Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Onlayn: Yurtimiz va qardosh davlat soha rahbarlari xalqaro anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar

15.03.2021   1388   2 min.
Onlayn: Yurtimiz va qardosh davlat soha rahbarlari xalqaro anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar

Habar berganimizdek, bugun, 15 mart kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tayotgan “Imom Buxoriy merosining o'ziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjumanda O'zbekiston, Afg'oniston va Tojikistondagi mahalliy hokimlar, diniy soha rahbarlari, etuk ulamolar, mutaxassis va mutasaddi vakillar ishtirok etmoqda.

Ushbu xalqaro anjuman kirish qismida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so'zga chiqib, mehmonlarni viloyatga tashrifi bilan qutlab, ushbu xalqaro anjumanning o'tkazilishi faxr-iftixor bag'ishlashi, hozirda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani, buyuk muhaddis vatandoshimizning asarlari tadqiq etilayotgani to'g'risida ma'lumot berdi.

Shundan so'ng Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov so'z olib, O'zbekistonda azaldan turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashab kelgani, O'zbekistonda fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini ta'minlanlangani, tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgani, so'nggi 4 yilda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada ham ulkan o'zgarish va islohotlar amalga oshirilgani haqidaaytib o'tdi.

Afg'oniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy o'z so'zida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan mamnun ekanini bildirib, Imom Buxoriy Islom dini yo'lida juda katta ishlarni amalga oshirganlarini alohida qayd etdi. Afg'onistonda mo'min-musulmonlarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi.

Tojikiston Respublikasi Islom markazi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda xalqaro tadbir uchun minnatdorlik bildirib, Imom Buxoriyga oid anjuman tashkil etilgani, mintaqamizdan chiqqan alomalarni o'rganish va qardosh xalqlar o'rtasida munosabatlarni tiklash juda ajoyib ish bo'lganini ta'kidladi.

Shu bilan xalqaro anjumanning asosiy qismi boshlandi. Unda qardosh xalqlar ulamolarining mavzuga doir ta'sirli ma'ruzalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda.

Halqaro anjuman tafsilotlarini saytimiz va ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali kuzatib boring.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3599   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.