomlangan», deydilar.

Abu Zayd rahmatullohi alayhi:

«Odob fazilatlardan biriga eltuvchi yaxshi urinishga ishlatiladigan ismdir», deganlar.

Odobning ta'rifida quyidagiga o'xshash gaplar ham kelgan:

«Maqtovga sazovor so'z va amalni iste'mol qilish odobdir»;

«Karamli axloqlarni ushlash odobdir»;

«O'zingdan kattani ulug'lab, o'zingdan kichikka mehr ko'rsatishing odobdir».

Bu va bunga o'xshash barcha ta'riflar to'planganda, Islomda ko'zlangan «odob» ta'rifi yuzaga keladi.

Hozirgi kunda G'arb madaniyatiga tobelik ta'sirida «odob»ni «madaniyat» deyish ham joriy bo'lgan. Misol uchun, «ovqatlanish odobi» deyish o'rniga «ovqatlanish madaniyati» deyiladi.

Odob masalasini insoniyat tarixida to'laqonli ravishda Islom boshlagan, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Islomda kishining hayotidagi har bir narsaning o'z odobi bor. Dunyodagi odobga bag'ishlangan kitoblarning asosini va ko'pchiligini Islom xalqlari vakillari tomonidan yozilgan asarlar tashkil etadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini jamlovchi kitoblarimizning har birida «Kitobul adab» nomli ichki kitoblar bor. Ularda odobga oid hadisi shariflar keltiriladi.

Bundan tashqari, muhaddislarimiz odobga bag'ishlangan alohida kitoblar ham ta'lif qilganlar. Bunga misol qilib, buyuk vatandoshimiz, mo'minlarning hadis bo'yicha amiri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayhining «Al-adab al-mufrad» kitobini keltirish mumkin.

Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o'zlarining shoh asarlari «Jome'us-sahih»da «Kitobul adab»ga o'rin berganlariga qaramay, bu masalani o'ta ahamiyatli bilganlari uchun, alohida kitob ham ta'lif qilishga o'tganlar. U kishi «Al-adab al-mufrad» kitobida turli odoblarga oid bir ming uch yuz yigirma ikkita hadisi sharifni olti yuz qirq to'rt bobda keltirganlar.

Bu masala bo'yicha musulmon adiblar ham ko'plab asarlar bitganlar. Ularning ichida eng mashhurlaridan biri imom Movardiyning «Adabud-dunyo vad-din» kitobidir.

«Axloq» so'zi «xulq» so'zining ko'pligi bo'lib, insonda shakllanadigan xulq-atvorni bildiradi.

Ba'zi ulamolar axloqni «irodaning odati» deb ta'rif qilganlar. Ya'ni iroda o'ziga bir narsani odat qilib olsa, o'sha xulqqa aylangan bo'ladi. Misol uchun, kishining irodasi birovlarga xayr-ehson qilishga azmu qarorli bo'lib qolsa, ana shu «karamli xulq» deyiladi.

Qadimdan axloq ilmi ulamolari «Odamdagi axloqlar uning yaratilishida qo'shib yaratilgan bo'ladimi yoki kishi axloqni keyin o'rganadimi?» degan savolga javob berishda ixtilof qilishgan. Ulardan ba'zilari: «Yaxshi bo'lsin, yomon bo'lsin, axloq inson yaratilgan chog'ida qo'shib yaratiladi. Axloqni keyin kasb qilib bo'lmaydi», deganlar. Boshqa bir guruh axloq ilmi ulamolari esa: «Inson tug'ilganda hech qanday fazilat yoki razilatsiz tug'iladi. Unda qanday xislat bo'lsa, tug'ilganidan keyin paydo bo'ladi», deganlar.

Musulmon axloq ilmi ulamolari esa: «Insonga ota-onasida bor ba'zi axloqlarning xamirturushi onasining qornida homila holatida yotgandayoq o'tadi. Alloh taolo bandani xalq qilish chog'ida unda axloq qobiliyatini qo'shib yaratadi. Inson tug'ilib-o'sishi jarayonida tarbiya, muhit va odatlanish oqibatida u yoki bu axloqni o'zida rivojlantiradi yoki yo'qotib yuboradi», deydilar.

Bizning bobolarimiz yaxshilik va axloqning haqiqati nima ekanini to'liq ma'noda Islomdan bilganlar. Ular Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini, makorimul axloqlar dini bo'lgan Islom dini orqali yaxshilik va husni xulqni o'zlariga kasb qilganlar. O'zlari bunday ulug' ne'matlardan bahramand bo'lganlari bilan bir qatorda, o'zgalarga ham bu kabi yaxshiliklar etishini istaganlar. Shuning uchun bobolarimizdan ba'zilari yaxshilik va axloq bobida o'lmas asarlar bitganlar. Ularning bu asarlari jahon adabiyotining durdonalariga aylangan.

«Hadis va Hayot» silsilasida o'ttiz to'rtinchi raqam bilan kelgan «Yaxshilik va axloq kitobi» hozirgi zamonimizda axloq bobida alohida yozilgan kitoblar muqaddimasi bo'lsa, ajab emas.

Odob va axloq haqidagi qisqacha ta'rifdan so'ng asosiy maqsadga o'taylik.

Odob masalasi tasavvufda nihoyatda muhim o'rin tutadi. Chunki Alloh taologa qurbat hosil qilishda odobning o'rni muhim. Beodoblik sulukning barchasini buzadi. U amalni ham, qalbni ham, zikrning shavqini ham, uzlatning foydasini ham, tilni tiyishning asarini ham va boshqa urinishlarni ham buzadi. Odobsiz odam shayxlardan biror narsa o'rganishi mumkin emas. Odobsiz odam boshqalar bilan ham aloqasini yaxshilay olmaydi. Chunki tasavvufning qoidalaridan biri: «Haq va xalq bilan odob bo'lmaguncha, sayri suluk bo'lmas».

Shuning uchun ham mashoyixlar:

«Kim nimani yutsa, faqatgina odob bilan yutadi. Kim nima bilan qulasa, faqatgina beodoblik bilan qulaydi», deganlar.

Yaxshi odob aslida nafsning kamolotga etgani, uning intizomliligi, uning jilovlanganligi va xayrda ekanligining alomatidir. Aksincha, beodoblik nafsning hali poklanmaganligi, jilovlanmaganligi va intizomli emasligi alomatidir.

Odob ikkiga bo'linadi: nazariy va amaliy jihatga. Odob oldin nazariy jihatdan o'rganiladi va keyin unga amal qilinadi.

Albatta, boshqa narsalar va ilmlar qatori, odobning asosiy manbai ham Qur'oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Ana shu ikki asosiy manbada bu borada kelgan narsalarni o'rganish va o'rgatish bilan tasavvuf shug'ullanadi.

Taammul qilib ko'radigan bo'lsak, odobning doirasi juda ham keng. Oddiy narsalarga nisbatan bo'lgan odobdan boshlab, to barcha narsalarning Robbiga nisbatan bo'ladigan odobgacha bor. O'sha keng doiradagi odoblarga amal qilish avvalo kishining o'zi uchun foydalidir.

Misol uchun, choy ichadigan piyolamizni olib ko'raylik. Kim o'z piyolasiga nisbatan odobli bo'lsa, o'ziga foyda. U odobli bo'lsa, o'sha piyolani avaylab ishlatadi, toza tutadi. Natijada piyola uzoq vaqt unga ko'ngildagidek xizmat qiladi. Agar o'sha odam piyolaga nisbatan beodoblik qilsa, uning labi uchadi, kir bo'ladi, darz ketadi va oxiri borib sinadi.

Mana shu holni boshqa har bir katta-kichik narsada mulohaza qilishimiz mumkin. Hamma narsa bilan odobli muomala qilish kerak bo'lsa, buncha odobni qanday qilib o'rganib bo'ladi, degan xayolga bormaslik kerak. Bu gapni boshqalar aytishlari mumkin. Ammo biz musulmonlar zinhor ayta olmaymiz. Chunki Qur'oni Karim va Sunnati mutohharada hamma narsaning muomalasidagi odoblar bayon qilingan. Tafsir, hadis va fiqh kitoblarimiz bu kabi odoblar bilan to'la. Islom adabiyotining asosini ham odob tashkil qiladi.

Odob bilan odobning farqi borligini ham aytib o'tmog'imiz lozim. Agar fiqhda odob haqida gapirilsa, farz, vojib yoki sunnat amallarni to'ldiruvchi narsa haqida so'z yuritilgan bo'ladi.

Tariqatda zikr qilingan odoblarning o'zi farz, vojib yoki sunnat, yoxud muboh bo'ladi. Chunki tariqatning asosiy ishi bandaning Holiq va Uning maxluqotlari bilan bo'ladigan odoblarini yo'lga qo'yishdir.

Nafsning Alloh taologa xolis ibodat qiladigan kamolga etishi uchun o'sha dargohga olib boruvchi yo'ldan yurish lozim. U yo'lda yurishning esa o'ziga yarasha shartlari bor. Ushbu shartlar qanchalik mukammal yuzaga chiqsa, mazkur yo'lda yurish shunchalar oson bo'ladi. Shartlarda qanchalar nuqson bo'lsa, mazkur yo'lda yurish shunchalar qiyinlashib boraveradi. Shartlar noqis bo'lsa, yurish ham noqis bo'ladi. Shartlar umuman bo'lmasa, yurish ham bo'lmaydi.

Bas, shunday ekan, avvalo shartlarni bilib olish kerak. Har bir shartning o'z odoblari bor. Odob bo'lmasa, har qanday xulq kamoliga eta olmaydi. Misol uchun, bir kishining tabiatida tavoze' xulqi bor. O'sha xulq o'zining tashqi ko'rinishiga – odobiga ega bo'lishi ham kerak. Bu misolni har bir narsaga nisbatan ishlatish mumkin.

Demak, odob-axloq masalasi nihoyatda keng va chuqur masala. So'fiyning ko'zga ko'ringan alomatlaridan biri – yaxshi axloqlar va go'zal odoblar bilan ziynatlangan bo'lishidir. Shuning uchun ham tasavvuf – xulqdir. Kimning go'zal xulqi ziyoda bo'lsa, tasavvufi ham ziyoda bo'ladi, deyilgan.

Mashhur so'fiylardan birlarining arab tilida yozgan «Al-mabohisul asliyya» nomli kitobida so'fiyning odobi haqida ajoyib baytlar bor:

«Tariqatning zohiri va botini bordir,

Uning zohiridan botinlari bilinadir.

Uning zohiri odoblar va axloqlardir,

Uning botini hollarning manozilidir.

Zul Jalolga yurishning maqomatlaridir,

Zohiriy odoblar ko'zlarga ko'rinadir.

Alar inson botinin dalolatlaridir,

Odob faqir uchun a'lo suyanchiqdir,

Boyga esa ziynat, ham sharafdir.

Kim odobdan mahrum bo'lsa, derlar:

Qancha yaqinlashsa ham, uzoqdadirlar.

Kimni nasabi tutib tursa, derlar:

Odobi uni xo'b ozod qilur, derlar.

Odob ila peshvo bo'ldilar qavmlar,

Undan keragicha foyda oldilar ular.

Kichiklarga nasihat qildilar ular,

Ulug' va akobirlarni hurmatladilar.

Qalbga alam berishdan chetda bo'ldilar,

Vojiblar va mandublarga shoshildilar.

Shayx va ixvonlarga xizmat qildilar,

Jonlar va badanlarin bunga tikdilar.

Bahslar vaqtida jim quloq osdilar,

O'tganu qolganlarni hurmat qildilar.

Bilmaganlarin shayxlardan so'radilar,

O'zlari etmagan narsada tek turdilar.

Bilgan narsalariga amal qildilar,

Boshqalarni o'zlaridan ustin qo'ydilar.

Oz-oz olib, ehtishom bilan turdilar,

Adolat va insof-la hukm qildilar.

Oqib turgan har sof suvdan ichdilar,

Ba'zilari ba'zilariga yordam berdilar.

Bir-birlaridan rohat va omon oldilar,

Haq uchun unga doimo nusratda bo'ldilar.

Yomonlarga yaxshilikni qarz berdilar,

Bu tariqatdan maqsad o'zi adabdir,

Har holatda shuning o'zi mazhabdir».

 

Ko'rinadiki, tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri odob ekan.

Mashoyixlar Isro surasidagi:

إِنَّ ٱلسَّمۡعَ وَٱلۡبَصَرَ وَٱلۡفُؤَادَ كُلُّ أُوْلَٰٓئِكَ كَانَ عَنۡهُ مَسُۡٔولٗا٣٦

«Albatta, quloq, ko'z va dil – ana o'shalar mas'uldirlar», oyatidan insondagi har bir a'zoning o'ziga xos odobi borligini istinbot qilganlar. Ular: «Alloh taologa nisbatan bo'lgan husni odob sening a'zolaringdan har birining Alloh azza va jallaning roziligidan boshqa narsa uchun harakatlanmasligidir», deganlar.

Bas, tilning odobi – Allohning zikri ila ho'l bo'lishi, birodarlarni yaxshilik ila zikr qilish, nasihat va va'z qilish, ularga yoqmaydigan so'zlarni gapirmaslik, g'iybat, chaqimchilik qilmaslik, so'kmaslik, behuda gaplarni gapirmaslik. Agar jamoat ichida bo'lsa, ular kerakli gaplarni gapirganda, gapiradi, keraksiz gaplarga o'tganda, jim turadi. Har maqomda holatga qarab gapiradi. Chunki har bir maqomning o'z maqoli (gapi) bor.

Alloh taolo tilni qalbning tarjimoni, yaxshilik va yomonlikning kaliti qilib yaratgan. Shunday ekan, qalbing yaxshi bo'lishini istasang, tilingni tiy. Tilni tiyish johil uchun satr, oqil uchun ziynatdir.

Quloqning odobi zikr, va'z, hikmat va dinu dunyoga foyda beradigan narsani eshitmoqdir. Fahsh so'zlarni, g'iybat, bo'hton, chaqimchilik va yomon narsalarni eshitmaslikdir. O'z suhbatdoshiga e'tibor ila quloq osishdir.

Ko'zning odobi harom narsalarni, birodarlarning aybini va munkar narsalarni ko'rmaslikdir. Chunki Alloh taolo ko'zlarning pinhona xiyonatini ham bilib turadi. Kim ko'ziga tobe bo'lsa, o'limiga ergashadi.

Qalbning odobi yaxshi holatlarning rioyasini qilish, Alloh taoloning ne'matlari va maxluqotlaridagi ajoyibotlar haqida tafakkur etish, Alloh taolo va barcha musulmonlar haqida yaxshi gumonda bo'lishdir. Uni gumonlardan, hasaddan, xiyonatdan, yomon e'tiqod va gumondan poklashdir.

Qo'lning odobi uni yaxshilik va ehson ila birodarlarga cho'zish, uni Alloh taologa ma'siyat bo'ladigan narsalarga ishlatmaslikdir.

Oyoqning odobi u bilan o'ziga va birodarlariga foydali bo'lgan joylarga borish, faxr va kibr ila yurmaslikdir.

Umuman olganda, odob masalasi juda keng bo'lib, uni tubsiz ummonga o'xshatadilar. Tasavvufda Qur'oni Karim va Sunnati mutohhara asosida har bir narsaning va har bir shaxsning odoblari va kimga, nimaga nisbatan qanday odobda bo'lishi belgilangan. Kishilarni odobli qilib tarbiyalash yo'llari ko'rsatilgan. Ahli tassavufni yuksak odob egasi qilib etishtirish yo'lga qo'yilgan.

Shuningdek, tasavvuf beodoblikning kelib chiqish yo'llari va uning zararlarini ham bayon qilib beradi. Keyin esa ana shu beodoblikdan qutulish yo'llarini ham ko'rsatib beradi.

Axloq – barcha maxluqotlar bilan husni xulqda bo'lishdir. Axloqning asosini hilm, afv va sabr tashkil qiladi. Haloyiq senga qanday muomalada bo'lishlarini istasang, sen ham ularga shunday muomala qilishing axloqdir. Ozorni to'xtatib, ehsonni sochib; insofni ko'rsatib, jafoni yo'qotib; safoni topib, dunyoni ortga otib yurmoq axloqdir. Axloq – shahvat va g'azab qo'ziganda nafsni jilovlamoqdir.

Tasavvuf axloq masalasini ham atroflicha ehtimomga loyiq narsa sifatida muolaja qiladi. U axloq nima ekanini bayon qilishdan tortib, uning asli nimaligi, axloqning yaxshisi nima-yu, badxulqlik nima va nimalar badxulqlik sanalishini ham tushuntirib beradi. Tasavvuf Qur'oni Karim va sunnat asosida qaysi axloqlar bilan xulqlanish va qaysilaridan uzoqda bo'lish kerakligini ham ko'rsatib beradi. Yaxshi xulqlarni qanday qilib muhofaza qilish va rivojlantirishni o'rgatadi. Shuningdek, yomon xulqlarni bayon qilish bilan birga, ulardan qutulish yo'llarini ham ko'rsatib beradi.

 

KYeYINGI MAVZU:

Samo';

Madad so'rash;

O'zaro anglashuv zarur.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Buyuk» geografik kashfiyotlar

23.12.2024   1430   6 min.
«Buyuk» geografik kashfiyotlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:

1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.

2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.

Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.

Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.

3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.

Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.

Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.

Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.

Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.

Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.

Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.

Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).

(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)

Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar.  Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi. 

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar